» » Oliy ta’lim muassasalari uchun davlat buyurtmasi belgilandi

Oliy ta’lim muassasalari uchun davlat buyurtmasi belgilandi


Oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini-o‘zi moliyalashtirishga o‘tkazish maqsadida 2019/2020-o‘quv yilidan davlat buyurtmasi va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt tizimi joriy etiladi, deb xabar beradi Norma.

Davlat buyurtmasi iqtisodiyotning oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan bazaviy ehtiyojini aks ettiradi hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi. Oliy ta’lim muassasalari mavjud quvvatlari, moddiy-texnik bazasi hamda professor-o‘qituvchilari tarkibidan kelib chiqib, davlat buyurtmasiga qo‘shimcha ravishda qabul qilinadiganlarning sonini va ularni o‘qitish haqini o‘zlari belgilaydilar.

Sog‘liqni saqlash, madaniyat va qishloq xo‘jaligi sohalarida oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun davlat buyurtmasi doirasida maqsadli qabul parametrlari tasdiqlandi. 2 hafta muddatda xalq ta’limi sohasi uchun ham xuddi shunday parametrlar tasdiqlanadi. Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lganlar uchun esa bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha alohida 5 foizli qabul ko‘rsatkichlari belgilandi.

Hujjatda belgilanishicha:

nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarining umumiy soniga nisbatan qo‘shimcha 2 foizli davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlari bo‘yicha kunduzgi, sirtqi yoki kechki ta’lim shakllaridan birida ta’lim olish huquqiga ega bo‘ladi;

to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lashlari mumkin;

davlat buyurtmasi parametrlari doirasida sirtqi va kechki ta’lim shaklida kontrakt qiymati tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi o‘qitish shakli uchun belgilangan to‘lov-kontrakt qiymatidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;

abituriyentlar qabul bo‘yicha belgilangan turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari negizidagi magistratura mutaxassisliklaridan tashqari boshqa magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ham tanlovda ishtirok etishlari mumkin;

oliy ta’lim muassasalari rektorlari (filiallar direktorlari) chet el fuqarolari uchun o‘qitish qiymatini tegishli bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston fuqarolari uchun belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilashga haqli.

Oliy ta’lim muassasalari vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qitishni tashkil etishlari mumkin. Bunda tegishli ish beruvchilarning tavsiyasi asosida kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar keyinchalik ushbu tizimda 5 yil ishlab berish sharti bilan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat natijalariga asosan o‘qishga qabul qilinadi.

2019/2020-o‘quv yilida ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar berildi:

yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini kiritish uchun davlat buyurtmasi parametrlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;

iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning, shu jumladan respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan tumanlarining mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun bakalavriat va magistraturaga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul parametrlarini belgilash;

oliy ta’lim muassasalarining nufuzi va hududiy joylashuvini hisobga olgan holda bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan kelib chiqib tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt minimal miqdorining yagona ko‘rsatkichlarini ta’lim sohalari va respublika hududlari bo‘yicha belgilash;

suhbat natijalariga asosan o‘qishga qabul qilinadigan abituriyentlarga tavsiya berish vakolatiga ega bo‘lgan vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining ro‘yxatini tasdiqlash.

2019/2020-o‘quv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga o‘qishga qabul qilingan shaxslarni o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdori oliy ta’lim muassasasining salohiyati va hududiy joylashuvi, shuningdek abituriyentlarning oliy ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan minimal baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda ular tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Bunday kontraktlar bo‘yicha qabul kirish sinovlari natijasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi parametrlari doirasida o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlarning arizalariga muvofiq ularning to‘plagan ballari qat’iy ketma-ketligiga rioya etgan holda amalga oshiriladi.

Bir oy muddatda quyidagilar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi:

iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra o‘qishga qabul qilish tartibi hamda tavsiya etish huquqiga ega bo‘lgan vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining ro‘yxati;

stipendiyalarni tayinlashning amaldagi mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar;

(davlat buyurtmasi parametrlaridan tashqari) qo‘shimcha qabul parametrlarini belgilash tartibi.

2020-yil 1-yanvarga qadar vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalarining oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini avtomatlashtirilgan tarzda yig‘ish va qayta ishlash orqali mehnat bozoridagi talab va taklifni aniqlash hamda ularning harakatini kuzatib borishni o‘z ichiga oluvchi yagona integratsiyalashgan axborot tizimi yaratiladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (24-06-2019, 08:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 50) ( 0) ( 48) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют