» » 11-sentabr – Amerika Jahon savdo markazida terakt sodir etilgan kun. Fojia tafsilotlarini esga olamiz

11-sentabr – Amerika Jahon savdo markazida terakt sodir etilgan kun. Fojia tafsilotlarini esga olamiz


Amerika Qo‘shma Shtatlarida “al-Qoida” terrorchilik tashkiloti a’zolari tomonidan uyushtirilgan to‘rtta terroristik hujum tarixga muhrlandi. 2001-yil 11-sentabr kuni ertalab to‘rtta terroristik guruh jami 19 nafar yo‘lovchi samolyotini o‘g‘irladi. Har bir guruhda parvoz bo‘yicha dastlabki tayyorgarlikdan o‘tgan kamida bittadan a’zosi bor edi. Bosqinchilar ushbu avialaynerlardan ikkitasini Nyu-Yorkning Manxetten janubida joylashgan Jahon savdo markazining minoralariga yo‘naltirdi. “Daryo” minglab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan, AQShga katta iqtisodiy zarar keltirgan, ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatgan mash’um terakt haqida hikoya qiladi. 

American Airlines aviakompaniyasining 11-reysi 1-Jahon savdo markaziga, Airlines 175-reysi 2-Jahon savdo markazi binosiga kelib urildi. Natijada, ikkala minora ham qulab, qo‘shni binolarga ham jiddiy zarar yetkazdi. Uchinchi samolyot (“American Airlines”ning 77-reysi) Vashington yaqinida joylashgan Pentagon binosiga yo‘naltirildi. To‘rtinchi samolyot (93-reys) yo‘lovchilari va ekipaji samolyot boshqaruvini terrorchilardan tortib olishga harakat qildi va Pensilvaniya shtatidagi Shanksvill shaharchasi yaqinidagi dalaga qulab tushdi.

Hujum kuni samolyotlar bilan to‘qnashuv natijasida Jahon savdo markazining uchta binosi vayron bo‘ldi. Janubiy minora taxminan 9 daqiqa 56 soniya davom etgan yong‘indan keyin qulab tushdi. Shimoliy minora soat 10:28 da 102 daqiqa davom etgan yong‘indan keyin, uchinchi bino soat 17:20 da bir qator gaz portlashlari va undan keyin yuzaga kelgan yong‘in natijasida qulagan.

Samolyotlar bosqinchilar tomonidan egallanganidan so‘ng ba’zi yo‘lovchilar samolyotning sun’iy yo‘ldosh telefoni bilan bir qatorda o‘zlarining telefonlaridan foydalanib samolyotning egallab olinishi haqida xabar bergan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, voqea davomida terrorchilar sovuq qurollardan foydalangan, natijada, bir nechta styuardessa, kamida bitta yo‘lovchi va kamida bitta uchuvchi – 11-reys ekipaj komandiri Jon Ogonovskiy halok bo‘lgan. Bundan tashqari, terrorchilar 11- va 175-reyslarda gaz ballonlaridan (ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yoki qalampir ekstrakti) foydalangan. Terrorchilar samolyotni portlatib yuborish bilan tahdid qilgan, ammo tergov jarayonlarida ma’lum bo‘lishicha, katta ehtimol bilan terrorchilar yonida portlovchi moslamalar bo‘lmagan.

93-reys ovoz yozuvchi stenogrammasiga ko‘ra, samolyot ekipaji va yo‘lovchilari uyali telefonlar orqali boshqa o‘g‘irlangan samolyotlar Jahon savdo markazi minoralariga qulatilganini bilib, samolyot boshqaruvini tiklashga harakat qilgan. Hodisalar butun AQSh bo‘ylab keng tarqalgan tartibsizliklarni keltirib chiqardi. Barcha tijorat reyslari bekor qilindi va AQSh hududiga samolyotlarning qo‘nishi taqiqlandi (allaqachon havoda bo‘lgan ichki reyslar bundan mustasno).

AQShga boshqa mamlakatlardan kelgan samolyotlar jo‘nash aeroportlariga yoki Meksika va Kanadadagi aeroportlarga yo‘naltirildi. AQShning yirik shaharlari ustidan havo kuchlari va milliy gvardiya qiruvchi patrullari tashkil etildi. Joylarga keyinchalik yolg‘onligi isbotlangan boshqa terroristik hujumlar haqida xabarlar kelib tushdi. Masalan, AQSh Davlat departamenti binosi yaqinidagi avtomashinada bomba portlashi, Vashington savdo markazida yong‘in, Vashingtondagi Truman binosining portlatilishi haqida xabarlar berilgan edi.

Favqulodda vaziyatlar to‘g‘risida ogohlantirish tizimi (EAS) yuqori ogohlantirish holatiga keltirildi. Tarixda birinchi marta AQSh va Kanadadagi barcha fuqarolik samolyotlari favqulodda qo‘ndirildi, faqat politsiyaga tegishli yoki tibbiy parvozlarni amalga oshirgan samolyotlar bundan mustasno; bu dunyo bo‘ylab o‘n minglab yo‘lovchilarning rejalariga ta’sir ko‘rsatdi.

Terroristik hujumlar qurbonlari 2 977 kishi edi (shu jumladan, 19 ta terrorchi): 246 nafar yo‘lovchi va aviatsiya ekipaji a’zolari, 2 606 nafar Nyu-Yorkda – Jahon savdo markazi binolarida va o‘sha yerga yaqin hududda bo‘lganlar, 125 nafar Pentagon binosida bo‘lganlar. Terakt natijasida AQSh va boshqa 91 davlat fuqarolari halok bo‘ldi.

Jahon savdo markazi shimoliy minorasining yuqori qavatlarida bo‘lgan 1 366 kishi – ulardan ko‘pchiligi samolyot minora bilan to‘qnashganda, qolganlari yong‘in va binoning qulashi tufayli halok bo‘ldi. Janubiy minorada ham kamida 600 kishi halok bo‘ldi. Quvonarlisi, taxminan 18 kishi janubiy minoradagi zarba zonasini tark etib, qochib qutulishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Minoralarning yuqori qavatlarida qolib ketganlar orasidan kamida 200 kishi pastga sakrab o‘lishni olovda kuyib o‘lishdan afzal ko‘rgan. Ba’zilar vertolyot evakuatsiyasidan umidvor bo‘lib, minoralar tomiga ko‘tarilishga harakat qilgan, ammo evakuatsiya amalga oshirilmagan, chunki tomning eshiklari yopiq va olovning tutuni va issiqligi vaziyatni vertolyotlardan foydalanishni imkonsiz holatga keltirgan edi.

Hodisa davomida Nyu-York yong‘in boshqarmasining 341 o‘t o‘chiruvchisi va ikkita tibbiyot xodimi, 60 ta politsiya xodimi hamda sakkizta tez tibbiy yordam xodimi ham halok bo‘ldi. 1 600 dan ortiq jasadning shaxsi aniqlangan, ammo qolgan qurbonlarning (taxminan 1 100 kishi) kimligi noma’lumligicha qolmoqda. Ma’lum qilinishicha, “fojia sodir bo‘lgan joyda o‘liklarning ro‘yxatidan kimdir bilan bog‘lab bo‘lmaydigan 10 mingga yaqin suyak va to‘qimalarning bo‘laklari topilgan”. Suyak parchalari 2006-yilda Deutsche Bank binosini buzishga tayyorlanayotganda ham topilgan. Nyu-York qurbonlarining o‘rtacha yoshi taxminan 40 yosh edi.

Jahon savdo markazidagi terakt natijasida XX asrning muhim arxivlari va bebaho san’at asarlari, shu jumladan, ispaniyalik syurrealist Joan Mironing gobelenlari, haykaltaroshlar Ogyust Rodin va Aleksandr Kalderning durdona asarlari, shuningdek, prezidentning shaxsiy fotosuratchisi tomonidan suratga olingan Jon Kennedi fotosuratlarining 40 mingdan ortiq nusxalari abadiy yo‘qoldi. Shuningdek, kelib chiqishi amerikalik rassom Luiza Nevelsonning katta formatdagi yog‘ochdan yasalgan haykaltaroshlik asari, amerikalik pop-rassomlar Xant Slonem va Roy Lixtenshteynning monumental asarlari va boshqa ko‘plab san’at asarlari yo‘q qilindi.

Portlash va yong‘in natijasida Pentagonning bir tarafi zarar ko‘rdi, binoning bir qismi qulab tushdi. 11-sentabr voqealari bo‘yicha komissiya xulosalariga ko‘ra, taxminan 16 ming kishi xavf ostidagi Jahon savdo markazi minoralarida bo‘lgan. Ularning aksariyati binolar vayron bo‘lishidan oldin evakuatsiya qilinib, omon qolgan.

Hujumlardan bir necha soat o‘tgach, tirik qolganlarni topish va qutqarish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiya boshlandi. Qoldiqlar ichida faqat oz sonli yaradorlar topildi va bir hafta o‘tgach tirik qolganlarni topib bo‘lmasligi aniq bo‘ldi. Omon qolganlarni qutqarish va vayronalarni tozalash juda uzoq vaqt talab qildi, faqat yong‘inlarni o‘chirishning o‘zi uchungina bir necha hafta vaqt ketdi. Yong‘in to‘liq o‘chirilgunga qadar 99 kun davomida vayronalar ichida yonish va tutash davom etdi. Hududni tozalash faqat 2002-yilning martiga kelib yakunlandi. Vaqtinchalik yog‘och platformalar o‘rnatildi, ularda sayyohlar minoralar qoldiqlarini tahlil qilish bilan shug‘ullanadigan maxsus guruhlar qanday ishlashini tomosha qilishlari mumkin edi. 2002-yil 30-mayda ushbu platformalar olib tashlandi.

Qurbonlar va qurbonlarning oilalariga moddiy yordam ko‘rsatish uchun ko‘plab fondlar yaratildi. 2003-yil 11-sentabrda ariza berish muddati tugaguniga qadar qurbonlarning oilalaridan 2 833 ta ariza qabul qilingan. (Barrett, Devlin 9/11 Fund Deadline Passes. CBS News)

Teraktdan so‘ng ommaviy axborot vositalarida ushbu hujumlar ortida Usama bin Laden turgani haqidagi ko‘plab taxminlar paydo bo‘ldi. Hujumlardan bir necha soat o‘tgach, Federal qidiruv byurosi terrorchilikda gumon qilingan shaxslarning ismlarini (shuningdek, boshqa ko‘plab ma’lumotlarni, shu jumladan, tug‘ilgan kun va yashash joyi, bankdagi hisob raqamlari va boshqalarni) oshkor qildi. Aeroportda ushlab qolingan va 11-reysga yuklanmagan Muhammad Attaning yuklari orasida barcha 19 terrorchining shaxsini ochib beruvchi hujjatlar hamda sodir etilishi kerak bo‘lgan voqealar to‘g‘risida muhim tafsilotlar bo‘lgan. Hujumlar sodir bo‘lgan kuni Milliy xavfsizlik agentligi va Germaniya razvedka agentligi Usama bin Ladenga ishora qiluvchi bir nechta xabarni qabul qilgan.

2002-yilda AQSh hukumati va Kongressi 2001-yil 11-sentabrda Qo‘shma Shtatlarga qarshi qaratilgan terror hujumlar, ya’ni 11-sentabr komissiyasi deb ham nomlangan Milliy komissiyani tuzdi. 2004-yil 22-iyulda komissiya o‘z hisobotini e’lon qildi. Hisobot natijalarida teraktlar “al-Qoida” a’zolari tomonidan o‘ylab chiqilgani va amalga oshirilgani ko‘rsatilgan. “11-sentabr voqealari tashkilotchilari ushbu operatsiyani rejalashtirish va o‘tkazish uchun 400 dan 500 ming dollargacha mablag‘ sarfladi, ammo bu mablag‘larning kelib chiqish manbalari noma’lumligicha qolmoqda”. (Heroism and Honor. National Commission on Terrorist Attacks upon the United States. U.S. Congress)

O‘n to‘qqiz terrorchi to‘rtta samolyotga bo‘lingan: ular beshtadan bo‘lib “American Airlines”ning 11-reysida, “United Airlines”ning 175-reysida va “American Airlines”ning 77-reysida va qolgan to‘rttasi “United Airlines”ning 93-reysida bo‘lgan. Jangarilardan 15 nafari Saudiya Arabistoni fuqarolari, ikkitasi Birlashgan Arab Amirliklaridan, bittasi Misrdan va yana bittasi Livan fuqarolari edi. Terroristlar orasida oltita asosiy tashkilotchilar (ulardan to‘rttasi uchuvchilar) va guruhning o‘n uchta oddiy a’zosi bor edi. Terroristlarning tavsifi xudkush terrorchining odatdagi portretiga mos kelmas, chunki ular o‘rta yoshda, yaxshi ma’lumotli va hayotiy pozitsiyaga ega edi.

“Al-Qoida” hujumlarining sabablari turli partiyalar, jumladan, siyosatchilar, akademiklar, OAV sharhlovchilari va jurnalistlar tomonidan diqqat bilan tahlil qilindi. Jorj Bush o‘zining 2001-yilgi nutqida terrorchilarning ushbu harakatini AQShning erkinligi va demokratiyasiga nafrat bilan izohladi. Boshqa tomondan, ushbu nuqtayi nazar Markaziy razvedka boshqarmasining Afg‘onistondagi sobiq rahbari Maykl Shayer kabi mutaxassislar tomonidan tanqid qilinib, shunday izohlandi: “Siyosatchilar katta xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Bizga islom dunyosiga ishonganimiz yoki hayot tarzimiz tufayli emas, balki ularga nisbatan qilgan ishlarimiz uchun hujum qilishgan” (Lou Dobbs Tonight — London Terror Attacks. CNN (5 июля 2005).

11-sentabr voqealari bo‘yicha komissiya tomonidan ko‘rsatilgan motivlar bo‘yicha ko‘plab xulosalar boshqa mutaxassislar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Masalan, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha ekspert Richard A. Klark “al-Qoida” hujumining sabablari sifatida amerikalik tashqi siyosatning ayrim yo‘nalishlarini, jumladan, Afg‘onistonda SSSRga qarshi turish, Amerika qo‘shinlarini Fors ko‘rfazi mintaqasida joylashtirish va Isroildan SSSR bilan to‘qnashuvning janubiy qanoti sifatida foydalanishni keltirdi. Jeyson Bark singari boshqa ekspertlar motivlarning siyosiy jihatlariga ishora qildilar: “uning (bin Laden)ning maqsadi siyosiy edi”. (Burke, Jason. Al-Qaeda — The True Story of Radical Islam (англ.). — London, New York: I.B. Tauris, 2004. — P. 23, 162—163.)

Xalqaro fikr, o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 17 mamlakatda bu borada yakdillik yo‘q. Umuman olganda, so‘rov qatnashchilarining 46%i asosiy mas’uliyatni “al-Qoida”, 15 foizi AQSh hukumati, 7 foizi Isroil va 7 foizi boshqa jinoyatchilar zimmasiga yuklaydi. Boshqa tomondan, tadqiqot natijalari har bir mintaqa bo‘ylab juda farq qiladi, masalan, Misrda respondentlarning 43 foiz Isroilni asosiy aybdor deb atasa, Turkiya, Falastin va Meksika kabilar hodisada asosan Amerika hukumatini ayblashadi.

11-sentabr voqealari keng siyosiy ta’sirga ega edi. Hujumlar butun dunyo bo‘ylab ommaviy axborot vositalari va hukumatlar tomonidan qoralandi. Fransiyaning “Le Monde” gazetasi “Biz hammamiz amerikalikmiz” (Nous sommes tous Am?ricains) shiori bilan amerikaliklarga nisbatan umumiy hamdardlik g‘oyasini olib chiqdi. Amerikaga qilingan hujumlardan xursandligini ochiq namoyish etganlar falastinliklar edi. Yaqin Sharqdagi aksariyat davlatlar rahbarlari, jumladan, Afg‘oniston hukumati hujumlarni qoraladi. Iroq hukumati rasmiy ravishda “Amerika kovboylari insoniyatga qarshi jinoyatlarining mevasini yig‘moqda”, deb e’lon qildi.

Taxminan 11-sentabr terroristik hujumlaridan bir oy o‘tgach, Amerika Qo‘shma Shtatlari “al-Qoida” joylashgan Afg‘onistondagi “Tolibon” rejimini ag‘darishga qaratilgan xalqaro kuchlar koalitsiyasini tuzdi va unga rahbarlik qildi. Pokiston hukumati koalitsiyani o‘zlarining harbiy aerodromlari bilan ta’minlash orqali AQShni “Tolibon”ga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi. Bundan tashqari, keyinchalik “al-Qoida” a’zolari deya taxmin qilingan 600 ga yaqin kishi Pokistonda hibsga olingan va keyinchalik AQShga topshirilgan.

Buyuk Britaniya, Hindiston, Avstraliya, Fransiya, Germaniya, Indoneziya, Xitoy, Kanada, Rossiya, Pokiston, Iordaniya, Uganda va Zimbabve kabi ko‘plab mamlakatlar o‘z qonunchiligida “terrorizmga qarshi” o‘zgartirishlar kiritdi va “al-Qoida”  bilan hamkorlik qilishda gumon qilingan kompaniyalar va shaxslarning bank hisob raqamlarini yopib qo‘ydi.

Italiya, Malayziya, Indoneziya va Filippin kabi ko‘plab mamlakatlarning huquqni muhofaza qilish organlari va razvedka idoralari ko‘plab terrorchilikda gumon qilinganlarni hibsga oldi. Terroristik xurujlardan so‘ng prezident Bushning reytingi 86 foizga ko‘tarildi. 2001-yil 20-sentabrda Prezident xalqqa va Kongressning qo‘shma majlisida 11-sentabr voqealari, keyingi qutqarish va qayta qurish ishlari va Amerika hukumatining o‘zaro niyatlari to‘g‘risida murojaat qildi.

Ogayo universiteti qoshidagi “Scripps Survey” tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, amerikaliklarning to‘rtdan uch qismi hukumat terroristik hujumning oldini olish uchun ba’zi ma’lumotlarga ega, ammo ulardan foydalanmagan deb hisoblashadi. 11-sentabr voqealarining rasmiy versiyasi jamoatchilikning turli munosabatiga sabab bo‘ldi. Jahon savdo markazining ko‘p qavatli temir-beton binolarining olovdan butunlay qulashi versiyasi ko‘plab tanqidlarga uchradi.

Minoralarining qulashi samolyotlarning urilishi va yong‘inlar sababli sodir bo‘lgani haqidagi qarashlar shubha ostiga olinadi, minoralarning qulashi ko‘proq boshqariladigan buzilishga o‘xshaydi, degan fikrlar bildirildi. (Bazant, Zdenek P. and Mathieu Verdure. “Mechanics of Progressive Collapse: Learning from World Trade Center and Building Demolitions” in Journal of Engineering Mechanics ASCE, Volume 133, Issue 3, pp. 308—319 (March 2007).)

Shuningdek, rasmiy versiyada minoralaridagi portlashlar to‘g‘risida ko‘plab guvohlarning xabarlari inobatga olinmagani ta’kidlandi. Shuningdek, hujumlar “al-Qoida” tomonidan emas, balki Amerika razvedka idoralari tomonidan rejalashtirilgan va amalga oshirilgani taxmin qilindi. Egizak minoralar egasi ularni 2001-yil 11-sentabr voqealaridan bir necha hafta oldin sug‘urtalagan edi.

Eron razvedkasi ofitseri va Eron razvedkasining ikki nafar xodimi Manxetten sudiga qasamyod qilib, 11-sentabr voqealarini loyihalash va ijro etishda Eron Islom Respublikasi hukumati ishtirok etgani to‘g‘risida guvohlik berdi. Ularning aytishicha, Eron hujum rejasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etishdan tashqari, “terrorchilarga samolyotlarni olib qochish bo‘yicha mashg‘ulotlarda yordam bergan”, shuningdek, “11-sentabrdan keyingi davrda yuzlab “al-Qoida” jangarilarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan”. 11-sentabr xurujlaridan so‘ng tarixda birinchi marta NATO shartnomasining 5-moddasi qo‘llanildi.

11-sentabr voqealaridan keyin 80 mingga yaqin arab va boshqa musulmon immigrantlardan barmoq izlari olindi. Sakkiz mingga yaqin arablar va musulmonlar bilan suhbat o‘tkazildi va taxminan besh ming nafar chet ellik hibsga olindi.

Hujumlar Amerika va jahon bozorlariga sezilarli iqtisodiy ta’sir ko‘rsatdi. Federal rezerv, Manxettenning quyi moliya okrugidagi aloqa uskunalarining uzilishi sababli banklar bilan aloqalarni vaqtincha to‘xtatdi. Bir necha soat ichida pul muomalasi, shu jumladan, banklarning tezkor likvidliligi bo‘yicha qayta aloqa va nazorat tiklandi. Nyu-York fond birjasi (NYSE), Amerika fond birjasi va NASDAQ 17-sentabrgacha yopiq qoldi. AQSh aksiyalari bir hafta ichida 1,2 trillion dollar yo‘qotdi.

Hujumdan so‘ng Amerikaning uchinchi yirik iqtisodiy zonasi (Markaziy Manxetten va Chikago shahridan keyin) Quyi Manxettenning iqtisodiyoti deyarli vayron bo‘lgan. Jahon savdo markaziga tutash bo‘lgan 41 qavatli “Deutsche Bank” binosi keyinchalik yopilgan va buzilishi rejalashtirilgan, chunki u ishlash yoki odam yashashi uchun yaroqsiz deb topilgan edi.

Quyi Manxettenning aksariyat binolari elektr energiyasi, telefon va gaz ta’minotidan uzilib qolgan. Vayron bo‘lgan ofis maydonlarining aksariyati yuqori sinf binolari edi. Hujumlardan so‘ng shimoliy Amerika havo hududi bir necha kunga yopildi va qayta ochilgandan so‘ng tijoriy havo qatnovida jiddiy pasayish yuz berdi. Hujumlar yo‘lovchi tashish hajmining taxminan 20 foizga qisqarishiga olib keldi va bu Amerika aviakompaniyalari sanoatida jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.

Minoralarning qulashi natijasida hosil bo‘lgan minglab tonna zaharli chiqindilar tarkibida kamida ikki yarim ming turli xil moddalar bo‘lgan: 50 foiz qurilish chiqindilari va boshqa tola bo‘lmagan materiallar, 40 foiz — shisha va tolali materiallar, 9,2 foiz sellyuloza, 0,8 foiz asbest, shuningdek, qo‘rg‘oshin va simob. Bundan tashqari, bir necha oy davom etgan yong‘inlar tufayli atmosferaga juda katta miqdordagi dioksin va PAH chiqib ketgan. Atrof-muhitga tarqaladigan ba’zi moddalar (kristalli kremniy dioksidi, qo‘rg‘oshin, kadmiy, PAH) buyrak, yurak, jigar yoki markaziy asab tizimining kasalliklarini keltirib chiqarish xususiyatiga ega edi.

Bu qutqaruvchilar orasida kasalliklarning ko‘payishiga olib keldi. Masalan, Nyu-York politsiyasi xodimi Frank Makri 2007-yil sentabr oyida o‘pka saratonidan vafot etdi. Bundan tashqari, Quyi Manxetten va Chayna-taun atrofidagi mahalla aholisi, talabalar va ofis xodimlarida sog‘lig‘ining buzilishi qayd etildi.

2007-yilga kelib voqealardan bir necha oy o‘tgach, o‘pka yetishmovchiligidan vafot etgan Felitsiya Dan-Jons ham hujumlar qurboni deb topildi va uning ismi yodgorlikdagi boshqa qurbonlarning ismlari orasida abadiylashtiriladi. 2006-yildagi politsiya detektivi Jeyms Zadroganing o‘limi tibbiy ekspertiza tomonidan uning halokatga uchragan joydagi ishi bilan “bevosita bog‘liq” deb baholandi, ammo bu fikr bahslarga sabab bo‘lmoqda.

2002-yildan beri AQSh Kongressining qarori bilan 11-sentabr AQShda “Vatanparvarlar kuni” sifatida nishonlanadi va 2009-yildan beri ushbu sana “Milliy xizmat va xotira kuni” deb ham nomlanadi. J.S. Foer 11-sentabr voqealari haqida Extremely Loud and Incredibly Close romanini yaratdi.

Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-09-2020, 18:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 77) ( 0) ( 76) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют