» » Avtomobil ishlab chiqarilmaydigan mamlakatlarda ham Gentra’ning narxi taxminan 8000 dollar. Nega O‘zbekistonda qimmat?

Avtomobil ishlab chiqarilmaydigan mamlakatlarda ham Gentra’ning narxi taxminan 8000 dollar. Nega O‘zbekistonda qimmat?


O‘zA cheklovlar iqtisodiyotga qanchalik foyda va zarar keltirishi, mavjud muammolar va ularning yechimlari haqida huquqshunos Abdurahmon Hamidovning maqolasini e’lon qildi. Quyida maqola to‘lig‘icha havola etiladi.

Bugun ko‘chalarimizni to‘ldirib yurgan (hech mubolag‘asiz) o‘zimizning avtoulovlarni ko‘rib, dilimiz yayraydi. Faxr bilan aytamiz: o‘zimizniki! Ammo tanganing ikkinchi tomonida dilga g‘ashlik soladigan bir jihat bor: “o‘zimizniki” o‘zimizga qimmatga tushmayaptimi? Keling, shu haqda fikrlashamiz.

Gapni tarixdan boshlasak. 1996-yil Asakada O‘zDEU zavodi ishga tushganida barchamiz: “Endi xorijdan ‘tuya bahosida ot olib kelmaymiz’, o‘zimizning mashinalarimizni minamiz”, deya xursand bo‘lganimiz bor gap.

O‘shanda zavod ishlab chiqargan Nexia’ning narxi 7 ming dollar atrofida edi. Keyinchalik davlat zavodni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xorijda ishlab chiqarilgan avtomashinalarga to‘lanadigan import bojxona to‘lovlarini keskin ko‘tarib yubordi. Ya’ni, narxi 20 ming dollar bo‘lgan avtomobil uchun kamida 20 ming dollarga teng bojxona to‘lovlari belgilandi. Shunday qilib, endi qimmat bo‘lsa ham faqat “o‘zimizniki”ga kunimiz qoldi, “boriga shukur” qilib, mahalliy monopolistning avtomobillarini xarid qilaverdik.

Lekin zavod ishlab chiqarayotgan avtomobillarining sifati tushib ketganiga qaramay, narxlarini yildan-yilga oshiraverdi. Dilerlik salonlarida “shapka” atamasi paydo bo‘ldi. Uning miqdori hatto 10 ming dollargacha yetib bordi. Eng qizig‘i, ushbu noqonuniy ishlarga yillar davomida barham berilmadi...

Hozirgi kunga kelib nomi o‘zgargan GM Uzbekistan zavodi Lacetti (Gentra) rusumli avtomobilni ichki bozorda o‘rtacha 15 ming dollarga sotmoqda. Bunday narx dunyoning hech qaysi davlatida yo‘q. Mashina ishlab chiqarmaydigan davlatlarda ham ushbu avtomobil narxi 8 ming dollar atrofida. Masalan, Lacetti Moskva shahrida 6,5 ming dollardan 8 ming dollarigacha bo‘lgan narxda taklif qilinmoqda.

Nima sababdan boshqa davlatda arzon sotilayotgan ushbu avtomobillarni O‘zbekiston aholisi ham shu narxda sotib olish imkoniyatidan mahrum etilyapti? Mahsulotini ichki bozorda ikki barobar qimmat narxda taklif qilishdan ko‘zlangan maqsad nima?

Fikrimizcha, eng asosiy monopolist — GM Uzbekistan zavodiga berilgan imtiyozlar bekor qilinib, ushbu monopolist manfaatlarida asossiz ko‘tarib yuborilgan xorijda ishlab chiqarilgan avtomashinalarga to‘lanadigan import bojxona to‘lovlari qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi bojxona to‘lovlari darajasiga tushirilishi lozim.

Agar shunday qilinsa:

Birinchidan, xorijda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli avtomashinalar (Toyota, Mercedes, Volkswagen, BMW, Audi, Hyundai, Volvo) importidan davlat budjetiga ko‘p miqdorda bojxona to‘lovlari kelib tushadi. Bu mablag‘lar GM Uzbekistan zavodi faoliyatidan davlat budjetiga kelib tushayotgan foyda summasidan ancha ko‘p miqdorni tashkil qiladi.

Oddiy misolda buni isbotlashga harakat qilamiz: Yaponiyada ishlab chiqarilgan Toyota Corolla avtomobilining BAAdagi narxi 14 ming dollar. Shu mashina uchun Qozog‘istonda 7 ming dollar, O‘zbekistonda esa 14 ming dollar bojxona to‘lovlari to‘lanadi. GM Uzbekistan zavodida ishlab chiqarilgan Lacetti mashinasidan davlat 20 foiz foyda olsa ham, bu 3160 dollarni tashkil qiladi. Demak, O‘zbekistonda bojxona bojlari kamaytirilsa, har bir olib kelingan Toyota Corolla mashinasidan davlat budjetiga 7 ming dollar miqdorida bojxona to‘lovi tushadi. Bu har bir Lacetti’dan olinayotgan foydadan ikki barobardan ko‘p.

Ikkinchidan, GM Uzbekistan zavodi mahsulotlarining narxi tushib, aholimiz ancha arzon narxlarda avtomashinalarni sotib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Uchinchidan, O‘zbekistonda investitsion muhit tubdan yaxshilansa, dunyoning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchilari mamlakatimizda o‘z korxonalarini ochish istagini bildirishi mumkin.

Gap shu haqda ketar ekan, maishiy texnika bozoriga ham to‘xtalmasak bo‘lmaydi. So‘z yana bir monopolist korxona — Artel brendi ostida maishiy texnika vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar haqida ketayotganini, albatta, anglagandirsiz. Ushbu korxonalar Xitoy va Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan maishiy texnika vositalarining butlovchi qismlarini import qilib, O‘zbekistonda ularni yig‘ib, ichki bozorda tayyor mahsulot sifatida sotish bilan shug‘ullanadi.

Ichki bozorda Artel mahsulotlarining narxi Xitoydan import qilingan xuddi shu turdagi mahsulotlarning narxidan uncha katta farq qilmaydi. Ayrim hollarda, hatto qimmatroq ham. Bundan ko‘rinadiki, ushbu korxonalar ham O‘zbekiston aholisini arzon maishiy texnika vositalari bilan to‘liq ta’minlay olmayapti.

E’tiborli tomoni shundaki, mazkur korxonalar 2022-yilga qadar mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan materiallar va butlovchi qismlarni import qilishda bojxona to‘lovlaridan (0,2 foiz bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imidan tashqari), shuningdek, foyda solig‘i, mulk solig‘i va Respublika yo‘l fondiga ajratmalarni to‘lashdan ham ozod etilgan.

Shunday ekan, unda nima sababdan ichki bozorda Artel mahsulotlari Xitoydan import qilingan shu turdagi mahsulotlardan arzon emas? Artel mahsulotlari Qozog‘istonda O‘zbekiston ichki bozoridagi narxlardan kamida 30—40 foiz arzon sotilayotganini qanday tushunish mumkin? Xitoydan import qilingan maishiy texnika vositalarining Qozog‘iston bozorlaridagi narxlari ham O‘zbekiston ichki bozoridagi shu turdagi mahsulotlar narxlaridan 30—40 foiz arzon. Nega?

Bayon etilgan tahlildan faqat bir xulosa qilish mumkin — elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga davlat tomonidan berilgan imtiyozlar, ularni qo‘llab-quvvatlash choralari kutilgan natijani bermayapti.

Xorijda ishlab chiqarilgan maishiy texnikaga belgilangan asossiz yuqori import bojxona to‘lovlarining Qozog‘istondagi bojxona to‘lovlari darajasiga tushirilishi ushbu mahsulotlarning O‘zbekiston ichki bozoridagi narxlari pasayishiga olib keladi. Elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga berilgan imtiyozlar va davlat tomonidan qo‘llangan qo‘llab-quvvatlash choralari bekor qilinsa, O‘zbekiston ichki bozorida sog‘lom raqobat muhiti shakllanadi.

Demak, Artel ham butlovchi qismlarni import qilishda kamaytirilgan bojxona bojlarini to‘lab, sog‘lom raqobat muhitida o‘z mahsulotlarining ichki bozordagi narxini tushirishga majbur bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, aholining to‘lov qobiliyati, ya’ni ichki bozor salohiyatini yanada oshiradi. Import qilingan va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar narxining ichki bozorda arzonlashishi qo‘shni davlatlardan ushbu mahsulotlarni sotib olib kirishga bo‘lgan ehtiyojni o‘z-o‘zidan yo‘qotadi.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va hajmi ko‘payishi, aholi daromadlari, ya’ni to‘lov qobiliyati, shuningdek, eksport oshishi milliy valyutamiz qadri yuksalishiga asos bo‘lishi esa natijalarning eng ahamiyatlisidir.

Abdurahmon Hamidov,

huquqshunos



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (27-04-2019, 21:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 75) ( 0) ( 74) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют