» » O‘zbekistonda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etiladi

O‘zbekistonda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etiladi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matnini O‘zA keltirib o‘tdi.

Farmon jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida, shuningdek, 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etiladi.

Vazirlikning markaziy apparati tuzilmasida sport faoliyatini tashkil qilishda asoslilik, obyektivlik va shaffoflikni ta’minlashga, shu jumladan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ajratilgan davlat moliyaviy mablag‘laridan oqilona foydalanilishini tahlil qilish, aholining sport xizmatlaridan qoniqish darajasi va sport xizmatlaridan foydalana olish shart-sharoitlarini baholash, shuningdek, korrupsiya va boshqa suiiste’molchilik holatlarini aniqlash uchun mas’ul bo‘lgan Jismoniy tarbiya va sport sohasida monitoring boshqarmasini tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.

Bevosita Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalariga bo‘ysunadigan va Jamg‘arma hisobidan moliyalashtiriladigan tumanlar (shaharlar) jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari tuziladi.

Shuningdek, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti qoshidagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi Vazirlik tasarrufiga beriladi, u Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Ko‘kcha Darvoza ko‘chasi, 27-uy manzilda joylashtiriladi, Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida uning filiallari ochiladi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti negizida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tashkil etiladi.

Bundan tashqari, jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilarini jalb qilgan holda sport kiyimi, anjomlari va jihozlarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalar faoliyatini tashkil etish uchun poytaxt mintaqasida “Sport” erkin iqtisodiy zonasi yaratiladi.

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish hamda ommalashtirishda, mamlakatning xalqaro sport maydonidagi nufuzini oshirishda alohida xizmat ko‘rsatgan jismoniy tarbiya va sport sohasi xodimlari hamda boshqa shaxslarni taqdirlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jismoniy tarbiya va sport xodimi” faxriy unvoni ta’sis etiladi.

Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:

jismoniy tarbiya va sport sohasida aholining keng qatlamlarini sport bilan shug‘ullanishga va sog‘lom turmush tarzini yuritishga jalb etish, jismonan sog‘lom o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalash, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirish, oliy sport mahorati sohasida mamlakatimizning xalqaro sport maydonida munosib ishtirokini ta’minlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

vazirliklar va idoralar jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari hamda klublarining faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, respublika maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalari jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va instruktorlari faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;

mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari, ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish borasida keng ko‘lamli ishlarni tashkillashtirish;

bolalarni sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga jalb etish, bolalar sport ta’limi sifatini oshirish, barcha hududlarda, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda bolalar sporti obyektlari tarmog‘ini yanada kengaytirish orqali bolalar sportini yanada rivojlantirish;

Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqa va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokni ta’minlash uchun istiqbolli sportchilarni tanlash, tayyorlash va mahoratini oshirishning, ular orasidan mamlakat terma jamoalari sifatli sport zaxirasi va tarkibini shakllantirishning samarali tizimini yaratishda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) bilan hamkorlik qilish;

mamlakatimizda professional, ommaviy sportni, shu jumladan sport o‘yinlari va qishki sport turlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, barcha sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalar tashkil etish, nosog‘lom sport raqobatiga va taqiqlangan preparatlar ishlatilishiga qarshi tizimli choralar ko‘rishni rag‘batlantirish;

jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tashkilotlari, obyektlari va inshootlarining ommaviy sport, bolalar sporti va professional sport yo‘nalishlari bo‘yicha moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mustahkamlash, ulardan maksimal darajada va samarali foydalanilishini ta’minlash, sport asbob-uskunalari hamda inventarlarining mamlakatimizda ishlab chiqarilishini tashkil etish va kengaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda qatnashish;

jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish hamda sport tashkilotlarini, ta’lim va sport-ta’lim muassasalarini yuqori malakali trenerlar va boshqa sport mutaxassislari bilan ta’minlash;

jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro va davlatlararo sport aloqalarini kengaytirish hamda mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish borasidagi ishlarni tashkil qilish, ommabop sport dasturlarini tashkil etishga ko‘maklashish, jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid ommaviy adabiyotlar chop etish, video va kino materiallar tayyorlash.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (6-03-2018, 09:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 86) ( 0) ( 85) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют