» » Suv va sel toshqinlari ichida qolgan O‘zbekiston: Qurbonlar bor, yetkazilgan zarar miqdori noma’lum

Suv va sel toshqinlari ichida qolgan O‘zbekiston: Qurbonlar bor, yetkazilgan zarar miqdori noma’lum


O‘zbekistonda may oyining ikkinchi o‘n kunligi kuchli yog‘ingarchiliklar bilan davom etdi. Oqibatda mamlakatning ko‘plab hududlari suv va sel toshqinlari ostida qoldi. Hukumat, joylardagi mas’ullar tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga urinmoqda, jabrlangan aholiga yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda. Afsuski, toshqinlar oqibatida qurbon bo‘lganlar ham bor.

13-may kuni Toshkentda kuchli yog‘ingarchilik kuzatildi. Oqibatda shaharning aksariyat ko‘chalari va maydonlari, mahallalar orasidagi yo‘llar suv ostida qoldi. Internet esa shaharning suv bosgan ko‘chalaridan olingan video va fotolarga to‘lib ketdi.

Shaharning, ne baxtki, shu shaharda yashaydigan mas’ullari 14-may kuni ushbu holatga munosabat bildirdi. Shahar hokimligi yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan “shahrimiz aholisi va mehmonlaridan uzr so‘radi”. O‘z navbatida, hokimlikdan “boshqa tashkilotlar va fuqarolar” bilvosita aybdorga chiqarildi — hokimlik nazdida, aynan o‘shalar amalga oshirgan qurilishlar sabab shahar rejasiga qurilgan yuzlab yomg‘ir suviga mo‘ljallangan quvurlar ko‘mib yuborilgani aytildi.

Kelajakda bunday holatlarning oldini olish maqsadida Toshkent shahar hokimligi huzurida maxsus ishchi guruh tuzilgan. Ishchi guruh, jumladan, shahar drenaj-lotok tizimi obyektlarining haqiqiy holatini ham o‘rganib chiqadi, dunyoning yirik megapolis shaharlarida qo‘llanilgan zamonaviy texnologik yechimlar o‘rganib chiqilib, takliflar ishlab chiqiladi va bu takliflarning bajarilishiga va’da berildi.

14-may kuni Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel yuzaga kelib, Jillisuv aholi punktida to‘rtta xo‘jalik suv ostida qolgani haqida rasmiy axborot berildi.

Keyinroq “Xalq so‘zi” nashri 14-mayga o‘tar kechasi yuz bergan seldan Kitob tumanida 200 ga yaqin xonadon zarar ko‘rgani, sel 120 dan ortiq chorva mollarini oqizib ketgani haqida yozdi.

Tabiiy ofat oqibatida nafaqat aholi xonadonlariga, balki yo‘llar va ko‘priklarga ham ziyon yetgan. Nashr toshqinlar Kitobdan tashqari Chiroqchi, Yakkabog‘ va Dehqonobod tumanlarida ham kuzatilganini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng FVV matbuot xizmati 15-may kuni Qashqadaryoning Kitob va Dehqonobod tumanlarida qisqa muddatli kuchli yog‘ingarchilikdan so‘ng “Samarqand—Qarshi” yo‘lining tagidagi quvurlar shox-shabbalar bilan to‘lib qolgani oqibatida suv toshib chiqqani haqida axborot berdi.

Sel qurbonlari haqida birinchi marta 17-may kuni axborot berildi — 16-may kuni Chiroqchi tumanining “Sariqqamish” qishlog‘iga yopirilgan sel oqibatida 5 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan uch nafari bir oila vakillari bo‘lgan — ona va uning ikki bolasini sel oqizib ketgan.

“Gazeta.uz” 19-may kuni FVVga asoslanib, Samarqand viloyatining Nurobod tumani Langar aholi punktida 14-may kuni kuzatilgan sel oqibatida uch kishi halok bo‘lgani haqida axborot tarqatdi. 15-may kuni xuddi shu tumanning Jom va Girdiqo‘rg‘on qishloqlarida 62 ta xo‘jalik suv ostida qolgani aytildi.

Jomda bo‘lib, vaziyatni o‘rgangan “Kun.uz” muxbirlarining xabar berishicha, 15-may kuni soat 20:00 atrofida Jom soyi bo‘ylab kelgan “Samarqand-Qarshi” yo‘li ostidagi quvurlarga tiqilib, 21 ta xonadon va atrofdagi inshootlarning suv bosishiga sabab bo‘lgan. Masalan, jomlik Sobir Saydullayevning uch bosh qoramoli nobud bo‘lgan, ikki mashinasini sel oqizib ketgan.

“Kun.uz” Samarqand tumanining Ohalik mahallasiga ham sel kelib, turar joylarga ziyon yetkazgani, bir oilaning ikki farzandi bilan oqib ketgani haqida rasman tasdiqlanmagan axborot borligini yozgandi.

Xabar berishlaricha, viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev jabr ko‘rgan xonadonlarning barchasiga davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishini aytib, odamlarning ko‘nglini ko‘targan.

18-may kuni viloyatning Qumqo‘rg‘on tumani Elobod, Azlarsoy va Bogor mahallalari hududida sel oqimlari yuzaga kelgan. FVV axborotiga ko‘ra, sel natijasida mahallalardagi 116 xonadonga suv kirgan, ushbu xonadonlardan 754 nafar fuqaro xavfsiz joylarga ko‘chirilgan. Tan jarohati olgan aholi yo‘q, biroq moddiy zarar ko‘lami ham aytilmadi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining 21-maydagi axborotiga ko‘ra, Qumqo‘rg‘ondagi toshqinlardan jabrlangan aholiga Navoiy viloyati hokimligi tomonidan umumiy hajmi 90 tonnani tashkil etgan insonparvarlik yordami yuborilgan.

Internet-nashrlar Surxondaryoning Boysun, Oltinsoy, Denov tumanlarida ham sel kelishlari kuzatilganini bildirdi. “Sel oqimi tufayli ‘Boysun—Termiz’ yo‘lining bir qismini yuvib ketgan va loyqaga to‘ldirgan. Ayrim joylarda yo‘l yemirilib, yuk mashinalari o‘tishi uchun yaroqsiz holga kelgan va yo‘llarda uzun tirbandlik hosil bo‘lgan”, — deb yozadi “Kun.uz”.

Kuchli yog‘ingarchilik tog‘li tumanlarda qorga ham aylangan. Shu sababli Surxondaryoning shimoliy tumanlarida may oyi uchun noodatiy sovuq havo hukmron. Darband daryosi esa qizg‘ish tusga kirgani haqida xabar berildi.

18-may kuni soat 17:30 atrofida viloyatning Kosonsoy tumani Rovot, Guzar, Bog‘, Soybo‘yi, Xonqo‘rg‘on, Yangishahar, Yangiyo‘l, Qozoqovul va Buloqboshi mahallalari hududida kuchli jalali yomg‘ir yog‘ishi natijasida 543 ta hovli qisman suv ostida qolgan.

“Mahallar hududidagi irrigatsiya tizimlari ko‘p miqdordagi yomg‘ir suvlarini sig‘dira olmagani sababli aholi xonadonlariga suv kirgan... Aholini ko‘chirish ishlari talab etilmadi”, — deb axborot bergandi FVV. Hech kim tan jarohati olib jabrlanmagan, biroq moddiy zarar ko‘lami ma’lum qilinmagan.

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida ham sel kuzatilgan. Hudud chorvadorlarining ma’lum qilishicha, tabiiy ofat oqibatida nobud bo‘lgan mayda va yirik chorva mollari sonini “aniqlash imkoni yo‘q, biroq yetkazilgan talofat miqdori yirik, deyish mumkin”.

Tan jarohati olib, jabrlanganlar yo‘q. Biroq hudud aholisini boshqa masala o‘ylantirib qo‘ygan — ularning ma’lum qilishicha, sel kelib-ketganidan bir necha kun o‘tgan bo‘lsa ham, tuman mutasaddilari biror marta aholi holidan xabar olmagan.

Qayd etish joiz, Navoiyda sel bo‘lgani haqida rasmiy manbalar ham biror axborot bergani yo‘q.

21 may kuni “Kun.uz” nashri Farg‘ona viloyatidagi mobil muxbiriga asoslanib, So‘xga yopirilgan sel videolarini e’lon qildi. G‘aznob mahallasida seldan paydo bo‘lgan kuchli suv oqimi oqibatida uylar, ko‘chalar zarar ko‘rgan, mahalla qabristonini oqim yuvib ketgan.

Tabiiy ofatdan 200 dan ziyod xonadon zarar ko‘rgani aytilmoqda. Hozircha Farg‘onadagi sel va uning oqibatlari haqida biror rasmiy axborot berilganicha yo‘q.

Agar rasmiy manbalar tarqatgan va OAVda berilgan axborotlarga ishonilsa, O‘zbekistonda 13—14-may kunlaridan beri kuzatilayotgan sel va toshqinlar oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgan — Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida besh kishi, Samarqand viloyatining Nurobod tumanida uch kishi. Shuningdek, faqat Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanida 700 dan ziyod aholi xavfsiz joylarga ko‘chirilgani haqida axborot berildi.

Rasmiy idoralarning sel va toshqinlarga doir barcha axborotlarida tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan aholiga har tomonlama yordam ko‘rsatishga harakat qilinayotgani haqida aytilyapti, biroq yetkazilgan zararning ko‘lami, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra miqdori qancha ekani haqida biror ma’lumot hozircha berilgani yo‘q.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston yaqin yillarda bunday toshqinlarga duch kelmagan edi. Duch kelgan bo‘lsa ham, hozirgi darajada batafsil yoritish kuzatilmagani bois vaziyat to‘liq his qilinmagan bo‘lishi mumkin, oqibatda shunday toshqinlarning oldini olish, oldi olinmasa ham, bunday tabiiy ofatlar oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zarar ko‘lamini qisqartirish imkonini beruvchi choralar ko‘rilgan bo‘lardi, ehtimol.

Toshkent shahar hokimligi, muammoga o‘zidan boshqa hammani aybdor qilib ko‘rsatgandek ko‘ringan bo‘lsa-da, muammo borligini tan olib, uni hal etishga harakat qilishini tan oldi. Qolgan hududlar ham, qolgan mutasaddi tashkilotlar ham, balki, endi harakatni boshlagani ma’quldir. “Biz ham shuncha vaqtdan beri qo‘l qovushtirib o‘tirganimiz yo‘q, ishlayotgandik”, deydiganlarga Samarqandning Jom qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Sobir Saydullayev bilan bog‘liq vaziyat qisman javob:

“Sobir akaning aytishicha, uyiga birinchi marta sel kirishi emas. Uning uyi ‘Samarqand-Qarshi’ yo‘liga eng yaqin va pastlikda joylashgan. U ikki yildan beri katta yo‘l ostidagi sel o‘tkazuvchi quvur kengaytirilishini talab qilib, respublika idoralariga murojaat qilib kelganligini alohida ta’kidladi”.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (22-05-2018, 13:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 63) ( 0) ( 61) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют