» » “Maqsad foyda keltirishmi yoki xalqni sigirdek sog‘ish?”. IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni atrofidagi muammolar haqida

“Maqsad foyda keltirishmi yoki xalqni sigirdek sog‘ish?”. IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni atrofidagi muammolar haqida


Hukumat qarori bilan O‘zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi. Nizomga ko‘ra, mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga murojaat bo‘yicha amalga oshiriladi.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining Telegram kanalida telefonlarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.

Ayrim islohotlarni ko‘rib, maqsad foyda keltirish emas, balki xalqni sog‘in sigirdek sog‘ishmikan, deb o‘ylanib qoladi odam.

Masalan, telefonlarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimidan balki ezgu maqsadlar ko‘zlangandir, ammo uni amalga oshirish tartibi xalqni qiynashdan nariga o‘tmadi. Jumladan:

Birinchidan, barcha mobil qurilmalarni avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazish uchun juda qisqa vaqt berildi. Garchi hamma yoqda 1-apreldan 1-noyabrgacha deyilgan bo‘lsa-da, lekin aslida IMEI-kodlarni ro‘yxatga olish tartibini Vazirlar Mahkamasi 17-sentyabrda tasdiqladi. Ya’ni 1-noyabr degan muddat xalqqa salkam oktyabrda ma’lum bo‘ldi. OAVlarda asosiy targ‘ibotlar ham oktyabrdan boshlandi.

Bu degani, xalqqa ishlatilmayotgan telefoni yoki ikkinchi sim-kartasini avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taxminan 1 oy vaqt berildi. Bu noinsoflik!

Ikkinchidan, 1-noyabrdan ariza orqali ro‘yxatdan o‘tishda juda ko‘plab muammolar paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, 2 ta sim-kartali telefon ishlatadigan juda ko‘pchilik yangiliklardan kech xabar topganining evaziga (tayinli targ‘ibot ham qilishmadi) hozir boshi qotgan.

Sababi 1-noyabrdan keyin ikkinchi slotni ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmayapti, garchi 1ta IMEI-kod bazada bo‘lsa ham, rad javobi kelmoqda. Ro‘yxatdan o‘tish uchun xorijga chiqib kelish kerak emish. “Hech bo‘lmasa Qozog‘istonga chiqib keling, keyin ro‘yxatdan o‘tkazamiz” deyishmoqda.

Bu nima ahmoqgarchilik? Nega bu haqida avval ogohlantirilmagan?

Mavzuga doir: IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun nimalarni bilish zarur?

Uchinchidan, ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilayotganiga sabab — bojxonani chetlab o‘tib, yashirin yo‘llar bilan olib kirilgani bo‘lsa, unda nega buning jabrini xalq tortishi kerak?

Chegarachilar, bojxonachilar yoki yashirin yo‘llarga sharoit yaratib bergan korrupsionerlarga hech narsa bo‘lmasdan, yana oddiy xalq sarson bo‘lishi kerakmi?

Axir o‘sha telefonlarni peshona teri bilan topgan pullariga rasmiy ishlab turgan do‘konlardan sotib olishgan-ku. Nega shuncha payt do‘konlarda noqonuniy telefonlarni sotishga yo‘l qo‘yganlar jazolanmasdan, jabrdiyda xalq tovon to‘lashi kerak?

To‘rtinchidan, xo‘p, bo‘lar ish bo‘ldi, deylik. Endi nima qilish kerak? Muammoni yechish uchun biror qonuniy yechim bormi? Minglab fuqarolar ro‘yxatdan o‘tkazish uchun xorijga chiqib kela olmaydi baribir. Xalqqa bezbetlarcha “chetga chiqib keling, yo‘qsa iloji yo‘q” demasdan biror yechim bermaysizlarmi?

Beshinchidan, bilamizki 1-dekabrdan ro‘yxatdan o‘tkazish pullik bo‘ladi. Mayli, tekin bo‘lsin demayman, ammo nega narx bunchalik qimmat? Biror asosi bormi? Shunchaki 1 ta kodni tarmoqqa kiritib qo‘yish uchun 44 ming 600 so‘m olishga uyalmaysizlarmi?

Mavzuga doir: Mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ib, ularni kuzatishga sabab bo‘ladimi?

Boz ustiga, agar telefon 2 ta sim-kartali bo‘lsa, unda har biri uchun alohida to‘lov qilinadi, demak 89 ming so‘m bo‘lyapti. 30 kundan o‘tib ro‘yxatga olinsa, 110 ming so‘m bo‘ladi. Nega 10 ming so‘m emas, nega 20 ming so‘m emas? Xalqni juda boy deb o‘ylaysizlar shekilli? Pullari oshib-toshib ketyapti, qayerga qo‘yishni bilmayapti, deya tasavvur qilasizlarmi?

Xalq to‘layotgan soliqlar qayoqqa ketyapti unda? Bu tizimdan maqsad xalqqa foyda bo‘lish deyishmoqda, axir foydali tizimlar ishlab chiqish davlatning majburiyati emasmi? Bizning soliqlarni shuning uchun olyapsizlar-ku. Xalqqa ikki marta soliq solish (va qimmat soliq) insofsizlik axir!

Xalq sog‘in sigir emas, shuni unutib qo‘ymaylik, iltimos...

Noyabr oyi deyarli tugadi. Ammo soha mutasaddilari yuzaga kelgan muammolarni yechish uchun zig‘ircha harakat qilmadi, xalqqa tushuntirish bermadi, targ‘ibot olib bormadi. “Nega rad qilinganini bilmadim, bu muammo seniki, menga nima” degan prinsipda ish olib borildi. 1 kun o‘tib esa, ro‘yxatga olish pullik bo‘ladi. Xalq yana pul to‘lashni boshlaydi...

To‘layveradi, to‘layveradi, to‘layveradi...

Xushnud Xudoyberdiyev

Mavzuga doir: Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil telefonlar aloqadan uzib qo‘yilmoqda



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (30-11-2019, 13:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 114) ( 0) ( 112) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют