» » Yuz yil oldin Afg‘oniston Buxorodan 200 ming qochqin qabul qilgan edi... O‘zbekiston – Afg‘oniston aloqalari tarixidan

Yuz yil oldin Afg‘oniston Buxorodan 200 ming qochqin qabul qilgan edi... O‘zbekiston – Afg‘oniston aloqalari tarixidan


Mintaqaviy siyosatda yana faollashgan O‘zbekiston janubiy qo‘shnisi — Afg‘onistonga alohida e’tibor qaratmoqda. Yaqinda o‘tkazilgan Toshkent konferensiyasi, Afg‘oniston rahbariyati bilan yaqin munosabatlar, o‘zaro safarlar shundan dalolatdir.

Yaqin tarixda bu ikki qo‘shni davlat turli shakldagi aloqalarga kirishib kelgan. Bu aloqalarning ayrim qiziqarli jihatlari ko‘pchilikka tanish bo‘lmay, faqat mutaxassislargagina ma’lum. Shu munosabat bilan O‘zbekiston – Afg‘oniston aloqalaridan ayrim lavhalarni esga olishga qaror qildim.

1747-yili Qandahor shahrida pushtunlarning hilzay qabilasi vakili Ahmadshoh Durroniy turkmanlarning afshor qabilasidan chiqqan Eron shohi, bir necha yillar muqaddam mazkur hududlarni o‘ziga bo‘ysundirgan Nodirshohning vafotidan foydalanib, mustaqil Afg‘oniston davlatini e’lon qildi. Afg‘oniston tarixi shu sanadan boshlandi.

Durroniylardan so‘ng hokimiyatga kelgan Barakzay sulolasi davrida Afg‘oniston sekin-asta kuchayib, hududlarini shimolga tomon kengaytirib bordi. U payti Amudaryoning janubiy sohilida Buxoro amirligiga qisman bo‘ysunuvchi Balx, Qunduz, Shibirg‘on, Maymana singari qator bekliklar mavjud edi. Amir Do‘stmuhammadxon Barakzay asosan o‘zbeklar istiqomat qiluvchi yangi bo‘ysundirilgan shimoliy bekliklarni yagona Turkiston viloyatiga birlashtirdi hamda bu yerga pushtunlarni ko‘chirish siyosatini boshlab berdi. 1860-yillarga kelib bu bekliklardan faqat Maymanagina mustaqil bo‘lib qolayotgan edi.

Do‘stmuhammadxonning vafotidan so‘ng (1863) Buxoro amiri Muzaffarxon Maymanani va boshqa bekliklarni qaytarib olishga urinib ko‘rdi, ammo uning sa’y-harakatlari muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Shu davrda shimoldan boshqa, jiddiyroq dushman — Rossiya imperiyasi bostirib keldi. Bu amirni Afg‘oniston masalasini to‘xtatib, Rossiyaga qarshi kuch to‘plashga majbur etdi.

Afg‘onistonliklar Buxoro amirligini boy-badavlat mamlakat hisoblar edi. XIX asrning ikkinchi yarmida Afg‘onistondan Buxoroga ishlash yoki savdo bilan shug‘ullanish uchun kelishlari odatiy hol edi. Bu holatni o‘sha davrda yashab ijod qilgan afg‘onistonlik shoir Niyoziy Balxiy quyidagicha tasvirlagan edi:

Har faqire, ki omad az Kobul,

Sir dar mulki O‘zbakiston shud.

(Kobuldan kelgan har faqir O‘zbekiston davlatida boyga aylandi — Buxoro amirligining ikkinchi nomi O‘zbekiston edi)

Ammo 1920-yillarda vaziyat keskin o‘zgardi. O‘rta Osiyoda Sovet hokimiyatining o‘rnatilishi, Buxoro amirligi va Xiva xonligining tugatilishi natijasida minglab odamlar o‘z yurtini tashlab, Afg‘oniston hududiga qochib o‘tdi. Afg‘oniston qiroli Omonullaxon qochqinlarga shimoliy viloyatlardan qishloqlar va yerlar ajratib berdi.

Sovet hokimiyatidan qochib kelganlarning umumiy soni 200 ming kishidan oshar edi. Ular orasida buxoroliklar, xivaliklar va qo‘qonliklar bor edi, lekin mutlaq ko‘pchilik Buxorodan bo‘lgani bois mahalliy aholi ularni buxoroliklar deb atardi.

Bundan tashqari, Buxoro amiri Olimxon qarindoshlari va a’yonlari bilan, qo‘rboshilar Shermuhammadbek, Ibrohimbek laqay va Fuzayl Maxsum odamlari bilan, shuningdek, Usmon Xo‘jayev boshchiligidagi jadidlar Afg‘onistonda o‘rnashib, SSSRga qarshi zimdan kurash olib bordi.

Omonullaxon amir Olimxonga Kobul chetidagi Qal’ai Fatu qo‘rg‘onini tortiq qildi hamda nafaqa tayinlandi. Amirlikning sobiq amaldorlari va qo‘rboshilar uning atrofida jipslashdi. Muhojirlarning eng ilg‘or qatlami bo‘lmish jadidlarni esa G‘arb davlatlari hamda Usmonli saltanatining diplomatik missiyalari qo‘llab-quvvatlagan, ular dunyo bo‘ylab erkin harakatlanishi uchun vizalar taqdim etgan edi.

U paytlar Afg‘oniston mintaqaning eng tezkor sur’atlarda rijovlanayotgan davlati hisoblanar edi. Afg‘oniston Osiyoda G‘arb mustamlakachilari tomonidan bo‘ysundirilmagan uch davlatdan biri edi (qolgan ikkisi — Usmonli saltanati va Qojar davlati). Omonullaxon 1919-yili bo‘lib o‘tgan Uchinchi Ingliz-Afg‘on urushida ham g‘alaba qozonib, mamlakat mustaqilligini to‘liq ta’minlagan edi.

Shunga qaramay, u G‘arb davlatlari, xususan, Buyuk Britaniya bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, mamlakatni rivojlantirishga, zamonaviylashtirishga, sanoatlashtirishga urinayotgan edi. Omonullaxon shu paytgacha shariat asosida boshqarib kelingan Afg‘onistonni dunyoviy davlatga aylantirish maqsadida o‘zini qirol deb e’lon qildi hamda sekulyar islohotlarni boshlab yubordi. 1923-yili konstitutsiya qabul qilindi, yer-mulk oldi-sotdisiga ruxsat etildi, soliq pul bilan to‘lanadigan bo‘ldi, dunyoviy o‘quv muassasalari ochildi. Uning davrida Afg‘onistonda jamoat joylarida diniy bosh-kiyimda yurish mumkin emas edi. Bir kuni amir Olimxon boshida kattakon salla bilan kechki Kobulda kezib yurganida politsiya tomonidan to‘xtatilib, sallasi yechtirilgan edi. Bu voqea o‘zini musulmonlar rahnamosi deb biluvchi amirning nafsoniyatiga tekkanidan u Omonullaxonni xush ko‘rmas edi.

Afg‘onistonning diniy arboblari ham qiroldan norozi bo‘lib, unga qarshi xalqni qo‘zg‘ay oldi. Natijada Omonullaxon 1929-yili taxtdan voz kechdi va Italiyaga chiqib ketdi, uning o‘rniga hokimiyat tepasiga kelgan Habibulla Bachai Saqo yana diniy davlat asoslarini tikladi.

Barcha yaxshi biladigan Sovet-Afg‘on urushi (1979–1989) aslida bu ikki davlat o‘rtasidagi ikkinchi harbiy ixtilofdir. Birinchi urush ikkinchisidan roppa-rosa 50 yil oldin bo‘lib o‘tgan edi.

SSSR Afg‘onistonda o‘rnashib olgan 200 ming kishilik buxoroliklar diasporasiga katta hadik bilan qarar edi, zero qo‘rboshilar tez-tez Afg‘onistondan O‘zbekiston SSR hududiga o‘tib, sovet askarlariga hujum uyushtirar, infrastrukturani vayron qilardi, ziyolilar esa targ‘iboti bilan sover fuqarolarini “yo‘ldan urardi”. Buxoroliklar Afg‘oniston shimolida, SSSR chegarasiga yaqin hududda yashashi sovetlarni tashvishga solmay qo‘ymas edi. Diplomatik yo‘llar bilan Afg‘onistonni buxoroliklarni tinchlantirishga majbur eta olmagan Moskva harbiy kuch ishlatishga qaror qildi.

1929-yili Omonullaxonning taxtdan voz kechishidan so‘ng boshlangan to‘polonlardan foydalangan Qizil armiya qo‘shilmalari hujumni boshladi. 1929-yil 15-aprelda, Ramazon oyining oxirgi kunlarida sovet samolyotlari havo chegarasini buzib o‘tdi. Bir muddatdan so‘ng Vitaliy Primakov boshchiligidagi otryad Termiz yaqinidan Afg‘oniston hududiga bostirib kirdi (oradan 50 yil o‘tib, yana bir sovet otryadi xuddi shu yerdan Afg‘onistonga kiradi). Zamonaviy harbiy mashinalarni ko‘rish uchun kazarmalardan tashqariga yugurib chiqqan 50 nafar afg‘on chegarachisidan 48 nafari shu zahotiyoq otib tashlandi. Bir hafta ichida — 22-aprelga kelib sovetlar Mozori Sharifni egalladi. 26-aprel kuni ikkinchi otryad chegarani kesib o‘tdi. Shaharlar samolyotlardan bombalandi.

Sovet qo‘shini rasman Omonullaxon hokimiyatini tiklash uchun kelgan bo‘lsa ham, uning asosiy nishoni buxoroliklar edi. Ular buxoroliklar istiqomat qiluvchi qishloq va mahallalarga hujum qilib, tinch aholini o‘qqa tutar, ularni chegaradan uzoqroq yerlarga ko‘chib ketishga majbur qilar edi.

Biroq sovet qo‘shinlari Mozori Sharifda qo‘rboshilar va mahalliy ko‘ngillilar tomonidan qurshab olindi. Katta talafot ko‘rgan Primakov Kobuldan ham yordam kelayotganini eshitib, chekinishga qaror qildi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida amir Olimxon atrofida birlashgan buxoroliklar va qo‘qonliklar guruhi O‘zbekistondan sovetlarni quvib chiqarishga bo‘lgan oxirgi urinishni amalga oshirdi. Qo‘rboshi Shermuhammadbek hamda amir Olimxonning kuyovi Mubashshirxon Taroziy Gitler Germaniyasi bilan aloqa o‘rnatib, SSSR hududiga bostirib kirish hamda hokimiyatni egallash rejasini tuza boshladi. Hatto Taroziy boshchiligida quvg‘indagi hukumat ham ta’sis etildi.

Lekin Afg‘oniston hududida ishlagan sovet agenti Bahrom Ibrohimov (Mahmud Oyqorli) ularning rejalariga to‘sqinlik qilib, fitnaning o‘ndan ortiq ishtirokchilarini hibsga oldi yoki yo‘q qildi. Fashistlar bilan aloqalarda gumonlangan ko‘plab buxorolik yoshlar va ziyolilar hibsga olindi, ular orasida Olimxonning o‘g‘li ham bor edi. Sovet hokimiyatini ag‘darishni maqsad qilgan  “Faola” va “Yosh Turkiston ittifoqi” singari harakatlar tugatildi. Sovet elchixonasining talabiga binoan 1944-yil boshida buxoroliklar shimoliy viloyatlardan deportatsiya qilindi. Guvohlarning ta’riflashicha, qish qahratonida ayollar, bolalar va qariyalar ko‘chaga haydab solinib, piyoda yuzlab kilometr yurishga majbur etilgan. Homiladorlar yo‘l chetida tug‘ishga majbur bo‘lgan, keksalar, kasallar va ochlar o‘lib, ko‘milmay qolib ketgan. Tojik tarixchisi Kamoliddin Abdullayev bu voqeani Stalin buyrug‘iga binoan amalga oshirilgan genotsid akti sifatida baholaydi.

Afg‘oniston amiri Zohirshoh hukumati, shubhasiz, SSSRga nisbatan ancha demokratik edi. Sovet ta’sirining biroz susayishi bilan hibsga olinganlar qo‘yib yuborildi, deportatsiyaga uchragan buxoroliklarning huquqlari tiklandi. Shunga qaramay, Buxoro muhojirlari batamom o‘z kuchini yo‘qotib, butun mamlakatga tarqatib yuborildi, mahalliy o‘zbeklarga qorishib ketdi. Hibsga olishlar takrorlanishidan qo‘rqqan ziyolilar va faollar tez orada Turkiyaga, Eronga, Hindistonga, Saudiya Arabistoniga, Buyuk Britaniyaga, Germaniyaga chiqib ketdi.

O‘zbeklar son jihatdan Afg‘onistonning uchinchi etnik guruhi bo‘lib, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ularning adadi 3 milliondan ko‘proq. O‘zbeklar bu yerlarga ikki oqim bilan kelgan: 1) Shayboniylar va Ashtarxoniylar sulolalari davrida (XVI–XVII asrlar) kelib, o‘rnashib qolgan o‘zbeklar; 2) Sovet hokimiyatidan qochib, Buxorodan, Xivadan va Qo‘qondan ko‘chib kelgan o‘zbeklar.

O‘zbeklar asosan Turkiston (Samangon, Balx, Saripul, Faryob, Juzjon, Bodg‘is viloyatlari) va Qatag‘on (Badaxshon, Tahor, Qunduz, Bog‘lon viloyatlari) mintaqalarida istiqomat qiladi.

Afg‘onistonlik o‘zbeklar O‘zbekistondan tashqaridagi eng yirik va eng faol o‘zbek jamoasi bo‘lib, ular o‘zligini saqlashga, tarixini o‘rganishga, madaniyatini rivojlantirishga katta e’tibor beradi. Bu faoliyatlarida ular O‘zbekistonning yordamiga katta umid bog‘laydi.

Ular ayniqsa Temuriylar tarixiga alohida hurmat bilan qaraydi, negaki bu sulola davrida hozirgi Afg‘onistonda joylashgan shaharlar, xususan, Hirot yirik madaniy va siyosiy markazga aylangan, Temuriylar renessansining ko‘plab buyuk vakillari, shu jumladan, Alisher Navoiy Afg‘oniston zaminida yashab o‘tgan.

Afg‘onistonlik o‘zbeklarning tarixga bo‘lgan munosabati bir masalada O‘zbekiston o‘zbeklarinikidan farqlanadi. Sovet davrining oxirgi o‘n yilliklarida O‘zbekistonda ayrim sabablarga ko‘ra Shayboniyxon hamda u asos solgan davlat yomonotliq qilindi. Bugunga qadar ko‘pgina o‘zbek tarixchilari Shayboniylar sulolasining davlatchilik va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasiga asossiz ravishda past baho beradi. Afg‘onistonlik o‘zbeklar esa Shayboniylar sulolasi haqidagi xotirani ardoqlab keladi. Birinchidan, Afg‘oniston o‘zbeklarining ko‘pchiligi aynan Shayboniylar sharofati bilan bugungi yerlarida o‘rnashgan. Ikkinchidan, Shayboniylar davrida, so‘ng Buxoro amirligi zamonida bugun Afg‘oniston o‘zbeklarining norasmiy poytaxti hisoblanadigan Mozori Sharif (eski Balx) ikkinchi poytaxt bo‘lgan, bu fakt ularga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi. Shu bois afg‘onistonlik o‘zbeklardan “xoni Buxoroda, valiahdi Balxda o‘tirgan buyuk millatmiz” kabi e’tiroflarni tez-tez eshitish mumkin.

Dunyodagi birinchi o‘zbek milliy madaniy markazi 1990-yili Afg‘onistonda tashkil etilgan. Madaniy markaz o‘tkazgan dastlabki tadbir esa Alisher Navoiyning 550 yilligiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lgan. Aytishlaricha, Kobulda konferensiya boshlanganida zalga taniqli afg‘onistonlik shoir, pushtun millatchisi Sulaymon Loyiq kirib kelgan. U bir necha soat davomida xo‘mraygancha ma’ruzalarni tinglagan, tadbir yakunida esa so‘z olib, minbarga chiqqan.

“Men shu paytgacha Alisher Navoiyni hirotlik bir o‘zbak deb yurar edim. Bugun iymon keltirdimki, u darhaqiqat buyuk shoir ekan”, — degan Loyiq. Shundan so‘ng u zalda o‘tirib, Alisher Navoiyga bag‘ishlab yozgan pushtuncha she’rini o‘qib bergan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (31-03-2018, 21:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 93) ( 0) ( 91) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют