» » Zilzilalar haqida 5 ta mif eslatmasi

Zilzilalar haqida 5 ta mif eslatmasi


O‘zbekistonda ketma-ket ikki kun kuzatilgan zilzilalar aholida sarosimani, zilzila yana takrorlanishi yuzasidan xavfsirashni keltirib chiqargan bo‘lishi tabiiy hol. Shu sababli “Daryo” o‘tgan yili VOT nashridan olib e’lon qilingan zilzilalar haqidagi beshta mif (uydirma)ga bag‘ishlangan maqolani qayta chop etishga qaror qildi.

1966-yil 26-aprelda Toshkentda XX asrning eng vayronkor zilzilalaridan biri sodir bo‘ldi. Fojiadan buyon 51 yil o‘tdi, va bu vaqt ichida zilzilalar tabiati yanglish fikrlar, taxminlar va miflar bilan qoplandi.

Zilzila qanday ballarda hisoblanadi? Eshik tagida turish kerakmi? 50 yil avvalgi zilzila qaytarilishidan xavfsirash kerakmi? VOT ushbu savollarga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti mintaqaviy seysmiklik laboratoriyasi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor Turdali Usmonaliyevich Ortiqov ko‘magida javob topishga qaror qildi.

Erta tong. Siz oshxonadasiz. To‘satdan devorlar silkina boshlaydi, 30 soniyadan so‘ng esa barchasi o‘tib ketadi. Hammasi joyida, uy o‘z o‘rnida ekanligini ko‘rib, erkin nafas olasiz va kompyuterni yoqib, sevimli saytingizga hodisa haqida ma’lumot olish uchun kirasiz. “Afg‘oniston janubida Rixter shkalasi bo‘yicha 6 balli kuchli zilzila yuz berdi”, — deb o‘qiysiz va tinchlanasiz: xayriyat bizda emas ekan.

Bu xabarda hodisa joyini hisobga olmaganda, foydali ma’lumotning o‘zi yo‘q. Rixter shkalasining ballga hech qanday aloqasi yo‘q, odamlar esa ofat kuchi va ko‘lamini belgilashda qo‘llaniladigan bir nechta tushunchalarni o‘zaro chalkashtirib yuboradi.

Birinchi parametr — bu zilzila energiyasi, uning ko‘rsatkichi esa magnituda deb ataladi. Bu usulni maxsus shkala bilan birga 1935-yilda amerikalik olim Charlz Rixter taklif qilgan. Seysmologlar magnitudani yer qatlami ko‘chishining ko‘lami va o‘nli logarifmlardan foydalangan holda murakkab formulalar orqali hisoblab chiqadi, natijani esa 1 dan 9,5 gacha bo‘lgan raqamlar ko‘rinishida taqdim etadi. Ushbu ko‘rsatkich muayyan miqdorli ekvivalentga ega emas va zilzila o‘chog‘i ega bo‘lgan energiya haqidagina ma’lumot beradi. “Rixter shkalasi” tushunchasining o‘zi hozir deyarli ishlatilmaydi, uning o‘rnini “energetik sinf” va “seysmik moment” egalladi, ammo kundalik hayotda u qo‘llanilishi mumkin.

Biz yer yuzasida his qiladigan narsa intensivlikdir. Oddiy so‘z bilan aytganda, bu zilzila odamlarga, binolarga va ularni o‘rab turgan barcha narsalarga o‘tkazadigan ta’sirdir. Aynan intensivlik ballarda o‘lchanadi, va uni baholash uchun bir nechta shkala mavjud. O‘zbekistonda jami 12 balldan iborat MSK-64 shkalasi ishlatiladi. Bu obyektiv kattalik bo‘lib, uni zilziladan so‘ng bir qancha vaqt o‘tgach aniqlash mumkin.

Magnituda intensivlikka faqat bilvosita ta’sir qilishi mumkin. O‘choq chuqurligi, epitsentrdan muayyan hududning qanchalik olisdaligi, yerning holati va yer osti suvlari bor-yo‘qligi ham o‘z roliga ega. Masalan, 1966-yilgi Toshkent zilzilasining magnitudasi — 5,2. Biroq o‘choq yer ostida sakkiz kilometr chuqurlikda joylashgan edi, bu intensivlik shkalasi bo‘yicha 8 ballga teng oqibatlarga olib keldi.

1923-yil 1-sentabrida Yaponiyaning Kanto hududida 8,3 magnitudali zilzila yuz berdi. U Tokio va Yokogamu shaharlarini butunlay vayron qildi, 174 ming kishini hayotdan olib ketdi va 4,5 milliard dollarlik zarar yetkazdi. Shundan buyon 93 yil o‘tdi, endi ba’zi yaponlar u takrorlanishidan xavfsiramoqda. Ammo tadqiqotlar xavotirga o‘rin yo‘qligini — yer qobig‘ida shunday ko‘lamdagi ofatni chaqirishi mumkin bo‘lgan tig‘izlik yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

Toshkentda kuchli zilzilalar kamdan-kam kuzatiladi va ulardan biri 1866-yil apreliga to‘g‘ri keldi. 100 yil o‘tib sodir bo‘lgan fojiadan so‘ng odamlar ular yuz yillik farq bilan ayni bir xil vaqtda qayd etilgani haqida gapira boshladi. Ammo hech kim 1918-yilda taqvim o‘zgarganini hisobga olmadi, u holda XIX asrdagi zilzila boshqa vaqtda sodir bo‘lgan bo‘ladi. Shuningdek, hech kim intensivligi 7—8 ball darajasida bo‘lgan 1868- yoki 1886-yildagi zilzilalarni tilga olmadi.

Shunday ekan, zilzila 50, 100 yoki 200 yildan so‘ng qaytarilishi mumkinligini ta’kidlash uchun hech qanday asos yo‘q. Zilzilalarning o‘zini prognoz qilib bo‘lmaydi, ular hech qanday muddatga ham rioya qilmaydi.

1966-yilgi zilzila tonggi olti atrofida sodir bo‘ldi. Shundan so‘ng xalq orasida vayronkor zilzilalar kunning aynan shu qismida yuz berishi haqida yanglish fikrlar paydo bo‘ldi. Biroq so‘nggi 60 yil davomida o‘tkazilgan tadqiqotlar bu fikrni rad etadi. Zilzilalar eng ko‘p ertalabki 10—11 da, ularning eng kuchlilari esa kunduzgi 2 da qayd etilgan.

Havo harorati haqida ham xuddi shuni aytish mumkin. Quyosh nuri yer qobig‘iga 20—25 metr masofadagina ta’sir o‘tkazishi mumkin. Zilzila o‘choqlari esa o‘z navbatida, o‘nlab va yuzlab kilometr chuqurlikda joylashgan, shunday ekan, quyosh energiyasi u yerga yetib bora olmaydi. Fasllar zilzilalar kuchi va miqdoriga ta’sir qilmaydi — ularga yer qatlamining harakati ta’sir o‘tkazadi, haddan tashqari issiq havo esa seysmologiya bilan umuman bog‘lanmagan.

Har bitta muayyan nuqta uchun zilzilaning maksimal ehtimoliy intensivligini ko‘rsatib berish uchun, olimlar seysmik tumanlashtirilgan maxsus xaritalarni tuzadi. Bundan maqsad — zilzilalar yuz berish ehtimolini hisoblab chiqish va shundan kelib chiqib, binolar qurilishini mustahkam va baraqaror tomonlarga yo‘naltirish.

Seysmik tumanlashtirish xaritasida Toshkent 8 va 9 balli ikkita hududga bo‘lingan. Bu yaqin 50 yil ichida sayyorada kuzatiladigan har qanday zilzila Toshkent uchun 8 va 9 balldan oshmasligini bildiradi. Ushbu tamoyil asosida loyihalashtirish va qurilish ishlari olib boriladi — u yoki bu hududda joylashgan binolar ushbu hudud uchun maksimal ehtimoliy bo‘lgan intensivlikka dosh bera oladi.

Toshkentda eshik joylashgan oraliq yoki zina tagida shikast olish qiyin bo‘ladi, chunki uylar yukka mo‘ljallangan. Agar bino ichida bo‘lsangiz, derazadan nari turish kerak. Eshik tagida turish mumkin, bu sizni boshingizga og‘ir buyumlar tushishidan himoya qiladi. Shuningdek, mustahkam stol ham yaxshi pana joy bo‘la oladi. Bundan maqsad binoning qulab tushishidan emas, zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan mayda obyektlar tushishidan himoyalanishdir. Ushbu usullarning xavfliligi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar binolar yuqori intensivlikdagi zilzilalarga tayyor bo‘lmagan shaharlardan tarqaladi.

Xavfli mahalliy zilzila 20 soniyadan uzoqroq davom etmaydi. Bir yoki ikki daqiqalik zilzilalar esa bizdan olisda bo‘lgan va biz uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydigan yer osti silkinishlari natijasidir. Bularga respublikadan tashqaridagi har qanday zilzilalar kiradi — ularning intensivligi  Toshkent hududida olti balldan oshmaydi.

“Daryo” yangiliklarini Facebook’da kuzatib boring

Опубликовано: admin (4-05-2017, 09:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 83) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют