» » Ro‘za tutishni boshlash va tugatish hilolni ko‘rish bilan bo‘lur

Ro‘za tutishni boshlash va tugatish hilolni ko‘rish bilan bo‘lur


“Islom.uz” muqaddas Ramazon oyi boshlanishi oldidan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Hadis va hayot” kitobidan ro‘za tutishning fazilatlari haqidagi nasihatlarni taqdim etdi.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

‘Hilolni ko‘rmaguningizcha ro‘za tutmanglar. Uni ko‘rmaguningizcha og‘iz ochmanglar. Agar sizlardan u bulut bilan to‘silib qolsa, hisobini qilinglar’, — dedilar”.

Beshovlari rivoyat qilganlar.

Termiziyning lafzida:

“Ramazondan oldin ro‘za tutmanglar. U(oy)ni ko‘rib, ro‘za tutinglar va uni ko‘rib, ochinglar. Agar sizlardan bulut-la to‘silib qolsa, o‘ttiz kunni tamomlanglar”, — deyilgan.

Buxoriyning lafzida esa:

“Agar sizlardan bulut-la to‘silib qolsa, Sha’­bonni o‘ttiz (kun)ni tamomlanglar”, — deyilgan.

Boshqa bir rivoyatda esa:

“Agar sizlardan bulut-la to‘silib qolsa, o‘ttiz kun ro‘za tutinglar”, — deyilgan.

Sharh: Ushbu rivoyatlardan Ramazon oyining boshlanishi va tamom bo‘lishi Ramazon va Shavvol oyi hilollarini ko‘rish bilan sobit bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, mabodo tabiiy sharoitlar noqulay kelib, yangi oyni ko‘rish imkoni bo‘lmay qolsa, Ramazondan oldingi Sha’bon oyi to‘liq o‘ttiz kunga yetkazilib, keyingi kundan Ramazoni sharifning birinchi kuni boshlanadi. Xuddi shu kabi, Ramazon oyining yigirma to‘qqizinchi kuni Shavvol oyi hilolini ko‘rishga harakat qilinadi. Agar hilol ko‘rinsa, ro‘za tugagani va ertasiga iyd ekanligi e’lon qilinadi. Mabodo hilol ko‘rinmasa, o‘ttizinchi kun ham ro‘za tutilib, keyin iyd qilinadi.

Ayni shu xilda amal qilish borliqni yaratgan Alloh taoloning irodasiga muvofiq ravishda oyni belgilashdir. Ayni shu ishni musulmonlargina amalga oshiradilar. Ular yilning o‘n ikki oyini hisoblashni ham hilolni ko‘rib boshlaydilar, hilolni ko‘rib, uning tamom bo‘lganini e’tiborga oladilar. Oyning yer kurrasiga va undagi mavjudotlarga, jumladan, insonga ham o‘z ta’sirini o‘tkazishi hammaga ma’lum. Shunday ekan, nima uchun oylarni hisoblashda uning ta’siri bo‘lmasligi kerak?

Endi musulmonlardan boshqalarning oy hisobida mantiq bor yoki yo‘q ekanligini bir o‘ylab ko‘raylik. Bir yil, balki bir necha yil oldin qaysi oyning qachon boshlanishini belgilab qo‘yib, o‘sha kunni oyning oxiri, o‘rtasi yoki boshqa payti bo‘lishiga qaramay, “oy boshi” deb atashlari mantiqqa to‘g‘ri keladimi? Albatta, to‘g‘ri kelmaydi.

Shuning uchun faqat musulmoncha oy hisobinigina to‘g‘ri va tabiiy, deya olamiz. Vaqt hisobiga oyni o‘lchov qilib olishda ko‘plab hikmatlar bor.

Avvalo, oy borliqdagi eng katta alomatdan biri hisoblanadi. O‘shanday katta alomatni ko‘rib, ro‘za tutishni boshlash va tamomlash bu muhim ishda hamma narsa ochiq-oydin bo‘lishini, hech kim va hech qanday taraf unga o‘zgartirish kirita olmasligini ta’minlaydi. Hamma bandalar barobar bo‘lib, ular Allohning amri bo‘lmish ro‘zani boshlash yoki tamomlash uchun Allohning ana shu buyuk belgisiga – oyga qarab turadilar.

Ikkinchidan, oy yilida yangi yil o‘n ikki kun oldinga surilib keladi. Shuning uchun ham har yilgi Ramazon oyi avvalgisidan o‘n ikki kun oldin keladi. Shu tariqa o‘ttiz uch yil davomida yilning hamma vaqtida Ramazon ro‘zasi tutiladi. Bu esa turli sharoitda ro‘za tutishni ta’minlaydi. Bir mintaqada doim qulay, boshqasida esa doimo noqulay sharoitga to‘g‘ri kelib qolmaydi.

Uchinchidan, oyni ko‘rib, ro‘za tutish va ochish barcha musulmonlar uchun barobar hukm bo‘lib, bu ularning birliklari ramzi hamdir. Yana boshqa hikmatlar ham ko‘p. Lekin haqiqiy hikmatlarini Alloh taoloning O‘zi biladi.

Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

‘Albatta, biz ummiy ummatmiz, yozmaymiz ham, hisoblamaymiz ham. Oy mana bunday, mana bunday bo‘lur’,— dedilar.

Ya’ni bir marta yigirma to‘qqiz, bir marta o‘ttiz, (demoqchilar)”.

Uchovlari va Nasaiy rivoyat qilganlar.

Sharh: “Ummiy” degani “onadan tug‘ilgandek, o‘qish-yozishni o‘rganmay yurgan” degan ma’noni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “yozmaymiz” deganlari o‘sha paytdagi arablarning umumiy holini e’tiborga olib aytilgandir. Aslida esa arablar ichida o‘sha vaqtda ham o‘qish-yozishni biladigan kishilar bo‘lganligi ma’lum va mashhur. Ana shu oz sonli kishilardan ba’zilarining Qur’oni Karimni Pay­g‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yozib borganliklari ham sobit haqiqatdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “hisoblamaymiz” degan so‘zni munajjimlik hisoblarini e’tiborga olgan holda aytganlar.

Shuningdek, bu hadisi sharifdan oy ba’zida yigirma to‘qqiz kun, ba’zida o‘ttiz kun bo‘lishini bilib olamiz. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam buni ikki qo‘llarining barmoqlari bilan ishora qilib anglatganlar. Bir marta o‘nta barmoqlarini uch marta qayta-qayta ko‘rsatib, o‘ttiz kunni, ikkinchi martasida ikki marta to‘liq va bir marta bir barmoqlarini bukib, yigirma to‘qqizni ifoda qilganlar.

1212. Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir oyga xotinlaridan iylo qildilar. Yigirma to‘qqiz kun o‘tgandan so‘ng esa ertalab (yoki kechqurun) kirdilar. Shunda u zotga:

‘Siz bir oy kirmaslikka qasam ichgan edingiz?’ deyildi. U zot:

‘Oy yigirma to‘qqiz kun (ham) bo‘ladi’, dedilar”.

Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.

Imom Muslim:

“So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki qo‘llarini uch marta – ikki martasida hamma barmoqlarini, uchinchisida esa to‘qqiz barmoqni bukib ko‘rsatdilar”, degan jumlani ziyoda qilgan.

Sharh: “Iylo” so‘zi shariatda erkak kishining ma’lum vaqt xotini oldiga kirmaslik va unga yaqinlik qilmaslik haqida qasam ichishini anglatadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida onalarimiz roziyallohu anholarning oldilariga bir oy davomida kirmaslikka qasam ichganlar. Yigirma to‘qqiz kun ulardan birortalarining ham oldilariga kirmaganlar.

So‘ngra esa mana shu rivoyatda bayon qilinganidek, kirib kelganlar. Shunda “Bir oy o‘ttiz kun bo‘ladi-ku. Nima uchun bir oyga iylo qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u muddat tamom bo‘lmasdan, ayollari oldiga kirib keldilar?”— degan savol paydo bo‘lgan. Ba’zi kishilar buni Pay­g‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga eslatganlarida U zot oy gohida yigirma to‘qqiz kun bo‘lishini, o‘sha oy yigirma to‘qqiz kunlik bo‘lganligi tufayli bir oyga qilgan iylolari buzilmaganini bildirganlar.

Demak, Ramazon oyi ham gohida yigirma to‘qqiz, gohida o‘ttiz kun bo‘lar ekan. Buni esa hilolni ko‘rish bilan aniqlanadi.

1213. Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat іilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

‘Ikki iyd oylari – Ramazon va Zulhijja (birgalikda) nuqsonli bo‘lmas’, dedilar”.

To‘rtovlari rivoyat qilganlar.

Sharh: Ulamolarimiz ushbu hadisi sharifning ma’nosi haqida bir necha xil ta’villar aytganlar. Biz o‘rganayotgan ushbu bobga tegishli ta’vilda esa ikki iyd oylari – Ramazon va Zulhijja bir yilda barobariga nuqsonli, ya’ni yigirma to‘qqiz kunlik bo‘lmasligi aytilgan. Biri yigirma to‘qqiz kunlik bo‘lishi mumkin, lekin ikkalasi ham barobar bo‘lmaydi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-05-2018, 15:07)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 54) ( 0) ( 53) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют