» » Olmaliq shahri markazi tubdan yangilanadi

Olmaliq shahri markazi tubdan yangilanadi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olmaliq shahrining bosh rejasi asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

2035-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejaga ko‘ra Olmaliqning ma’muriy hududi 2,6 ming gektardan 3,5 ming gektarga yetkaziladi. Sanoat hududi shahar markazidan olib chiqilib, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, aholiga qulay uy-joylar barpo etish ko‘zda tutilgan.

Imtiyozli ipoteka krediti asosida beriladigan yetti qavatli o‘nta uy Ibn Sino ko‘chasida bunyod etilmoqda. Har biri 42 xonadonga mo‘ljallangan ushbu uylarning dastlabki ikkitasi qurib bitkazilish arafasida.

Loyihaga ko‘ra, bu yerda gipermarket, maktabgacha ta’lim muassasasi, madaniyat va istirohat bog‘i ham quriladi. Bu aholi farovonligini yuksaltirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezident aholining uy-joyga ehtiyojini hisobga olib, to‘qqiz qavatli uylar barpo etishni taklif etdi.

“Yangi uylar Vatanimiz mustaqilligining 27-yilligi arafasida shahar ahliga munosib tuhfa bo‘ladi. Uylar qurilishi yildan-yilga kengayib boradi. Kelgusida bu yerda barcha qulayliklarga ega zamonaviy mikrorayon qad rostlaydi, xalqimiz ham bizdan rozi bo‘ladi”, — dedi Prezident.

Olmaliq shahridagi “Oydin” dehqon bozori va buyum bozorining bugungi kundagi holati, xizmat ko‘rsatish darajasi talabga javob bermay qolgan sababli bozorlarni kapital rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha bino va savdo nuqtalari barpo etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi.

Mazkur loyihada dehqon bozoridagi turg‘un savdo nuqtalarini tartibga keltirib, zamonaviy avtoturargoh, buyum bozori uchun 450 o‘rinli pavilyonlar barpo etish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari ushbu bozorlarda sotuvchi va xaridorlarga yaratiladigan shart-sharoitlar bilan qiziqdi. Inshootlarni zamonaviy qurilish materiallaridan foydalangan holda qisqa muddatda sifatli barpo etish, qo‘shimcha qulayliklar yaratish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.

Olmaliq shahar bolalar shifoxonasi rekonstruksiyasi binosida ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, tez tibbiy yordam, yuqumli kasalliklar, qon quyish bo‘limlari, boshqa bo‘linmalar joylashadi.

Davolash-profilaktika muassasalari markazlashishi natijasida bo‘shagan binolarda yangi oilaviy poliklinikalar tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Shifoxona binosini shu yil oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev shifoxonani zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash, buning uchun zarur mablag‘lar ajratish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Prezidentga zamonaviy tipdagi shahar FHDYo bo‘limining yangi binosi qurilishi loyihasi namoyish etildi. Bobur nomidagi mahalla hududida barpo etiladigan ushbu binoda FHDYo bo‘limi, notarial idora va “Yagona darcha” markazi faoliyat ko‘rsatadi. Bu tipdagi FHDYo binosi ilk bor loyihalashtirilgan bo‘lib, adliya idoralarining bir joyda joylashuvi aholiga sifatli yuridik xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradi.

Hayotda inson turli masalalar bilan har xil idoralarga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi. Nikohdan o‘tayotgan yoshlar, huquqiy masalalar bo‘yicha kelgan aholi va tadbirkorlarga bir joyda yordam berish xizmat ko‘rsatish sifatini zamonaviy talablar darajasida tashkil qilish imkonini yaratadi. Yangi loyihaga ko‘ra bunday xizmatlarni ko‘rsatadigan idoralar bir maskanda joylashadi. Nikohni qayd etish bilan birga to‘y marosimlarini ham shu maskanlarda o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Shunday qilsak, FHDYo bo‘limi ham ishlaydi, ham tartib-intizom bo‘ladi, to‘ylarimizni madaniyatli, ma’rifatli qilib o‘tkazishga erishamiz. Buning uchun ushbu loyihani yanada takomillashtirish, qurilish ishlarida har bir hududning iqlimi, o‘ziga xos sharoitini hisobga olish zarur.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Shu yerda Olmaliq shahrida oqova suv inshootlarini rekonstruksiya qilish loyihasi taqdimoti ham o‘tkazildi.

“Daryo”ning YouTube’dagi rasmiy sahifasiga obuna bo‘ling

Опубликовано: admin (11-08-2017, 18:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 85) ( 0) ( 84) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют