» » Brejnevning o‘rniga o‘q yegan kosmonavt. 11-avgust – tarixdagi uchinchi fazogir Andrian Nikolayev parvoz qilgan kun

Brejnevning o‘rniga o‘q yegan kosmonavt. 11-avgust – tarixdagi uchinchi fazogir Andrian Nikolayev parvoz qilgan kun


Tarixan birinchi kosmik kema ichida vaznsizlik holatida muallaq parvoz qilish imkoniyati 1962-yilning 11-avgustida Vostok-3 kosmik kemasida fazoga parvoz qilgan uchinchi kosmonavt Nikolayevga berilgan edi. “Daryo” sana munosabati bilan Andrian Nikolayevning hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi.

60-yillar kosmosni zabt etish erasini boshlab bergan edi. Biz avvalroq “Daryo”da Yuriy Gagarin hamda Valentina Tereshkovaning parvozlari haqida hikoya qilgan edik. Gagarin eng birinchi kosmonavt bo‘lsa, Tereshkova birinchi ayol kosmonavt bo‘lgan edi. Gagarindan keyin German Titov ham koinotga parvoz qilgan va ikkinchi kosmonavt sifatida tarixga kirgan. Biroq bularning barchasi uchinchi kosmonavt – Andrian Nikolayevga havas qilgan bo‘lsa kerak. Nega deysizmi?

Andrian Grigoryevich Nikolayev 1929-yilda Chuvashistonda tug‘ilgan va chuvash tilida gapirgan. Avvaliga uning familiyasi Grigoryev bo‘lgan. O‘sha zamonda familiyani chuvashlar o‘z otasining ismidan olib qo‘ya qolardi. Keyinchalik bobosining ismini o‘ziga familiya qilib olgan Nikolayev o‘rmonchilik texnikumida ta’lim olgan. Bo‘lajak kosmonavtning otasi kolxozda otboqar, onasi esa sut sog‘uvchi bo‘lgan. O‘rmonchilik texnikumidan keyin harbiy uchuvchilarni tayyorlovchi bilim yurtiga o‘qishga kirib, keyinchalik harbiy havo kuchlari muhandislari akademiyasini ham tamomlagan. Jismonan chiniqqan, baquvvat yigit bo‘lgan Andrian Nikolayevni o‘sha Yuriy Gagarin hamda German Titovlar bilan birga 1960-yildagi eng birinchi kosmonavtlar otryadiga qabul qilingan.

Xo‘sh, Gagarin ham, Titov ham, Tereshkova ham Nikolayevga nima uchun havas qilgan deysiz? Gap shundaki, Gagarin va Titov kosmosga parvoz qilganida o‘zi o‘tirgan o‘rindiqqa mahkamlab qo‘yilgan holda uchgan. Ya’ni ular o‘rnidan qimirlay olmagan va parvozning to‘liq taassurotini, ayniqsa, kosmik kema ichida vaznsizlik holatida muallaq parvoz qilish holatini o‘zida tuya olmagan.

Tarixan birinchi bunday imkoniyat 1962-yilning 11-avgustida Vostok-3 kosmik kemasida fazoga parvoz qilgan uchinchi kosmonavt Nikolayevga berilgan edi va uning kemasi orbitaga chiqishi bilan u o‘rindiqdan o‘zini-o‘zi yechib, rul boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan. Uning birinchi qilgan ishi bortdan uzilgan eltuvchi raketani fotosuratga tushirish bo‘lgan va keyin u yana tarixiy eksperiment – orbitada dushman sun’iy yo‘ldoshlarini tutish borasidagi harbiy sinov-tajriba mashqlarini bajargan (u bilan birga orbitada yana bir kosmik kema – Pavel Popovich boshqaruvidagi Vostok-4 ham o‘sha paytda tajribada qatnashgan).

Nikolayev rul boshqaruvi orqali shartli ravishda “raqib” sun’iy yo‘ldoshiga besh kilometrgacha yaqinlashishga muvaffaq bo‘lgan. Jami to‘rt kun davomida orbitada bo‘lgan Nikolayev 64 bora sayyoramiz atrofini aylanib chiqib, 15-avgust sanasida eson-omon yerga qaytib qo‘ngan. U ham ko‘pchilik boshqa kosmonavtlar singari Qozog‘iston hududiga kelib qo‘ngan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, u Qarag‘anda yaqiniga parashyut orqali ohista tushib kelgan bo‘lib, uni kutib olib, zaruriyat bo‘lsa tibbiy yordam ko‘rsatishi kerak bo‘lgan vrach ham bu joyga parashyutda sakrab yetib kelmoqchi bo‘lgan. Lekin taqdir hazilini qarangki, vrachning o‘zi sakrash paytida qaltis harakat qilib qo‘ygani bois uning o‘ziga tibbiy yordam zarur bo‘lib qolgan va Yerga qaytgan kosmonavt Nikolayevning birinchi qilgan ishi o‘sha vrachga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan.

Nikolayev keyinchalik, aniqrog‘i, 1970-yilda yana bir bora fazoga parvoz qildi. U o‘shanda Soyuz-9 kosmik kemasida yana bir fazogir – Sevastyanov bilan birga orbitada naq 18 sutka parvozda bo‘lgan. Yer atrofini jami 286 marta aylanib chiqqan o‘sha kosmik parvozda koinotda uzoq muddat bo‘lish borasidagi mutlaq rekord ham o‘rnatilgan edi. Chunki bundan avvalgi eng uzoq parvoz atigi besh sutka bo‘lardi xolos.

Biroq rekord – rekord bilan, lekin aynan shu ikkinchi parvoz kosmonavtika uchun juda ko‘p narsalarni ochib bergan. Xususan, 18 kun mobaynida vaznsizlik holatida bo‘lgan kosmonavtning yuragi hajman 12 foizga qisqargani, suyaklarda kalsiy va kaliy moddalari yo‘q darajada kamayib ketgani ma’lum bo‘lgan. Ular oyoqda o‘zi mustaqil tura olmaydigan bo‘lib qolgan. Demak, buncha uzoq muddat orbitada bo‘lishning salomatlik uchun xatarli ekani oydinlashgan va keyingi kosmik parvozlarda fazogirlarning aynan orbitaning o‘zida jismoniy mashqlarni muntazam bajarishi kerakligi ma’lum bo‘lgan.

Aks holda, Yerga qaytgach, ular ham xuddi Nikolayev singari o‘zi tura olmaydigan bo‘lib qolishi mumkin ekan. Kosmonavtikada hozir ham bu holat, ya’ni uzoq muddat mobaynida vaznsizlikda bo‘lish tufayli tana fiziologiyasining o‘zgarishini “Nikolayev effekti” deyiladi. Unga ko‘ra, agar koinotdagi parvoz vaqtida fazogirlar muayyan jismoniy mashqlarni bajarib turmasa, qon aylanishi buzilishi va yurak aritmiyasi yuzaga kelishi ilmiy dalillangan.

Nikolayevning taqdiri yana shunisi bilan qiziqki, uning xotini ham kosmonavt bo‘lgan. Bu o‘sha – birinchi kosmonavt ayol Valentina Tereshkova bo‘lib, 1963–1982-yillar davomida ular nikohda bo‘lgan.

Kosmonavtlik faoliyati yakunlangach, keyinchalik Nikolayev Yuriy Gagarin nomidagi fazogirlarni tayyorlash markazi boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lib ishladi. RSFSR parlamentning bir necha mandatlarida deputat ham bo‘ldi. 1969-yilda Brejnevga qilingan suiqasd paytida jinoyatchi adashib aynan Nikolayevni o‘qqa tutgan edi. O‘shanda uchinchi kosmonavt bo‘ksasidan o‘q yedi va bir muddat davolanishga majbur bo‘ldi.

Shunga qaramay u tez oyoqqa turib, yuqorida ham aytib o‘tilgandek, 1970-yilda ikkinchi bor parvoz ham qildi. Andrian Nikolayev uchinchi bora ham kosmosga uchishni reja qildi va tayyorlanayotgan sovet-amerika qo‘shma parvozlari loyihasiga qabul qilinishini kutgan. Lekin bu paytda allaqachon yoshi ulg‘ayib qolgan kosmonavtga rad javobi berildi va kosmik dasturda yoshlarga ko‘proq imkoniyat berishga qaror qilindi.

Andrian Nikolayev ikki bora Sovet Ittifoqi qahramoni, “Oltin yulduz” medali va yana juda ko‘p orden va medallarga sazovor bo‘lgan. O‘sha zamon taomiliga ko‘ra, Nikolayevga parvozdan keyin darhol yana boshqa sotsialistik mamlakatlarning ham faxriy unvon va medallari berila boshlagan. Jumladan, Bolgariya, Mongoliya, Vyetnam, Vengriya va Chexoslovakiyadan mukofotlar topshirilgan bo‘lsa, shuningdek, Misr, Indoneziya va Nepal davlatlari ham Nikolayevni taqdirlagani qiziq.

  Muzaffar Qosimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-08-2020, 16:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 90) ( 0) ( 88) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют