» » Haftalik dayjest: Blogerlarga kiberhujum, Toshkentning bo‘linishi, stadiondagi imtihonlar, qachon ommaviy emlanamiz?

Haftalik dayjest: Blogerlarga kiberhujum, Toshkentning bo‘linishi, stadiondagi imtihonlar, qachon ommaviy emlanamiz?


Boshiga tashvish tushgan odam ko‘pincha kimdandir yordam kutadi. “Tashvishlanma, yoningda turibman”,  degan bir dalda unga kuch beradi. Boy tadbirkor Alisher Usmonov aprel oyida vaksina topilsa, o‘zim pulini to‘lab olib kelib beraman, degandi. Shavkat Mirziyoyev bu hafta vaksina xarid qilishni o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Demak, Alisher akaning himmatiga guvoh bo‘ladigan kunimiz yaqin.

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ommaviy emlash qachondan boshlanadi? Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, professor Laziz To‘ychiyev bunga quyidagicha javob berdi: “Rossiya Federatsiyasida vaksinatsiya kuzda boshlanishini eshitdik. Bu juda yaxshi. Lekin vaksina qayerda kashf qilingan bo‘lsa, avvalo o‘sha yerdagi aholiga qo‘llanadi. Uning samarasini biz 3-6 oyda bilishimiz mumkin. Shundan keyingina biz bu jarayonni o‘zimizda boshlashimiz kerak, deb o‘ylayman”.

Aytish kerakki, virus yuqtirishlar soni bir qadar kamaya boshladi. Oxirgi ikki kun ichida yuqtirganlar soni 700 ga borgani yo‘q. To‘g‘ri, bu rasmiy ma’lumot bo‘lib, uni qandaydir koeffitsiyentga ko‘paytirsa, real holat kelib chiqadi. Biroq shunda ham yuqtirish soni kamaygan bo‘lib chiqadi.

9-avgust soat 17:00 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 30 464 nafarga yetdi. Tuzalganlar 21 316 nafar, vafot etganlar 200 nafardir.

* * *

Xo‘sh, blogerlarimizning akkauntlari qanchalik himoyalangan? Buni aniqlashga yordam beruvchilar chiqdi, biroq ular kimligini haligacha bilolganimiz yo‘q.  Blogerlar o‘z akkauntlariga xakerlar hujum uyushtirgani haqida gapira boshladi; birinchilardan bo‘lib masalani Anora Sodiqova, Eldar Asanov kabi jurnalistlar ko‘tardi. Keyin birin-ketin ko‘plab blogerlar shunday hujumlar ularga qarshi amalga oshirilganini bildira boshladi. Ularning aytishicha, mobil kompaniyalar rasmiy raqamlaridan COVID-19 tanlovi o‘tkazilayotgani, unda g‘olib bo‘lganlar taqdirlanishi haqida aytishgan. “Koronavirus haqida juda oddiy savollar berib, meni g‘olib deb e’lon qilishdi. So‘ng ‘telefoningizga kod yubordik, shuni bizga aytib yuboring’, deyishdi. Qarasam – Telegram’dan kelgan kod. Ya’ni uzoqdan turib akkauntimga kirishga urinishyapti. Juda sodda, jo‘n yo‘lini tanlashibdi”, deb yozadi hujumga uchraganlardan biri.

Bu hujumga dastlab “Mobi.uz”, so‘ng boshqa tashkilotlar e’tibor qaratdi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi rahbari Komil Allamjonov O‘zbekistonda blogerlarning Telegram akkauntlarini buzib kirishga urinishni to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘z erkinligiga tahdid deb baholadi. “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi holatga e’tibor qaratib, Telegram foydalanuvchilaridan axborot xavfsizligi bo‘yicha tavsiyalarga rioya qilishni, telefon orqali begona raqamdan qo‘ng‘iroqlar bo‘lib, shubhali viktorinalar o‘tkazilish holatlari kuzatilganida messenjer orqali maxfiy kod yuborilib, uni aytish so‘ralganida begona shaxslarga ma’lumotni oshkor etmaslikni, firibgarlik sxemalaridan ogoh bo‘lishni so‘radi.

* * *

Toshkent shahri va viloyatining hududlari o‘zgaradi. Sergeli, Chilonzor va Uchtepa tumanlarining bir qismi, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Ulug‘bek posyolkasi Toshkent viloyati hududiga qo‘shiladi. Xususan, Sergeli tumanining Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘yidagi 37 gektari, sanoat zonalari joylashgan hududlar poytaxtdan tashqarida joylashgan. Ushbu hududlarni Toshkent viloyatiga qo‘shish rejalashtirilmoqda. Chilonzor va Sergeli tumanlarining umumiy 135 gektari Toshkent viloyatiga o‘tadi. Bundan tashqari, Uchtepa tumanining Toshkent halqa avtomobil yo‘lining chap qismida joylashgan 453 gektari Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga beriladi. Bu ishlardan maqsad poytaxt va viloyat o‘rtasidagi aniq chegarani belgilab olishdir. Chunki bu yerlarda anklavlar soni 19 taga yetgan.

Toshkent shahrida Yangi hayot tumani tashkil etilib, unga Sergeli, Bektemir, Zangiota, Yangiyo‘l, Quyi Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanidan yer beriladi.

5-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va Toshkent viloyatining o‘zaro chegaradosh bo‘lgan tumanlari hududlarini o‘zgartirish bo‘yicha tayyorlangan loyihalar taqdimoti bilan tanishgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, aholiga qulaylik yaratish maqsadida shahardan Toshkent viloyatiga 1 010 gektar, viloyatdan poytaxtga 10 196 gektar yer maydoni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ammo kim ham poytaxtdan viloyat hududiga qo‘shilishga rozi bo‘ladi, deysiz. Toshkentning Uchtepa tumanidagi “Ko‘ksaroy”, “O‘rikzor” va “Zarafshon” mahallalari aholisi 6-avgust kuni to‘planib, o‘z mahallalarining Toshkent viloyati Zangiota tumani hududiga o‘tkazilishiga noroziligini bildirdi.

* * *

Qamchiq dovonida yangi tunnel qurilishi haqidagi xabar mamlakat aholisining qariyb uchdan birini tashkil qiluvchi vodiyliklarni xursand qilishi shubhasiz. Qurilish bo‘yicha tender e’lon qilinadi.

Aytish lozimki, Qamchiq dovoni orqali Toshkentdan Andijonga borish uchun tirbandliklar sababli 5-6 soat vaqt sarflanadi, 22 ming avtomobil o‘tadi. Bu ko‘rsatkich kelgusi 5 yilda 40 mingga yetadi. Toshkent—Andijon pullik avtomobil yo‘li ishga tushgan taqdirda masofani bosib o‘tish uch soatgacha qisqaradi, transport harakati esa 70 foizgacha oshadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati yozdi.

* * *

Avvalroq deputat Rasul Kusherboyev va UzAutoMotors o‘rtasida boshlangan tortishuv bu hafta avjiga chiqdi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan UzAutoMotors AJda avtomobillar tannarxi shakllanishi va narx qo‘llanilishi borasida o‘tkazilgan tekshiruv natijasida qonun buzilishi alomatlari aniqlandi. UzAutoMotors avtomobillar narxlarini shakllantirishda ayrim xarajatlarni oshirib kiritgani ayon bo‘ldi. Ammo kompaniya buni tan olmadi va deputatni populistik fikrlashda aybladi.

Keling, bu haqda “Troll.uz” nima yozganini o‘qib ko‘raylik:

Sohaning ichida yurgan bir odam qiziq versiyani aytdi. Bu shunchaki mish-mish bo‘lishi mumkin:

“Ularning savdosi tushib ketgan. Aksiya qilsa ham, avtokredit qilsa ham foyda bermadi. Bitta variant qoldi – narx tushirish. Lekin kompaniya tarixida hech qachon narxlar tushmagan. Narxini o‘zi tushirsa, imijga zarar va odamlar gap nimadaligini tushunib, baribir mashina olmaydi. Shunga ular qo‘mita bilan kelishgan. Ish ochishadi. Keyin narx tushadi. Qarabsizki, hamma xursand”.

Bular qalbimizga xitirlik yo‘llari bilan kirmoqchimi?!

* * *

Bu yilgi qabul imtihonlari har yilgidan o‘zgacha bo‘ladi. Testlar 2-sentabrdan boshlab stadionlarda o‘tkaziladi. Buning uchun 155 ta stadiondan 40 tasi jalb etiladi. Imtihonlar kuniga ikki marta, kunning salqin paytlari tashkil etiladi. Test imtihonlarini taxminan 12—14 kunda yakunlash ko‘zda tutilayapti. Abituriyent ikki soat ichida ikkita fandan jami 60 ta savolga javob beradi. Test imtihonlarini o‘tkazish sanasi Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Davlat sanitariya xizmati xulosalari asosida belgilanadi. Birinchi kurslar o‘qishni 1 oktyabrdan boshlaydi. O‘qish onlayn shaklda boshlanishi mumkin.

Darvoqe, bu yil to‘lov-shartnoma narxlari o‘zgarmaydi.

* * *

Pandemiya davrida xalqni qo‘llab-quvvatlash uchun pul tarqatilgani ko‘p yaxshi ish bo‘ldi, biroq kalamushlar har yerda bor, bizda bori qayda bor, deganlaridek, bu tadbir ham xalq mablag‘ini o‘marishlarsiz o‘tmadi. Viloyatlarda millionlab mablag‘lar o‘z joyiga yetib bormagani oshkor bo‘lib qoldi. Senat raisi Tanzila Norbayeva Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan viloyatlaridagi Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutasaddilari tomonidan Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasining 1 milliard 750 million so‘mdan ziyod mablag‘i talon-taroj qilinganini ma’lum qildi. Mahallalardagi ko‘makka muhtoj xonadonlar qayd etiladigan “temir daftar”ni yuritish tizimi hanuz eskichaligicha qolgan. Tanzila Norboyeva tanqidida buni ham e’tibordan soqit qilmadi. Tizimga shaffoflik zaruriyati alohida aytildi.

Ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov, vazir o‘rinbosarlari Azizbek Ikromov va Botir Parpiyevga hayfsan e’lon qilindi.

Eng so‘nggi yangiliklarni “Daryo”da o‘qing. Karantin qoidalariga rioya qiling.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (9-08-2020, 23:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 100) ( 0) ( 98) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют