» » Turkiyada nega yozuvchilar siquvga olinmoqda? Tramp Britaniyaga qanday zarar keltirdi? Jahon matbuoti sharhi

Turkiyada nega yozuvchilar siquvga olinmoqda? Tramp Britaniyaga qanday zarar keltirdi? Jahon matbuoti sharhi


“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.

Rossiya, Isroil, Eron

Oq Uy yaqinda AQShning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton, uning isroillik hamkasbi Meyyer Ben Shabbot va Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi haqida bayonot berdi. Ayni shu vaziyatda Isroil Knesseti tarqatilishini va saylov o‘tkazilishini e’lon qildi, deb yozadi “Mediapart.fr” nashri.

Bu uchrashuvda mintaqadagi xavfsizlik masalasi ko‘rib chiqiladi. Isroil uchrashuv chog‘ida dastlab Eronning Suriyadagi roli masalasiga to‘xtalishini e’lon qilgan. Bu esa Rossiya bilan Eron o‘rtasidagi ittifoq mustahkam deb hisoblovchilarni ajablantirishi mumkin.

Isroil Eronning bu hududga kirib kelishidan hamisha xavfsirab kelgan. Rossiya esa Eron kuchlarining Suriyada turishini qonuniy deb hisoblaydi. Eron hozir Suriyaning Baniyas portida harbiy baza qurmoqda. Bu Eronning Suriyadagi ta’siri yana kuchayishiga olib kelishi mumkin. Buni esa Rossiya istamaydi, deb xulosa chiqarish mumkin. Sababi, Rossiya tomoni bu hududda keng miqyosda tinchlikparvarlik rolini o‘ynamoqchi.

Shuningdek, Moskva Tehrondan  shoshilinch choralar ko‘rmaslikni so‘ramoqda. Chunki shoshilinch choralar mintaqada vaziyatni keskin tus oldirib, voqealar rivoji fojiaviy tarzda kechishiga olib kelishi mumkin.

Isroil tomoni esa o‘z eshiklari oldida Eronning kuchaymasligi borasida Moskva o‘ynashi mumkin bo‘lgan rolni quvvatlaydi.

Jon Bolton bu uchrashuv Quddusda o‘tkazilishiga rozi bo‘lgani ajablanarli. Aftidan, AQSh va Rossiyadagi nufuzli yahudiylar shuni istamoqda.

Turkiya yozuvchilarni tekshirmoqda

Turkiya prokurorlari jinsiy zo‘ravonlik, bolalarga shafqatsizlarcha munosabat mavzularini syujet qilib olgan yozuvchilarga qarshi hujumga otlandi. Bu esa so‘z erkinligiga nisbatan tajovuzdir, deb yozmoqda The Guardian nashri. Ular mashhur turk yozuvchisi Elif Shafaqni ham tekshirishni boshlagan.

Mazkur jarayon ijtimoiy tarmoqlardagi bahslardan so‘ng avj olgan. Shu hafta Abdulla Shavqiy romanidan bir parcha Twitter’da e’lon etildi, shundan so‘ng Turkiya madaniyat va turizm vazirligi yozuvchi ustidan mahkamaga shikoyat qildi.

Turkiya advokatlar uyushmasi ham yozuvchini ayblab chiqqan va uning romanini taqiqlash lozimligini ta’kidlagan. Shundan so‘ng yozuvchi va noshir hibs etilgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Shafaq, Oysha Kulin va boshqa yozuvchilarning asarlaridan parchalar keltirib, ularni ham bolalarga shafqatsiz munosabatni yoritganlikda ayblamoqda.

Shafaqning aytishicha, yozuvchi oxirgi ikki kun ichida minglab haqoratomuz xabarlar olgan. Prokuratura esa uning “Nazar” va “Havvoning uch qizi” kabi asarlarini o‘rganib chiqmoqda.

Keyingi paytlarda metroda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik kuchaymoqda, sudlar bunday vaziyatga chora ko‘rgani yo‘q, qonunlar ham o‘zgarmadi. Jinsiy zo‘ravonlikka chora ko‘rish o‘rniga ularga jamoatchilik nazorati diqqatini tortishga urinayotganlarni ta’qib qilish — katta fojia.

Shafaqning aytishicha, uning asarlaridan parchalar yulib olinib, noto‘g‘ri talqin etilmoqda.

Turkiya bolalar nikohi borasida Yevropadagi eng yuqori  o‘rinlardan birida turadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 15 foiz turk qizlari 18 yoshga yetmay nikohdan o‘tsa, 15 yoshga to‘lmay oila qurganlar miqdori 1 fozini tashkil etadi.

Shafaqning fikricha, Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlarida ham shunga o‘xshash vaziyat hukm surmoqda.

“Bizga kuchli ayollar harakati kerak, — deydi yozuvchi. — Adabiyot bu masalada muhim rol o‘ynashi mumkin. Ammo hukumat yozuvchilarga hujum qilmoqda”.

Trampcha diplomatiya

Donald Tramp bir necha bayonotlar bilan chiqdiki, bundan Yevropaning faol qismi hayajonga keldi. Brexit bilan bog‘liq inqiroz shundoq ham hammani bezovta qilib turgan bir vaziyatda Tramp amaki olovga moy sepmoqda, deb yozadi “PikInform.ru” nashri.

AQSh prezidentining birinchi bayonoti Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun Britaniya 50 milliard to‘lamasligi bilan bog‘liq chaqiriq edi. Britaniyaliklar bundan xursand bo‘lar edikuya, biroq “lekini” borda. Britaniya Yevropa Ittifoqiga bahsli hudud — Gibraltar bilan birgalikda kirgan. Gibraltar — Pireney yarim orolining chekkasida joylashgan bir qoya. Kim Gibraltarga egalik qilsa, u Gibraltar bo‘g‘ozini ham nazorat qiladi. Gibraltar xususida Angliya va Ispaniya uzoq vaqtdan beri bahslashib keladi. Har ikki davlat Yevropa Itifoqi tarkibida bo‘lgani uchun bahs u qadar dolzarb va prinsipial tus olmay kelayotgan edi. Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqishi tufayli ushbu masala boshqacha tus oladi. Britaniya badalni to‘lamaslikka urinib ko‘rishi mumkin, ammo bu NATOga a’zo davlatlar orasida janjalni keltirib chiqaradi.

Amerika prezidenti bosh vazirlik uchun kurashda Boris Jonsonni yoqlab chiqdi. Donald Tramp bu yigit “menga yoqadi, men uni tushunaman”, dedi. Bu esa leyboristlar yetakchisi Jeremi Korbinning tuyg‘ulariga tegib ketdi va siyosatchi bu iborani Britaniyaning ichki ishlariga aralashish darajasigacha ko‘tardi.

London meri Trampning so‘zamolligini XX asr fashistlari so‘zamolligi bilan qiyosladi. Tramp Britaniya maxsus xizmatlari haqida salbiy fikr bildirishi London meri Sodiq Xonning g‘azabini keltirdi. Shu bilan birga, Trampning musulmon mamlakatlardan kelgan migrantlar borasidagi tanqidlari ham u islom haqida noto‘g‘ri tasavvurga ega ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Xulosa esa oddiy. Amerikaliklar kuchga doimo yuqori baho berib kelgan. Ular kim kuchli va kim kuchsiz ekanini darhol payqaydi va bundan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanadi. AQShning Xitoy, Rossiya, KXDR bilan munosabatlari qandayligidan qat’iy nazar, Tramp ularga qanday yashashni o‘rgatadigan so‘zlardan o‘zini tiydi, u mamlakatlar rahbarlarining aqliy qobiliyati haqida biror bir so‘z aytmadi. AQSh esa Britaniyani zaiflashib qolganini sezdirmoqda. Bu Britaniya hukmronligi tarixda qolganidan dalolat.

Jahongir Ergashev tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-06-2019, 14:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 51) ( 0) ( 50) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют