» » O‘zbekistonda 1959-yilda ishga tushirilgan yadro reaktori haqida nimalarni bilamiz? Undan qanday maqsadlarda foydalaniladi?

O‘zbekistonda 1959-yilda ishga tushirilgan yadro reaktori haqida nimalarni bilamiz? Undan qanday maqsadlarda foydalaniladi?


10-iyun kuni O‘zbekistonning yetakchi OAV vakillari uchun O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutiga press-tur tashkil etildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova xabar berdi.

Press-turda “O‘zatom” agentligi, “Rosatom” davlat korporatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi mutaxassislari ishtirok etdi.

O‘rta Osiyodagi eng yirik ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti 1956-yilda tashkil etilgan.

Yadro fizikasi instituti nafaqat yadro fizikasi masalalari, balki qattiq jismlar fizikasi, aktivatsion tahlil va ilmiy asbobsozlik masalalari bilan ham shug‘ullanadi.

Institut 315 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, uning hududida 7 ta noyob yadrofizikaviy qurilmalar joylashgan, ushbu qurilmalarda institutning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi. Institut ilmiy-tadqiqot natijalarini texnologiyalarga aylantirib, ular asosida xalq xo‘jaligining turli sohalarida foydalaniladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanadi.

“Misol uchun aytishimiz mumkinki, institut tomonidan ishlab chiqarilayotgan radiofarmatsevtik preparatlar O‘zbekistondagi barcha klinikalarga sotilishi bilan bir qatorda 10 dan ortiq chet davlatlarga eksport qilinadi. O‘zbekiston radioizotop mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning 20 ta yirik tashkilotlari tarkibiga kiradi.

Institutimizning eng asosiy obyektlaridan biri bo‘lgan yadro reaktori 1959-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, u 10 megavatt quvvatda ishlaydi. Unda asosiy mahsulotlarimizdan bo‘lgan radioizotop mahsulotlari shu reaktor asosida ishlab chiqariladi. Bundan tashqari oxirgi  10—15 yil ichida institutda qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarga radiatsion rang berish ishlari bilan shug‘ullanilmoqda. Bu ishlar ham shu reaktor orqali amalga oshiriladi. O‘zbekiston yadro fizikasi instituti har yili 1 tonnadan ortiq qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarga radiatsion rang beradi. Buning natijasida toshlarning narxi boshlang‘ich bahosidan 10 baravardan 100 baravargacha qimmatlashadi. Bu institutga yiliga 300—500 ming AQSh dollarigacha daromad olib keladi. Umuman olganda, institut eksport va boshqa xizmatlar evaziga yiliga uch million dollar atrofida daromad qiladi”, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori birinchi o‘rinbosari Ilhom Sodiqov.

Press-tur ishtirokchilari institut hududida joylashgan VVR-SM yadro tadqiqoti reaktori bilan tanishdi. Reaktor 1959-yilning sentabr oyida ishga tushirilgan. Avvaliga uning quvvati 2 MVt ni tashkil etgan bo‘lsa, keyinchalik 10 MVt ga yetkazilgan. Joriy yilda reaktor ishga tushirilganiga 60 yil to‘ladi.

O‘zbekistondagi tadqiqot reaktori keng qamrovli, jumladan, yadro fizikasi sohasida fundamental tadqiqotlar, neytron fizikasi, moddalar tuzilishi, qattiq jismlar fizikasi, materialshunoslik, tibbiyot izotoplarini o‘rganish kabi masalalarni hal etishda foydalaniladi. Qayd etish kerakki, oxirgi yillarda amaliy ishlanmalar jadallik bilan olib borilyapti va ishlab chiqarishga tatbiq etilyapti.

Jurnalistlar shuningdek, 1976-yilda tashkil etilgan “Radiopreparat” davlat korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxona tibbiyot, biotexnologiyalar, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar uchun radionuklidlar; onkologiya, kardiologiya va  endokrin kasalliklar; infeksiya kasalliklari diagnostikasi uchun test-tizimi radiofarmatsiya preparatlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Tibbiyot va ilmiy maqsadlar uchun ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar 60 turdan ziyodni tashkil etadi. Aksariyat ishlanmalar noyob bo‘lib, mualliflik huquqi va patentlar bilan himoyalangan.

Qayd etish kerakki, institut mutaxassislari tomonidan yadro fizikasi va radiatsion texnologiyalar sohasida to‘plangan tajribalardan mamlakatda qurilayotgan birinchi AES loyihasini amalga oshirishda foydalaniladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (12-06-2019, 15:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 121) ( 0) ( 118) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют