» » Superliganing birinchi davra ramziy terma jamoasi e’lon qilindi

Superliganing birinchi davra ramziy terma jamoasi e’lon qilindi


Futbol bo‘yicha Coca-Cola Superliganing birinchi davrasi o‘z yakuniga yetdi. Ortda qolgan 13 tur davomida esa ko‘plab futbolchilar ajoyib o‘yinlar o‘tkazib, o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatishga erishdi. Professional futbol Ligasi (PFL) mana shunday futbolchilardan iborat ramziy terma jamoa tuzdi.

Darvozabon:

O‘tkir Yusupov – (“Navbahor”)

Darvozaga berilgan aniq zarbalarni qaytarish: Bitta o‘yinda o‘rtacha 4.8 ta zarba – 83%.

Jamoa barqaror o‘yin namoyish eta olmayotgan bo‘lsa-da, O‘tkir Yusupov mavsumni yuqori saviyada o‘tkazmoqda. Mavsum boshidan to hozirgacha jamoaning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lib turibdi. Yusupov birinchi davrada eng ko‘p seyv amalga oshirdi va ushbu boshqa darvozabonlar orasida yetakchi bo‘lib turibdi.

Himoyachilar:

Murod Xolmuhammedov – o‘ng qanot himoyachisi (“Qo‘qon-1912”)

8 ta gol , 3 ta assist

Murod Xolmuhammedov o‘z ampluasida hozircha O‘zbekiston chempionatida jamoasiga eng ko‘p foyda keltirayotgan futbolchi hisoblanadi. Qanot himoyachisi bo‘lishiga qaramay, raqib darvozasi oldida asosiy xavf aynan Murod tomonidan amalga oshiriladi. Burchak to‘plari, autlar, standart vaziyatlar, jarima to‘plari va penalti — bularning barchasi Xolmuhammedov tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, jamoaning asosiy to‘purari va assistenti ham aynan Murod Xolmuhammedov.

Oybek Rustamov – markaziy himoyachi (“Qo‘qon-1912”)

Yakkakurashlar: O‘rtacha bir o‘yinda 19 ta – 58%

Raqib hujumini bartaraf etishda chempionatning eng yaxshi himoyachilaridan biri aynan Rustamovdir. To‘pni raqibdan olib qo‘yish, himoyadagi yakkakurashlarda uning statistik ko‘rsatkichlari boshqa himoyachilar bilan taqqoslaganda ajoyib ko‘rsatkichlarga ega.

Najmiddin Normurodov – markaziy himoyachi (“Mash’al”)

Yakkakurashlar: Bir o‘yinda o‘rtacha 14 ta – 63%

“Mash’al” ayni damda chempionatning eng tartibli jamoalaridan biri va tartibli jamoaning asosiy yutug‘i — tartibli himoyadir. Najmiddin Normurodov jamoaning asosiy markaziy himoyachisi hamda yakkakurashlarda boshqa jamoadoshlaridan yaxshiroq ko‘rsatgichga ega. Buni statistika ham tasdiqlashi mumkin.

Murod Toshmatov – chap qanot himoyachisi (OKMK)

1 ta gol, 5 ta assist

Murod Toshmatov – eng ko‘p krosslar amalga oshiradigan, o‘yin davomida barchadan ko‘proq yuguradigan va qanotdan raqib jamoasi darvozasiga eng ko‘p xavf soladigan futbolchidir. Uning krosslari allaqachon OKMKning dastxatiga aylanib ulgurgan. Maydonni yaxshi ko‘ra oladigan, raqib darvozasi tomon aniq pas uzatadigan himoyachi hozirda chempionatning eng yaxshi qanot futbolchilaridan biri bo‘lib turibdi.

Yarim himoyachilar:

Yovan Jokich – tayanch yarim himoyachisi (OKMK)

3 ta gol, 1 ta assist

Serbiyalik futbolchi raqib hujumini to‘xtatishda chempionatda tengsiz futbolchilardan biri sanaladi. Shuningdek, futbolchi OKMKning himoya va hujum chizig‘ini bog‘lab beruvchi eng asosiy figuradir. Aniqroq aytganda, OKMKning bugungi o‘yin uslubini belgilab beruvchi futbolchi.

Jaloliddin Masharipov – qanot yarim himoyachisi (“Paxtakor”)

2 ta gol, 7 ta assist

Ushbu futbolchi haqida faqatgina bitta ta’rif berish mumkin — birinchi davraning eng yaxshi futbolchisi.

Oybek Bozorov – markaziy yarim himoyachi (“Nasaf”)

Driblinglar: O‘rtacha bir uchrashuvda – 7 ta – 62% muvaffaqiyatli amalga oshirilgan

“Nasaf”ning yorqin o‘yinlari asosan jamoaning ajoyib bo‘lgan yarim himoya chizig‘i bilan bog‘liq. Qarshiliklar chempionatda eng tezkor futbolchilarga ega jamoa sanaladi. Asosiy qurol esa – Oybek Bozorov. Tezkor, ajoyib texnika sohibi va jozibali driblingga ega futbolchi chempionatning ayni damdagi eng yorqin futbolchilaridan biridir.

Nurillo To‘xtasinov – qanot yarim himoyachi (“Bunyodkor”)

4 ta gol, 1 ta pas

“Bunyodkor hozirda birinchi davra yakunlariga ko‘ra eng hujumkor jamoalardan biri. Quvnoq va nostabil jamoa bo‘lsa-da, “Bunyodkor” iste’dodli futbolchilari bilan maqtana oladi. Bu mavsumda Nurillo To‘xtasinov jamoada boshqalardan ajralib turibdi. Muhim gollar urib, “qaldirg‘ochlar”ga ko‘p hollarda yordam bermoqda.

Hujumchilar:

Dragan Cheran – hujumchi (“Paxtakor”)

13 ta gol

Avvalgi mavsum to‘purari ushbu mavsumda ham gol urishdan to‘xtamayapti va 13 ta gol bilan hozircha chempionat to‘purari bo‘lib turibdi.

Igor Sergeyev – hujumchi (“Paxtakor”)

10 ta gol

Bitta jamoadan ikki hujumchining ramziy terma jamoaga kirishi g‘alati holat. Ammo “Paxtakor” safida Igor Sergeyev yana avvalgi biz bilgan Igor Sergeyev sifatida porlamoqda. Mehnatkash, astoydil ter to‘kadigan hujumchini Arveladze qaytadan kashf qildi. Igor Sergeyev ramziy terma jamoaga haqli futbolchi ekanini isbotladi va bu uning mehnati samarasidir.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (6-09-2020, 20:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 87) ( 0) ( 86) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют