» » “Daryo” surishtiruvi: Samarqandda 40 ta ish o‘rni yaratmoqchi bo‘lgan tadbirkorga nega yordam berilmayapti?

“Daryo” surishtiruvi: Samarqandda 40 ta ish o‘rni yaratmoqchi bo‘lgan tadbirkorga nega yordam berilmayapti?


Samarqand shahri, “Beklar” mahallasida yashovchi Ravshan Yahyoyev tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ayrim fuqarolar tomonidan to‘sqinlik bo‘layotganligi uchun katta miqdorda zarar ko‘rayotganligini bildirib, “Daryo” tahririyatiga murojaat qildi.

Tadbirkorning fikricha, Samarqand shahridagi Qozizoda Rumiy ko‘chasi, 17 “A” hamda 17 “B” uy oralig‘ida arxitektura talablari asosida yong‘in xavfsizligi avtomobilllari kirish uchun 7 metr yo‘l qoldirilgan. Biroq, birgina fuqaro yo‘lni yana bir metrga kengaytirishni talab qilmoqda.

Samarqand shahar hokimining “N.Xojiyev nomli ixtisoslashtirilgan bozor faoliyatini to‘xtatish va boshqa xududga ko‘chirish to‘g‘risida”gi 2011-yil 27-iyuldagi №1134-Q sonli qaroriga asosan Ravshan Yahyoyevga telishli 37.44 kvadrat metr yer maydoni buzilishga tushirilgan. Shahar hokimining 2012-yil 27-iyundagi №1031-K-sonli qarori asosida ushbu bozor hududidagi yer maydoni o‘rniga Ravshan Yahyoyevga shahardagi Qozizoda Rumiy ko‘chasida joylashgan ko‘rimsiz garajlarni ko‘chirish sharti bilan savdo va madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi qurilishi uchun 400 kvadrat metr yer maydoni ajratilgan.

Samarqand shahar hokimi vazifasini bajaruvchi T. Esergapov tomonidan 2018-yilning 5- iyun kuni №1010-K sonli qarori asosida Ravshan Yahyoyevning xususiy mablag‘ hisobidan amalga oshirilgan tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish haqidagi Davlat qabul qilish hay’atining 2017-yil 27- iyuldagi 46-sonli dalolatnomasi tasdiqlanib, obyektdan foydalanish uchun ruxsat berilgan. Tadbirkor tomonidan qurilish ishlari arxitektura talablari asosida amalga oshirilib, barcha hujjatlar qonuniy tasdiqlangan bo‘lsada, biroq bugungi kunda faoliyatini yuritishda muammoga duch kelmoqda.

– 2012-yildan buyon ushbu maishiy xizmat ko‘rsatish binosini quraman. Mana, 5 yildirki topgan-tutganimizni shu yerga sarflayapman. Hozir bunday imorat qurishning o‘zi bo‘lmaydi. Tadbirkorlik qilib, qo‘shimcha ish o‘rni yaratish maqsadida yaxshi niyatlar bilan ishni boshlamoqchi bo‘lib turganimizda, kutilmaganda “Ziyolilar” mahallasidagi 17 “A” ko‘p qavatli uyda yashovchi, sobiq ichki ishlar xodimi Tolib Hayitov ochiqdan-ochiq qarshilik qilishni boshladi, — deydi tadbirkor Ravshan Yahyoyev. — Prezident bitta ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘taraman, deb turgan vaqtda salkam 15 kishini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan oshxonani ishga tushirolmay turibman. Qolaversa, tez fursatlarda tibbiy klinikani ham ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Bu yerda ham 25 kishi ish bilan ta’minlanadi. Ammo bir fuqaroning hech qanday asossiz qarshiligi sababli bugun tadbirkorlikni boshlolmay turibman.

“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayevning jurnalistik surishtiruvi jarayonida ma’lum bo‘lishicha, “Ziyolilar” mahallasidagi 17 “A” ko‘p qavatli uyda yashovchi, sobiq ichki ishlar xodimi Tolib Hayitov ikki bino o‘rtasidan yong‘in xavfsizligi avtomobili o‘tishi uchun joy qoldirilmagan, deb shikoyat qilgan. Vaholanki, Qozizoda Rumiy ko‘chasida joylashgan 17 “B” uy va 17 “A” uylar oralig‘ida yong‘in xavfsizligi avtomobillari kirish uchun 7 metr kenglikdagi yo‘l ajratilgan.

– Shahar arxitektura loyihasi asosida bu ikki uy orasida 6 metrli yo‘l qoldirilishi belgilangan. Ammo men yana qo‘shimcha bir metr tashlab, yo‘lning kengligini 7 metr qildim, — deydi Ravshan Yahyoyev. — Qurilish ishlari shahar arxitektura talablari asosida qilingan. Hamma hujjatlari bor. Nimaga faoliyatimga qarshilik qilinayotganligiga tushunmayapman. Hozirgi kunda katta miqdorda zarar ko‘rdim. Tadbirkorlikni boshlolmaganim yetmaganidek, foydalana olmayotgan tayyor bino uchun 30 million so‘m soliq to‘ladim. Hech qanday qarzdorlik yo‘q. Tadbirkorlikni boshlash uchun binoni ishga tushira olmayotganligimiz biz uchun qimmatga tushyapti.

Ravshan Yahyoyev ikki uy orasidagi 7 metrlik ko‘chadan tashqari, ko‘p qavatli uyga kiruvchi boshqa bir yo‘lni ta’mirlab, asfalt qilib berishni ham bildirgan. Biroq, negadir o‘sha fuqaro buni istamagan. Vaholangki, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha qo‘yilgan talablarni 17 “A” uyda yashovchi ayrim fuqarolar ham buzgan. Ko‘p qavatli uyning atrofi o‘rab olinishi natijasida bu yerda yong‘in xavfsizligi avtomashinasi kirish imkoniyati yo‘q. Negadir aslida yong‘in xavfsizligi talablarini buzayotgan fuqaroga qonuniy chora ko‘rish o‘rniga, qurilish loyihasi talablari asosida ishni amalga oshirgan tadbirkorga qurilishni qaytadan amalga oshirish talabi qo‘yilmoqda.

Ravshan Yahyoyevning bildirishicha, qurilish ishlari bo‘yicha Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari Bobur Elmurodov ham fuqaroning talabi bo‘yicha yo‘lni yana bir metrga kengaytirishni bildirgan. Tadbirkor masalasida murojaat qilgan “Daryo” muxbiriga ham hokim o‘rinbosari Bobur Elmurodov xuddi shu fikrni aytib, bu borada Ravshan Yahyoyevga hammasini tushuntirib o‘tganligini bildirib o‘tdi.

— Hokim o‘rinbosarining talabi bo‘yicha men yo‘lni yana bir metrga kengaytirishim lozim ekan. Axir bu yerga qancha xarajat qilinganman. Uni yana buzib qayta qurishning o‘zi bo‘lmaydi. Bir imoratni buzib qayta qurish oson ish emas, — deydi Ravshan Yahyoyev. — Qolaversa, bino loyihasini tayyorlagan tashkilotga loyihani noto‘g‘ri tuzib berganligini bildirib shikoyat qilgan edim. Ular hammasi to‘g‘ri amalga oshirilganligini, aslida talab bo‘yicha 6 metr yo‘l qoldirish lozimligini bildirdi. Bitta arizachining asossiz arzi sabab bugun katta miqdorda zarar ko‘rayotganligimni nahotki hech kim tushunmasa?

Biz Tolib Hayitov bilan gaplashish uchun bir necha bor harakat qildik. Biroq, u kishi bilan gaplashishga bo‘lgan barcha urinishimiz samarasiz bo‘ldi. Aniqrog‘i, Tolib Hayitovni o‘z uyida uchratolmadik.

– Qurilish ishlarini olib borish vaqtida hatto quruvchilarning ishiga ham to‘sqinlik qilishdi. Ularni haqoratlab, to‘g‘ri kelgan so‘zlar bilan kamsitishdi. Ishonmasangiz binoda o‘rnatilgan kuzatuv kameralaridagi videolarni sizga ko‘rsatishim mumkin, — deydi Ravshan Yahyoyev. — Ammo iltimosim sabab quruvchilar hech qayerga arz qilishmadi. Hatto ular istaganidek ikki uy orasida ariq qurib, uni temir panjaralar bilan chiroyli qilib yopib berishga ham rozi bo‘ldim. Biroq, mahalladagi bolalarni majburlab, tayyor qurilgan ariqni ko‘mib tashladi. Nega unday qilganini ochig‘i hozirgacha tushunganim yo‘q.

Samarqand viloyat hokimligi tomonidan tadbirkorlarning muammosini hal etish maqsadida Savdo-sanoat palatasi viloyat bo‘limida tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish va mavjud muammolarni o‘rganish guruhi tashkil etilgan. Tadbirkor Ravshan Yahyoyevni qiynayotgan masala bo‘yicha Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat bo‘limiga borib, yuzaga kelgan vaziyatni tushuntirdik. Tashkilot mas’ul xodimi holatni o‘rganib, Ravshan Yahyoyevning muammosi Samarqand shahar hokimligi tomonidan hal qilinishini bildirib o‘tdi. Ya’ni Ravshan Yahyoyevning faoliyatiga davlat tashkilotlari tomonidan hech qanday to‘sqinlik bo‘lmayotganligi uchun unga to‘sqinlik qiluvchi holatni shahar hokimligi tomonidan tuzilgan maxsus ishchi guruh o‘rganib, masalani hal etishi mumkinligini bildirdi.

Demak, Ravshan Yahyoyevning tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi holatga Samarqand shahar hokimi Furqat Raximov yechim topa oladi. O‘ylaymizki, shahar hokimi tez orada ushbu masalani o‘z joyida o‘rganib, 40 ta ish o‘rni yaratmoqchi bo‘lgan tadbirkorning muammosini ijobiy hal qiladi. Buning uchun esa hokimning ozgina vaqti, tadbirkorning esa hokim kelguncha sabri kerak, xolos.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (24-09-2018, 13:42)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 42) ( 0) ( 41) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют