» » Maktab: ota-onalardan pul yig‘ish qonuniy (mi)?

Maktab: ota-onalardan pul yig‘ish qonuniy (mi)?


O‘zbekiston davlat budjetidan 2016-yil umumta’lim maktablarini ta’mirlash uchun 1,5 trillion so‘m ajratilgan. Bundan tashqari, davlat budjeti va mahalliy hokimiyatdan umumiy ta’limni rivojlantirish uchun har yili qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Shunga qaramasdan, respublika umumiy ta’lim muassasalarida ota-onalardan turli bahonalar bilan pul yig‘ib olish odatiy holga aylangan.

Masalan, ommaviy axborot vositalarida xabar qilinishicha, Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi maktablardan birida ota-onalardan sinf fondi uchun har oy 5 ming so‘mdan, maktab fondi uchun esa 30 ming so‘mdan pul yig‘ilishi talab qilingan. Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan yana maktablarda yig‘a-yig‘ boshlanganligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar uchrab turibdi.

Maktab ma’muriyati o‘quvchilar orqali ota-onalardan, asosan, sinfni ta’mirlash, bayram tadbirlarini o‘tkazish, o‘qituvchilarga sovg‘a sotib olish va maktab faoliyatining boshqa jabhalari uchun pul yig‘ib oladilar.

“Biznes-daily.uz” nashri mazkur masalani huquqiy jihatdan tahlil qildi.

Xo‘sh, maktab ma’muriyati va o‘qituvchilar o‘quvchilar va ota-onalardan pul yig‘ib olishi qonuniymi?

Umumiy ta’lim olish huquqi. Umumiy ta’lim muassasasi xarajatlarini qoplash uchun ota-onalardan pul yig‘ib olish amaliyotining qonuniyligini muhokama qilishda, eng avvalo, O‘zbekistonda umumiy ta’lim olish huquqi konstitutsiyaviy huquq darajasiga ko‘tarilganligi va bepul ekanligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga ko‘ra, har kim bilim olish huquqiga ega bo‘lib, davlat bepul umumiy ta’lim olishni kafolatlaydi.

Ta’lim to‘g‘risidagi Qonunning 4-moddasiga binoan, har kim bilim olishda teng huquqlarga egadir.

Umumta’lim maktabi to‘g‘risidagi Nizomning 2-bandiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolariga davlat umumta’lim andozalari doirasida bepul umumiy ta’lim olishning kafolatlangan huquqi va imkoniyatini beradi.

Umumiy ta’lim muassasalarining davlat tomonidan moliyalanishi. Bepul umumiy ta’limni kafolatlash davlatning umumiy ta’lim bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy sarf-xarajatlarni o‘z zimmasiga olishini anglatadi. Shu sababli, Ta’lim to‘g‘risidagi Qonunning 31-moddasida davlat ta’lim muassasalarini moliyalash respublika va mahalliy budjetlar mablag‘lari, shuningdek, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishi belgilangan. Umumta’lim maktabi to‘g‘risidagi Nizomning 8-bandida esa, davlat maktab faoliyati va uni rivojlantirishning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy asosini kafolatlaydi, uning moddiy-texnik, moliyaviy va boshqa ehtiyojlarining qondirilishini ta’minlaydi.

Unda, shuningdek, maktabda qo‘shimcha o‘quv predmetlari va rejadan tashqari kurslar joriy qilinganda, tajriba-eksperiment ishlari olib borilganda, eksperimental pedagogik maydonchalar tashkil etilganda, yangi turdagi maktablar ochilganda, shuningdek, boshqa hollarda hokimliklar maktabni zarur moddiy-texnika bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lar ajratishlari mumkinligi yozilgan.

Ta’limni rivojlantirishga oid maqsadli eksperimentlar, istiqbolli pedagogik dasturlarni ilgari surgan eksperimental va boshqa maktablarning faoliyati Xalq ta’limi vazirligining markazlashgan fondi hisobidan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyat XTB, Toshkent shahar XTBB fondlari va boshqa jalb qilingan mablag‘lardan moliyaviy ta’minlanishi mumkin.

Hokimliklar maktablarga zarur inshootlar va binolar, muhandislik kommunikatsiyalari, yer maydonlari, o‘quv qurollari, inventarlarni yetkazib beradi;

maktab binolari va inshootlarini o‘z vaqtida asosli va joriy tuzatib berishni, maktablarni asbob-uskunalar bilan ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi.

Umumta’lim muassasalarining mulki va mablag‘i. Umumta’lim maktabi to‘g‘risidagi Nizomning VI bo‘limi maktablarning moliya-xo‘jalik faoliyatiga bag‘ishlangan. Mazkur bo‘limda maktabning moliyaviy mablag‘i davlat budjeti va maktabning boshqa manbalardan tashkil topuvchi o‘z mablag‘lari hisobiga shakllanishi aytiladi. Maktabning moliyaviy mablag‘lari uning to‘la ixtiyorida bo‘lib, uni taqsimlash huquqi Maktab kengashiga tegishlidir. Maktabning o‘z mablag‘lari quyidagi asosiy manbalar hisobiga shakllanishi mumkin:

– maktabning xo‘jalik faoliyatidan, maktab tomonidan ko‘rsatilgan pullik xizmatlardan, maktab binosi va jihozlarini ijaraga berishdan olingan daromadlar;

– davlat, tashkilotlar, ota-onalar va boshqa fuqarolarning ixtiyoriy badallari;

– bank krediti va boshqa tushumlar;

– maktab ustaxonalari, maktab uchastkasi va issiqxonalari mahsulotlarini sotishdan tushgan daromadlar.

Bundan tashqari, Nizomga ko‘ra, maktab kam ta’minlangan oilalarning bolalariga umumiy ta’lim fondi, maktab fondi mablag‘lari hisobidan darsliklar, o‘quv-yozuv qurollari, kiyim-bosh, oyoq kiyimlari sotib olishda va tekin yoki imtiyozli ovqatlanishni tashkil etishda moddiy yordam ko‘rsatadi.

Yuqorida keltirilgan Nizom bandlariga ko‘ra, ota-onalar va boshqa fuqarolar maktabning o‘z mablag‘lari fondiga faqat ixtiyoriy ravishdagina moliyaviy to‘lov berishi mumkin, ya’ni majburiy emas.

Ixtiyoriy va majburiy to‘lov o‘rtasidagi farq. Yuqorida ta’kidlanganidek, maktabning mablag‘i ota-onalardan kelib tushadigan ixtiyoriy badallar hisobiga ham shakllanadi. Demak, amaldagi qonunchilik maktablarning ota-onalardan pul yig‘ish amaliyotini taqiqlamaydi. Ammo ota-onalar tomonidan to‘lanadigan badallar va boshqa ko‘rinishdagi xayr-ehson harakatlari ixtiyoriy bo‘lishi kerak. Ota-onani turli yo‘llar bilan pul to‘lashga majbur qilish noqonuniy hisoblanib, har bir ota-ona bunga qarshi qonuniy choralarni ko‘rishi kerak.

Ota-onani pul to‘lashga majburlash turli xil ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Masalan, pul to‘lanmagan taqdirda, o‘qituvchi o‘quvchini sinf oldida kamsitishi, ota-onasi pul to‘lamagani uchun tanbeh berishi (masalan, “Butun sinf to‘ladiyu, bitta sen to‘lamading”) mumkin. Yoki bo‘lmasa, yangi o‘quvchini maktabga qabul qilish uchun ota-onadan maktab fondi uchun pul o‘tkazishini shart qilib qo‘yishi mumkin. Umuman olganda, ota-ona maktab ma’muriyati so‘ragan pulni yoki boshqa ko‘rinishdagi yordamni bermagani uchun farzandiga qarshi qilingan har qanday bosim noqonuniy hisoblanadi. Chunki u bosimga uchragan o‘quvchilar ota-onasini noixtiyoriy ravishda pul to‘lashga majbur qiladi.

To‘lovlarni nazorat qilish. Ota-ona ixtiyoriy ravishda maktab faoliyatiga moliyaviy ko‘mak berish maqsadida pul to‘lagan taqdirda, barcha to‘plangan mablag‘lar rasmiylashtirilishi kerak. Aks holda, ota-onalardan yig‘ilgan mablag‘lar qanday tasarruf etilayotganini nazorat qilish qiyin bo‘ladi. Masalan, ota-onalar majlisida sinf rahbari raqs to‘garigini ochish uchun yana 800 ming so‘m qo‘shimcha mablag‘ zarurligini aytsa va ota-onalar mazkur pulni yig‘ib berishga rozilik bildirsa, pul kim tomonidan va qay ko‘rinishda yig‘ilishi (masalan, bank hisobiga pul o‘tkazish yoki naqd pul to‘lash), mablag‘ qaysi maqsadlar uchun sarflanishi (masalan, raqs to‘garagi olib boriladigan xonani ta’mirlash va jihozlash), mablag‘ ko‘zlangan maqsadlarda sarflanishini kim nazorat qilishi, mablag‘lar qanday sarflangani haqida ota-onalarga qachon va qay ko‘rinishda hisobot berilishi kabi masalalar haqida rasmiy hujjat tuzilishi shart (bayonnoma ko‘rinishida bo‘lishi mumkin).

Ota-ona o‘z ixtiyori bilan pul to‘lashga qaror qilganda, mablag‘ni iloji boricha maktab bank hisobiga o‘tkazish kerak. Bu o‘z navbatida pul o‘tkazilganligini isbotlashni osonlashtiradi. Shu bilan birga, maktab rahbariyati mazkur mablag‘ qanday sarflangani haqida davlatga hisobot beradi. Ota-ona pulni naqd to‘lagan taqdirda esa, pulni qabul qilib olgan o‘qituvchidan qachon, qanday miqdorda va nima maqsadlar uchun pul olingani haqida tilxat tuzib, oluvchi va beruvchi tomonidan imzolanishi kerak. Ota-onalar tomonidan shunday hujjat tuzilishining nazorat qilinmasligi to‘plangan mablag‘larning ko‘zlangan maqsadlar uchun sarflanmasligiga yoki umuman mablag‘ behuda sovurilishiga olib kelishi mumkin.

Qolaversa, yuqoridagi tavsiyalarga rioya etmaslik, umumiy ta’lim uchun ham davlat, ham fuqarolar tomonidan qilinayotgan xarajatlar haqida aniq taassurotga ega bo‘lish imkonini cheklaydi. Masalan, 2017-yil uchun umumiy ta’lim dargohlarini ta’mirlashga davlat tomonidan 100 milliard so‘m pul ajratilgan bo‘lsa, mazkur miqdor umumiy ta’lim muassasalarini moliyalash uchun yetarlimi yoki yo‘qmi, bu haqda xulosa chiqarish qiyin. Sababi, ota-onalar ham katta miqdorda to‘lovlarni amalga oshirmoqda. Davlat har yili 100 milliard so‘m ajratsayu, ota-onalardan kelib tushayotgan to‘lovlarning umumiy miqdori 50 milliard so‘mni tashkil qilayotgan bo‘lsa, demak davlat umumiy ta’lim muassasalari uchun ajratilayotgan pulni 50 foizi ortib qolishi kerak.

Kimga va qanday shikoyat qilish mumkin? Umumiy ta’lim maskanida ro‘y berayotgan huquqbuzarliklar haqida turli davlat organlariga murojaat qilish mumkin. Avvalo, ota-onalar to‘lov talab qilgan o‘qituvchi bilan bog‘lanib, pul nima uchun yig‘ilayotgani, uning majburiymi yoki ixityoriy ekani va to‘lov to‘lamaslik qanday oqibatlarga olib kelishi haqida ma’lumot olishi kerak.

Agar o‘qituvchi to‘lovni ota-onalar uchun majburiy deb aytsa, yuqorida tilga olingan qonun va nizom bandlarini iqtibos keltirgan holda maktab direktoriga ushbu o‘qituvchining xatti-harakati ustidan shikoyat qilish va belgilangan muddatda tegishli choralar ko‘rilishini talab qilish kerak. Agar maktab direktori shikoyatni e’tiborsiz qoldirsa, unda shikoyat arizasini yuqori turuvchi organlarga, xususan, shahar yoki viloyat ta’lim boshqarmasiga, qolaversa, tuman/shahar prokuraturasiga yuborish lozim. Bunday holatlarda tegishli huquqiy maslahat olish uchun davlat organlarining portaliga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining veb-sahifasiga joylashtirilgan ishonch telefoni xizmatlaridan ham foydalanishingiz mumkin.

Bundan tashqari, pul to‘lashga majbur qilish uchun o‘quvchiga bosim o‘tkazilayotga bo‘lsa, shikoyat qilishdan oldin, bunday bosim o‘tkazish hollarini isbotlash uchun kerakli dalillar yig‘ish lozim. Masalan, maktab ma’muriyatidan kim, qachon va nima uchun pul to‘lashni talab qilgani va o‘quvchiga qarshi qanday bosim o‘tkazilgani kabi ma’lumotlarni to‘plash kerak. Agar bosim natijasida o‘quvchi jiddiy ruhiy azob ko‘rgan bo‘lsa, doktor qabuliga borib, bo‘lib o‘tgan bosimlarni bayon qilib, o‘quvchining ruhiy sog‘lig‘i haqida xulosa olish kerak. Agar boshqa o‘quvchilar ham pul to‘lamaganlari uchun maktab tomonidan kamsitilgan bo‘lsa, ularning ota-onalari bilan ham maslahatlashib, birgalikda maktab ma’muriyati ustidan shikoyat qilish maqsadga muvofiq.

Barcha lozim bo‘lgan hujjatlarni to‘planganidan keyin, yozma shikoyat arizasi bilan shahar/tuman yoki viloyat prokuraturasiga murojaat qilish mumkin. Xalq ta’lim boshqarmalari maktablarning o‘quv-moddiy bazasini mustahkamlash uchun javobgar bo‘lganlari uchun, shikoyat arizasining bir nusxasini bir vaqtning o‘zida u yerga ham yuborish mumkin.

“Daryo” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring

Опубликовано: admin (14-09-2017, 16:27)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 55) ( 0) ( 53) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют