» » Rossiyaga O‘rta Osiyo eshiklarini ochgan jang. 10-avgust – Oqmachit qal’asi ruslar tomonidan egallangan kun

Rossiyaga O‘rta Osiyo eshiklarini ochgan jang. 10-avgust – Oqmachit qal’asi ruslar tomonidan egallangan kun


1853-yil 10-avgust kuni deyarli bir oy davom etgan qamaldan so‘ng Qo‘qon xonligiga tegishli bo‘lgan Oqmachit qal’asi ruslar tomonidan egallandi. “Daryo” bugungi maqolada Rossiya uchun O‘rta Osiyoga yo‘l ochgan jang haqida hikoya qiladi.

Ruslarning O‘rta Osiyo davlatlariga qilgan oldingi ikki yurishi, 1717-yildagi Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasi va 1839-yilgi Perovskiy ekspeditsiyasi muvaffaqiyatsiz tugagan edi. Ushbu ikkala yurish ham Xivaga amalga oshirildi. Birinchi yurish Xiva xoni Sherg‘ozixon tomonidan qirib tashlangan bo‘lsa, ikkinchisi yo‘ldagi qiyinchiliklar, sovuq va Xiva qo‘shinlarining kutilmagan hujumlari oqibatida muvaffaqiyatsiz tugagan edi.

Oldingi ikki muvaffaqiyatsizlikdan yetarli xulosa chiqargan Rossiya imperiyasi bu safar boshqacha strategiya bilan harakat qildi. Dastlab qozoq dashtlarida yashovchi ko‘chmanchi qozoqlar Rossiya imperiyasi tarkibiga qo‘shib olindi va bu bilan qo‘shinning orqa tomoni xavfsizligi ta’minlandi. 1847-yilda Raim qal’asi ruslar tomonidan qurildi va u ruslarga muhim strategik ahamiyat kasb etdi. 1852-yilning may oyida barcha tayyorgarliklar ko‘rib qo‘yildi.

Qozoq dashtining janubida istiqomat qilayotgan qozoqlar yerlari XIX asr boshlarida Qo‘qon xonligi tarkibiga qo‘shib olindi. Qo‘qon xoni Umarxon shimoliy chegaralar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Sirdaryo bo‘ylab bir qator mudofaa istehkomlari qurdirdi. Oqmachit, Avliyo ota, Merki, Turkiston, Suzoq, Chaldovar, Shishtepa (Qorabolat), To‘qmoq, Pishpek (Bishkek) kabi istehkomlar o‘sha davrda paydo bo‘lgan edi (Feoktistova E.A. Osobennosti arxitekturno-planirovochnogo formirovaniya krepostey Yujnogo Kazaxstana v XIX veke. Mir nauki, kulturi, obrazovaniya 2010 № 03 (25).

Oqmachit qal’asi ruslarning Qo‘qon xonligi yo‘lidagi ilk qarshilagan istehkom edi. U 1817-yilda qurilgan bo‘lib, Orenburg yo‘lida joylashgan edi. Markaziy Osiyo shaharlari singari Oqmachit ham ikki qismdan iborat edi: tashqi qism va ichki qism. Ichki qism devor bilan o‘ralgan qal’a bo‘lib, uni suv to‘ldirilgan xandaq bilan o‘ralgan edi. Qal’a devorining balandligi to‘qqiz metr bo‘lib, burchaklarida va devor o‘rtasida minoralari bor edi.

Devorlarning har birining uzunligi 100 metrni tashkil qilardi. Sirdaryo esa qal’aga qo‘shimcha himoya vazifasini o‘tardi. Turkiston yurishida ishtirok etgan A.N.Kuropatkin o‘z xotiralarida aytganidek, “o‘sha davrlardagi artilleriya qalin devorlarga uncha katta zarar berolmagan”. Qal’a ichida uchta quduq, ikkita masjid, madrasa va 50 ta xonadon bo‘lgan. Shahar mudofaasi uchun uchta bo‘linma va 300 askar jalb etilgan.

1851-yilda Orenburg gubernatori V.A.Obruchev Xivaga yangi yurishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Qo‘qon xonligiga qarashli Oqmachit qal’asini egallash muhim ekanini bildirib imperatorga noma yo‘lladi (Mixaylov A.A. Perviy brosok na yug / A.A.Mixaylov. — M.: OOO “Izdatelstvo ACT”; SPb.: “Severo-Zapad Press”, 2003. — 429). Bu bilan Xivaga boradigan yo‘l ochilishi va mazkur hududlarda Qo‘qon hukmronligiga chek qo‘yish maqsad qilingan edi.

O‘sha yili Obruchev lavozimidan ozod etildi va uning o‘rniga yana V.L.Perovskiy Orenburg gubernatori etib tayinlandi va u ham Oqmachitni egallash fikrini qo‘llab-quvvatladi. Imperatorga yuborgan xatida Perovskiy Sirdaryo bo‘yidagi Xorazm va Qo‘qonga tegishli barcha qal’alarni buzib tashlash haqidagi fikrida qat’iy ekanini bildirdi.

1852-yilda Qo‘qonda yuz bergan ichki siyosiy inqiroz, ya’ni qipchoqlar qirg‘ini uning tashqi siyosatida ham o‘z ta’sirini ko‘rsatib mamlakatni ancha zaiflashtirdi. Bungacha ruslar Oqmachitga 1852-yilning bahorida birinchi marta hujum qilib, muvaffaqiyatsizlikka uchrab ortga qaytgan edi. Navbatdagi hujum 1853-yilning yoziga to‘g‘ri keldi. Orenburg gubernatori Perovskiy o‘z artilleriyalari yordamida o‘zbeklarni qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Shundan keyin qal’aga taslim bo‘lish haqida noma yubordi. O‘z xatida u shunday degan edi:

“Siz uni egallab turgan bo‘lishingizga qaramay, Oqmachit allaqachon mening hukmdorligim ostidadir. Biz bu yerga bir hafta yoki bir yil uchun kelmadik, balki umrbod yashashga keldik. Hayotingiz siz uchun qadrli bo‘lsa, taslim bo‘ling. Foydasiz jangda halok bo‘lishni istasangiz, bu sizning xohishingiz. Shuni bilingki, men sizlarga ochiq jang taklif qilmayapman, ammo qal’a eshiklarini ochmaguningizcha sizlarga o‘qlar yomg‘irini yog‘diraman”.

Perovskiyning ochiqchasiga tahdid va o‘ziga ishonch bilan aytgan bu gaplari har qanday dushmanni qo‘rqitishi, hech bo‘lmaganda, qandaydir tashvish uyg‘otishi mumkin edi. Ammo qal’adagilar uning bu tahdidlariga javoban dushmanga qarshi o‘z ozodliklarini saqlab qolish uchun oxirgi qurol va o‘qlari qolguncha jang qilishlarini bildirdi. Shunday qilib Oqmachit o‘qqa tutildi.

Eski hisob bo‘yicha 1853-yilning 3-iyul kuni 18 kunlik yo‘ldan keyin ruslar qal’a devorlariga yaqinlashdi. Oxirgi eshelonlar ikki kundan so‘ng yetib keldi. Tayyorgarliklar tugashi bilan ikki o‘rtada otishmalar boshlandi. Qal’adagilar qo‘lda tayyorlangan granatalarni dushman tomonga uloqtirdi. Rus otryadlari esa 40 ta raketa va 160 ta snaryadlar bilan hujum qildi. Ammo qal’aning sakkiz metr qalinlikdagi devorlari uchun ushbu artilleriya hujumlari katta xavf tug‘dirmadi va samarasiz bo‘lib chiqdi. Qal’a mudofaachilari esa miltiqlardan dushmanga qarata aniq o‘q uzdi.

11-iyulga kelib sharqiy minora artilleriya yordamida qulatildi. Barcha 12 ta bo‘linma ushbu hududga kelib o‘rnashdi. Ammo ushbu muvaffaqiyatdan unumli foydalana olishmadi. Zudlik bilan hujum qilmaganliklari oqibatida qo‘qonliklar buzilgan yoriqni 13-iyul kechasi qaytadan yopib qo‘ydi.

Uzoq tanaffusdan keyin eski hisob bo‘yicha 28-iyulga, yangi hisob bo‘yicha 10-avgustga o‘tar kechasi yakuniy hujum boshlandi. Bunda sapyorlar jamoasi katta rol o‘ynadi. Qal’a devorining buzilgan qismi ostiga minalar joylashtirildi va devor qulatildi. Devorning buzilgan joyiga qarata artilleriyadan hujumlar uyushtirildi. Ammo hujum mudofaachilar tomonidan mardonavor qaytarildi.

Ikki marta ruslar hujumi qaytarildi. Uchinchi hujumdan keyin ruslar qal’a devorini egalladi va shu yerdan qal’a ichiga qarata o‘q yog‘dirdi (Grebner A.V. “Osadi i shturmi sredne-aziyatskix krepostey i naselennix punktov”. Ocherk A.Grebnera. (Otdelniy ottisk iz Injen. jurn. № 1 i 2 1897 g.). SPb., Tipografiya i Litografiya V.A.Tixanova, Sadovaya, № 27, 1897. — 78 s., 3 l. Chert).

Tonggi 4:30 da qal’a egallandi va qal’a qo‘mondoni Muhammad Vali jang paytida shahid etildi.

Oqmachit muhim strategik ahamiyatga ega qal’a edi. Shu sababli Qo‘qon xoni undan osonlikcha voz kecha olmas edi. Shu maqsadda 1853-yilning avgustidayoq uni ruslardan qaytarib olish maqsadida Toshkentning beklarbegi Shodmonxo‘ja yetti ming kishilik qo‘shini bilan Oqmachitga qarab yurdi. 24-avgust kuni Sirdaryo bo‘yida ikki o‘rtada jang bo‘lib o‘tdi va ruslarning tinimsiz o‘q yomg‘iri ostida Shodmonxo‘ja chekinishga majbur bo‘ldi. Shunday qilib Oqmachitni qaytarib olishdagi ilk harakat muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

1853-yilning dekabr oyida qo‘qonliklar ikkinchi marta Oqmachitni qaytarib olishga urinib ko‘rdi. 13 ming kishilik qo‘shin qal’adagi ruslarning kam sonli ekanidan foydalanib uni qamal qildi. Ammo bu safar ham ular qal’ani qo‘lga ololmadi. Qal’a qo‘mondoni podpolkovnik M.V.Ogarev ushbu muvaffaqiyati uchun 4-darajadagi Avliyo Georgiy ordeni (Georgiy lentasi) bilan taqdirlandi.

Oqmachit qal’asining egallanishi Qo‘qon uchun katta yo‘qotish edi. Shuningdek, Oqmachit O‘rta Osiyo ichidagi dastlabki ruslar tomonidan egallangan yirik shahar edi. Oqmachit ruslar tomonidan egallangach, uning nomi qal’ani egallagan Perovskiy nomi bilan Perovskiy qal’asi deb o‘zgartirildi.

Oqmachit Rossiyaning yangi janubiy chegaralarini belgilab bergan muhim nuqta bo‘ldi. U keyingi yurishlar uchun O‘rta Osiyo eshiklarini ruslarga ochib berdi. 1853-yilgi Qrim urushi ruslarning Markaziy Osiyoni egallash maqsadini kechroqqa qoldirishga majbur qilib turdi. 1864-yildan qayta boshlangan Turkiston yurishi 1867-yilda Turkiston general-gubernatorligining tuzilishi bilan yangi fazaga kirdi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-08-2020, 08:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 82) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют