» » Yunusobod sobiq hokimi DXXga topshirgan 400 ming dollar uning rafiqasiga qaytariladigan bo‘ldi, Malibu va Captiva’lar taqiqdan chiqarildi

Yunusobod sobiq hokimi DXXga topshirgan 400 ming dollar uning rafiqasiga qaytariladigan bo‘ldi, Malibu va Captiva’lar taqiqdan chiqarildi


Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 13-may kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida Yunusobod tumani sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov, shuningdek, vaqtincha ishsiz O‘tkir Muhammadsaidov va “Milliy PR-markaz” korxonasi sobiq direktori Shohrux Malikovga nisbatan hukmlar chiqarildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov xabar bermoqda.

Voqea tarixi

Yunusobod tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Abdusamatov yer uchastkalarini ajratish uchun pora olishda gumon qilinib, 2018-yil sentabrida qo‘lga olingan edi. Unga Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi va 2-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 210-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 3-qism “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora olish) bilan ayblov e’lon qilingan edi.

“Abdusamatov ishi” bo‘yicha, shuningdek, vaqtincha ishsiz O‘lmas Muhammadsaidov (u Jinoyat kodeksining 28-moddasi orqali 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan ayblangan) va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markaz” korxonasi sobiq bosh direktori Shohrux Malikov (u Jinoyat kodeksining 212-moddasi 3-qism “a” bandi (haq evaziga yirik miqdordagi pora olish-berishida vositachilik qilish) va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan ayblangan) ham sudlanayotgan edi.

2019-yil 1-may kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Toshkent shahar prokurori yordamchisi Sardor Ahmedov sobiq hokim Baxtiyor Abdusamatovdan pora olish to‘g‘risidagi ayblovni bekor qilishni so‘radi. Xuddi shu majlisda Abdusamatov uning qamoqqa olinishini DXX raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Jahongir Egamov va boshqarmalarning sobiq rahbarlari tomonidan amalga oshirilganini ta’kidlagan edi. Uning advokati esa sobiq hokimning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi, qo‘lga olishda protsessual qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani va guvohlarga bosim o‘tkazilganini ma’lum qilgandi.

Sudlanuvchi Baxtiyor Abdusamatov so‘nggi so‘zida qilmishlarida shaxsiy mafaati bo‘lmaganini ta’kidladi. Sudya Zafar Nurmatovga murojaat qilarkan: “Sizni tajribali, adolatli sudya deb eshitganman. Adolatli hukm chiqarishingizni istayman”, — dedi.

Sud hukmiga ko‘ra, Abdusamatov harakatlarida ko‘p miqdorda pora olish moddasi bo‘yicha jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli yuritilgan jinoyatning ushbu qismi harakatdan tugatildi. U hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddasi bilan aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlardan ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tayinlangan jazo muddatini manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi. Qamoqqa olish ehtiyot chorasi aslicha qoldirilgan holda jazo muddati 2018-yil 10-sentabridan boshlab hisoblanadigan bo‘ldi.

Dastlabki tergov harakatlari davomida yetkazilgan moddiy zararni ixtiyoriy ravishda qoplash maqsadida Abdusamatov tomonidan taqdim etilib, DXX depozit xizmat raqamiga topshirilgan 400 ming dollar uning turmush o‘rtog‘i Abdusamatovaga qaytarilishi ko‘rsatib o‘tildi.

Tadbirkorlar Isroil Alimov, Umid To‘rayev va Shuhrat Boboyev hamda fuqaro Muzaffar Musayevning sobiq hokimga nisbatan moddiy va ma’naviy da’volari yo‘qligi bildirildi.

Sudlanuvchi O‘lmas Muhammadsaidov so‘nggi so‘zida odamlardan pul olganini, xato qilganini aytib, unga imkoniyat berib, yengil jazo tayinlashlarini so‘radi.

Sud uni jinoyat ishtirokchilarining turlari orqali juda ko‘p miqdorda firibgarlik va juda ko‘p miqdorda pora berish moddalari bo‘yicha aybli deb topdi hamda 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlardan ishlash mahrum qilingan holda 10 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Tayinlangan jazo muddati manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi. Qamoqqa olish ehtiyot chorasi aslicha qoldirilgan holda jazo muddati 2018-yil 10-sentabrdan boshlab hisoblanadigan bo‘ldi.

Hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng Muhammadsaidov tomonidan fuqaro Husan Karimov foydasiga yetkazilgan 125 million so‘m, Elshod Ayupov, Mirkomil Ziyovuddinov foydasiga yetkazilgan 20,5 million so‘m va O‘rol Karimov foydasiga yetkazilgan 20 millon so‘m miqdoridagi hamda fuqaro Sarvar Ro‘zimuhammedov foydasiga yetkazilgan 2 ming dollar moddiy zarar uddirilishi belgilandi. Shuningdek, undan pora predmeti sifatida olingan 49 ming 500 dollar davlat foydasiga undirilshi aytib o‘tildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markaz” korxonasi sobiq bosh direktori — sudlanuvchi Shohrux Malikov so‘nggi so‘zida: “Men o‘zimga nisbatan qo‘yilgan ayblarni tuhmat deb bilaman. Adolatli hukm chiqarishingizni so‘rayman”, — deb, sudyaga murojaat qildi.

Sud hukmiga ko‘ra, Shohrux Malikovga qo‘yilgan haq evaziga yirik miqdordagi pora olish-berishida vositachilik qilish va juda ko‘p miqdorda pora berish ayblovlari o‘z tasdig‘ini topmadi. U sud zalidan ozodlikka chiqarildi.

Xatlanib, DXXga saqlash uchun topshirilgan ikkita Captiva va Malibu mashinalari sud hukmiga ko‘ra, qonuniy egasiga qaytarilishi va mashinaga qo‘yilgan taqiq bekor qilinishi ko‘rsatib o‘tildi.

Tergov organining 2018-yil 6—7-dekabrdagi qarorlariga muvofiq ish bo‘yicha yozma dalil deb e’tirof etilib, jinoyat ishi hujjatlariga ilova qilingan Yunusobod tumani hokimi qarorlari, uyali aloqa kompaniyalaridan olingan kirish-chiqish qo‘ng‘iroqlari bo‘yicha ma’lumotlar jinoyat ishi hujjatlarida saqlanadigan bo‘ldi.

Sudya tomonidan hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan boshlab, sudlanuvchilar va jabrlanuvchilar hukm nusxasini olgan kundan boshlab 10 sutka ichida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga, hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng esa jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish yoki protest bildirish huquqiga egaligi tushuntirildi.

Sudning xususiy ajrimiga ko‘ra, DXX Tergov boshqarmasi rahbariyati sud ishida qayd etilgan tavsiyalarga e’tibor qaratishi va kelgusida qonun buzilishi holatlari oldini olish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqishi ko‘rsatib o‘tildi.

Toshkent shahar hokimligiga esa kelgusida mansabdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish masalasi vakolatli bo‘lmagan shaxslar tomonidan muhokama qilish holatlarini oldini olish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqish ko‘rsatib o‘tildi.

Qayd etilgan idoralar mazkur xususiy ajrimning muhokamasida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasi haqida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga ma’lumot taqdim etishi lozim. Ajrimga 10 sutka muddat ichida xususiy tartibda shikoyat yoki protest bildirish mumkinligi eslatib o‘tildi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-05-2019, 14:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 86) ( 0) ( 84) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют