» » Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida jurnalist ayolning faoliyatiga to‘sqinlik qilingani ma’lum bo‘ldi

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida jurnalist ayolning faoliyatiga to‘sqinlik qilingani ma’lum bo‘ldi


“Ma’rifat” gazetasining maxsus muxbiri, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi a’zosi Sharifa Madrahimovaning so‘zlariga ko‘ra, u oziq-ovqat yarmarkasini suratga olgani uchun Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani Ichki ishlar bo‘limida ushlab turilgan. Bu haqda Madrahimova “Human.uz” nashriga intervyu bergan.

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, yozib olish jarayonida hokim kotibi telefonini undan tortib olishga uringan, IIBga kelganidan keyin esa qurilmadagi yozuvlar o‘chirib tashlangani ma’lum bo‘ldi.

Voqealar xronologiyasi bo‘yicha, 15-aprel kuni Uchko‘prik tuman hokimligi matbuot xizmati mahsulotlar narxlari yuqori ekani haqidagi xabarlarga javob tariqasida dehqon bozori hududida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etilgani hamda tuman markazidan olis hududlar va ko‘p qavatli uylar atrofida ko‘chma do‘konlar faoliyati yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilgan. Xabarda kartoshka 3500 so‘m, sabzi 1000 so‘m, tuxum 600 so‘m, o‘simlik yog‘i 38 ming so‘m, un 3 ming so‘m, makaron 5 ming so‘m, shakar 5800 so‘m, go‘sht 40 ming so‘mdan sotilayotgani bildirilgan.

Mazkur xabar ostidagi izohlarda Sharifa Madrahimova ko‘rsatib o‘tilgan narxlardan ajablanib, ushbu xabar qilinishidan bir kun avval sabzini 2000 so‘m, shakarni 6500?7000 so‘mdan olgani haqida yozgan. Yana bir foydalanuvchi esa tuxumni 900 so‘m, kartoshkani esa 5500 so‘mdan olganini ma’lum qildi. Boshqa bir fuqaro hokimiyat keltirib o‘tgan narxlarni tasdiqlagan.

Bunga javoban Uchko‘prik tumani hokimi Akmal Mahmudaliyev yarmarka 8-martdan buyon o‘tkazib kelinayotganini aytdi. U jurnalistga mahsulotlarni boshqa joydan sotib olishni taklif qildi. U yetkazib berishda qisqa uzilishlar bo‘lishi mumkinligini tan oldi, ammo mahsulotlar pasaytirilgan narxlarda sotilishini ta’kidladi. Ma’muriyat rahbari ba’zi nopok tadbirkorlar vaziyatdan foydalanib qolishga urinayotganini ma’lum qilgan.

Akmal Mahmudaliyev, shuningdek, xususiy tadbirkorlarga mahsulotlarni qanday narxlarda sotish kerakligini aytish qiyinligini ta’kidladi, chunki ular istalgan joyda tovar sotib olib, oshirilgan narxlarda sotishi mumkin, deya qayd etgan hokim. Tuman ma’muriyati rahbari har qanday vaqtda unga shikoyatlar bilan qo‘ng‘iroq qilishni so‘ragan.

Sharifa Madrahimova hokimning ushbu so‘zlarini tekshirib ko‘rish uchun yarmarkani videotasvirga olishga qaror qilgan.

Jurnalist yarmarkada tasvirga olayotgan vaqtda hokim kotibi Shohjahon Mo‘ydinov uning qo‘lini qayirib, telefonini tortib olishga harakat qiladi, biroq buning uddasidan chiqa olmaydi. U ichki ishlar organlari xodimini yordamga chaqiradi. IIB xodimi o‘zini tanishtirib, ayoldan shaxsiga aniqlik kiritish uchun IIBga olib boradi. U yerda Sharifa Madrahimovadan jurnalistligini tasdiqlovchi hujjat kerakligini aytishadi.

“Ular ‘Marifat’ gazetasining guvohnomasini ko‘rib, ‘Siz gazetaga yozar ekansiz, gazetaning jurnalisti ekansiz, nimaga tasvirga olyapsiz?’, deb so‘rashdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasiga ko‘ra har kim axborot olish, izlash va uni tarqatish huquqiga egaligini aytdim. ‘Jurnalist bo‘lmagan taqdirimda ham men O‘zbekiston fuqarosi sifatida axborot olish huquqiga egaman’. ‘Maqsadingiz nima?’ deb so‘rashdi, ‘Hokimning so‘zlariga javob berish’, deya javob berdim. ‘To‘xtang, unday bo‘lsa hokimdan so‘raymiz’, deyishdi, lekin hokim videoselektorda ekan, javob bermadi. Shundan keyin ichki ishlar bo‘limida meni turli bahonalar bilan ikki soatga yaqin ushlab o‘tirishdi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u jinoiy qidiruv bo‘limida Akmaljon Madrahimovning xonasida ushlab turilgan. Jurnalist uning so‘zlarini xonada bo‘lgan yana bir ayol va uning jiyani tasdiqlashi mumkinligini aytdi.

“Shohjahon Mo‘ydinov menga gazetada ishlab turib bekorga videoga olganimni aytdi. Keyin ular jurnalist guvohnomasining haqiqiyligini tekshirishlari kerakligini aytishdi, chunki unda amal qilish muddati ko‘rsatilmagan”, — dedi muxbir.

Sharifa Madrahimova ularni Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi, ayni vaqtda Farg‘ona viloyati hokimiyatining matbuot kotibi bo‘lib ishlayotgan Muhammadjon Obidov bilan bog‘lagan. IIB xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, u hujjat haqiqiy emasligini aytib, “Jurnalistga qanday chora ko‘rsanglar ko‘raveringlar” degan.

Madrahimovaning ta’kidlashicha, IIB xodimi telefonni undan olib qo‘ygan va uni ko‘chada berishini, chunki IIB binosida fuqarolarning telefon olib yurish mumkin emasligini aytgan.

“Bir daqiqadan keyin qaytishlarini aytishdi. Ammo ular Uchko‘prik tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosarining xonasiga kirib ketdi. U yerdan 15-20 daqiqadan so‘ng chiqishdi va telefonni qaytarib berishdi. Meni bu yerda ushlab turmasliklari yoki menga qarshi qonuniy choralar ko‘rishlari kerakligini aytdim. Ular hokimdan javob kutayotgaliklarini aytishdi. Men: “Bu yerda qonun hokimmi? Nega hokimdan javob kutyapsiz?”, deb so‘radim. IIB boshlig‘i nomiga ariza yozish uchun oq qog‘oz berishlarini so‘rab, yozishni boshlagan edim, to‘xtatishdi va ketishim mumkinligini aytishdi”, — dedi muxbir.

Jurnalist videokonferensaloqa tarzidagi suhbatda oq qog‘ozda o‘zi yozishni boshlagan arizani ham ko‘rsatgan. IIB binosidan chiqqanidan keyin telefonidagi videoyozuv o‘chirilganini payqagan.

Yarmarkaga qaytib borganida yarmarkaning tarqatib yuborilganiga guvoh bo‘lgan. Dehqonlar olib kelgan mahsulotlarini sotish uchun yo‘l chetlari, burchaklarda savdo qilishga majbul bo‘lganini qaytganidan keyin tasvirga tushirgan videoyozuv orqali ko‘rsatib bergan.

Sharifa Madrahimova ushbu hodisalar yuzasidan ariza yozib, kimnidir javobgarlikka tortish maqsadi yo‘qligini, hozirgi pandemiya sharoitida hamma narsani to‘g‘ri tushunish kerakligini qayd etgan.

“Undan tashqari, qilingan ishlarning yugur-yuguri ko‘p bo‘ladi. Bitta arizaning orqasidan yillab yoki oylab yuguradigan darajada vaqti ko‘p odam emasman. Men bu masalani jamoatchilikka yetkazib qo‘ydim, prokuratura, ichki ishlar, hokimiyat vakillari, balki, o‘zlariga xulosa chiqarishar”, — dedi u.

“Mening maqsadim kimnidir jazoga tortish yoki kimnidir ishdan bo‘shatib yuborish emas. Adolat qaror topishi kerak. Hamma narsani o‘z oti bilan atashimiz kerak. Hamma narsa shaffof bo‘lishi kerak. Ishonchli, asosli, shaffof xabarlar berish kerak. Jurnalistlarga to‘siq qo‘yilmasligi kerak”, — deya ta’kidladi Sharifa Madrahimova.

Jurnalistning aytishicha hokimlar o‘z harakatlari bilan xalqning Prezidentga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazmoqda.

“Agar rost gapirishga to‘siq bo‘lsa, mayli rost gapirmasin, lekin hech qachon yolg‘on gapirishmasin. Hokimiyat — prezident bilan xalq o‘rtasidagi ko‘prik. Odamlar xulosa chiqaradi: hokimiyat shunaqa qilyaptimi, demak, yuqorida ham, demak, prezident ham shunaqa qiladi. Aks holda, bular o‘zicha bunaqa ish qilmasdi, degan xulosa chiqarishadi”, — degan jurnalist “Human.uz” nashriga bergan intervyusida.

AOKA direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov “Ma’rifat” gazetasi jurnalisti Sharifa Madrahimovadan Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hokimligi tomonidan huquqlari buzilganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushgani haqida Telegram’dagi kanalida post yozib, agentlikning voqelikni diqqat bilan o‘rganib chiqqani, yakunda tuman hokimlik vakillari hamda tuman IIB xodimlari tomonidan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi va “Jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi normalari buzilishi ehtimoli yuzasidan vaziyatga huquqiy baho berishni so‘rab, Bosh prokuraturaga murojaat qilganini bildirgan. Saidjonovning yozishicha, Bosh prokuratura masalani o‘rganmoqda va natijalari bo‘yicha o‘z qarorini bildiradi.

“Ochiqlik siyosati davlat idoralaridan xalq bilan yaqin muloqot o‘rnatish, fuqarolarning so‘rovlari, muammolari va takliflariga o‘z vaqtida javob berishni talab qiladi. Ushbu muloqotni olib borishda ommaviy axborot vositalari va blogerlar beqiyos rol o‘ynaydi, ular xalqimizga axborot yetkazishda barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga katta yordam ko‘rsatmoqda. Ular, shuningdek, davlat idoralari matbuot xizmatining tayanchi hisoblanadi.

Agentlik barcha davlat idoralari axborot sohasida mamlakat qonunchiligini hurmat qilishlari va konstruktiv tanqidni to‘g‘ri qabul qilishlari shart deb hisoblaydi, chunki OAV va blogerlar idoralarning obro‘si va harakatlariga putur yetkazish maqsadida tanqid qilishmaydi, balki shu orqali ularga fuqarolarning ma’lum muammolarini ko‘rishlariga imkon berish uchun davlat organlari faoliyatidagi, xususan jamiyatni xabardor qilishdagi xatolar, kamchiliklar va ularni xalqimiz manfaatlariga mos ravishda tezda bartaraf etish uchun mehnat qilishadi”, — deb yozgan Saidjonov.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-04-2020, 06:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 135) ( 0) ( 134) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют