» » Ukraina kosmik dasturlariga berilgan zarba. “Zenit-2” eltuvchi raketasining halokati haqida

Ukraina kosmik dasturlariga berilgan zarba. “Zenit-2” eltuvchi raketasining halokati haqida


1998-yilning 9-sentabridan 10-sentabriga o‘tar kechasi, tungi 00:29 da Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan “Zenit-2” raketasi startga chiqdi. Uning o‘z bortida umumiy qiymati 2,8 milliard dollarga teng bo‘lgan sun’iy yo‘ldosh aloqasini ta’minlovchi Globalstar loyihasining 12 dona sun’iy yo‘ldoshini quyi Yer tevarak orbitasiga eltishi lozim edi. Biroq startdan atigi besh daqiqa o‘tib, belgilangan masofaning hali chorak qismi ham bosib o‘tilmagan bir paytda raketa osmonda parchalanib ketdi va uning bo‘laklari Oltoy va Tuva Respublikasi hududiga qulab tusha boshladi.

“Zenit-2” turidagi raketalarni Ukraina ishlab chiqargan. Aniqrog‘i, Dnepropetrovskdagi “Yujmash” zavodida seriyali yig‘ilgan bu turdagi raketalarni “Yujnoye” nomli ilmiy tadqiqot birlashmasi loyihalagan. Raketani loyihalash ishlari 1985-yilda yakunlangan bo‘lib, dastlabki tajriba namunalari 1987-yilda amalga oshirilgan.

“Zenit-2” raketasi 57 metr uzunlikka ega bo‘lgan va start paytida 445 tonna tosh bosgan. U suyuq kislorod va kerosin yoqilg‘isida harakatlangan. Ikki bosqichli dvigatelning har ikkala bosqichini Moskvadagi “Energomash” korxonasi yetkazib bergan. “Zenit-2” turidagi raketalar jami 11,5 tonna foydali yukni orbitaga eltib qo‘ya olish imkoniga ega bo‘lgan (agar start ekvatorga yaqin joydan bajarilsa, foydali yuk 15 tonnagacha bo‘lishi mumkin).

“Zenit-2” raketasining ishonchliligi nisbatan barqaror bo‘lgan. Endigina mustaqillikka erishgan Ukraina ushbu raketa orqali jahon kosmonavtika bozorida o‘z ulushini egallashni maqsad qilgan edi. Shu sababli 31 ta startdan sakkiztasi muvaffaqiyatsiz yakunlangan bo‘lsa-da, Ukraina rahbarlari o‘sha paytdagi Globalstar xo‘jayinlarini ushbu raketadan foydalanishga ko‘ndira olgan.

Kelishuvga ko‘ra, amerikaliklar Ukrainaga “Zenit-2” uchun ikkita yirik loyihaga buyurtma berishi kerak edi va ulardan birida Globalstar loyihasining 36 dona sun’iy yo‘ldoshlari quyi orbitaga olib chiqilishi kerak bo‘lsa, ikkinchisida Sea Launch loyihasida dengiz platformasidan turib kosmik start loyihasida ishtirok ko‘zda tutilgan bo‘lgan. Loyihaga va kelishuvlarga ishonch bergan shaxs, ehtimol, Ukrainaning o‘sha paytdagi prezidenti Leonid Kuchma bo‘lgan bo‘lsa kerak. Chunki aynan Kuchma Ukraina prezidenti bo‘lishidan avval Dnepropetrovskdagi o‘sha “Yujmash” zavodiga rahbarlik qilgan.

Tekshirishlarda bu halokat sababi raketaning boshqaruv tizimidagi nosozlik bilan bog‘liq bo‘lgani haqida xulosa qilingan. Mutaxassislar uning bort kompyuterlari ishdan to‘xtab qolgani tufayli dvigatellar avariyaviy halokatga sabab bo‘ladigan tarzda ishlay boshlagan va oqibatda portlaganini aniqlashgan.

“Zenit-2” raketalari bundan keyin ham foydalanishda davom etdi. Keyingi startlarda, albatta, ushbu halokat sabablaridan xulosa chiqargan holda uch karra sifat nazorati sistemasi joriy qilindi va raketaning ishonchliligini orttiradigan boshqa takomillashtirish chora-tadbirlari bajarildi. Xususan, uning Sea Launch loyihasi bilan hamkorligi keyin ham davom etdi va 1999-yilda ular dengiz platformasidan parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirdi. “Zenit-2” raketasining hozircha oxirgi parvozi 2017-yilda bajarilgan. Hozirda bu turdagi raketalarning yangi, takomillashgan modellari chiqarilgani bois “Zenit-2”ni ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan.

 Muzaffar Qosimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-09-2020, 08:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 88) ( 0) ( 86) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют