» » Saida Rametova qanday kasallikka chalingani haqida so‘zlab berdi (video)

Saida Rametova qanday kasallikka chalingani haqida so‘zlab berdi (video)


Ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyaga Jaloliddin Manguberdi haqidagi tarixiy serialda suratga tushish uchun borgan aktrisa Saida Rametova jiddiy kasallikka chalinganidan xabar topgani haqida ma’lumotlar tarqaldi.

Ushbu xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad hamda jurnalist va teleboshlovchi Shohira Hamro O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametovaning xonadonida bo‘lib, aktrisa bilan suhbatlashdi.

Aktrisa Saida Rametova suhbat davomida og‘ir kasallikka chalingani, dastlab bu kasallikni Turkiyada davolatmoqchi bo‘lgani, ammo qaytishiga sabab bo‘lgan voqealar haqida gapirib berdi.

Bu hodisa kutilmaganda bo‘ldi. Turkiyadagi syomkamiz juda ham yaxshi ketayotgan edi. Bizga hamma sharoitlar yaratilgan, u jarayonda san’atkor, aktyor, aktrisa ekanligingizni his qilasiz. Bu uchun Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi Madaniyat vazirligiga, Turkiyadagi prodyuserimiz Mehmed Bozdag‘ga minnatdorchiligimni bildiraman.

Menda ozgina og‘riq bo‘ldi, shamolladim deb o‘yladim. Aktyor Tohir Saidov ham ‘qo‘lim og‘riyapti’, degani uchun ikkalamizni hurmat, izzat bilan shifoxonaga olib borishdi. Tohirda haqiqatdan ham shamollash chiqdi, menga kelganda esa shifokorlar bir-biriga qarab, g‘alati bo‘lib qolishdi.

Bular nega o‘zgardi deya xavotir ola boshladim. Tarjimonimiz ‘Saidaxon, o‘zingiz bilarmidingiz?’, dedilar. Nimani deganimda, ‘sizning kasalingiz — jiddiy kasal’, deb boshqa narsa aytmayaptilar. ‘Aytavering, men kuchli ayolman, hammasiga roziman, ayting’, dedim. Shunda, ‘sizda ikkinchi darajali ko‘krak saratoni boshlanibdi’, dedilar. Hech kutmagan edim, shu oltmish uch yil davomida hech qachon jiddiy kasal bo‘lmaganman. ‘Balki adashishgandir, yana bir tekshirishsin’, dedim. Turkiya meditsinasi juda kuchli, butun dunyodan kelib, to‘rt oylab navbat kutishadi, bizni hurmatimiz uchun navbatsiz olib kirishdi. Boshqa shifoxonalarning turli xil apparatlarida tekshirtirganimizda ham bir xil kasallik chiqdi.

Avvaliga ‘Alloh shu dardni beribdi-da, tuzalib ketarman’, deb uncha e’tibor bermadim. Turkiyada operatsiya qiladigan bo‘ldik, o‘zimiznikilar, u yerdagilar juda katta mehr ko‘rsatishdi, Ozodbek Nazarbekov doim telefon qilib, xabar olib turdi. Ozgina vaqt o‘tgandan keyin vahima boshlandi. ‘E Saida, sen juda o‘zingga ishonyapsan, sen ham bir Allohning bandasisan, balkim sen o‘ylagan narsa teskari bo‘lib qolsa-chi? Bu bir bahona bo‘lib, hayotingga nuqta qo‘yilsa-chi, agar bu yerda jonim uzilsa, o‘zimni kechira olmayman’, degan xayollar tinchlik bermay boshladi.

Har kuni ibodatimda ‘Alloh menga yo‘l ko‘rsat, nima qilay deya yolvordim. Yurtimga ketaymi yoki shu yerda operatsiya va kimyo muolajalarini boshlaymi?’, deya juda ikkilanib qolib, Allohdan yolvorib, nima qilishim haqida so‘radim. O‘sha kuni tuni bilan duo qilib, namoz o‘qib chiqdim. Tongga yaqin uxlab qolibman, oz muddatga ko‘zim ilinganida, tushimda, ket-ket, degan ovozni eshitdim. Shu voqeadan keyin og‘ir bo‘lib turgan yuragim yengil tortib, demak, ketishim kerak ekan, oilam, yaqinlarim, do‘stlarim yonida bo‘lishim kerak ekan dedim.

Shu kasallikni haqqoniy ichimda his qilganimda hayot qanchalik shirin ekanligini sezdim. Ba’zan bir-birimizning dilimizni og‘ritamiz, rol talashamiz, pulni orqasidan yugurib, o‘zimizga dam bermaymiz, hayotda hamma narsa bo‘ladi. Lekin sog‘liqqa hech nima yetmas ekan.

Saida Rametova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (26-08-2020, 20:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 87) ( 0) ( 85) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют