» » DTM jurnalist bergan savol uchun “Gazeta.uz” nashridan 200 mln so‘m undirmoqchi. Huquqshunos bu holatni sharmandalik deb atadi

DTM jurnalist bergan savol uchun “Gazeta.uz” nashridan 200 mln so‘m undirmoqchi. Huquqshunos bu holatni sharmandalik deb atadi


Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev DTM matbuot anjumanida bergan savoli uchun jurnalistdan 200 million so‘m undirmoqchiligi to‘g‘risidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

4-dekabr kuni “Gazeta.uz”da maqola e’lon qilingan. Unda AOKAda ta’lim sifatini oshirish, malaka talablariga muvofiq o‘qituvchilarni tanlash, o‘qitish usullarini takomillashtirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazilgani bayon qilingan. Anjumanda 3-oktabr kuni Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning ko‘rsatmasi bilan DTM tegishli hokimliklar va vazirliklar bilan birgalikda Sirdaryo viloyatidagi maktab direktorlari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi xodimlarining rahbarlik qobiliyati va boshqaruv mahorati, metodistlar va o‘qituvchilarning tegishli fan va davlat tili bo‘yicha bilimlarini aniqlash maqsadida 7—15-oktabr kunlari test sinovlari o‘tkazilgani aytilgan.

Ushbu test natijalarida viloyatdagi 12261 nafar pedagog va maktab direktorlarining 66 foizi qoniqarsiz baho olgani ma’lum qilingan.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan “Gazeta.uz” kolumnisti Komil Jalilov Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarovga ushbu testdan namunalar o‘qib eshittirib, ularning g‘aliz tuzilgani o‘qituvchi va maktab direktorining yarmidan ko‘pi test sinovlaridan o‘ta olmaganiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Alisher Umarov esa test savollari DTM bazasidan, abituriyentlar universitetlarga kirish uchun topshiradigan testlardan olinganini, DTM esa bu testlarni maktab darsliklari asosida tuzishini bildirgan.

DTM esa “Gazeta.uz” kolumnisti o‘qib eshittirgan testlar noto‘g‘ri va DTM bazasida yo‘qligini aytmoqda va nashrni yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda ayblab sudga berib, DTM obro‘siga putur yetkazganligi uchun 200 million so‘m ma’naviy zarar undirish niyatida.

“OAVni sudga berib bo‘lmaydi, OAVni sudga bergan davlat tashkiloti tugatilsin” demoqchi emasman. OAVni ham sudga berish mumkin va bu juda unaqa yomon ish emas. Telefon yoki boshqa yo‘llar bilan bosim qilgandan ko‘ra bu o‘ta demokratik yo‘l. Kim haq bo‘lsa, sudda yutib chiqsin”, — deydi voqeaga munosabat bildirgan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Uning aytishicha, davlat tashkiloti OAVni faqat o‘ta favqulodda vaziyatlardagina sudga berishi kerak. Ya’ni sudga berishga sabab bo‘lgan holat o‘ta og‘ir oqibatlarni keltirib chiqargan bo‘lishi lozim. Qolgan vaziyatlarda shunchaki nashr bilan bog‘lanib, raddiya berishni so‘rashi yoki o‘z rasmiy sahifalarida munosabat bildirishi kerak.

Sud xarajatlari, uzoq davom etadigan sud jarayonlarida DTMdan qatnashadigan vakillarning ish haqi, transport xarajatlari va h.k. chiqimlarning o‘zi sudga berish foydadan ko‘ra zarar ekanligini anglatadi. “Albatta, DTM bularni o‘ylamaydi, chunki davlat budjetidan hamda abituriyentlardan olinadigan to‘lovlardan, ya’ni xalq pulidan kun ko‘radi”, — deydi u.

“Shuningdek, davlat tashkilotining OAVdan ma’naviy zarar so‘rashini-ku mutlaqo hazm qilib bo‘lmaydi. Bu o‘ta kulgili va sharmandali holat. Yana qaytaraman, o‘zi xalq pulidan kun ko‘rsanglar, yana xalqdan ma’naviy zarar undirishni talab qilishga uyalmaysizlarmi? DTM tijorat tashkiloti emas-ku, OAVda chiqqan xabar tufayli foydadan quruq qolgan bo‘lsa.

Xorijda davlat tashkilotlari OAVni sudga bersa (bunaqasi kam uchraydi), ramziy 1 dollar talab qiladi. Chunki davlat tashkilotining maqsadi sud orqali faqat haqiqatni aniqlashtirish bo‘ladi, xalqdan pul shilish emas.

Agar davlat tashkilotining rahbari yoki biror vakilining sha’ni va qadr-qimmati toptalgan bo‘lsa, unda o‘sha mansabdor tashkilot nomidan emas, o‘z nomidan sudga bersa hamda ma’naviy zarar talab qilsa, to‘g‘ri tushunish mumkin. Ammo rasman davlat tashkiloti nomidan OAVdan 200 million so‘m talab qilsa, bu sharmandalik.

Uyaling, Majit Karimov, uyaling...”, — degan Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, DTM bilan sudlashish bo‘yicha kamtarona tajribasi bor. “Ular o‘tgan yili “Kun.uz” nashrini ham o‘ta kulgili asoslar bilan sudga berishgan va 50 million so‘m ma’naviy zarar so‘rashgandi. O‘shanda sudda “Kun.uz” nomidan vakil bo‘lib qatnashgandim. Sud yakuni bo‘yicha DTM bir tiyin ham ololmagan”, — deya eslab o‘tgan u.

“DTM direktoriga sudga berish to‘g‘risida kim aql o‘rgatyapti bilmadim-u, lekin arzimagan vaj uchun OAV bilan sudlashib yurguncha oldingizda turgan minglab muammolarni hal qilsanglar bo‘lmaydimi? Mana, 2019-yil tugadi, lekin haligacha kelgusi yilda qaysi yo‘nalishda qaysi fanlardan savollar tushishi aniq emas.

Yoki o‘tgan yilgi testlarda telefon aloqasini tutadigan qurilmalar ishlagani yo‘q, abituriyentlar test payti bemalol internetda o‘tirishdi. Sinash uchun o‘zim pavilyonlarga borib, tekshirib ko‘rganimda ham ichkarida telefonim ishlaganini yaxshi bilasizlar. OAV va jurnalistlar bilan sudlashguncha asosiy vazifalaringizni qilsangiz bo‘lmaydimi?”, — deya o‘z munosabatini yakunlagan Xushnudbek.

Huquqshunos o‘z fikrining so‘ngida “Gazeta.uz” hamda uning kolumnisti Komil Jalilovga sud jarayonlarida huquqshunos sifatida beminnat yordam berishga tayyorligini bildirgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-12-2019, 16:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 33) ( 0) ( 31) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют