» » O‘zbekistondagi eng baland gidrotexnika inshooti barpo etilmoqda (foto)

O‘zbekistondagi eng baland gidrotexnika inshooti barpo etilmoqda (foto)


Pskom daryosi to‘liq O‘zbekiston hududida shakllanadigan yirik suv o‘zanlaridan biri hisoblanadi. Biroq Chotqol va Ko‘ksuv daryolari qo‘shilishidan hosil bo‘lgan ushbu qayta tiklanuvchi energiya manbai hali yetarlicha o‘zlashtirilmagan. Shu bois “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan daryoning yuqori qismida ulkan gidrotexnika inshooti bunyod etilmoqda. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar berdi.

Mutaxassislarning aytishicha, “Chorvoq” gidroelektr stansiyasidan qariyb 50 kilometrda tepalikda bunyod etilayotgan “Pskom” suv omborining to‘g‘oni 195 metrni tashkil etadi. Bu mamlakatdagi eng baland to‘g‘on, deganidir. Inshootning eni ham, bo‘yi ham 1000 metrga cho‘zilib, 520,8 million kub metr suv sig‘imiga ega bo‘ladi. Natijada inshoot qoshida ishga tushiriladigan “Pskom” gidroelektr stansiyasini to‘liq suv bilan ta’minlaydi. Negaki, undan olinadigan samarali suv hajmi 486,5 million kub metrga yetadi.

Ayni paytda Bo‘stonliq tumanining Kurduxtar qishlog‘ida qurilish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Bunda ish vaxta usulida uch smenada tashkil etilib, 3000 nafar quruvchi va mutaxassislar, Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya, Ukraina, Belarus Respublikalaridan keltirilgan 280 ta zamonaviy texnika vositalari jalb etilgani ayni muddao bo‘lmoqda. Masalan, kran 75 tonnagacha yuk ko‘tarsa, BelAZ og‘ir yuk mashinalari 45 tonna yuk tashishga mo‘ljallangan. Burg‘ilash texnikalari esa portlatishsiz tog‘ jinslarini teshib o‘ta oladi.

Ta’kidlash kerak, GES “Gidroproyekt” aksiyadorlik jamiyatining yuqori malakali mutaxassislari tomonidan loyihalashtirilmoqda. Uning qurilishga 2018-yilda geologiya-qidiruv ishlari bilan bir paytda kirishilgan edi. Natijada bugungi kunga qadar 24 kilometrlik avtomobil yo‘li, 200 dan ortiq texnikalarga xizmat ko‘rsatadigan avtojamlanma, ishchilar uchun yotoqxona qurildi. Shuningdek, 1800 metrlik tunnelning 1700 metri qazib bo‘lindi.

“Tunnel bir paytning o‘zida ikki tomondan qazib kelinayotgani tufayli ish sur’ati tezlashib, o‘rtadagi 100 metrlik masofa qoldi, xolos, — deydi “To‘palang HPD Water Constuctions” davlat unitar korxonasi rahbarining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Amondulla Shukurov. — Uni ham tez orada yorib o‘tib, tunnellarni birlashtiramiz”.

Tog‘ning chamasi 80—100 metr ostidagi tunnel ichi xuddi yer osti yo‘llarini eslatadi. Keng va yorug‘. Ulkan yuklagich bemalol harakatlanib, to‘plangan tog‘ jinslarini yuk avtomobillariga ortadi. Shundan so‘ng ishchilar yerga beton yotqizadi. “To‘palang HPD Water Constuctions” davlat unitar korxonasi bosh muhandisi Rajabali Sharipovning aytishicha, tunnel o‘ta mustahkam qilib qurilmoqda. Burg‘ilangan qismida tog‘ bosimi hisob olingan holda, 40 santimergacha temir-beton ishlari peshma-peshma bajarilmoqda.

“Tunnel to‘liq qazib bo‘lingach esa ichiga diametri 6,5 metr, qalinligi 20 millimetrga teng po‘lat quvur yotqizilib, uning atrofiga yana 65 santimetr beton quyilib, mustahkamlanadi, — deydi u. — Uning tugagan qismida, ko‘rib turganingizdek, Suv chiqarish inshooti binosi qurilyapti. Hademay, ular bitgach, daryo suvi tunnel orqali o‘tkazilib, suv ombori qurishga kiramiz”.

Maydonga tutash joyda ko‘chma shag‘al saralash hamda beton qorish zavodlari qurilganidan so‘ng ish jaddallashib ketdi. Eng muhimi, beton tannarxi 30—40 foiz arzonlashdi. Negaki, ilgari qum va shag‘al 90 kilometr olis masofadan olib kelinardi. Endi bunga hojat qolmadi. Shu yerdagi karyerdan olinayotgan shag‘al saralanib, soatiga 200 tonna qurilish ashyosi ishlab chiqarilmoqda. O‘z navbatida, u tutash zavodga uzatilib, soatiga 100 kub metr beton qorilmoqda. Pirovardida qisqa davr ichida jami 50 ming kub temir-beton, 10 million kub metr yer ishlari bajarishga muvaffaq bo‘lindi.

404 megavattli “Pskom” GES hali Ugom-Chotqol tog‘lari bag‘ridagi ulkan bunyodkorlik ishlarining boshlanishi, xolos. Pskom daryoning yuqori va quyi qismida yana ikkida GES qurilishi mo‘ljallangan bo‘lib, ularning umumiy quvvati 450 megavattga teng bo‘ladi. Ko‘plab doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Shu jihatlar inobatga olinib, energetiklar uchun shaharcha barpo etish sa’y-harakatlari boshlab yuborildi.

Hademay, bu so‘lim maskanda zamonaviy turar joylar, bolalar bog‘chasi, maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa infratuzilma obyektlari tiklanib, foydalanishga topshiriladi. “Pskom” GES esa 2026-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u mamlakatda ekologik toza va arzon elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, Toshkent viloyati aholisi hamda iqtisodiyot tarmoqlarini ushbu resurs bilan barqaror ta’minlash imkonini beradi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (27-05-2019, 20:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 70) ( 0) ( 68) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют