» » Buxoroda 2018-yilda tug‘ilgan egizaklarning onasi e’tiborsizlikdan shikoyat qildi

Buxoroda 2018-yilda tug‘ilgan egizaklarning onasi e’tiborsizlikdan shikoyat qildi


Buxoro viloyat Jondor tumanidagi Qozikent qishlog‘ida bundan roppa-rosa bir yil oldin 2018-yilning 1-iyunida – Xalqaro bolalarni himoya qilish bayrami kuni Farhod Turobov hamda Ma’rifat Jo‘rayevalar xonadonida egizaklar dunyoga kelgan. Egizaklarga O‘zbekiston Prezidentiga ehtirom sifatida Shavkat, Miromon va Mirziyo nomlari berilgan.

— Shu kuni oilamiz quvonchga to‘ldi. Shukurki, uch egiz ham sog‘lom dunyoga keldi. Bolalarim tug‘ilganda Shavkat 2,8 kg, Mirziyo 1,8 kg hamda Miromon 2,6 kg vazn og‘irlikda edi. Egizaklarga bu nomni berishdan boshqa maqsadlarni ko‘zlashgan, degan o‘yga borishmasin uchun, to‘g‘risi, ijtimoiy tarmoqlarga yozish yoki shov-shuvga sabab bo‘lishdek nazartalablikdan yiroq turdik. Bunday maqsadni ko‘zlagan emasmiz. Ammo oddiygina insoniy e’tibor, tabrikka ham loyiq ko‘rilmaslik kishi ko‘ngliga ozor ekan. Egizlarimizdan tashqari, yana bir o‘g‘il va bir qiz farzandimiz bor. Uch egizni og‘ir operatsiya yo‘li bilan dunyoga keltirganim uchun ularning enagasiz oyoqqa turg‘izishda qiynalib qolayotganim bor gap. Shu maqsadda tuman hokimligiga uch egizga uch enaga yollashim, vaqtincha bo‘lsa ham oilamizga ko‘mak sifatida enagalar to‘lovini amalga oshirishda yordam berib turishlarini so‘rab, murojaat etdim. Hech qanday ko‘mak berolmasliklarini bildirishdi, — dedi egizaklarning onasi Ma’rifat Jo‘rayeva.

Ma’lum bo‘lishicha, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Latofat Behbudova oradan bir yil o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, egizaklar tug‘ilgan xonadonga biror marta bormagan.

— Mening nomimdan “Qozikent” mahallasi vakillari bolalar holidan xabar olishgan. Shuningdek, vrachga ham aytib, patronaj xizmatini jo‘natganman. Oilaga ko‘mak sifatida enagalar to‘loviga ko‘maklashish bo‘yicha esa ijtimoiy bo‘limga murojaat qilishgan, — dedi Latofat Behbudova.

Savol tug‘iladi: mahalla tuman xotin-qizlar nomidan xabar olgan bo‘lsa, mahalla nomidan kim xabar olar ekan?

— Qishloqlarda qishda gaz, elektr energiyasi tashvishlari haddan oshadi. Shu qiyinchiliklardan omon-eson o‘tish uchun o‘tgan yilning avgust oyida tuman markazidagi ko‘p qavatli uylardan xarid qilish maqsadida tuman hokimligiga murojaat etdik. Latofat Behbudova ko‘p qavatli uylarga ega bo‘lishimizda, shuningdek, uning boshlang‘ich badali to‘lovini amalga oshirishda ko‘maklashilishini bildirdi. Biroq hech qanday ko‘mak bo‘lmadi. Keyinchalik tuman hokimiga kredit evaziga uy-joyning boshlang‘ich badalini ham shaxsan o‘zimiz to‘lashimizni, faqat bolalarning ertangi kuni uchun tuman markazidan uy-joy chorasini ko‘rib qo‘yishimiz kerakligini bildirdim. Oradan vaqt o‘tib, uy-joyning boshlang‘ich badalini to‘lab kelganimizdan keyingina tuman markazida qurilishi endi boshlanayotgan uy-joylarga ega bo‘lishimiz to‘g‘risidagi hujjatlar imzolandi, — dedi Farhod Ismoilov.

Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisining aytishicha, egizaklar ulg‘ayayotgan xonadonda ijtimoiy ahvol ijobiy. Shu bois, boshlang‘ich badal to‘lovida ham hech qanday ko‘mak ko‘rsatilmagan.

Bildirilishicha, ushbu oila tomonidan O‘zbekiston Prezidentining virtual qabulxonasiga 2018-yilning avgust oyida 93454-s/18 hamda dekabr oyida 138001-s/18 – tartib raqamlari ostida murojaatlar qayd etilgan. Mazkur murojaatlarga tuman hokimi tomonidan “Suhbat jarayonida farzandlaringiz bilan shug‘ullanishda xotiningiz Jo‘rayeva Ma’rifat Nosirovna qiynalayotganligini bildirdingiz va Sizga farzandlaringiz bilan shug‘ullanish uchun yordam sifatida ko‘maklashilishi ma’lum qilindi”, — degan javob xati bilan kifoyalanilgan.

P.S. Jondor tumanidagi “Qozikent” qishlog‘ida tug‘ilgan egizaklar kurash bo‘yicha 14-marta jahon chempioni, mashhur polvon Ismoil Turobov (vafot etgan)ning evarasi hisoblanadi. Oila boshlig‘i farzandlari Shavkat, Mirziyo va Miromon Turobovlarni ham kelajakda katta bobosi singari polvon bo‘lib kamolga yetishini maqsad qilgan. Ayni paytda Shavkat – 12 kg, Mirziyo – 9 kg hamda Miromon 10 kg vaznga ega.

Davlat xizmatlari agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2018-yil 1-yanvardan 2019-yil 7-mayga qadar O‘zbekistonda 429 marta uch egizak dunyoga kelgan. 10 dan ortiq holatda egizaklarga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev sharafiga Shavkat, Miromon va Mirziyo ismlari qo‘yilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (13-05-2019, 12:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 70) ( 0) ( 70) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют