» » Dunyoni o‘zgartirgan kun. Buyuk fransuz inqilobi haqida

Dunyoni o‘zgartirgan kun. Buyuk fransuz inqilobi haqida


14-iyul Fransiyada milliy bayram kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana tarixga Bastiliya qamoqxonasining ishg‘ol etilishi sifatida kirgan va Fransiyada milliy bayram kuni deb e’lon qilingan. Ayrim tarixchilar ushbu sanani Buyuk fransuz inqilobining boshlanishi deb e’tirof etgan. Ushbu sana munosabati bilan fransuz inqilobi qanday natijalarga olib kelgani, jahon tarixiga qanday ta’sir qilgani haqida “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov so‘z yuritadi.

Inqilobdan oldin

Inqilob arafasida Fransiya aholisi 26 millionga yaqin edi. Aholi uch qismga bo‘lingandi: ruhoniylar, zodagonlar va past tabaqa (tiers ?tat). Aholining eng ko‘p qismini tashkil qiladigan past tabaqa asosiy soliqlarni to‘lab yurgan bir paytda qolgan ikki tabaqa vakillari juda ko‘p imtiyozlarga ega hamda soliq to‘lamasdan yashab kelardi.

Past tabaqa vakillari mamlakat hayotida hech qanday haq-huquqlarga ega emas edi. Bu davrga kelib Fransiya iqtisodiyoti chuqur inqiroz yoqasiga kelib qolgan, mamlakat xazinasi Fransiya Amerikadagi ozodlik urushida ishtirok etishi tufayli bo‘shab qolgan edi. Ana shunday sharoitda qirol Lui XVI soliqlarni ko‘tarishga qaror qildi.

Inqilobning boshlanishi

Buning uchun 1789-yil 5-may kuni General shtatlarni chaqirdi. General shtatlar aholining uch tabaqasi vakillarini o‘zida jamlagan parlamentga o‘xshagan katta majlis edi.

Maqsad soliqni ko‘tarish edi. Asosiy soliq to‘lovchi bo‘lmish uchinchi qatlam bunga norozilik bildirdi va Milliy assambleya tashkil etdi. “Ozodlik, tenglik, birodarlik” shiori ostida ko‘chaga chiqqan xalq 14-iyul kuni qo‘zg‘olon ko‘tardi va Fransiyadagi mutlaq monarxiya ramzi bo‘lmish Bastiliya qal’asini ishg‘ol etdi.

Bu qirolning cheklanmagan hokimiyati poyoniga yetayotgani nishonasi edi. Shu paytgacha hech qanday huquqqa ega bo‘lmagan uchinchi qatlam inqilobning asosiy kuchiga aylandi.

1789-yilning 4-avgust kuni feodal tuzum va ustunliklar bekor qilindi. Qirol cheklanmagan hokimiyatdan mahrum bo‘ldi, zodagonlarning ustunliklari bekor qilindi. 26-avgust kuni esa Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi e’lon qilindi. Ushbu hujjatda barcha insonlar teng huquqli va erkin deb e’lon qilindi.

Shunga qaramay, qirol darhol siyosiy sahnadan chetlatilmadi. Unda faqatgina ijro etuvchi hokimiyat saqlanib qoldi. Mamlakat endi konstitutsion monarxiyaga aylandi. Biroq bu monarxiya ham uzoq yashamadi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, qirol qo‘shni qirolliklardan boshpana izlab, mamlakatni tark etmoqchi bo‘ldi. Ammo u sotqin deb e’lon qilindi va Varen shahrida ushlanib, 1793-yilda gilyotinada qatl etildi.

Birinchi respublika

Qirol qatl etilishidan oldin, 1792-yilning sentabr oyida Fransiya tarixda ilk bor respublika deb e’lon qilindi. Respublikaning eng ko‘zga ko‘ringan arbobi, shubhasiz, Maksimillian Robespyer edi.

Robespyer hukmronligi yillari Fransiya tarixiga “katta terror” nomi bilan kirgan. Buning sababi, u raqiblariga nisbatan ayovsiz munosabatda bo‘lganidir. Ammo uning o‘zi ham 1794-yil 28-iyul kuni Parijning Inqilob maydonida gilyotinada qatl etildi.

Respublika yosh edi. Hali monarxistlar hukumat uchun da’volaridan voz kechmagan edi. Respublika ularga qarshi kurashishiga to‘g‘ri keldi. Bunday kurashlarda o‘zini ko‘rsatgan yosh general Napoleon Bonapart 1799-yil 9-noyabr kuni davlat to‘ntarishini amalga oshirib, hokimiyatni qo‘lga oldi.

Shu bilan tarixga Buyuk fransuz inqilobi nomi bilan kirgan inqilob nihoyasiga yetdi. 1804-yilda Parijdagi Notr Dam de Parij ibodatxonasida Napoleon o‘zini imperator deb e’lon qildi. Respublika o‘rnini imperiyaga bo‘shatib berdi. Fransiya tarixida yangi davr boshlandi.

Ikkinchi va Uchinchi respublika

O‘zini imperator deb e’lon qilgan Napoleon tez fursatda istilochilik yurishlarini boshladi.

Lekin 1812-yilda Borodinodagi mag‘lubiyatdan so’ng o’zini qayta o‘nglay olmagan Napoleon unga qarshi birlashgan davlatlar qo‘shiniga qarshilik qila olmadi, natijada avval Elba oroliga, undan so‘ng Muqaddas Yelena oroliga surgun qilindi va o‘sha yerda kasallikdan vafot etdi.

Taxtga Lui XVIII ega chiqib, monarxiya qayta tiklanganini e’lon qildi. Undan so‘ng taxtga kelgan Charle X esa xalq tomonidan ag‘darib tashlandi.

Uning o‘rniga 1830-yilda Lui-Filipp taxtga o‘tkazildi. 1848-yilda Napoleonning jiyani Lui Napoleon Bonapart Lui-Filipp hokimiyatini tugatib, Ikkinchi respublika tuzilganini e’lon qildi va shu respublika prezidenti etib saylandi.

Ammo keyinchalik u o‘zini Napoleon III nomi bilan imperator deb e’lon qildi. 1870-yilgi Fransiya – Prussiya urushidagi mag‘lubiyatdan so‘ng taxtdan mahrum bo‘ldi.

Shu yili Fransiyada Uchinchi respublika e’lon qilindi. Ushbu respublika 1940-yilgacha mavjud bo‘ldi. Lui Napoleon Bonapart esa Fransiya tarixiga Ikkinchi respublikaning yagona prezidenti, umumiy ovoz berish yo‘li bilan saylangan ilk davlat rahbari, Fransiya respublikasining ilk prezidenti, 1852-yil monarxiya qayta tiklanganidan so‘ng eng oxirgi monarx sifatida kirdi.

* * *

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, fransuz inqilobi natijasida Fransiyada yangi boshqaruv tizimi joriy etildi, jamiyatda ijtimoiy tabaqalanish va imtiyozlarga ega bo‘lish tugatildi hamda iqtisodiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Fransuzlar Italiya va boshqa davlatlarga harbiy kuch bilan kirib, u yerlarda ham yangi tuzum joriy etdi. Bu butun Yevropani, Yevropa orqali butun dunyoni o‘zgartirdi.

Yangi boshqaruv tizimi va ijtimoiy tabaqalanish haqida yuqorida fikr yuritgan edik. Iqtisodiy o‘zgarishlar Napoleon I tomonidan amalga oshirildi. U Fransiyada frank jerminal deb nomlangan yangi pul joriy etdi. Ushbu pulni kiritish bilan bir paytda yangi og‘irlik va boshqa o‘lchov birliklari ham yaratildi. Bu esa savdo jarayoni osonlashishiga olib keldi.

Bu o‘zgarishlar Fransiya iqtisodiyotining birlashishiga turtki berdi. Hukumatning iqtisodiy pozitsiyasi ham oldingiga nisbatan ancha liberallashdi: savdo tashkilotlari ko‘proq erkinlarga ega bo‘ldi.

Inqilob nafaqat Fransiya hayotiga, balki keyinchalik boshqa davlatlar hayotiga ham ta’sirini ko‘rsatdi. Rossiya, Usmonli saltanati, Eron hamda Yevropaning boshqa davlatlarida uzoq yillar fransuz modasi hukm surdi. Buning natijasida bugun butun dunyoda metr, kilogram singari birliklaridan foydalaniladi, dunyo davlatlarining ko‘pchiligi respublika tuzumiga ega, shuningdek, jahon tillarida ko‘plab fransuzcha so‘z va atamalar mavjud.

Darvoqe, Usmonli saltanatini qulatgan Yosh turklar harakati faollari ham o‘z g‘oyalarini  aynan fransuz inqilobi ta’sirida shakllantirgan edi. Ulardan esa Rossiyadagi jadidchilik harakati ta’sirlangan.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-07-2019, 09:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 73) ( 0) ( 72) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют