» » Markaziy bank nima uchun monetar oltin sotib oladi va valyuta intervensiyalarini amalga oshiradi?

Markaziy bank nima uchun monetar oltin sotib oladi va valyuta intervensiyalarini amalga oshiradi?


O‘zbekiston Markaziy banki 2019-yil davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilardan monetar oltin sotib olishi natijasida 36,6 trillion so‘m pul miqdoridagi mablag‘ qo‘shimcha ravishda emissiya qilingan. Ushbu yuzaga kelgan “ortiqcha” likvidlikni bartaraf etish maqsadida Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozorida 33,6 trillion so‘m ekvivalentidagi xorijiy valyuta sotildi. Markaziy bank mazkur operatsiyalar nima uchun amalga oshirilishini tushuntirdi.

Nima uchun Markaziy bank valyuta bozorida intervensiyalarni amalga oshiradi (valyuta sotadi)?

Markaziy bankning ichki valyuta bozoridagi intervensiyalari mahalliy ishlab chiqaruvchilardan monetar oltinning sotib olinishi natijasida iqtisodiyotga chiqarilgan pul mablag‘larini sterilizatsiya qilish maqsadida amalga oshiriladi. Yuzaga kelgan “ortiqcha” likvidlikning kamaytirilishi inflyatsiya bosimining keskin o‘sishi hamda makroiqtisodiy nomutanosibliklarning oldini olish bo‘yicha zaruriy chora hisoblanadi. Aks holda, sotib olingan monetar oltin qiymatiga teng pul massasi qo‘shimcha ravishda o‘sib boradi.

Markaziy bankning valyuta intervensiyalari oltin-valyuta zaxiralarining “neytralligi” tamoyiliga asoslanadi.

Oltin-valyuta zaxiralarining “neytralligi” nima?

Oltin-valyuta zaxiralarining “neytralligi” tamoyili yil davomida Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozorida sotilgan valyuta mablag‘larining sof hajmi ushbu davrda sotib olingan monetar oltin qiymati doirasida bo‘lishini anglatadi.

Boshqacha qilib aytganda, Markaziy bank ichki valyuta bozorida operatsiyalarni amalga oshirishda pul massasi keskin o‘sishining oldini olish vazifalaridan kelib chiqib, mavjud oltin-valyuta zaxiralarini ishlatish yoki ularni ko‘paytirishni ko‘zlamaydi.

Bunday yondashuv o‘zgaruvchan almashuv kursi rejimiga mos bo‘lib, Markaziy bankning ichki valyuta bozorida ishtirok etmasligi yoki minimal darajada ishtirokini nazarda tutadi.

Agarda, Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozorida intervensiya operatsiyalari amalga oshirilmaganda, 2019-yil davomida pul massasi qo‘shimcha 36,6 trillion so‘mga oshib, ushbu holat inflyatsion bosimning kuchayishi hamda so‘mning almashuv kursi oshishini yuzaga keltirar edi.

Aksariyat oltin ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda oltin eksporti asosan, Markaziy bank ishtirokisiz, korxonalar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda Markaziy bankning ichki valyuta bozorida ishtirokiga zaruriyat bo‘lmasdan, oltin sotishdan tushgan tushum ishlab chiqaruvchilar tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqarish yoki boshqa maqsadlarda foydalaniladi yoki ichki valyuta bozorida sotiladi.

Nima uchun Markaziy bank monetar oltinni sotish operatsiyalarini amalga oshiradi?

Markaziy bank oltin-valyuta aktivlarini samarali boshqarish, shu jumladan, xalqaro qimmatbaho metallar bozoridagi vaziyatni tahlil qilish va oltin narxini prognoz qilish hamda oltin-valyuta zaxiralarida xorijiy valyutadagi likvidlikni ta’minlash maqsadlaridan kelib chiqib, monetar oltinni sotish operatsiyalarini amalga oshiradi.

Bunda tashqi bozorda sotilgan monetar oltin hajmi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan hajmdan farq qilishi mumkin.

Shu bilan birga, monetar oltin eksportidan tushgan xorijiy valyutadagi tushum hajmi Markaziy bankning ichki valyuta bozorida sotilgan xorijiy valyuta, ya’ni valyuta intervensiyasi hajmiga mos kelmasligi mumkin.

Xalqaro zaxiralaridan almashuv kursini ushlab turish maqsadida foydalaniladimi?

Markaziy bankning ichki valyuta bozoridagi faoliyati va uning valyuta operatsiyalarining almashuv kursiga ta’sirini baholashning bilvosita ko‘rsatkichlaridan biri yil davomida oltin-valyuta zaxiralari hajmining o‘zgarishidir.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yil davomida Markaziy bank oltin-valyuta zaxiralari, narxlar o‘zgarishi hisobga olinmagan holda, 237 million dollarga oshib, ushbu davrda milliy valyutaning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 13,9 foizga qadrsizlandi.

Bu o‘z navbatida, Markaziy bank valyuta kursining fundamental o‘zgarishida zaxira aktivlaridan foydalanmaganligini ko‘rsatadi. Milliy valyuta almashuv kursining dinamikasi ichki valyuta bozorida talab va taklif darajasini belgilaydigan tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida shakllandi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (6-02-2020, 22:42)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 56) ( 0) ( 55) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют