» » Toshkentdagi 23-sonli Mehribonlik uyida aslida nima bo‘lgan?

Toshkentdagi 23-sonli Mehribonlik uyida aslida nima bo‘lgan?


30-aprel kuni bloger Yelena Polyanskaya o‘zining Facebook’dagi sahifasida Toshkentdagi 23-sonli Mehribonlik uyida 2 nafar bolaning kaltaklangani haqida xabar qoldirgan edi. Keyinchalik Toshkent shahar IIBB 30-mart kuni ushbu masala yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini va 7-aprelda ishni Yunusobod tumani IIBga yo‘naltirilganini ma’lum qilgan, deya yozadi Repost.

Repost nashri Mehribonlik uyidagi bolalarga yordam beruvchi Svetlana (ismi o‘zgartirilgan) ismli ayol hamda 23-sonli Mehribonlik uyida ishlovchi psixolog Renata Gilmeyeva bilan suhbat o‘tkazdi hamda voqeaga oydinlik kiritdi.

15 yoshli Artyom va 12 yoshli Sasha (ismlar o‘zgartirilgan) mehribonlik uyida bir guruhda tarbiyalanar edi. Guruh tarbiyachisi — Abror (ismi o‘zgartirilgan).

Artyomning onasi vafot etgan, otasi esa emizikli bola bilan qolgan. Ota keyinchalik ichkilikka ruju qo‘ygan, uyiga ayollarni olib kelgan, ular bilan janjallashgan. Artyom qo‘rqqanidan qochib ketib, uyning boloxonasiga chiqib olgan va o‘sha yerda o‘tirib, ovqatlangan.

Svetlana 23-sonli Mehribonlik uyiga kelganida Nigora ismli xodim uni Artyom bilan tanishtirgan. Ma’lum bo‘lishicha bola enurez (peshobni ushlab turolmaslik) kasalligi bilan og‘rigan. Svetlana uni bir necha bor o‘z uyiga olib ketgan, darslariga yordam bergan, ovqat tayyorlashni o‘rgatgan.

“Men shanba va yakshanba kunlari uni uyimga olib ketardim, — deydi Svetlana. — Mehribonlik uyi tarbiyachisi uning o‘g‘riligini, peshobini ushlab turolmasligini, jinsiy qiziqishi bilan muammo borligini va doim qochib ketishini aytgan. Shunga qaramay men tavakkal qildim. Uyga keldik, u pullarim qayerda turishini ko‘rdi. Eshik ochiq. Ammo u pullarimga tegmadi. Uning ustiga tuni bilan uning tagi quruq edi, hojatxonaga o‘z vaqtida bordi. Keyingi shanba, yakshanba kunlari ham shunday bo‘ldi”.

23-sonli Mehribonlik uyida bir guruhning ichida turli yoshdagi bolalar tarbiyalanadi. Renata Gilmeyevaning so‘zlariga ko‘ra, bunday tizim yoshi katta bolalar guruh ichida o‘z qoidalarini yaratib olib, xo‘jayinchilik qilishiga olib keladi.

Artyom va Sasha bir-biriga aka-ukaday munosabatda. Psixolog Renataning aytishicha, Sasha itoatkor va ma’nan ojiz, Artyom esa irodali va qat’iy. Ular birgalikda bir-birini qo‘llab-quvvatlashga urinadi.

Lena xola — Artyom mehribonlik uyiga tushgunicha uning oilasiga yordam berib turgan qo‘shnisi.

Joriy yilning yanvar oyida Lena xola Svetlanaga qo‘ng‘iroq qilib, Sasha va Artyom mehribonlik uyidan qochib ketgani va hozirda uning uyida ekanini xabar qilgan. Shuningdek, bolalarning tanasidagi kaltakdan ko‘kargan joylarini suratga olib, Svetlanaga yuborgan (dumbadagi ko‘kargan va qon talashib qolgan joylar Sashaniki, oyoqdagi kaltak izlari Artyomniki).

Lena xola bolalarga ovqat bergan, uxlashga yotqizgan, keyin esa mehribonlik uyiga xabar qilgan. Mehribonlik uyi xodimlari bolalarni olib ketib, yana kaltaklagan.

Sasha darhol yengilgan. Artyomning esa o‘ziga yarasha fe’l-atvori bor. U 8 marta qochib ketgan. Uni 8 marta topib, kaltaklashgan. Artyomni bungacha ham avvaldan urib, haqorat qilishgan. Artyom bunga javob qaytargan, evaziga esa uni bir xonaga qamab qo‘yib, 3 kun ovqatsiz qoldirishgan.

Artyom Lena xolanikiga qochib ketavergan. U esa bolani uyiga kiritib, ovqatlantirib, uxlashga yotqizib, mehribonlik uyiga xabar bergan. Artyom sakkizinchi marta qochganida esa Lena xola uni uyiga kiritmagan. Pastdan odamlar chiqib, bolani mehribonlik uyiga qaytarmoqchi bo‘lgan, ammo Artyom podyezdning ikkinchi qavatidan ko‘chaga sakragan. Svetlananing aytishicha, uning oyoq kafti jarohatlangan. Uni baribir tutib olishgan, mehribonlik uyiga qaytarishgan va u yerda yana kaltaklashgan.

Shundan so‘ng Svetlana Prezident portaliga xat yozib, Lena xola yuborgan suratlarni ham biriktirgan. 3 kundan so‘ng ayol shahar prokuraturasiga chaqirtirilgan. Ishni Sobirov Dilshod olib borgan.

“Sashani ham chaqirishdi, — deydi Svetlana. — Uni tarbiyachisi Abror va mehribonlik uyi xodimi Nigora olib keldi. Sobirov Dilshod hammaning oldida Sashadan uni kim urganini so‘radi. Bola qo‘rqqanidan o‘zi yiqilib tushganini aytdi. Men tarbiyachi va xodimning xonadan chiqib turishlarini so‘radim. Shundan so‘ng bola uni kim va nega kaltaklaganini aytib berdi”.

Sashaning aytishicha, u tarbiyachisi Abrorning kompyuteridan bilmasdan nimanidir o‘chirib yuborgan. Tarbiyachi hammani bir qator qilib turg‘izib qo‘yib, buni kim qilganini bilish uchun hammani navbatma-navbat ura boshlagan. Sasha uning yoniga kelib, faylni u o‘chirib yuborganini aytgan va boshqa hech kimni urmasligini iltimos qilgan. Tarbiyachi uni kechirishini aytgan, ammo keyin yana urgan. Svetlananing aytishicha, tarbiyachi bolalarni shvabra yoki karavotning yog‘och va temir tayog‘i bilan uradi.

Shasha kaltaklanganidan so‘ng, Artyomdan birga qochib ketishni so‘ragan. Keyin ular qochib ketgan. Bu ularning birinchi qochishi edi.

Ushbu tergovdan so‘ng hammani qo‘yib yuborishdi. Mehribonlik uyida Sasha kaltaklangani haqida hech kimga hech narsa aytmasa, uni boshqa urmasliklarini aytishgan. Sasha rozi bolgan.

Artyom sakkizinchi marta qochganidan keyin mehribonlik uyi rahbariyati shahar ruhiy kasalliklar shifoxonasiga xat yozib, bolani olib ketishini so‘ragan. Keyin Artyomni olib ketishgan. Svetlana va Lena xola uni ko‘rgani borgan. Bosh shifokor ularga Artyomning tanasida ko‘kargan joylar borligini, qulog‘i va burni singanini, oyog‘i jarohatlanganini aytgan. Qaysi sababga asoslanib, bolani ruhiy kasalliklar shifoxonasiga qabul qilinganiga bosh shifokor javob bera olmagan.

Davolovchi shifokor Artyomga faqatgina yengil tinchlantiruvchi dori berayotganini aytgan.

“Men kasalxonaga kelganimda, shifokor Artyomni chaqirdi, — deydi Svetlana. — U mehribonlik uyidan kimdir keldi deb o‘ylab, chiqishni xohlamadi. Keyin ko‘z qiri bilan sekin qaradi-da, meni ko‘rib, “Oyi!” deya baqirgancha, yugurib keldi. Artyom menga tarbiyachisi Abror kelganini hamda agar Artyom sabab uni ishdan bo‘shatishsa, bu yerga kelib uning oyoq-qo‘lini sindirib, tilini kesib tashlayman deb tahdid qilganini aytdi”.

Davolovchi shifokorning aytishicha, bola 3 kundan keyin kasalxonadan chiqishi va mehribonlik uyiga qaytishi kerak edi. Ammo Svetlananing murojaatidan so‘ng, Artyom 23-sonli Mehribonlik uyiga emas, balki 22-sonli Mehribonlik uyiga o‘tkazildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 23-sonli Mehribonlik uyida ishlaydigan haydovchi 22-sonli Mehribonlik uyida ham ishlar ekan. U Artyomga baqirib, 23-sonli Mehribonlik uyi rahbariyatida u sabab muammo ko‘tarilganini aytgan va uni urgan. Artyom yana qochib ketgan. Uni tutib kelishgan va Bolalar shahar taqsimot-qabul qilish markaziga joylashtirishgan. Artyom hozirgacha shu yerda. Sasha 23-sonli Mehribonlik uyiga qaytarilgan.

2019-yil 4-aprel kuni prokuraturadan Svetlananing Prezident qabulxonasiga qilgan murojaatiga javob kelgan. Unga ko‘ra, ekspertiza-tekshiruv vaqtida Artyomda “jismoniy shikastlanishlar, shuningdek, uzluksiz kaltaklanish va boshqa qiynoq izlari topildi”, deb ta’kidlandi.

Ushbu masala yuzasidan 2019-yil 30-mart kuni shahar prokuraturasi JKning 110-moddasi 2-qismining “a” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘agan.

“Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bolada haqiqatan ham tan jarohati izlari topildi. Mehribonlik uyi xodimlaridan biri unga jarohat yetkazganlikda gumonlanmoqda”, — deydi Toshkent shahar IIBB.

Repost nashri 23-sonli Mehribonlik uyida ishlovchi psixolog Renata Gilmeyeva bilan ham suhbatlashdi.

Repost: Sizning vazifangiz nimadan iborat?

Renata Gilmeyeva: Mening vazifamga bolalarning huquqlarini himoya qilish, ularning psixologik salomatligi haqida qayg‘urish, shuningdek, diagnostika, ruhiy konsultatsiya, ruhiy profilaktika, tarbiyachilar, rahbariyat va tibbiyot xodimlari bilan ishlash kiradi. Ya’ni men hamma bilan birga ishlashim kerak.

R: Sizningcha, bolalar va tarbiyachilarning o‘zaro munosabati qanday?

R.G.: Birinchi kelganimda bolalarga o‘z uyidek qilib yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, ajablangandim. Ammo ishlashni boshlaganimdan keyin hammasini tushunganman… Yo‘q, men 12 ta guruhning hamma tarbiyachilari yomon demoqchi emasman. Aslo unday emas. Juda ham mehribon tarbiyachilar ham bor, ammo ular barmoq bilan sanoqli. Shu bilan birga, bolalar bilan umuman ishlamaydigan tarbiyachilar ham bor. Unaqasiga duch kelganman: doimiy mojarolar, bolalar shikoyat qiladi, qochib ketadi. Men tarbiyachilar bilan treninglar, seminarlar, suhbatlar o‘tkazganman, tushuntirganman. Axir bular bolalarning alohida kategoriyasi, ular bilan ishlash alohida malaka, tajriba va bilimni talab qiladi. Busiz sira ham iloji yo‘q.

R: Guruh ichida bolalarning o‘zaro munosabati haqida nima deya olasiz?

R.G.: Hammasi tarbiyachiga bog‘liq. Masalan, Bolalarni xuddi o‘zining farzandidek qabul qiladigan tarbiyachilar bor. Tabiiyki, unday guruhlarda muhit yaxshi bo‘ladi. Yana shunday tarbiyachilar borki, ular faqat shunchaki kelib, ish soatini o‘tab ketadi. U yerda esa tartibsizlik bo‘ladi, bolalarning bir-biri bilan munosabati yomon, qizlarning o‘rtasida alohida, o‘g‘il bolalarning o‘rtasida alohida “katta”lari bo‘ladi. Aslida bunday holatlarni tarbiyachi nazorat qilishi kerak. U yerda ko‘pchilikka hech narsani farqi yo‘q, shuning uchun hamma xohlaganini qiladi. Bolalar o‘zaro janjallashadi, tarbiyachi esa ularni kuzatib turadi, ya’ni aralashmaydi. U bolalarni orasidan bittasini sardor qilib qo‘yadi-da, hamma vazifani unga topshiradi. Keyin esa o‘zboshimchalik paydo bo‘ladi. Hamma guruhlarda ham bunday emas, ammo shundaylari bor-da. Yana shunday hollar bo‘ladiki, bolani yangi uyga olib ketishadi, bola esa tarbiaychisidan ajralishni xohlamaydi.

R: Artyom haqida psixolog sifatida nima deya olasiz?

R.G.: Unda psixologik muammolar bor. U 15 yoshida enurez bilan og‘rigan. Kechqurun peshobini ushlay olmasligi bu psixologik muammo. Albatta, bu qo‘rquv, vahima natijasida paydo bo‘lgan. Bu qo‘rquvlarning hammasi tunda odam bo‘shashganda shunday ko‘rinishda chiqib ketadi. U yerda ko‘p bolalarda shunday muammo bor. Men u yerda faqat 2 oy ishladim. Hali to‘liq o‘rganganim yo‘q edi. Meni ta’qib qila boshlashdi va men ketdim.

R: Kaltaklash u yerda bir marta emas, balki uzluksiz davom etgan, shundaymi?

R.G.: Ha, uzluksiz. Sasha va Artyom nimjon bolalar. Negadir hamma ularga hujum qilgan. Agar kimdir nimadir noto‘g‘ri ish qilsa, bolalarni bir qator qilib turg‘izib qo‘yib, guruh sardori kaltaklagan. Ularning guruhida doim mojarolar bo‘lib turardi. Pul so‘rashgan, do‘q-po‘pisa qilishgan. Men kelganimda shifokordan eng tarbiyasi og‘ir bolalarni ro‘yxatini olib, ular bilan ishlay boshlaganman. Tabiiyki, o‘sha payt Artyom bilan ham ishlaganman. Keyin muammo chiqqan. Sasha nimanidir o‘chirib yuborgan, keyin jazolangan. O‘shanda hammasini bilib olganman. Artyom menga ko‘p bor yordam so‘rab murojaat qilgan. Men u bilan ishlaganman-ku. U kelib, mendan pul so‘ragan. Pulni nima qilasan, desam, bir bola undan 100 ming so‘m so‘rab, po‘pisa qilayotganini aytgan. Pulni qayerdan olishini so‘raganimda, agar topib bermasam, u meni uradi, degan. Keyin bu masala bilan o‘zim shug‘ullandim. Hammasini yig‘ib, qanaqa pul haqida gap ketganini so‘radim. Tarbiyachisi bilan ham gaplashdim, u hech narsani bilmasligini aytdi. Direktorga ham xabar berganman, ammo hech qanday natija bo‘lmagan. Oradan bir necha kun o‘tgach, uni kaltaklangan ahvolda ko‘rdim. Direktor ham, tarbiyachi ham “hammasini hal qilamiz”, dedi. Natijada, direktor malaka oshirishda, Artyom qabulxonada, Sasha mehribonlik uyida (u yerdaligimda Sasha uni yana kaltaklashayotganini aytgan edi). Bu men bilgan yagona holat emas. Shifokorning aytishicha, bir necha yillar oldin kaltaklash bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. U payt bir qizni tarbiyachisi miyasi chayqalguncha urgan. Direktorni almashtirishgan, vaziyat esa davom etavergan. U yerda yana kadetlar guruhi bor. U guruhda ahvol bundan ham battar. Meni rahbariyat u yerga qo‘ymagan. Shifokorning aytishicha, u yerda bolalarning suyagi chiqishi, sinishi, ko‘karishlar ko‘p bo‘ladi. Men unda nega bu haqida indamasligini so‘raganimda, u “bu meni vazifamga kirmaydi” deb javob bergan. Men hali tag‘inam bolalarga psixologik bosim o‘tkazilgani haqida gapirmayapman. Mana shu mojarolar ko‘tarilgach, bolalarni yig‘ib, agar menga nimanidir aytsa, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborishlarini aytib, qo‘rqitgan. Shuning uchun menga avval gappirgan bolalar ham, keyin qo‘rqqanidan hech narsani aytmay qo‘ydi.

Hozirda holat yuzasidan jinoiy ish tekshiruv-o‘rganish bosqichida ketmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-06-2019, 07:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 86) ( 0) ( 84) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют