» » Namangandagi sirti yaltiroq, ichi qaltiroq maktablar

Namangandagi sirti yaltiroq, ichi qaltiroq maktablar


“Shinam va ko‘rkam, barcha shart-sharoitlar yaratilgan maktabda o‘qishga nima yetsin?!”. Bu katta avlod vakillarining orzu-istagi edi. Shukrki, mustaqillik yillarida ta’lim tizimi tubdan isloh qilindi. Farzandlarimizning ta’lim olishi uchun zamonaviy maktablar qurilishiga alohida e’tibor qaratildi. 2004–2009-yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi, undan keyingi yillarda Investitsiya dasturi asosida yuzlab ko‘rkam maktablar qad rostladi, aksariyati ta’mirdan chiqarildi. Bolalarimiz ota-onalari orzu qilgan imkoniyat va shart-sharoitlarga ega bilim maskanlarida ta’lim ola boshladilar. Ammo…

2016-yilda Namangan shahridagi 6 ta, ya’ni 14-, 15-, 36-, 44-, 50- va 55-umumta’lim maktablarida kapital ta’mir va rekonstruksiya ishlari olib borilib, ilm maskanlari yangi qiyofa va shart-sharoitlarga ega bo‘lgan edi. O‘tgan yili foydalanishga topshirilgan bir nechta ta’lim muassasasida bilim olishga astoydil kirishgan o‘g‘il-qizlarning shodligi cheksiz, quvonchlari bir olam bo‘ldi. Lekin 50-maktab o‘quvchilarining xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. 2016—2017-o‘quv yili yakunlangach, jamoa zimmasiga yangi maktabni ta’mirlash tashvishi tushdi.

Bir yil muqaddam dastur asosida 1 milliard 512 million 435 ming so‘m mablag‘ sarflanib, kapital rekonstruksiya qilingan maktab yana ta’mirtalab ahvolda! Ta’lim muassasasining bugungi holati bilan tanisharkanmiz, maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Rustamjon Qosimov va o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Rahbaroy Shomirboyeva maktabni yangi o‘quv yili, kuz-qishki mavsumga tayyorlash ishlari jadal olib borilayotganini ta’kidladi.

— 2017—2018-o‘quv yiliga puxta hozirlik ko‘rish maqsadida mahalliy budjetdan 6 million so‘m ajratildi, ammo maktab binosining ayrim joylari ta’mirtalab bo‘lib qolgani sababli homiylik asosida ota-onalardan 7 million so‘m yig‘ilib, ta’mirlash ishlariga sarflanyapti, — deydi direktor o‘rinbosarlari. — O‘tgan yili bir yarim milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga rekonstruksiya qilingan binoning ayrim qismlari, sinf xonalari va yo‘laklarda bo‘yoq, suvoq ko‘chib tushdi. Sport zali, tibbiyot xonasi, oshxona, birinchi va ikkinchi qavatlardagi ayrim sinfxonalarni maktab jamoasi kuchi bilan qayta ta’mirdan chiqardik.

Kapital rekonstruksiya qilingan inshoot nega bir yildayoq ta’mirtalab holga kelib qoldi? Obyektda qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borgan (ishni sifatsiz bajargan!) “Rovustonqurilishservis” MChJ mas’ullari bundan xabardormi?

Bizga ma’lum bo‘lishicha, maktab ma’muriyatining murojaatidan so‘ng MChJ quruvchilari qayta ta’mirlash ishlarining bir qismini bajarib bergan. Ammo tugallanmagan qurilish ishlari yana o‘qituvchilar zimmasida qolgan.

Xuddi shunday holat shahardagi 44-umumta’lim maktabida ham kuzatildi. Maktab o‘tgan yili “Standartqurilish” MChJ quruvchilari tomonidan kapital rekonstruksiya qilingan. Bunyodkorlik ishlari uchun davlat budjetidan 1 milliard 400 million so‘m ajratilgan. Qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgani, sifatsiz qurilish materiallari ishlatilgani tufayli o‘quv binosining tashqi va ichki qismidagi devorlar bo‘yog‘i ko‘p o‘tmay ko‘cha boshladi. Birinchi qavatdagi ikkita matematika xonasi poli esa yarim yil o‘tmayoq yaroqsiz holga kelgan.

— Eshik va deraza romlariga o‘ta sifatsiz tutqichlar, qulflar, oshiq-moshiqlar o‘rnatilgani sababli o‘quv yili davomida ularni almashtirishga majbur bo‘ldik, — deydi maktab direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Zohidjon Dadaboyev. — Ta’mirdan uch oy o‘tgach, maktab radiouzeli ishlamay qoldi. Bir necha bor murojaatimizdan keyin quruvchi tashkilot mutaxassislari kelib uni tuzatib berishdi. Biroq sinfxonalarning holatiga parvo ham qilishmadi. Bu yil o‘z kuchimiz bilan pollarni qayta bo‘yadik. Har bir xonaga 7-8 banka bo‘yoq sarflashga to‘g‘ri keldi. Buning uchun ota-onalardan homiylik asosida qariyb 17 million so‘m yig‘ib, quruvchilar qoldirgan kemtiklarni tuzatdik…

Maktab direktori Islomjon Egamberdiyevning aytishicha, “Standartqurilish” MChJ mutasaddilari qayta ta’mirlash ishlari uchun o‘z hisobidan 60 kg bo‘yoq bergan. Ammo bu kamchiliklarni to‘ldirish uchun yetarli bo‘lmagan.

Darvoqe, tender shartlariga ko‘ra, loyihadagi mablag‘ning 5 foizi quruvchilar hisobiga barcha ishlar bajarib bo‘lingach, bir yildan so‘ng o‘tkazib berilishi lozim. 50- va 44-umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash ishlarini bajargan korxonalarning 5 foizlik kafolat mablag‘i hali buyurtmachi tashkilot — Namangan viloyati injiniring kompaniyasi hisob raqamida turibdi. Kompaniya qurilish tashkilotlari bilan yakuniy hisob-kitob qilayotganda sifatsiz bajarilgan ish uchun tegishlicha ulushni olib qolish hisobidan maktablarda qayta ta’mirlash ishlariga sarflangan mablag‘larni qoplab berarmikan?

Pop tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi ham o‘tgan o‘quv yilini yangilangan binoda qarshi olgan edi. Afsuski, ko‘p o‘tmay binoni isitish tizimida nosozlik vujudga kelib, quvurlardan suv oqa boshlagan va devor bo‘yoqlarini yuvib ketgan. Aftidan bu kamchiliklarni “ikir-chikir” deya pisand qilmagan Abduvosit Umarov rahbarligidagi “Qurilish-savdo” xususiy korxonasi quruvchilari pedagogik jamoaning bir necha bor murojaatiga qaramay maktabga qayta qadam bosmagan.

2016-yili shu tumandagi 19-maktabda “Sohmon qurilish servis” xususiy korxonasi tomonidan qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan. Ish sifatsiz bajarilganidan maktab binosi yonidagi yong‘in xavf¬sizligi havzasida suv saqlab bo‘lmaydi — tagidan oqib, yerga singib ketadi. Devordagi bo‘yoqlar o‘tgan o‘quv yilining o‘zidayoq to‘kila boshlagan. Quruvchi tashkilot mutasaddilari bu masalaga e’tiborsiz qarab kelmoqda. Ta’lim muassasasi rahbari Gulbahor Qurolovaning ta’kidlashicha, oqibatda maktabni yangi o‘quv yiliga tayyorlashda ota-onalarning moddiy yordamidan foydalanishga majbur bo‘lingan.

— Ota-onalar bilan kengashgan holda 3,5 million so‘m yig‘dik. Maktab vasiylik kengashi, kasaba uyushmasi va ma’muriyatning qo‘shma yig‘ilishi qarori asosida yig‘ilgan pullarga qurilish-pardozlash materiallari sotib oldik, — deydi Gulbahor Qurolova.

Biz “Sohmon qurilish servis” xususiy korxonasi rahbari O.Xolmirzayev bilan telefon orqali bog‘lanishga harakat qildik. O‘zini ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i, deya ism-familiyasini aytishni istamagan suhbatdoshimizning so‘zlariga ko‘ra, “kamchiliklar tezda tuzatilar” ekan. Ammo yangi o‘quv yiliga sanoqli kunlar qolmoqda. Chala qolgan ishlar qachon bitishi to‘g‘risidagi savolimiz esa ochiq qoldi.

Namangan shahridagi 44-maktabni kapital rekonstruksiya qilgan “Standartqurilish” korxonasi rahbari Asqarjon Mullaboyev ham telefonda aynan shu gapni takrorlash bilan cheklandi.

2017-yilgi Investitsiya dasturiga ko‘ra, ayni paytda viloyatdagi 20 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Buning uchun qariyb 37 milliard so‘m yo‘naltirilgan. Davlat budjetidan ajratilgan bu mablag‘lar bu yil qanday sarflanmoqda? Ishlar sifatsiz bajarilib, pullar havoga sovurilmayaptimi?

Bu savolga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassisi G‘olibjon Asraqulov shunday javob qaytardi:

— O‘tgan yili foydalanishga topshirilgan ayrim umumta’lim maktablarida bajarilgan qurilish-ta’mirlash ishlarining sifatsizligi to‘g‘risidagi har bir e’tiroz joylarda sinchiklab o‘rganilyapti va tegishli tashkilotlar bilan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunday kamchiliklar bu yil ham yuzaga kelmasligi uchun qurilish sohasi bo‘yicha bilim va tushunchaga ega mutaxassislar, jamoatchilik vakillari, maktab o‘qituvchilari va rahbarlaridan iborat maxsus hay’at guruhi tuzilgan. Ular deyarli har kuni ta’mirlash ishlari olib borilayotgan maktablarda bo‘lib, ish va materiallar sifatini nazorat qilyapti. Aniqlangan muammo va kamchiliklar o‘sha joyning o‘zida mas’ullar bilan hal etilmoqda.

Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, uni qurish-ta’mirlash bo‘yicha zimmasiga yuklangan vazifaga mas’uliyatsizlik bilan yondashish farzandlarimizga, xalqimizga va davlatimizga xiyonat qilish bilan barobardir. Bu masalaga keng jamoatchilik, birinchi navbatda, mutasaddi rahbarlar, qolaversa, maktab ma’muriyati, mahalla faollari va ota-onalar befarq qaramasligi lozim.

G‘anisher Akbarov, 
“Ma’rifat” gazetasi muxbiri

“Daryo”ning YouTube’dagi rasmiy sahifasiga obuna bo‘ling

Опубликовано: admin (17-08-2017, 09:27)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 72) ( 0) ( 71) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют