» » Haftalik dayjest: Energetika yangiliklari, kuyib ketgan faralar, Samarqanddagi mudhish qotillik, madaniyat namoyandalarining vafoti

Haftalik dayjest: Energetika yangiliklari, kuyib ketgan faralar, Samarqanddagi mudhish qotillik, madaniyat namoyandalarining vafoti


“Daryo”da o‘tgan haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.

Yunusobod tumanining o‘tgan yili qo‘lga olingan hokimi Baxtiyor Abdusamatov dastlab Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 210-moddasida (pora olish) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan edi. 13-may kuni sud hukmiga ko‘ra u 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

O‘tgan yilgi xabarga ko‘ra, hokim investorga joy taqdim etish maqsadida 400 ming dollar miqdoridagi pulni pora tariqasida olayotgan vaqtida ushlangan. Sobiq hokim DXXga topshirgan 400 ming dollar uning rafiqasiga qaytariladigan bo‘ldi.

* * *

Samarqandda yuz bergan dahshatli qotillikni dayjestimizga olib chiqdik. Ishtixonlik bir oilaning besh nafar a’zosini vahshiylarcha o‘ldirib, Qo‘shrabot tumani hududida Damas avtomobili ichiga tashlab ketilgan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qotillik yuzasidan axborot berdi. Bosh prokurorning alohida nazorati o‘rnatildi. Jinoyatchilar shaxsi hozircha aniqlanmadi.

* * *

Bu hafta energetika sohasidagi yangiliklarga boy bo‘ldi. Toshkentda “O‘zbekiston neft va gazi — OGU 2019” xalqaro ko‘rgazmasi, “Energetika, energiyani tejash, atom energetikasi, energiyaning muqobil manbalari — Power Uzbekistan 2019” xalqaro ko‘rgazmasi va xalqaro O‘zbekiston energetika konferensiyasi ochildi. Energetika vazirligi Fransiya kompaniyasi bilan hamkorlikda qo‘shma korxona tashkil etishi ma’lum bo‘ldi. Reuters yozishicha, O‘zbekiston kelgusi yilda energetika sohasini rivojlantirish uchun 2 milliard dollargacha mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda.

* * *

Andijon viloyati Bo‘z tumanining nomi o‘zgartiriladigan bo‘ldi. Bo‘z tumani hokimining viloyat faollari bilan yig‘ilishda aytishicha, tuman nomi o‘ziga yarashmay qolgan. Shunday qilib, Bo‘z nomi “Bo‘ston”ga aylanadigan bo‘ldi va tumanga 25 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

* * *

Bu haftada O‘zbekistonning taniqli madaniyat namoyandalari dunyodan o‘tdi. Taniqli teatr va kino aktrisasi, O‘zbekiston xalq artisti Yayra Abdullayeva 89 yoshida olamdan o‘tdi. 16-may kuni esa qator detektiv va ma’rifiy asarlari bilan o‘quvchilar e’tiborini qozongan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik 73 yoshida vafot etdi. Shuningdek, mashhur xonanda, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Turkmaniston xalq artisti Ortiq Otajonov 72 yoshida dunyodan ko‘z yumdi.

* * *

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-may kuni Andijon viloyatiga bordi. Davlat rahbari Xonoboddagi Xon Tex City mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi, Xonobod sihatgohiga tashrif buyurdi hamda andijonliklarning yashash sharoitlarini ko‘zdan kechirdi. Andijon hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda “Maktab o‘qituvchisining maoshini 1000 dollarga yetkazmoqchimiz”, dedi. Andijan City majmuasi loyihasini ma’qulladi.

* * *

17-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi. Lagard xonim avvalroq Nyu-York va Pekin shaharlarida o‘zbekistonliklar bilan uchrashgan edi. XVJ direktori Markaziy bankda o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistonda kreditlash darajasini qisqartirish zarurligini ta’kidladi. Kristin Lagard, shuningdek, Samarqand shahriga ham tashrif buyurib, Registonni ko‘zdan kechirdi.

* * *

O‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosuratlar kunning issig‘ida chirog‘ini yoqib yurgan avtomobillarning old qismi yonib ketganligini aks ettirdi. 10-maydan kuchga kiritilgan qoida chuqur o‘ylanmasdan tatbiq etilganiga fuqarolar tobora amin bo‘lib qoldi. Oliy Majlisning uch nafar deputati avtomobillarning kunduzi chiroq yoqib yurishi shartligi haqidagi qoidani bekor qilish bo‘yicha hukumatga taklif kiritdi. Toshkent shahar IIB voqeaga oydinlik kiritib, mashinalarning yonishi chirog‘ining yoqilishiga bog‘liq emas, deb izohladi.

“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-05-2019, 09:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 102) ( 0) ( 100) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют