» » “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis PFL tashkilotchiligini keskin tanqid qildi. PFL rahbari esa unga ikki bor javob qaytardi

“Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis PFL tashkilotchiligini keskin tanqid qildi. PFL rahbari esa unga ikki bor javob qaytardi


Namanganning “Navbahor” klubi bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis Superliga 10-turidan o‘rin olgan “Surxon”ga qarshi o‘yindan so‘ng markazlashgan chempionat, maydon sifati va tashkilotchilik masalalarini keskin tanqid qildi.

Kanchelskis so‘zlarini “Championat.asia” quyidagicha keltiradi:

Rostini aytganda tashkilotchilarni umuman tushunmadim. Markazlashtirilgan holda o‘tkazish haqida videokonferensiyada barchamiz o‘yinlarni 18:00 dan keyin o‘tkazishga kelishib olgandik. Negadir biz 17:00 da o‘ynadik. Nima uchun kimgadir mumkin, kimgadir mumkin emas. Menga ayting-chi, “Paxtakor” 17:00 da o‘ynayaptimi? Agar bugun xudo ko‘rsatmasin futbolchilardan birini boshini oftob urganda va o‘zidan ketib qolganda nima bo‘lardi? Futbolchining ota-onasining ko‘ziga qanday qarardingiz? Qozonning “Rubin” klubida Pyotr Bistrov bilan shunday bo‘lgandi...

Soat 17:00 da o‘ynadik, ustimizdan kulyapsizmi? Kelinglar, unda 15:00 da o‘ynaylik. Bu futbol emas-ku! Yana maydonning holatini qarang. Bugun Superligada bitta o‘yin va biz eng yomon maydonda o‘ynadik. Nima uchun u holda markazlashgan holda o‘ynayapmiz? Kimga kerak bunday markazlashgan chempionat? Markazlashgan tarzda o‘tkazilayotgan ekan unda sharoit yaratib beringlar. Yoki suv yo‘q, yoki boshqa narsa yo‘q. Futbolchilarni ustidan kulish yaxshi emas.

Futbolchilarning sog‘ligi haqida gapiryapmiz, lekin 40 daraja issiqda futbol o‘ynatyapsizlar. Bunday futbol kimga kerak? Futbolchi xudo saqlasin yerga yiqilib tushsa nima qilamiz, kim javob beradi?

Kelinglar, maydonlarni yaxshilaylik deyapmiz, ammo amalda hech nima qilinmayapti. “Paxtakor” hech qachon 17:00 da o‘ynamayapti. Ular futbolchilari holati haqida qayg‘uradi? Men ham qayg‘uraman.

Bugun futbolchilar maydonda yugurish emas, yurishga qiynalishdi. Futbol jozibasi haqida nimadir deyishga hayronman. Bu “koshmar”, bu aqlga sig‘maydi. Biz markazlashtirilgan musobaqa o‘tkazish uchun kelib qancha pul sarfladik. Yashash, ovqatlanish va boshqalar. Yana hech qanday sharoit yo‘q. Qanday futbol o‘ynash mumkin?

Birinchi golni toza urgandik, agar uni hisobga olishganida o‘yin boshqacha bo‘lardi. Yigitlarga mana shunday issiqda o‘ynashgani uchun rahmat aytaman. Gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin taslim bo‘lishmadi va hisobni tenglashtirdik. Barchaga sog‘liq tilayman, ammo bunday tashkilotchilikni umuman kutmagandim.

Belenkov borasidagi savollar menga emas.

Men bunday maydonda 90-yillarda o‘ynardim. Hozir esa 21-asr! Bu tomorqaning o‘zi.

Andrey Kanchelskis, “Navbahor” bosh murabbiyi

Professional futbol ligasi (PFL) direktori vazifasini bajaruvchisi Diyor Imomxo‘jayev esa Kanchelskisning gaplariga o‘z munosabatini bildirdi.

Kanchelskis biz haqimizda fikr bildirdi. Va, albatta, u ham bizning fikrlarimizni eshitishi adolatdan bo‘ladi.

“Navbahor” oldida faqatgina ilk tur uchun vijdonimiz qiynaladi. Chunki klub o‘shandagi ilk bo‘limda g‘alabaga, ikkinchi bo‘limda esa kamida durang natijaga loyiq edi. Ammo klubning so‘nggi uch o‘yinini yodga oling, na “Bunyodkor” bilan, na “Qizilqum” bilan va na “Surxon” bilan “Navbahor” o‘z darajasida o‘ynay oldi. Jamoaning o‘yini chiqmadi. Hatto “Qizilqum” bilan o‘yindan keyin klub rahbarlaridan biri bizga bunday g‘alaba kerak emas, deganini ham eshitdik. Mana shunday pallada Kanchelskis mavzuni o‘zidan soqit qilib yuborishi g‘alati. U jamoa o‘yini uchun javob berishi to‘g‘riroq.

Karantin vaqtida butun O‘zbekistonda futbol to‘xtaganida ham “Navbahor” mashg‘ulotlarni davom ettirdi. Ya’ni, rahbariyat unga barcha sharoitni yaratib berdi. Ammo qolgan klublar tanaffusga chiqib ham Kanchelskis jamoasi bilan deyarli bir formada qaytib kelishadi. Murabbiy shu haqda ham o‘ylasa to‘g‘riroq bo‘ladi.

Rossiyalik mutaxassis yaqindagina “Navbahor” stadioni maysasiga javobgar kishini tanqid qilib, darvozabon suvda cho‘milgani haqida aytdi. Ammo o‘sha nuqtada raqib jamoa darvozaboni ham harakat qildi. Xuddi kecha “Surxon” ham “Navbahor” bilan bir xil sharoitda to‘p surgani kabi.

“Surxon”ga qarshi o‘yin uchun “Navbahor” poyezd va samolyot yo‘q bir vaqtda Termizga 12 soat yo‘l bosib borishi va bundan issiqroq sharoitda to‘p surishi kerak edi. Sir emaski, Termizdagi stadionda ham projektor yaxshi emas. Markazlashgan format esa qiyinchilikdan Kanchelskisni qutqardi.

Bizda chilla chiqib bo‘lgan. Shunday vaqtda ayol futbolchilar yillar davomida to‘p surib kelishdi va nolishmadi. Mana shunday vaqtda murabbiy ham erkak bo‘lib, jamoasi o‘yini nega o‘xshamayotgani haqida gapirishi kerak. Aytaylik, Ravshan Haydarov “Surxon”ni qabul qilib olganiga ko‘p bo‘lmadi, ammo jamoa o‘yinini o‘zgartira oldi. Kanchelskis uchun yana qancha vaqt kerak degan savol muxlislar tomonidan berilishi to‘g‘riroq.

TTYMI (“Navbahor” – “Surxon” o‘yini bo‘lib o‘tgan stadion – izoh “Daryo”) maysasi ancha yaxshi. Bu yerda milliy terma mashg‘ulotlar o‘tadi, yaqin-yaqingacha “Jar” va TTYMI stadionlarida Superliga uchrashuvlari o‘tkazilgan. U-19 Osiyo chempionati uchun OKMK, “Lokomotiv”, “Bunyodkor” stadionlarini oz bo‘lsa-da asrash uchun, biz mana shu ikki stadiondan ham foydalanishga majbur bo‘lmoqdamiz. Bu stadionlarni men juda yomon demagan bo‘lardim.

Markazlashgan chempionat masalasida biz barcha murabbiylarni yig‘dik, Navoiy, Qarshidan murabbiylar keldi, fikr almashdik. Ammo Kanchelsksis unda ishtirok etmadi. Yaqinda esa FIFA kunlari masalasida yig‘ilish bo‘ldi, Toshkentda bo‘la turib murabbiy unda ham ishtirok etmadi. Chempionat haqida qayg‘uradigan mutaxassislar o‘sha kuni O‘zPFL bilan birga bo‘ldi. Umuman qorasini ko‘rsatmayotgan murabbiy biz bilan nimani kelishgani haqida aytayotganini tushunmadim.

Biz o‘zimizdan o‘tayotganlarini tan olamiz, kamchiliklarimiz ko‘p, mavjud vaziyatni o‘zgartirish uchun tinim bilmayapmiz. “Navbahor”ning inobatga olinmagan golini o‘rganishni so‘rab, O‘FAga murojaat bilan ham chiqamiz. Namangan futboliga befarq bo‘lmagan muxlislar bundan yaxshirog‘iga albatta munosib. Ishonamizki, futbolchilar tez orada o‘z o‘yinlarini topib oladi. “Navbahor” infratuzilma jihatidan xalqaro maydonda o‘ynashga tayyor bo‘lib ulgurdi. Balki bu yil klub ikki musobaqadan (Superliga va O‘zbekiston Kubogi – “Daryo”)birida muvaffaqiyat qozonar ham, bundan O‘zPFL xursand bo‘ladi.

Diyor Imomxo‘jayev, PFL direktori vazifasini bajaruvchi

Imomxo‘jayev oradan bir kun o‘tib, Kanchelskisga yana bir bor Telegram kanali orqali javob qaytardi.

Musobaqalar o‘tkazish reglamentidan ko‘chirma:

9.7. Uchrashuvlar quyidagi vaqtlarda start olishi mumkin:

Ayrim viloyatlardagi o‘yinlar deganda projektori talabga javob bermaydigan stadionlar nazarda tutilgan. Vaziyatga qarab deganda esa havo harorati, shom kirishi va shunga o‘xshash holatlar inobatga olingan. Joriy mavsum 18 ta uchrashuv 18:00 dan erta boshlangan. Hozircha e’tiroz faqatgina “Navbahor” ustozi tomonidan bo‘ldi.

5.14. Mezbon jamoa musobaqalarning rasmiy kalendar uchrashuvi boshlangunga qadar 20 kundan kech bo‘lmagan muddatda O‘zPFL ma’muriyatiga uchrashuvning boshlanish vaqti borasida taklif berishi zarur. O‘zPFL uchrashuv vaqtini teletranslyatsiya huquqini qo‘lga kiritgan kompaniya bilan kelishib belgilaydi.

Barcha klublarga taqvim bir vaqtda berildi, ammo hech bir klubdan e’tiroz bo‘lmadi, hatto “Navbahor”dan ham. Ammo natija qoniqarli bo‘lmaganidan keyin Kanchelskis e’tiroz bildirdi. Arpa uni bahona degani aslida shu.

Ikki kun avval “Buxoro” va “Qizilqum” klublari ham 17:00 da uchrashuv o‘tkazdi. Oldinda yana 6 ta uchrashuv shu vaqtda o‘tishi kerak. “Navbahor”dan boshqa biror klub e’tiroz qilmadi. O‘sha kuni “Navbahor”ning raqibi ham aynan shu vaqtda to‘p surdi.

Reglamentning 9.7 bandiga qaytamiz, U-21 uchrashuvlarini yoz oylarida 17:00 dan erta boshlash mumkin emas deyilgan. 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar, yaqin-yaqingacha Oliy liga klublari ham yoz oylarida 16:00 da maydonga chiqqan davrlar bo‘lgan, “Navbahor”ning yoshi katta muxlislari buni yaxshi eslashadi. 21 yoshgacha futbolchi avgust oyida 17:00 da o‘ynasa, ayol futbolchilar shu vaqtda o‘ynasa, millionlab maosh oladigan futbolchi va murabbiylar nega o‘ynay olmaydi?

TTYMI stadioni maysasi haqida OAV qolgan mutaxassislardan fikr olsa, to‘g‘riroq bo‘ladi. O‘yinlar o‘tayotgan 7 stadiondan maysasi nisbatan qoniqarsizi TTYMI emas, futbol ichidagilar buni juda yaxshi biladi.

“Paxtakor” bilan yonma-yon borayotgan OKMK ishtirokidagi uchrashuv ham 17:00 ga qo‘yilgan. Ammo Mirjalol Qosimov bir og‘iz e’tiroz qilgani yo‘q. Menimcha, hamma me’yorni aynan bir klub bilan solishtirish to‘g‘ri emas. "Navbahor" muxlislaridan bir narsani to‘g‘ri tushunishlarini so‘raymiz, natija qila olmagan birgina murabbiy siz-u bizning o‘rtamizga fitna sochmasin, har safar futbolchilar, maydonlar va boshqalarni ayblashdan tiyilsin. Va iloji bo‘lsa murabbiylar ishtirokidagi yig‘ilishlarda qatnashib, fikrlarini avvaldan bildirsin, g‘olib chiqa olmaganidan keyin emas

Diyor Imomxo‘jayev, PFL direktori vazifasini bajaruvchi

Ma’lumot uchun, “Navbahor” 11-tur uchrashuvini 22-avgust kuni “Mash’al”ga qarshi “JAR” stadionida o‘tkazadi. Ushbu o‘yin ham 17:00 da boshlanishi belgilangan. TTYMI stadionida esa 11-turdan o‘rin olgan “Andijon”—OKMK bellashuvi o‘tkaziladi. Mazkur bahsning boshlanishi ham 17:00 da.

Mavzuga doir: “Navbahor”, Belenkov va 520 ming dollar mashmashasi haqida

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-08-2020, 11:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 104) ( 0) ( 102) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют