» » Kim zo‘r — Xitoymi, AQShmi? Facebook’ning xavfi nimada? Dollar hukmronligi qachon tugaydi? Jahon matbuoti sharhi

Kim zo‘r — Xitoymi, AQShmi? Facebook’ning xavfi nimada? Dollar hukmronligi qachon tugaydi? Jahon matbuoti sharhi


“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.

Facebook xavf tug‘dirmoqdami?

The Daily Mail nashrining yozishicha, Facebook asoschilaridan biri Krik Xyuz sobiq hamkor Mark Sukerberg “ta’siri cheksiz va Amerika tushunchalariga begona” ekanligini bildirib, kompaniyani bo‘lib tashlashga chaqirgan.

35 yoshli Xyuz Facebook kompaniyasini yaratishga yordam bergan va 2007-yilda Barak Obama bilan ishlash uchun kompaniyani tark etgan edi. Uning ta’kidlashicha, Facebook Instagram va WhatsApp’ni sotib olgandan keyin so‘z erkinligini, innovatsiya va raqobatbardoshlarni bo‘g‘ib tashlashga qodir bo‘lgan gigantga aylangan.

“Markning ta’siri hayratlanarli, u hukumat yoki xususiy sohadagi har qanday kishining ta’siridan ham yuqoridir”, — deydi Xyuz.

Facebook vitse-prezidenti Nik Kleg Xyuzga Daily Mail orqali javob berib, yutuqqa erishganini, shu bilan mas’uliyati ham oshganini va ayni paytda Sukerberg hukumat rahbarlari bilan uchrashganini bildirdi.

Xyuz esa Sukerbergning boshlig‘i yo‘qligini va shuning uchun u cheksiz ta’sirga ega bo‘lib qolganini aytib, hukumatni monopoliyaga qarshi qonunlar asosida bo‘lib yuborishga chaqirdi. Uning fikricha, Instagram va WhatsApp’ni sotishga majbur qilinsagina Facebook’ning jilovini tizginlash imkoni tug‘iladi.

Daily Mail xabariga ko‘ra, demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod senator Elizabet Uorren prezident bo‘lsa, Facebook, Amazon va Google Alphabet Inc’ni bo‘lib yuborishga va’da bergan. Donald Tramp ham ko‘p sonli va adolatliroq bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar yaratishga chaqirgan.

“Mark yaxshi, oliyjanob inson, lekin men uning rivojlanishiga urinib, xavfsizlikni qurbon qilganidan xafaman”, — deydi Xyuz.

Xullas, Amerikada monopoliyalarni va ularning cheksiz hukmronligini yoqtirmaydi. Sababi, monopoliya qanday xavfli oqibatlarga olib kelishi mazasini XIX–XX asr boshlarida tatib ko‘rgan.

AQSh – Xitoy savdo urushi avj pallaga chiqdi

AQShning Xitoy bilan savdo urushi Tramp prezident etib saylangan davrdan beri uning eng qaltis siyosati bo‘lib qolmoqda, deb yozadi Bloomberg agentligi. Moliyaviy tahlilchilarning fikricha, tariflar urushidan iqtisodiyot milliardlab dollar zarar ko‘rmoqda, moliyaviy oqibatlar bu savdo urushida mag‘lubiyatga uchragan taraf uchun mislsiz yo‘qotish bo‘lishi mumkin. Xitoy esa AQShning bu siyosatiga qarshi “qonga qon, jonga jon” tamoyilidan kelib chiqqan holda javob bermoqda.

Donald Tramp Osakada o‘tadigan G20 sammitida uchrashishini bildirgan bo‘lsa-da, savdo urushini davom ettirmoqda. AQSh savdo vazirligi 13-may sanasida Xitoydan keltiriladigan bolalar o‘yinchoqlaridan tortib kompyuterlargacha jami 360 milliard dollarlik mahsulotlarga 25 foizlik bojxona solig‘i joriy etilishini ma’lum qildi. Agar Tramp bu siyosatni amalga oshiradigan bo‘lsa, bu amerikaliklarning o‘ziga zarar keltirishi mumkin. Qiziq jihati, bu siyosat Tramp qayta saylanmoqchi bo‘layotgan paytda yuz bermoqda. Ammo Tramp “umidbaxsh” bitimlar tuzish haqida ham gapirmoqda.

“Barcha sharoitlar yaratilgan vaqtda biz kerakli soatda Xitoy bilan bitimga kelishamiz… Biroq bu bitimlar AQSh uchun manfaatli bo‘lishi shart”, — deb ta’kidladi Donald Tramp. Oldinroq Tramp rasmiy Pekinni sanksiyalarga javob choralari qo‘llashda juda chuqurlashib ketmaslikka chaqirgan edi.

Iqtisodiyotchilar amaldagi tariflar vaqti kelib Amerika iqtisodiyotini sekinlashtirishini aytmoqda. Shuningdek, ular mavjud savdo keskinligi Xitoyning butun savdosiga yoyilib ketishidan xavotir bildirmoqda. Agar shunday bo‘lsa, Xitoy kuchli javob choralarini ishlab chiqishi va bu AQSh iqtisodiyoti oraqaga ketishiga olib kelishi mumkin.

Xitoy hukumati ham 1-iyundan boshlab AQSh mahsulotlariga boj oshirilishini ma’lum qildi. Bu bilan Xitoy AQSh chaqirig‘ini e’tiborga olmadi. Xitoy savdo vazirligi AQShning 2493 turdagi mahsulotlariga 25 foizlik tarif bojlarini joriy qilishi AQSh iqtisodiyotiga berilgan zarbaligini ta’kidladi. Vaziyatning yanada keskinlashuvi iste’mol tovarlarining qimmatlashuviga olib kelib, AQSh iqtisodiyoti rivojlanishiga to‘siq bo‘ladi.

Tramp esa Xitoyni deyarli tayyor bo‘lib qolgan bitimdan chiqib ketishda ayblay boshladi va ko‘pgina Xitoy kompaniyalarini mamlakatdan chiqarib yuborish bilan po‘pisa ham qildi. Keskinlik shu darajaga yetdiki, AQSh Xitoyning Huawei kompaniyasini Eronga moliyaviy yordam berganlikda ham ayblab, qora ro‘yxatga kiritib qo‘ydi.

Xitoy hozircha javob choralarini juda “keskinlashtirishdan” tiyilib turibdi. 60 milliardlik 25 foizli tarif bojlarini faqatgina kichikroq uchoqlardan tortib to‘qimachilik sanoati mahsulotlariga kiritdi.

Ammo bitim tuzilmasa, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi jahon iqtisodiyotiga ham ta’sir qilishi mumkin.

Janubiy Afrika Respublikasidan nimani o‘rganish mumkin?

JARda anchadan beri irqchilik mavjud emas, qora tanlilar 1994-yildan beri hokimiyat tepasida. Lekin aholining katta qismi hanuz xarobalarda yashamoqda; o‘zgarish shuki, boy dahalar faqat oq tanlilarniki bo‘lmay qoldi. Ammo bu yerda o‘rnashgan oq va qora tanli boylar o‘zlarini qashshoqroq qora tanlilardan ajratib olayotgani aparteid mavjud bo‘lgan davrlardanda xunukroq tus olgan, deb yozadi The Time nashri.

JAR, 25 yil o‘tibdiki, qonun oldida hamma teng bo‘lishiga qaramay oq tanli boylar va qora tanli qashshoqlar mamlakti bo‘lib qolmoqda. Oz sonli qora tanli boylar ham bor, lekin kam. JAR eng noinsoniy irqchi davlatdan eng iqtisodiy notinchlik hukm surayotgan davlatga aylangan.

Jahon banki o‘tgan yili JARda aholining 10 foizini tashkil qiluvchi boylar mamlakatning 70 foiz boyligiga ega ekanini, 60 foizni tashkil etgan qashshoqlar esa 7 foiz boylikka egaligini e’lon qildi. Bu 60 foiz qashshoqlarga nafaqat qora tanlilarning o‘zi, balki mulatlar va asosan hindlardan iborat osiyoliklar ham kiradi. Bu mustamlakachilik va qullik davrining merosidir. Umuman olganda, qashshoq JAR aholisi kuniga 5 dollardn kamroq mablag‘ga yashaydi.

Tengsizlik keyingi paytda rivojlanayotgan mamlakatlarda ham kuchayib bormoqda. Ammo bu borada JAR ilg‘or bo‘lib, qashshoqlarning ahvoli aparteid davridagidan-da yomonroq.

Mandelaning xalqi irqchilik va jazolar mamlakati o‘rniga tenglikka asoslangan yangi jamiyat qurmoqchi edi. Ammo Mandelaning orzulari ro‘yobga chiqmadi. Buning sababi nimada?

Qora tanli rahbarlar orasida korrupsiya avj olgan. Ishsizlik darajasi yuqori. Ta’lim dasturlari nochor va sayoz. Sog‘liqni saqlash tizimi yemirilmoqda. Yer masalasi hal qilinmagan. Bo‘sh, foydalanilmay yotgan yerlar anchagina. Hukumat o‘z va’dalarini bajarmay keladi. Arzon uy-joylar dasturi oxiriga yetkazilgani yo‘q. Xaroba manzilgohlar soni 1994-yilda 300 ta bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda 2700 tadan ortiqdir. Hukumat mansabdorlari o‘z vazifasiga loyiq emas va islohotlar faqat og‘izdan qog‘ozgagina ko‘chyapti. JAR boy mamlakat bo’lishiga qaramay, boshqa mamlakatlarga o‘rnak bo‘la olmadi.

Dollar hukmronligi tugaydimi?

AQSh va Xitoy o‘rtasida davom etayotgan savdo urushi sharoitida ASEAN+3 mahalliy valyutadan foydalanishni kengaytirish va iyena bilan yuanni asosiy mahalliy zaxira vositasiga aylantirishga urinmoqda. Bu Osiyoning ichki hududiy moliyaviy aloqalarini mustahkamlashga va dollarga asoslangan moliyaviy tizimdan xalos bo‘lishga intilayotganini bildiradi, deb yozadi South China Morning Post.

Mutaxassislar savdo urushi dollar ustunligini zaiflashtiradi va iste’mol modelini o‘zgartirib, investitsiyalar globalizatsiyadan qochishiga olib keladi, deb hisoblamoqda. Ular globallashgan savdo tizimi o‘rniga uchta yirik mintaqada — AQShda, Yevropa Ittifoqida va Xitoyda har biri mustaqil amal qiladigan tizimlar vujudga keladi, deb aytmoqda.

Avvalroq Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi — ASEAN’ga kirgan o‘n mamlakat, shuningdek, Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya (ular birgalikda ASEAN+3 tashkilotini tashkil etgan) iyena va yuanni yirik valyuta jamg‘armasiga kiritishni o‘ylayotgani xabar qilingan edi. Bu Chiangmay tashabbusi deb atalgandi.

240 milliard dollarlik Chiangmay fondi 1997-yildagi Osiyo moliya inqiroziga javoban vujudga kelgan edi. U o‘z a’zo davlatlariga inqiroz paytida sug‘urta vazifasini bajarishi ko‘zda tutilgan edi.

ASEANga Bruney, Kambodja, Indoneziya, Laos, Malayziya, Myanma, Filippin, Singapur, Tailand va Vyetnam a’zodir.

Hozirga qadar Amerikaning dunyodagi ta’siri, uning harbiy qudratiga emas, balki ko‘proq moliyaviy kuchiga, barcha savdo aloqalarida dollar ishlatilishiga, Amerika kapital bozori va banklari qudratiga asoslangan edi.

Xitoy esa tobora ko‘proq o‘z bozorlarini chet mamlakatlar uchun ochmoqda. Bunga ayniqsa “Bir makon — bir yo‘l” siyosati yordam bermoqda. Xitoyning iqtisodiy o‘sishi AQShning g‘ashiga qanchalik tegmasin, jahon moliyaviy tizimida o‘zgarishlar kutayotgan mutaxassislar haq bo‘lib chiqishi mumkin.

Raqiblar qurshovida

Iqtisodiy taraqqiyot borasida Xitoyni ta’qib qilayotgan Hindistonda saylovlar yaqin bo‘lsa-da, AQSh – Xitoy, AQSh – Rossiya munosabatlari diqqat bilan kuzatilyapti, deb yozadi The Indian Express.

O‘tgan hafta AQSh – Xitoy savdo muzokaralari barbod bo‘ldi. Bu hafta Vashington Rossiya bilan munosabatlariga diqqat qaratdi. Buyuk davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar noaniq bo‘lgani sababli Hindistonning yangi hukumati AQSh, Xitoy, Rossiya o‘rtasidagi beqarorlikni hal qilishiga to‘g‘ri keladi. Iyun oyidagi uchrashuvlar — Bishkekdagi ShHT va Osakadagi G20 — hind rahbariyatiga buyuk davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar qanday rivojlanishini paypaslab ko‘rish imkonini beradi.

Sog‘lom aqldan kelib chiqadigan bo‘lsak, chuqur iqtisodiy bog‘liqlikda bo‘lgan AQSh va Xitoy nizoni kuchaytirmasligi lozim. Lekin AQSh va Rossiya o‘rtasidagi qarama-qarshi kayfiyatlar ularni o‘zaro hamkorlik qilishiga yo‘l bermasa kerak.

AQSh uchun muammo Xitoy bilan savdo defitsitigina emas, “tizimli” xavfda hamdir. AQSh Xitoyni intellektual mulkni o‘g‘irlashda ayblamoqda. AQSh o‘z do‘stlari va ittifoqchilarini Huawei kompaniyasiga 5G tarmog‘ini rivojlantirishga ruxsat bermaslikka chaqirmoqda. AQSh Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi tajovuzkor siyosatini jilovlab turibdi va Tayvanga strategik yordamni kuchaytirmoqda.

Rossiya masalasida Tramp ma’muriyati Xitoydan farq qilib, uni Yevropaning bir qismi deb hisoblaydi. Tramp Rossiyaga davlat kotibi Mayk Pompeoni yubordi, lekin muzokaralar hozircha kutilgan natijani bermadi. Umid endi Osaka sammitidan.

Xitoy bilan qrama-qarshilik AQShga qiyinchiliklar tug‘diradi. Rossiya bilan qarama-qarshilik yanada qiyinroqdir. Rossiya bilan bitim Vashingtonda keskin qarshilikka uchraydi.

Buyuk davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar qanday bo‘lmasin, Hindiston uchun ham ijobiy, ham salbiy oqibatlarga olib keladi. Dehli sust savdo siyosatidan voz kechishi lozim. AQSh, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi siyosiy o‘zgarishlar Hindistonga vaqtincha bo‘lsa ham strategik imkoniyatlar yuzaga keltiradiki, ulardan oqilona foydalanib qolish kerak.

Ha, Hindiston ham qulay  payt kelishini sabr bilan kutmoqda.

Jahongir Ergashev tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (18-05-2019, 09:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 102) ( 0) ( 100) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют