» » Andijonda uy egalari uyini buzishga kelganlarni nega toshbo‘ron qildi? Uy nima uchun buzilayotgan edi?

Andijonda uy egalari uyini buzishga kelganlarni nega toshbo‘ron qildi? Uy nima uchun buzilayotgan edi?


“Ozodlik” radiosining Facebook’dagi sahifasida “Uy egalari uyini buzishga kelganlarni toshbo‘ron qildi” nomli sarlavha ostida video e’lon qilindi. Voqea Andijon viloyatining Izboskan tumanida ro‘y bergan bo‘lib, unda bir necha xotin-qiz o‘z xonadonini buzishga urinayotgan huquq tartibot organlari xodimlariga nisbatan qarshilik ko‘rsatib, texnikalarni toshbo‘ron qilgani aks etgan. Mazkur manzara ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida keskin muhokamalarni keltirib chiqardi va bu hamon davom etmoqda. Ushbu holatga aniqlik kiritib, xonadon egalari bilan suhbatlashish maqsadida “Daryo” muxbiri jurnalistik surishtiruv olib bordi.

Voqea Izboskan tumanining “Chuvama” qishog‘idagi “Uzun ko‘cha” mahallasida joylashgan “Oydin hayot” ko‘chasida yashovchi Obidjon Mamatojiyev uyida yuz bergan. Kelganimizdan xabar topgan qo‘ni-qo‘shnilar voqeaning kelib chiqishi haqida bilganlarini so‘zlab berdi.

Obidjon Mamatojiyev ushbu xonadonni unga tog‘asi hadya qilib ketganini, haqiqat uchun kurashishini ma’lum qildi.

— Bu xonadonni rahmatli tog‘am No‘monjon Xudoyberganov qaynog‘asi Abdullajon tog‘adan ko‘p yillar avval xarid qilgan. Ammo o‘sha paytda oldi-sotdi shartnomasini tuzishmagan. Farzand dog‘ida umr kechirib, keksayganida qarovsiz holda qolgan tog‘am va uning rafiqasi O‘g‘ilxon ayani parvarishlab, yonida tirgak bo‘lishimizni istagan yaqin qarindoshlar hamda mahalla-ko‘yning qistovi bilan 2002-yilning avgust oyida shu yerga ko‘chib kelganmiz. Xotinim ikkimiz 80 yosh ostonasidagi nuroniylarning duosini olish maqsadida ularga yaxshi qarab, birga yashadik. Unda to‘ng‘ich farzandimiz Sharofatxon yetti oylik chaqaloq edi. Hozir 17 yoshga to‘ldi. O‘tgan davr ichida shu uyda ikki qiz va bir o‘g‘il farzand ko‘rdik. Tog‘am tirikligida bu uy-joyni menga hadya qilib ketgan. Buni notarius orqali ham tasdiqlatganmiz. 2002-yili tuman arxividan olgan ma’lumotnomamda tog‘am bu uy-joyga 1985-yildan beri egalik qilib kelayotganligi qayd etilgan. Xuddi o‘sha yili tog‘amning vasiyatnomasiga asosan uy-joyni o‘z nomimga rasmiylashtirganman va 17 yildirki, mol-mulk va yer solig‘ini to‘lab kelaman.

2011-yili mening nomimga rasmiylashtirilgan ushbu xonadon hujjati sud tomonidan bekor qilinib, holat nizoli bo‘lganligi bois tuman hokimi da’vogar Maqsudaxon Karimova nomiga qaror chiqargan. Bundan men olti yil bexabar yurganman. Hatto sud jarayonlarida ham ishtirok etmaganman. 2017-yilning oxirida fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudi meni chaqirtirib, uy-joy noqonuniy qurilganligi va da’vogar Maqsudaxon Karimova nomiga rasmiylashtirilganligini aytishdi. Uy-joyimni buzish uchun ijroga qaratilganini eshitib, karaxt bo‘lib qoldim. Shundan so‘ng sudma-sud yugurib, yordam so‘ramagan odamim qolmadi hisob. Barchasi hokimning qarorini ko‘rib, mening nomimga rasmiylashtirilgan qarorning kuchini yo‘qotgan, deya fikr bildirishdi. O‘tgan yili uyimni buzish uchun kelishganida, oilaviy sharoitimni ko‘rib, vaqtinchalik to‘xtatib turishdi.

Da’vogarlik qilayotgan 64 yoshli Maqsudaxon Karimova rahmatli O‘g‘ilxon ayaning o‘gay opasining qizi bo‘ladi. U oliy ma’lumotli o‘qituvchi, bir paytlar deputatlik ham qilgan. Men esa o‘qimagan, bir sodda insonman. O‘zim doimiy ish o‘rniga ega emasman. Ayolim ham ishlab chiqarish sexida ishlardi, uy mojarosi boshlangandan beri uyda. To‘rt nafar farzandimiz bor. Ularni boqish va uy-joy masalasida adolat izlab, yuguraverib mulklarimizni sotishga majbur bo‘ldim. Ko‘rganingizdek, xotinim bir qancha kasalliklarni orttirib oldi. Qulog‘i yaxshi eshitmaydi. Haqiqat qaror topishiga ishonib, haligacha kurashishdan chekinganim yo‘q.

Obidjon Mamatojiyevning rafiqasi Barnoxon Mamatojiyeva uy buzilgandan so‘ng oila kapada kun kechirishga majbur bo‘layotganini aytdi.

— Ijrochilar ikki tomon o‘zaro kelishinglar, deyishganidan keyin Maqsudaxon opaga rosa yalindik. Ammo u parvo ham qilmadi. O‘tgan yilning avgustida ijrochilar uyimiz shiferlarini sug‘irib tashlashdi. Turmush tarzimizni ko‘rgach, imkon berishdi. Bir amallab, tomni yopib oldik. Shu yil fevralda yana kelib, tomni ochishdi. Sabr qilib, qishdan omon chiqdik. O‘tgan haftaning shanba va yakshanba kunlari (4–5-may) esa uyni buzishga tushishdi. Er-xotin yillar davomida yig‘ib-tergan mablag‘imizga qurgan uyimizni barbod qilishgani butun mahalladagilarga ham alam qildi. Hozir guvohi bo‘lganingizdek, ushbu kapani tiklab, kun kechiryapmiz. Qizlarimning biri singlimning uyida, yana biri qo‘shnimiznikida yotib, yuribdi. Keyingi hayotimiz qanday kechadi bilmayman (yig‘lab yubordi).

Oilaning qo‘shnisi Asalxon Xolbo‘tayeva sud chiqargan qaroriga izoh berib, haqiqat yo‘qligiga amin bo‘lganini aytdi.

— Shu mahallada tug‘ilib, ulg‘ayganman va yon ko‘chaga kelin bo‘lib tushganman. Barnoxonning oilasini ko‘chib kelishganidan beri yaxshi taniyman. Bu er-xotinlar No‘monjon ota va O‘g‘ilxon ayalarning xizmatini qilib, duolarini olishgan jannati insonlar. Chol-kampir vafot etgunicha, ya’ni 2003-yil oxirigacha ularning og‘ir kunlarida ham shular asqotgan. 10 sotixdan ortiq yer va uy talashish jarayoni 2017-yilda boshlandi. Qo‘shni ayollar birgalashib, ko‘p joyga murojaat qildik. Viloyat hokimining qabuliga hech kirolmadik. Bu uydagilarni biz mahalladagilar juda yaxshi bilamiz. Da’vogarlik qilayotgan Maqsudaning zurriyoti yo‘q, yolg‘iz yashaydi. Sudga ham tan bermadim. Bir tomonlama qaror chiqarishganini ko‘rib, haqiqat yo‘qligiga amin bo‘ldik. Obidjonning yer kadastr hujjati bekor qilinib, Maqsudaniki kuchga kiribdi. Mahallada sud bo‘lganida, butun mahalla ishtirok etib, bular tomon bo‘lganmiz. MIBdagilar kelib, ro‘zadan ikki kun avval buzib ketishdi. Qo‘shnilar rosa yalindik, ammo gapimizga ko‘nishmadi. Bo‘yi yetgan qizlari erta-indin yomon yo‘lga kirib ketmasligi yoki tirikchilik tashvishida xorijga yo‘l olmasligiga kim kafolat beradi? Guldek oilaning tinchi, halovati buzildi. Kim internetga chiqargan bo‘lsa ham, ajab ish qilibdi. Bu holatni Prezidentimiz ko‘rib, yordam qo‘lini cho‘zishini juda ham xohlardik.

Mamatojiyevlar oilasining yana bir qo‘shnisi Mavludaxon Abdumalikova uyga da’vo qilayotgan Maqsudaxon Karimovadan barcha norozi bo‘layotganini, uni qarg‘ayotganini ta’kidladi.

— Bu er-xotin chol-kampir hayotligida ularga qaradi, boqdi, o‘ligini ko‘mdi va shu yerda palak yozib, birin-ketin farzand ko‘rishdi. O‘sha paytda Maqsudaxon qayerda edi? Nega chol-kampir tirikligida uy talashmadi? Uning haqi yo‘q bu uy-joyga. Butun xalq uni qarg‘ayapti. Bir o‘zi qasr uyda yashaydi. Uy sotib o‘rganib qoldi. Mahalla faollari, imomlar ham unga tushuntirish bergani oldiga kirsa, gapiga quloq solmabdi. Undan hamma norozi. O‘zi hali Toshkentda, hali boshqa joyda turib, telefon orqali ish bitiradi. O‘ylab ko‘ring uka, haqiqat qani ayting-chi? Obidjon va Barnoxonlar bizga hech kim emas. Lekin ularning qandayligini yaxshi bilganimiz uchun yuragimiz achishyapti.

Xonadon sohibuyu sohibalari hamda qo‘ni-qo‘shnilar bilan suhbatlashgach, Izboskan tumani hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Saidaxon Abdusalomova bilan bog‘landik:

— Mazkur vaziyat bo‘yicha avvaldan xabardorman. Oldingi hokimimiz Akmaljon Jalolov bilan bir necha marta ushbu xonadonga borib, viloyat va tuman MIB vakillarini uy buzish jarayonidan to‘xtatgandik. Uyning buzilgani bilan bog‘liq videoning internetga tarqalib ketganini 10-may kuni ertalab eshitdim. Uy buzilishiga da’vogarlik qilayotgan Maqsudaxon ayaning oldiga mahalla otinoyisi, kattalari bilan birga kirib, tushuntirish ishlarini olib borganman. U ayol oralaridan o‘tgan gap-so‘zlar, voqealarni aytib berib, fikridan sira qaytmagan. O‘ylab ko‘rsangiz, aslida bu ayolga uy kerak emas. Hokim boshchiligida Barnoxonlarga qo‘ldan kelganicha yordam berishga harakat qilamiz.

Shundan so‘ng, mazkur masala yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudi raisi Akmaljon Mamatovga qo‘ng‘iroq qildik. Ammo uning telefoniga tusha olmadik. Shuningdek, uy-joyga da’vogarlik qilayotgan Maqsudaxon Karimova bilan ham yuzma-yuz ko‘rishib, fikrlarini tinglamoqchi edik. Afsuski, u ayol ayni paytda Izboskan tumanida emasligini bilgach, telefon raqamini ham topa olmadik.

Biz vaziyatni kuzatishda davom etamiz...



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-05-2019, 16:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 89) ( 0) ( 88) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют