» » Foto: Andijon viloyatining sayohatbop 7 maskani

Foto: Andijon viloyatining sayohatbop 7 maskani


Andijon viloyatida o‘zbek xalqi tarixini o‘zida mujassam etgan muzey, tarixiy obida va yodgorliklar, shuningdek, bahavo va xushmanzara dam olish maskanlari hamda muqaddas ziyoratgohlardan iborat 400 dan ziyod sayyohlik obyekti mavjud. Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot xizmati Andijon viloyatidagi 7 ta diqqatga sazovor maskan haqida ma’lumot berdi.

Mingtepa

Mingtepa — Andijon viloyati, Marhamat tumanining sharqiy qismida, Andijon shahridan 38 kilometr uzoqlikda joylashgan. U miloddan avvalgi V-IV va milodning IV asrlarida hukm surgan Dovon davlatining poytaxti bo‘lgan Ershi shahri xarobalaridir. Keyinchalik Mingtepa deb nom olgan Ershi 70 shahardan tashkil topgan bo‘lgan. Qadimda bu savdo shahri orqali Buyuk ipak yo‘li o‘tgan.

Xitoy yozma manbalarida tilga olingan mazkur poytaxt-shahar o‘zining hunarmandchiligi, dehqonchiligi va samoviy tulporlari bilan dunyoga mashhur bo‘lib, o‘z davrida Xitoy davlati bilan raqobatlashgan.

Imom ota

Ziyoratgoh qadimdan islom olamida munosib o‘rin tutgan Imom Muhammad Hanafiya nomi bilan atalib kelingan. Tadqiqotchilar N.Abdulahadov, V.Azimovning “Oltiariq ziyoratgohlari”, “Nasibanomayi Muhammad Hanafiya” kitoblarida keltirishicha, islom lashkarboshisi Hazrati Alining o‘g‘li Muhammad Hanafiya Xurosonni zabt etib, aholining islomga kirishida xizmatlari katta bo‘lganligi uchun “Xuroson ota”, “Imom ota” nomini olgan, shuning uchun bu o‘lkada Bobo Xuroson, Imom ota nomlari bilan bog‘liq diqqatga sazovor joylar mavjud.

XVIII asrga oid ziyoratxona-xonaqoh XIX asr oxirlarida andijonlik Mahmudaliboy tomonidan qayta tiklangan. Ushbu obyekt 1982-yilda me’moriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan.

Xonobod sihatgohi

Xonobod – vodiyning go‘zal tabiatli, musaffo havoli, ekoturizm uchun qulay hududi. Bu yerda hordiq chiqarish bilan birga betakror tabiat manzaralaridan zavq olish mumkin. Sihatgoh dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan iqlimiy kurort hisoblanadi. Xonobod sanatoriysi o‘zining kislorod bilan to‘yingan, ionlashtirilgan havosi bilan yuqori va quyi nafas yo‘llari, asab tizimi, yurak qon-tomir kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan.

Xonobod sihatgohida, shuningdek, surunkali gastrit, xoletsistit, pankreatit, gastroduodenit, oshqozon va 12 barmoqli ichakning yara kasalligi – chandiqlanish bosqichida, surunkali piyelonefrit, surunkali ich qotishi, ginekologik va urologik kasalliklar, periferik asab tizimi kasalliklari, suyak va bo‘g‘im kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlar davolanadi. Sihatgoh hududi 10,5 gektar maydonni egallaydi. Uning hududi qayrag‘och, terak, eman, yong‘oq, akatsiya, kashtan, archa, chinor va boshqa daraxtlar bilan burkangan.

Jome me’moriy majmuasi

Jome me’moriy majmuasi XIX asr oxirida Muhammadaliboy tomonidan taniqli me’mor usta Isaxon Muhammad Muso o‘g‘li loyihasiga ko‘ra Farg‘ona vodiysi  me’morchilik  maktabi  milliy an’analari  asosida  bunyod  etilgan. Majmuaning umumiy maydoni — 2 gektardan ortiq. Majmua to‘rtburchak  shaklda  qurilgan bo‘lib, uning to‘rtta burchagida gumbaz, g‘arbiy tomonida xonaqoh, minora va 50 ta xona bor.

Xonaqoh 1990—1993-yillarda to‘liq ta’mirdan chiqqan. Majmua avval diniy ta’lim dargohi, keyinchalik bozor, urush yillarida aholi turar joyi, so‘ng omborxona, 1989—1995-yillarda diniy  o‘quv madrasasi, 1995—2016-yillarda esa Adabiyot va san’at muzeyi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Ahmadbekhoji mehmonxonasi

Alisher Navoiy nomidagi Andijon shahar madaniyat va istirohat bog‘ining sharqiy tomonida joylashgan ushbu me’moriy obida 1905–1907-yillarda andijonlik yirik boy, paxta zavodi egasi Ahmadbekhoji Temurbek o‘g‘li buyurtmasi bilan mehmonxona va ish yuritish joyi sifatida bunyod etilgan. Qurilishda O‘zbekiston xalq me’mori, Respublika Fanlar akademiyasining faxriy a’zosi Yusufali Musayev (1869 – 1947), usta Toshxon, usta Yahyo va ularning shogirdlari ishtirok etishgan. Me’moriy yodgorlik O‘zbekiston xalq rassomi, usta Saidmahmud Norqo‘ziyev tomonidan xalq amaliy bezagi san’atining sir naqqoshlik va ganch o‘ymakorligi turlari bilan bezatilgan.

Mehmonxonaning pishiq g‘ishtdan hashamdor qilib urilgan bir dahliz va katta zaldan iborat mehrob va tokchali  xonasi o‘sha davrga xos eklektika uslubida ganchkorlik san’ati bilan bezatilgan. Mehrobsimon deraza atrofidagi bezaklar va xonalar shiftidagi naqshlar XIX asr oxiri Yevropa me’morchiligi ruhiyatida, ichki devorlaridagi boshqa o‘simliksimon ganch o‘ymakorligi bezaklari milliy naqqoshlik ruhiyatida bajarilgan.

Inshoot Sho‘rolar davrida savodsizlikni tugatish maktabi, qishloq soveti hamda kolxoz raislari tayyorlash kursi, Ikkinchi jahon urushi yillarida bolalar uyi va maktab vazifasini o‘tagan. 1960–1970-yillarda mexanizatorlar va shofyorlar tayyorlash dargohi bo‘lib xizmat qildi. Bino 1970–1974-yillarda ta’mirlangan.

Qal’a

Andijon shahridagi Dukchi Eshon mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan ushbu yodgorlik Qal’a nomi bilan mashhur. U Chor Rossiyasi harbiy qismi uchun mudofaa qo‘rg‘oni sifatida bunyod etilgan. Qal’aning 10 metrdan ortiq baland bo‘lgan devorlaridan Andijon shahrining har bir mahalla, ko‘chalari kaftdek ko‘rinib turgan va shu joydan turib isyonlarni bostirish imkoniyati bo‘lgan. Uning bir necha kazarma binolari, qurol-aslaha omborlari, oshxona, to‘pxonalardan iborat mudofaa qo‘rg‘oni bo‘lgan. Qal’ada chor Rossiyasi armiyasining Turkiston asosiy muntazam harakatdagi batalyoni 4-5-rotasiga tegishli 250 dan ziyod askari bo‘lgan.

Qal’a 130 yil davomida juda ko‘p tarixiy voqealar, jumladan, 1898-yil Dukchi Eshon boshchiligidagi Andijon qo‘zg‘olonining guvohi bo‘lgan.

Ark ichi

Ark ichi yodgorligining qurilgan davri haqida aniq tarixiy ma’lumot saqlanib qolmagan. Sharqshunos olim M.Abdurahmonovning XIV asrda yashab o‘tgan olim Hamdalloh Kazviniyning “Nusrat ul-qulub” asariga asoslanib bergan ma’lumotiga ko‘ra, madrasa XIV asrda Hojar ismli shahar  hukmdori tomonidan qurdirilgan.

Yodgorlik Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umarshayx Mirzo arki o‘ramida bo‘lib, keyingi 7-8 asr davomida bir necha bor ta’mirlangan.

Madrasa 27 hujra, 3 gumbazli darsxona, talabalarga mo‘ljallangan kichkina yopiq va ayvonli namozgohdan tashkil topgan.

Mavzuga doir: Egizak shaharlar: Venetsiyaning Xitoy va Las-Vegasdagi nusxalari (foto)



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-05-2020, 10:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 92) ( 0) ( 89) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют