» » “Mahallamizdagi 350 dan ziyod oila birlashib, yuzlab xonadonni ‘temir daftar’dan chiqarmoqchimiz” – norinlik limon yetishtiruvchi tadbirkor bilan suhbat

“Mahallamizdagi 350 dan ziyod oila birlashib, yuzlab xonadonni ‘temir daftar’dan chiqarmoqchimiz” – norinlik limon yetishtiruvchi tadbirkor bilan suhbat


Namangan viloyatida dehqonchilikning hadisini olib, yer bilan tillashadigan mirishkorlar talaygina. Ayniqsa, To‘raqo‘rg‘on, Namangan, Uychi va Norin tumanlaridagi xonadonlarning qay biriga kirmang, yilning to‘rt faslida ham baravj o‘sayotgan ekinlarga ko‘zingiz tushadi. “Daryo” muxbiri viloyatga qilgan safari davomida tomorqasidan million-million daromad olayotgan xonadonlarning birida bo‘ldi.

Norin tumanining “Boyovul” mahallasidagi Mahmudovlar oilasini viloyatda ko‘pchilik yaxshi taniydi. Rahmatli Valijon ota Mahmudov 20 yil avval tumanda birinchilardan bo‘lib limon yetishtirishga qo‘l urgan. U oila a’zolari bilan limon parvarishlash va ko‘paytirish sirlarini puxta o‘zlashtirib, tomorqasida ko‘rkam bog‘ barpo etgan. Bugungi kunda otaxonning faoliyatini o‘g‘li Jasurbek Mahmudov davom ettirmoqda.

“Biz limonchilikni 2000-yilda boshlaganmiz. Dastlab bir bosh qoramolni sotib, uning puliga 45 tup limon ko‘chati xarid qilganmiz va 3 sotix yerga ekkanmiz. O‘shanda 20 yashar o‘smir edim. Otam qiziqishi tufayli hovlining chetida tashkil etgan ‘Botanika bog‘i’ o‘tgan davr ichida yanada kengaydi. Hozirda 50 sotix maydonda limondan tashqari, apelsin, mandarin kabi bir qancha sitrus mevalarning turli navlarini ko‘paytirib parvarishlayapmiz.

Dadam joriy yilning may oyida 72 yoshida vafot etdi. Ularning ishi to‘xtab qolmasligi uchun onam boshchiligida limonchilikni yanada rivojlantirish harakatidamiz”, — dedi Jasurbek Mahmudov.

Mirishkorning ta’kidlashicha, Valijon otaning tajribasini ko‘rgan mahalla-ko‘ydagilar ham limon ekishga astoydil qiziqib, mazkur mevani parvarishlar sirlarini o‘rgangan.

“Limon yetishtirish u darajada qiyin ish emas. Suv va o‘g‘itlarni vaqtida berib, qarab tursangiz kifoya. Uch yilgacha kam hosil beradi, undan keyin daromad cho‘g‘i mo‘l bo‘ladi. Oilamiz misolida aytadigan bo‘lsam, har yili mavsumda o‘rtacha 200-250 million so‘m foyda topamiz.

Limonchilik orqasidan kam bo‘lmadik, shukr. Ota-onam biz farzandlarini uyli-joyli qildi, o‘zlari Haj ziyoratiga borishdi, zamonaviy avtomashinalar oldik. Farovon hayotimizga havas qilgan qo‘ni-qo‘shnilar ham 2009-yildan limon ekishga bel bog‘lashdi. Boshida ularga maslahatlar berib, ko‘maklashdik. Hozirda mahallamizdagi 85 foiz xonadon o‘z tomorqasida limon parvarishlaydi. Ko‘pchilik ko‘chat yetishtirib, sotish bilan shug‘ullanadi. Barchasi tadbirkorlik ortidan boyib, hayotini yaxshilamoqda. ‘Boyovul’da kambag‘allar juda ham oz”, — dedi tadbirkor.

Mahmudovlar xonadonida yetishtirilayotgan limon ko‘chatlari O‘zbekistonning o‘nlab viloyatlarigacha yetib bormoqda. Jasurbek Mahmudov bu haqda so‘z yuritarkan, xususan, shunday dedi: “Otam 2004-yili ‘gibrid’ va ‘mir’ navlarini ulab, yangi serhosil va zax yerlarga chidamli nav hosil qildi. Ushbu navni Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent va qo‘shni viloyatlardagi yuzlab xonadonlarga ham olib borib, ekamiz va agrotexnik maslahatlar berib kelamiz. Tushunmaganlarini telefon orqali so‘rashadi.

Bu nav juda talabgor bo‘lib, katta daromad keltiradi. Noyabr oyida pishib, yetiladi va iyun, iyul oyigacha saqlash mumkin. 12-13 yil deganda bir tupi 170-200 kilogramm meva beradi. Avgust oyidan ko‘k rangga kirganini uzib, sotish boshlanadi. Hozirda bir kilogramm limon narxi 20 ming so‘m”.

Suyagi mehnatda qotgan suhbatdoshimiz dadasidan o‘rganganlari va yillar davomida to‘plagan tajribasini ishsiz, tadbirkorlikka ishtiyoqi baland yoshlarga o‘rgatish maqsadida bir qancha loyihalarga qo‘l urgan.

“‘Turonbank’ tomonidan mahallamizda o‘quv amaliyot markazi ochilish arafasida. U yerda ‘temir daftar’ga tushgan oilalarning bandligi ta’minlanmagan farzandlari bepul o‘qitiladi. Ularga bir necha oy davomida limonchilik bo‘yicha bilganlarimni o‘rgatib, daromad topish yo‘llarini ko‘rsatmoqchiman. Bundan tashqari, yigit-qizlarga eng kam ish haqining bir baravari miqdorida stipendiya berish ham ko‘zda tutilgan.

Markaz oldida 3 sotix yer ham ajratildi. 1,5 sotixda ko‘chat, qolgan qismida esa meva chiqarish bo‘yicha o‘quvchilarga amaliy mashg‘ulotlar o‘tiladi. Ma’lum bilimga ega bo‘lganlarga bir sotixdan yer berilib, mustaqil faoliyat yuritishiga imkoniyat yaratiladi. Shu yo‘l orqali tumanimizdagi ‘temir daftar’ga tushgan oilalarni kambag‘allikdan qutqarishga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.

Tuman hokimligi tomonidan tadbirkorligimni kengaytirishim uchun ikki gektar yer berildi. Bir gektarda ko‘chat chiqarsam, yana bir gektaridan hosil olaman.  Shuningdek, hovlimizdagi 80-90 quti asalari sonini ham oshirmoqchiman. Asalarichilik ham odamni boy qiladi, yetti xazinaning biri”, deydi mirishkor dehqon.

“Boyovul” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shohistaxon Rustamovaning aytishicha, MFYda 535 ta xonadon bor. Shundan 375 tasi o‘z tomorqasiga limon ekib, ko‘chat va meva chiqarish orqali daromad topadi.

“Hududimizdagi aksariyat oilalar tomorqadan unumli foydalanib, oilasi farovonligi, bozorlarimiz to‘kinligiga munosib hissa qo‘shmoqda. Limonchilar mahallasi, deya tanilgan ‘Boyovul’da limon ekib, parvarishlash bo‘yicha o‘ziga xos tajriba to‘plangan. Aholimiz qishin-yozin mehnatda. Mahallamizda tomorqa madaniyati yildan yilga yuksalib, oilalar daromadi oshmoqda.

Kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, imkoniyati cheklangan a’zolari bor 16 ta oila ‘temir daftar’ga kiritilgan. Ulardagi 62 nafar fuqaroning ham hayotini farovon qilish borasida ishlar olib boryapmiz. 12 nafarining bandligi ta’minlandi. Uchta oilaga besh boshdan qo‘y, bitta xonadonga qoramol berildi. Bitta oila tomorqasiga issiqxona qurildi.  Yil yakunigacha ularning hammasini ‘temir daftar’dan chiqaramiz”, dedi Shohistaxon Rustamova.

Mirolim ISAJONOV



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-08-2020, 21:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 115) ( 0) ( 113) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют