» » Orol dengizi suvi Kaspiyga oqib ketganmi?

Orol dengizi suvi Kaspiyga oqib ketganmi?


Yaqinda qoraqalpog‘istonlik taniqli jurnalist, yozuvchi O‘mirbay O‘teuliyevning “Erkin Qaraqalpaqstan” gazetasida “Qorateran” - Orolning uchinchi ko‘zi, to‘rtinchisi qayoqda? degan maqolasi chop qilindi, deb yozmoqda O‘zA. Maqolada ta’kidlanishicha, Orol bilan Kaspiyning o‘rtasida bog‘lovchi yer osti daryosi mavjud, lekin bu dalil negadir hamon sir tutib kelinmoqda.

“Orol bilan Kaspiyni bog‘lab turgan yer osti daryolari mavjud ekanligi haqida xayoliy va ilmiy farazlar, afsona-hikoyalar mavjud. Baliqchi bobolarimiz “Orolning to‘rtta ko‘zi bor, birinchisi, dengizning qoq markazida. U yerda suv o‘tovning kattaligiday keladigan chuqurga girdob bo‘lib yer tagiga singib ketadi. Ikkinchisi Ustyurtdagi Gurkureuik qudug‘i. Nomidan ma’lum bo‘linganidek, bu yerda suv yer ostida gurkirab oqib turadi. Kechasi qaynagan qumg‘ondek paqirlagan ovozi olis-olislargacha tarqalib, kishini dahshatga soladi. Quduqdagi ba’zida yarim, ba’zida to‘lib oqib turadigan suviga narsa tashlasang yashin tezligida oqizib ketadi. Uchinchisi, Taxtako‘pir tumanidagi “Qarateran” ko‘li. To‘rtinchisi ko‘zi qayoqda?” — deyiladi maqolada.

Unda ta’kidlanishicha, qozog‘istonlik olimlar dengiz o‘rtasidan birnecha yuz yillik saksovul o‘tinlarini topgan va muzeyga qo‘ygan. Mo‘ynoqqa kiraverishda esa dengiz tomon ketgan eski karvon yo‘llari mavjud. Bu yo‘llar qadimgi “Ipak yo‘li”ga tutashadi. Demak, tarix sahifalarida yozilganidek, dengiz birnecha marotaba to‘lib, birnecha bor suvi kamayganligi haqiqat.

O‘mirbay O‘teuliyevning yozishicha, o‘tgan asrning 30-yillarida olimlar Kaspiy dengizida bakrabaliq urchitish uchun ularga belgi qo‘yib (sirg‘a taqib) suvga qo‘yib yuboradi. Shu sirg‘a taqilgan bakrabaliqlar Orol dengizidan chiqqan. Yer sathining biri baland nuqtasida, biri pastida joylashgan ikki dengizning o‘rtasida aloqa mavjudligini tekshirish uchun bo‘yoq oqizib ko‘rilganda Kaspiydan yuborilgan bo‘yoq yana Orolda ko‘rinadi. Hayron qolarlik bu tabiiy jarayon, geografik kashfiyotlarning har tomonlama tadqiq qilinishiga Ikkinchi jahon urushi to‘siq bo‘ladi. Ikki dengizni tutashtiruvchi yer osti daryolari mavjud. Lekin bu hali ham sir tutilmoqda. 1940 va 1960-yillarda ikki dengiz o‘rtasida tarnovlar qurilgan. Yer osti qurilmalari qurilishlarida urushda asirga tushgan va o‘limga mahkum etilganlar ishlagan. Asirlikdan ovuliga qochib kelgan bittasi shu sirni e’lon qiladi. Orolning suvi 1960-yillardan boshlab kamaya boshlaydi va aksincha Kaspiy yildan yilga toshib boraveradi.

Orolning birinchi ko‘zi haqida mo‘ynoqlik baliqchilar ham bemalol aytib berishi mumkin. Qozog‘istonning Orol tumanida tug‘ilib o‘sgan injener-gidrotexnik Xamza Suxanberdin o‘zining “Orol – Kaspiy dengizi yer ostidan ulanganmi?” maqolasida Orol dengizining qoq markazida “Vozrojdeniye” sirli oroli joylashganligini aytgan. Ushbu orolning g‘arbiy chegarasi Ustyurt tik jarligiga tutashadi. Ustyurt platosining yer yuzasi esa yassi tog‘li bo‘lib ,uning balandligi 100-150 metrgacha yetadi. Bir so‘z bilan aytganda, Orol g‘arbidagi Ustyurt bir vaqtlari yerning tek­to­ni­­k qava­tining qo‘zg‘alganini ko‘r­satadi. Demak, Orol bilan Kas­piy o‘rtasining yer osti suv kanallari bo‘lishi shubhasiz. Sababi Kas­piy dengizining suvi 1991 yilda ko‘tarilib, sathi 2,06 metrgacha yetdi. Shu yillari Orolga quyadigan daryolar suvi kamaydi.

“Orolning suvi ham keskin tortilib ketdi. Shu vaqtlarda Orolning suvi yer osti daryolari bilan Kaspiyga oqib ketmaganmikan?” — deydi muallif.

Haqiqatdan ham orolning suvi Kaspiyga oqib ketganmi? Tarixdan ma’lum-ki, Amudaryo Uzboy orqali Kaspiyga oqqan. Lekin, jurnalist O‘.O‘teuliyev ta’kidlayotgan yer osti daryolarining Uzboyga aloqasi yo‘q. Yuqorida tilga olingan ikkita muallifning taxmin qilayotgan gaplarini qoraqalpog‘istonlik arxeolog olim Ongarbay Yusupov ham tasdiqlaydi. U Orolning suvlari aynan shu joyda, ya’ni tik jarlik Ustyurt tog‘ining ostiga qarab ketayotganligini ko‘rganligini ta’kidlaydi.

“Biz o‘tgan yili aprel oyida Ustyurt bo‘ylab sayohatimiz davomida Ongarbay Yusupov aytgan ushbu manzilga bordik. Yo‘l bo‘yi Ustyurtda maxfiy harbiy amaliyotlar olib borilgan zonani, dengizga tushilaldigan beton yo‘lni, qirg‘oqdagi harbiy kazarmalarni ko‘rdik. Bizni hayratga solgani Ustyurtning chinklari dinamit bilan yorib o‘pirilganday ko‘rindi”, — deydi Ongarbay Yusupov.

Ustyurtda o‘tgan asrning 80-yillari oxirigacha “sakkizinchi qimyoviy himoyalanish stansiyasi” harbiy poligoni harakat qilgan. Ba’zi internet sahifalarida platoda yer osti yadroviy portlatish sodir etilgani haqida ma’lumotlar bor. Portlash to‘g‘risida ustyurtliklar ham aytishadi. Ya’ni ular 90-yillarda gumburlagan ovozlarni eshitgan. Ularning fikricha, portlatishlar orqali yer osti suv yo‘llari bekitilgan.

Janubiy Ustyurt qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Ilyas Naurizbayevning aytishicha, o‘tgan asrning 90-yillarigacha Ustyurtda harbiy samolyotlar izg‘ib yurgan. Ustyurtda xizmat qilgan yoshi kattalarning ko‘pchiligi esa shu samolyotlar yerning tagiga kirib turganini tasdiqlaydi. Demak, Ustyurtda yerning ostida qandaydir maxfiy loyihalar amalga oshirilgani aniq. Bu loyiha ikki dengiz oralig‘iga qurilgan suv yo‘li bo‘lsa ne ajab? Chunki ustyurtlik qarilar yer ostiga ketib turgan gurkiragan suv ovozlarini eshitishgan. 90-yillardagi portlatishlardan keyin bu ovozlar tingan.

Albatta, yer osti daryolari mavjud bo‘lgan taqdirda ham u Orolning qurishiga sabab bo‘ldi, deb bo‘lmaydi. Orolning qurishiga, eng avvalo, inson faktori sababchi. Suvni isrof qilish hamda ko‘plab qishloq xo‘jaligi uchun yer maydonlarining ochilishi dengizni falokat yoqasiga olib kelib qo‘ydi.

Lekin, fanda ma’lum bo‘lishicha, Orol 4 marta qurigan va qayta to‘lgan.

Bundan 21 mln. yil avval Orol, Kaspiy va Qora dengiz hammasi bir bo‘lgan. Ushbu buyuk ummonga Tetis deb nom berilgan. Ustyurt, Qoraqum, Qizilqum sahrolari Tetis ummonining tagi bo‘lgan. O‘tgan yili Oqtumshuqdan topilgan toshga aylangan yirik akulaning tishlari Tetis ummoni esdaliklaridir. Tektonik jarayonlar sababli Ustyurt tepaga ko‘tarilib ketib, Qora dengiz, Kaspiy, Orol dengizlari bo‘linib ketadi.

Orolning ilk nomini arab yozuvchisi Ibn Rusta (920-yili) qo‘llagan. Orolning bundan boshqa Xorazm ko‘li, Kerderi ko‘li, Jent dengizi degan nomlari ham bor. Masalan, tarixchi Shaxrux Xafiz-i Abruning 1417-yilda yozgan yilnomasida:“Xorazm (Orol) ko‘li yo‘q, Jayhun (Amudaryo) suvi yangi arna topib, Hazar (Kaspiy) dengiziga quya boshladi” deyilgan.

2000-yillar boshlarida Orol dengizining Qozog‘iston qismidagi suvi qurigan maydonidan, ya’ni Sirdaryoning dengizga quyib turgan joyidan taxminan 45-50 km ichkarida tarixiy yodgorliklar topilgan. O‘tgan asrning 60-yillarida bu joyda 18 metr balandlikdagi suv bo‘lgan. Qurigan dengiz ostidan topilgan tarixiy shahar butun jamiyatni hayratga soldi. Topilgan keramik idishlar esa XIII-XIV asrga tegishli bo‘lib chiqdi. Dengiz ostida qolgan ushbu shaharga Kerderi deb nom berildi. Hayron qolarlik jihati u yerdan masjid, buyumlari bilan dafn qilingan bo‘yi ikki metr keladigan yirik odamlarning qabrlari chiqqan.

Demak, bu shahar Amudaryoning Kaspiyga oqib turgan paytida solinib, keyin qaytadan Orolga kela boshlaganida suv ostida qolib ketgan. Turkshunos olim, professor Auyelbek Qo‘ng‘irotboyevning ta’kidlashicha, Orolning ostida shunday 40 ta qal’a qolib ketgan.

2013-yilda Rossiyaning “RenTV” telekanali Orolning qurigan tagida sirli geogliflar topilganini ma’lum qildi. Siri ochilmagan, javobi yo‘q tilsim geogliflarning Orol dengizining tagidan topilishi nafaqat olimlarni, balki butun jamiyatni hayratga soldi. Bu geogliflarning qayoqdan, qanday qilib, qachon paydo bo‘lganini olimlarning o‘zlari ham aniq bilmaydi. Orolning geogliflari Sirdaryoning Orolga quyiladigan tomonida, dengizning ochilgan qirg‘og‘ida 10-15 metr maydondan topilgan. Olimlarning fikricha, bu kabi yirik tamg‘alarni qurish uchun eng kuchli 20 ming texnika kamida 90 yil davomida tinmasdan ishlashi kerak ekan. Shu kabi geogliflar Mo‘ynoq tumani hududida ham mavjud bo‘lib, ularni Google Planeta dasturi orqali kompyuterda ko‘rsa ham bo‘ladi.

Bugungi kunda dunyoga mashhur Peru zaminidagi Naska suratlari ham olimlarning boshini qotirib kelmoqda. U yerdagi o‘rgimchak, to‘tiqush, maymun va boshqalarning suratlari qaysi asrda, qanday sivilizatsiyada, kimlar tomonidan solinganini bilishmaydi. Shuning uchun olimlar ularni o‘zga sayyoraliklar bizga qoldirib ketgan kosmodrom belgisi deb taxmin qilmoqda. Agar shu gap rost bo‘lsa, Orol va Ustyurt hududida ham shunday hodisalar yuz bergan bo‘lishi mumkin.

Yana bir jihat, Ustyurtda o‘tgan asrda topilgan ko‘p sonli nayzasimon rasmlar ham butun dunyoni xayratga solgandi. Ushbu rasmlarning yoshi, kimlar tomonidan va nima maqsadda qurilgani olimlar tomonidan aniqlandi. Ya’ni, ikki tomonining uzunligi 900 metrgacha, teranligi uch metrgacha qazilgan gigant qurilishlarni bundan 2400-2500 yil avval ko‘chmanchi qabilalar qurganligi fanda isbotlandi. Ular shu usul bilan bir martalik urinishda o‘n minglab sayg‘oq, jayron va qulonlarni tuzoqqa tushirgan. Bu qurilishlarning nomi aran deyilgan. Ustyurtning nomi esa Aranqir deb atalgan.

“Demak, sir-sinoatga to‘la Orol va Ustyurt tilsimlarini ochadigan vaqt yetib keldi. Mo‘ynoqda turizmni rivojlantiramiz, deyapmiz. Mana shu sir-sinoatlar turizm uchun yetib ortadi. Masalan, Perudagi Naska suratlarini ko‘rish uchun har yili millionlab sayyohlar tashrif buyuradi va davlatga 3 milliard dollar shuning hisobidan kirib keladi. Bizda esa Naska suratlaridan 10 baravar kattaroq sirli suratlarimiz bor. Lekin shunday boyligimiz borligini hatto o‘zimiz ham bilmaymiz.

Mustaqil davlat bo‘ldik. So‘z erkinligi bor. Lekin nima uchun shu kunga qadar Vozrojdeniye oroli hamda Ustyurtda olib borilgan maxfiy harbiy amaliyotlar haqida hech nima bilmaymiz? Internet sahifalarida-ku Vozrojdeniye orolini “o‘lim o‘chog‘i” deb atashadi. Chunki u yerda Sobiq Ittifoq davrida yetishtirilgan butun biologik qurollar ko‘milgan emish. Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa ularni utilizatsiya qilish kerak emasmi? Nima uchun ko‘pchilik davlatlarda “arvoh shahar”larni turistlar tashrif buyuradigan maskanlarga aylantirilgan-u, lekin Mo‘ynoq tumanidagi Vozrojdeniye oroliga turistik marshrutlar yo‘q? Nima uchun Mo‘ynoq tumani hududida joylashgan 2500 yillik tarixga ega gigant suratlarni targ‘ib qilmaymiz?” — deyiladi maqolada.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-01-2019, 14:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 109) ( 0) ( 109) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют