» » “Aravakashlik qilib, qizimni ToshMIda o‘qitdim”. Aravakash amaki hikoyasi

“Aravakashlik qilib, qizimni ToshMIda o‘qitdim”. Aravakash amaki hikoyasi


“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qolayotgan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni yetti yildan buyon aravakashlik qilib kelayotgan kishi

 Bahodir To‘raev 50 yoshda. Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida tug‘ilgan. Uch farzandning otasi. Yetti yildan beri “Ippadrom” bozorida aravakashlik qilib, ro‘zg‘or tebratib kelmoqda.

Bolaligimda futbol o‘ynash jon-u dilim edi. Kelajakda mashhur futbolchi bo‘laman, deb niyat qilardim. Lekin bu menday oddiy oila farzandi uchun ushalmas orzuday gap edi. Yillar o‘tib, aytganimday orzu orzuligicha qoldi. Maqsadlarim tomon borishga sharoitimiz bo‘lmadi.

Dadam maktabda boshlang‘ich sinflarga dars berar edi. Meni ham oliy ma’lumotli bo‘lib, yaxshi joylarda ishlashimni xohlagan. Maktabni bitirib, Irrigatsiya institutiga o‘qishga kirganman. Lekin ikkinchi bosqichdaligimda o‘qituvchimiz bilan tortishib qolganim uchun “ochislen” qilishgan. Shundan keyin taqdirga tan berib, qishloqqa qaytdim. Bir muddat do‘konlarda sotuvchilik qildim, fabrikada ishladim. Hayotim davomida pul topish, oila boqish uchun qilmagan ishim qolmadi. Oilamni yetarli darajada ta’minlay olmagach, oxiri Toshkentga kelib, aravakashlik qilishni boshladim.

Hayotimdan nolimayman

Mana “Ippadrom”da arava tortayotganimga ham yetti yil bo‘libdi. Oilamdan, farzandlarimdan uzoqdagimni aytmaganda hammasi yaxshi, nolimayman.

Ish kunim sahar soat 3:00-4:00 dan boshlanib, to bozor yopilguncha davom etadi. Topish-tutishim ko‘ngildagidek. Kuniga 80-100 ming so‘m atrofida daromad qilaman.

Bozorda menga o‘xshagan mingdan ortiq aravakashlar bor. Bu yerdan 18 yoshdan to 60 yoshgacha bo‘lgan hamkasblarimni topish mumkin. Har bir bozorlarning o‘z aravakashlari bor. Hatto aravalar ham shunga mos bo‘yalgan. Masalan, ko‘k rangli arava “Ippadrom”niki, “Abu saxiy”niki sariq, “Bek baraka”niki esa kichikroq yashil rangda. Men esa “Ippadrom”ning aravalarini haydab yuraman.

Aravakashlarning “stavka”lari

Tayyor yuklarni joyiga olib borib qo‘yishimiz 5 ming so‘mdan 10 ming so‘mgacha. Agar uzoqdan xaridorlar kelsa, ular bilan aravada 1-2 soatlab birga yurishga to‘g‘ri keladi. Do‘konlardan kerakli narsalarini xarid qilaverishadi. Biz esa  yuklab yuraveramiz. Keyin mashinasini tagigacha yoki Buxoro “stayanka”si deydimi, “Abu saxiy”mi farqi yo‘q. Aytgan joyigacha eltib beramiz. Ko‘p vaqtimiz ketgani uchun narx ham oshadi. Masalan, 15-20 ming bo‘lishi mumkin. Arava kam bo‘lsa, “stavka”miz ham oshadi.

Ortiqcha sarf-xarajat qilmayman

Bozor oldidagi kvartirada ijarada turaman. Sharoiti yaxshi. Kunlik to‘lov 7 ming so‘m. Keyin aravani ijaraga olganim uchun kuniga 22 ming so‘m to‘layman, bo‘ldi. Ortiqcha ovqatlanmayman, umuman, o‘zimga kiyim-kechak olmayman. Bolalarim puldan qiynalib qolmasin, deb ishlagan pullarimni ushlab turmay har o‘n kunda uyga yuboraman.

Tabiatan og‘ir, bosiq odamman. Balki fe’l-atvorim yoki yoshim kattaligi uchunmi, bilmayman, mijozlarim bilan qandaydir kelishmovchiliklar bo‘lmaydi. Hecham sen-menga bormaymiz. Ular yaxshi gapiradi, men ham xo‘p bo‘ladi deb xizmatini chin dildan qilaman. Ortiqcha gap-so‘zga o‘rin yo‘q.

Ochig‘i aytsam, qulog‘im yaxshi eshitmaydi. Lekin bundan boshqa sog‘lig‘imdan shikoyat qilmayman. Xudoga shukr, kuch-quvvatim joyida. Ishda qattiq charchasam, kechasi yaxshilab uxlab olsam bo‘ldi, yana o‘zimga kelaman.

Kunimiz ko‘chada o‘tgani uchun ob-havo sog‘lig‘imizga ta’sir qiladi. Masalan, odam har qancha issiqqa chidashi mumkin, lekin qishda, qahratonda ishlash qiyin bo‘ladi. Sovqotamiz. Qo‘llarimiz muzlab qoladi. Lekin boshqa ilojimiz yo‘q, issiq kiyinib, yaxshilab ovqatlanib ishlayveramiz.

Uchta farzandim bor. Ikki qiz bir o‘g‘il. Katta qizimni ToshMIda o‘qitganman. Hozir o‘zimizda ishlaydi. Oilali. O‘rtancham o‘g‘il, do‘konda sotuvchilik qiladi. Kenja qizim esa 16 yoshda. Kelajakda professor bo‘lmoqchi. Uni opasi kabi o‘qitib, oliy ma’lumotli qilmoqchiman.

Ayolim o‘qituvchi. Maktabda boshlang‘ich ta’limdan dars beradi. Lekin ayolning topgani hech narsa bo‘lmaydi. Oilada erkak kishi ishlab, tirikchilik qilishi kerak.

Qashqadaryo bilan Toshkentning orasida yer bilan osmoncha farq bor. O‘zim oilamning oldida ishlashni xohlayman, lekin ish yo‘q. Mayli aravakashligimni shu yerda qilay, desam ham bo‘lmaydi. U yerda aravakashga ehtiyoj yo‘q. Hamma mashinasida borib, xarajatini qilib qaytadi. Shuning uchun Toshkentga kelib ishlashga majburman.

Bolalarim, dada bo‘ldi, endi ishlamang, deyishadi lekin men ishlamasam oilani kim boqadi? Kim ularni yedirib ichiradi, kim o‘qishiga pul beradi? Har qancha qiyin bo‘lmasin, ular oyoqqa turib olgunicha, qattiq mehnat qilishga majburman.

Bolalarim kelajakda o‘qib katta odam bo‘lishini xohlayman. Ulg‘ayganda mendek arava tortib yurishini istamayman. Shuning uchun bor kuchim bilan ishlab, ularni oliy ma’lumotli qilaman. Kattalarini-ku bir amallab o‘qitdim. Uyli-joyli qildim. Endi kichkinasini o‘zi istagan oliygohda o‘qitsam bo‘ldi.

Ota-ona qachon xursand bo‘ladi?

Qachonki bolalari baxtli bo‘lib, hech nimaga zoriqmay yashasa...Shuning uchun mayli o‘zim kiymasam, kiymayman Endi davrimiz o‘tdi. Bizga eski-tuski ham bo‘laveradi. Ammo bolalarim xohlaganini olib, yeb ichsin, kiysin, birovdan kam bo‘lib, o‘ksimasin deyman. Shuning uchun bor pulimni farzandlarimga beraman.

Mayli, mening qiynalganim bolalarimning rohati. Ularning tani-joni sog‘ bo‘lib, baxtli yurishsa bo‘ldi. Menga bundan ortiq hech narsa kerakmas.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-11-2019, 17:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 82) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют