» » Tibbiyot kollejlari 2019-2020-o‘quv yili uchun o‘quvchi qabul qilmaydimi? Qashqadaryoliklarni shu savol qiynamoqda

Tibbiyot kollejlari 2019-2020-o‘quv yili uchun o‘quvchi qabul qilmaydimi? Qashqadaryoliklarni shu savol qiynamoqda


Qashqadaryoda farzandi, kelini yoki nabirasini tibbiy ma’lumotli qilishni niyat qilgan ota-onalar tibbiyot kollejlarida 2019-2020 o‘quv yili uchun qabul jarayoni kechikayotganidan tashvishlanmoqda. “Daryo”ga murojaat qilgan qashqadaryoliklar qabul kechikayotganining sababini bilolmay sarsonligini bildirdi.

— Qizim yuridik ma’lumotga ega, ammo kuyovim mazkur sohada ishlatmayotgani sabab tibbiy ma’lumot olib, hamshira bo‘lib ishlasa ham mayli degan to‘xtamga kelgandik. Aksiga olib viloyatimizdagi tibbiyot kollejlarida qabul boshlanmayapti, - deydi Habiba Sayfullayeva. – Kollejga qatnashdan charchadik. Mas’ullardan so‘raymiz, ular ham aniq gap aytishmaydi.

Koson tumanida yashovchi Oyisha Quvondiqovaning aytishicha, u 2016-yil akademik litseyning tabiiy fanlar yo‘nalishini tamomlagan bo‘lib, institutga topshirgan. Ammo kirolmagan. Endi esa tibbiyot kollejiga o‘qishga kirib, o‘rta-maxsus ma’lumotli tibbiyot xodimi bo‘lish niyatida.

— O‘tgan o‘quv yilida kelganimda qabul tugagan edi, endi esa  boshlanmayotgani meni tashvishlantirmoqda. Tibbiyot kollejida o‘qib bo‘lsa-da, tibbiy ma’lumotnoma olmoqchiman, - deydi Oyisha Quvondiqova. – Lekin qabul boshlanmayapti. Kutishdan charchadik.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashganlarning aytishicha, mazkur muammo bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi-yu, Prezident portaligacha murojaat qilingan. Lekin tayinli javob berilmagan.

— Qabul boshlanmayotganining sababini bilish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham murojaat qildik, Prezident portaliga yozdik. Ammo tayinli javob berishmadi, - deydi Oyisha Quvondiqova. – Hatto Qarshi shahar hokimligiga ham murojaat qilgandik. Ular bu bizning vazifamizga kirmaydi, vazirlikka murojaat qiling deyishgan.

Koson tumanida yashovchi yana bir murojaatchi Dilnoza Xushvaqtovaning ma’lum qilishicha, u o‘zi yashovchi hududda qo‘ni-qo‘shnilardan yordam so‘raganlarini “ukol” qilib turadi. Bu borada tajribasi ham bor. Ammo diplom yo‘q.

— Qo‘ni-qo‘shnilarni “ukol” qilib qo‘yish tajribasiga egaman, ammo diplomim yo‘q. Ruxsatnomam yo‘q. Menga diplom kerak. Shuning uchun ham tibbiyot kollejida qabul boshlanishini intizorlik bilan kutyapman.

— Kelinim sportchi. Sport kollejini tamomlagan. Shuning uchun ham biz uning bu sohada ishlashini xohlamayapmiz, tibbiyot kollejida o‘qib, oilamizga hamshiralik qilsa ham mayli, - deydi Nuriddin Xo‘jamov. – O‘qish boshlanmayapti.

Qarshi tumanida yashovchi Juma Fayziyev ham oilasi uchun tibbiy ma’lumotga ega oilaviy hamshiraga ehtiyoj sezayotganligini aytar ekan, o‘zi yashovchi hududda 34 ta xonadonga xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot xodimi yo‘qligidan shikoyat qildi.

— Nabiram o‘qisa, hech bo‘lmasa oilamizga yordam berib turardi-da, biz yashayotgan mahallada 34 ta xonadonga xizmat ko‘rsatuvchi hamshiralar yo‘q, - deydi Juma Fayziyev. – Biror joyga murojaat qilsang, shu yoshga kirganda murojaat qilibdimi deb kulishmasin deb, qabul bo‘lishini kutib yuribmiz. Ammo qabul bo‘larmikin?

Murojaatchi Dilmurod Elmurodovning aytishicha, qizi 3 yildan  beri tibbiyot kollejiga kirolmay sarson.

— Sal oldinroq kelsangiz, hali qabul boshlangani yo‘q deyishadi, sal kechroq kelsangiz, qabul tugadi deyishadi. Xullas, shu ahvolda. Qizim 3 yildan beri tibbiyot kollejiga kirolmaydi. Bu yil esa aksiga olib, qabul ham bo‘lmayapti.

“Daryo” muxbiri bilan suhbat qilganlarning ma’lumot berishicha, tibbiyot kolleji rahbariyati odatda qabul boshlangani haqida ma’lumot bermaydi. Qabul imi-jimida o‘tib ketadi.

Dilbar Xoliqova hamda Mohigul Normurodovalarning aytishicha, o‘rta-maxsus ma’lumot olib bo‘lsa-da, ishlash niyati bor. Oilasiga moddiy ko‘mak zarur.

— 2019-2020 o‘quv yili uchun nafaqat tibbiyot kollejlarida, boshqa kollejlarda ham hali qabul bo‘lmadi, -  deydi O‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi Qashqadaryo hududiy boshqarmasi boshlig‘i Kamol Yangiboyev. – Ota-onalar ko‘p kelishyapti. Ammo hali tayinli gap yo‘q.

Ma’lumot berilishicha, viloyatda 4 ta tibbiyot kolleji mavjud bo‘lsa, respublika miqyosida bu ko‘rsatkich 78 tani tashkil etadi. Biroq, ayni kunga qadar birorta ham o‘quv muassasasi 2019-2020 yil uchun o‘quvchi qabul qilmagan. Xo‘sh, nega?



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-01-2020, 09:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 39) ( 0) ( 38) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют