» » Haftalik dayjest: Dori omborining kaliti, saytni buzgan “akaxonlarim”, yana bir uzr chellenj

Haftalik dayjest: Dori omborining kaliti, saytni buzgan “akaxonlarim”, yana bir uzr chellenj


“Tez kunda virus ketadi, bu kunlar yaqin ko‘nglim sezadi, yurtimizda yana tonglar otadi. Siz duolar qiling faqat”. Quvnoq oila gitara jo‘rligida kuylagan havaskor qo‘shiqni internetda ko‘rgansiz. Duo kerak bo‘lsa, duo qilamiz. Chilyosin ham qilamiz. Xabarlarga ko‘ra, 70 ta joyda chilyosin qilinadigan bo‘ldi.

Chilyosin qanday amal, uni qilsa bo‘ladimi? “Zikr ahlidan so‘rang” hay’ati: “...Endi chilyosin qilishga kelsak, bu ish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalarning davrlarida bo‘lmagani aniq. Ammo Qur’on o‘qib dam solish bo‘lgan. Yosin o‘qib dam solish qadimdan, salaflar davridan beri mavjud. Uni aynan ma’lum adadda, masalan, qirq yoki qirq bir marta o‘qish ham ulamolar tomonidan, ko‘proq tasavvuf ahli tarafidan joriy qilingan. Buning foydasi, fazilati ko‘proq tajribalardan ma’lum bo‘lgan va ana shuning uchun musulmonlar o‘rtasida keng tarqalgan...”, deb javob bergan.

Haftaning bir yangiligi ayrimlar uchun kutilgan, ayrimlar uchun kutilmagan bo‘ldi. O‘zbekistonda joriy etilgan karantin cheklovlari 2020-yilning 15-avgustiga qadar uzaytirildi, degan yangilik. 15-avgustgacha bo‘lgan cheklovlar to‘y-tadbir o‘tkazmaslikdan tortib, 31-iyul, 1—2-avgust hamda 8—9-avgust (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatilishigacha o‘z ichiga oladi. Garchi mablag‘siz oddiy fuqaro haddan tashqari qiynalgani hech kimga sir bo‘lmasa-da, koronavirus tarqalishini to‘xtatishning biz uchun yagona samarali yo‘li harakatlanishni cheklash bo‘lib turibdi. Shuning uchun bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev karantin uzaytirilgani sababli tirikchilikdan qolganlarni nazarda tutib, aholidan uzr so‘radi.

Ammo karantinda ishidan ayrilganlar tobora ko‘payib bormoqda. Xususan, kirakashlarning ro‘zg‘ori taqchillikni boshdan kechiryapti. 22-iyul kuni Farg‘ona shahrida mashinasi jarima maydoniga olib kirilgan fuqaro bunga norozilik tariqasida o‘z joniga qasd qilishga urindi.

Bu hafta O‘zbekiston Prezidentining “Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, bir guruh shifokorlar, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar va boshqa soha xodimlari faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi. Ular orasida virus asoratidan vafot etgan shifokorlar va IIV xodimlari ham bor.

Qurbon hayiti 31-iyul kuni nishonlanishi ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi pandemiya vaqtida Qurbon hayiti namozi musulmonlar zimmasidan soqit bo‘lganini ma’lum qildi. Qurbon hayiti kuni butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi.

Yaxshi bilamizki, mamlakatimizda COVID-19 dan o‘limlarning rasmiy va norasmiy statistikasi bir-biridan kattagina farq qiladi. Bu haqda yozildi, biroq SSV va maxsus komissiya biror munosabat bildirmadi. Ammo tilga olingan fuqaroning martabasiga qarab munosabat bildirishlari mumkinligiga bu hafta guvoh bo‘ldik. Aniqrog‘i, bu hafta ichida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov koronavirus tufayli dunyodan o‘tgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqaldi. Shunda To‘ra Bobolov videomurojaat qilib, davolanayotganini, holati yaxshiligini bildirdi, yolg‘on xabar tarqatgan shifokorlarga esa ma’muriy ish qo‘zg‘atildi va telefoni musodara qilindi. Musa Yerniyazovning o‘limi haqida xabar tarqatgan nashr mualliflariga esa bundan-da tez munosabat bildirilib, tegishli organga chaqirtirildi. SSV matbuot kotibi Musa Tajetdinovichning davolanayotganini alohida ta’kidladi.

Ma’lumki, pandemiyaga ham bir viloyat puxta tayyorlanishga harakat qilmoqda. Samarqand bu borada o‘ziga xos kompleks tizim ishlab chiqqan bo‘lsa, Farg‘ona sanatoriylarni tibbiy markazlarga aylantirib qo‘ydi. Andijon bo‘lsa uch oylik dori-darmon zaxirasini shakllantirib qo‘ygan. Bu haqda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov aytib, omborning kalitigacha ko‘rsatdi. Garchi kalit velosipednikidek kichkinagina bo‘lsa-da, katta viloyat uchun bebaho zaxirani ocha olishi diqqatga sazovordir.

* * *

Avtomobil sanoatida raqobatni oshirishi kutilayotgan Volkswagen avtokonserni O‘zbekistonga kirib kelmoqda. Dushanba kuni kompaniyaning O‘zbekistondagi birinchi taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Taqdimot pandemiya sharoitida onlayn ko‘rinishida bo‘lib o‘tadi. Ushbu taqdimotni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, 27-iyul kuni soat 10:00 da ushbu havolani bosib, Youtube saytiga o‘ting.

Volkswagen Caddy modelining savdosi ham shu kuni boshlanadi. “O‘zavtosanoat” ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda modelning to‘rtinchi avlodini, 2021-yildan esa beshinchi avlodining to‘liq siklini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Yillardirki GM Uzbekistan monopoliyasi ostida qolgan fuqarolarimiz nemis mashinasiga umidlar bog‘lagan.

* * *

O‘zbekistonda alkogol va tamakini nazorat qiladigan, bugungi kunning talablariga javob beradigan qonun qabul qilinadi, deb yozmoqda @davletovuz. Xususan, bu hujjatda bug‘ bilan chekiluvchi  veyplar va elektron sigaretlarni oddiy sigaretlar bilan tenglashtiruvchi normalar bor. Shifokorlarning aytishicha, koronavirus keltirib chiqaradigan salbiy oqibatlarning aksariyati o‘pkaga ta’sir qiladi, ular esa asosan tamaki chekish natijasida yemiriladi. Shu bois pandemiya davrida bu ham zaruriy loyihalardan deb aytish mumkin.

* * *

Yapon kompaniyasi muzqaymoq narxini oshirgani uchun mijozlardan bosh egib uzr so‘ragani videosini ko‘pchilik ko‘rgan. Bu hafta O‘zbekiston uchun noyob holatlardan biriga guvoh bo‘ldik. Toshkent shahri tumanlari hokimlari televideniye orqali murojaat bilan chiqib, ayrimlari uzr so‘radi. Sirg‘ali tumani hokimi Baxtiyor Shomurodov va tuman rahbarlari o‘z vaqtida amalga oshirilmagan chora-tadbirlar natijasida o‘lim holatlari yuz bergani uchun uzr so‘radi. Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonov tumanda koronavirus infeksiyasi bilan zararlanganlar va halok bo‘lganlar mavjudligida hokimlikning ham aybi borligini tan oldi. Uchtepa tumani hokimi Farhod Abdullayev ham tuman ahlidan uzr so‘rab, tuman rahbariyati 24 soatlik ish vaqtiga o‘tganini ma’lum qildi. Chilonzor tumani hokimi Sarvar Mahametov ham tumanda kuzatilgan o‘lim holatlari uchun odamlardan kechirim so‘radi. Yakkasaroy tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sherzod Taslimov va tumandagi boshqa mutasaddi rahbarlar koronavirus keskin tarqalib ketgani uchun tuman aholisidan uzr so‘radi. Ularning barchasi ishonch telefonlarini ko‘rsatib, murojaatlarga tayyorligini bildirdi.

* * *

“Daryo” saytining “Qo‘ziqorin” rukniga mos keladigan xabarlar faqat chet elda emas, O‘zbekistonda ham yuz berib turadi. Yangi tashkil qilingan O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga tegishli rasmiy vebsayt sahifasi xakerlar hujumiga uchradi. 24-iyul kuni soat 20:00 holatiga ko‘ra, sayt manzili orqali bosh sahifaga tashrif buyurilganda faqat “Konkursga o‘tish” yozuvi va unga biriktirilgan havola faol ko‘rsatilgan. Havola orqali keyingi sahifaga o‘tilganda “Axborot xavfsizligi qani, akalar? Bizning nomzodni o‘tkazmagan, voy meni akaxonlarim! yaxshiginabola@gmail.com”, deya murojaat qoldirgan xaker.

Shuningdek, sayt manzili ma’lumotnomasida “hamma ma’lumot menda” degan xabar ham qoldirilgan. Ammo yozuv muallifi qanday ma’lumotlarni qo‘lga kiritganiga aniqlik kiritmagan. Katta agentlikda shunday kichik muammolar ham bo‘lib turadi.

Dayjestimizni qo‘shiq bilan boshladik. Shu qo‘shiqning oxiri bilan tugallaymiz: Birga kurashamiz! Birga yengamiz!



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (27-07-2020, 09:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 35) ( 0) ( 33) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют