» » Buxorodagi arosat mahalla: shaharga kiradi, aholisining propiskasi tumanda, elektrni esa uchinchi bir hududdan oladi

Buxorodagi arosat mahalla: shaharga kiradi, aholisining propiskasi tumanda, elektrni esa uchinchi bir hududdan oladi


Buxoro viloyatining Buxoro shahri hududida yashab, Buxoro tumanida ro‘yxatda turib kelayotgan aholi Kogon tuman elektr energiyasi ta’minotidan foydalanadi. Tabiiy gaz va ichimlik suvini Buxoro shahridan oladi. Yer solig‘ini esa Buxoro tumaniga to‘laydi. Aholi bu borada “Daryo”ga murojaat qilib, arosatda qolayotganini bildirdi.

Paysalga solingan ish

“Buxoro shahri hududida joylashgan, aslida Buxoro tumani yer-maydoniga qarashli deb rasmiylashtirilgan ‘Sadriddin Ayniy’ mahallasining Urganjiyon aholi punktida yashaymiz. ‘Sitora avtobozor’ MChJ, ya’ni mashina bozorining atrofi yaroqsiz beton devorlar bilan o‘ralgan axlatxonasi aholi punktimiz bilan yondosh joylashgan. Mashina bozoridan chiqqan axlatlar ko‘chalarni to‘ldirib tashlaydi. Ustiga-ustak har haftada kamida ikki-uch marta axlat yoqib yuboriladi. Muammoni bartaraf etish yuzasidan qaysi tuman yoki shaharga murojaat qilishni bilmaymiz. Hammasidan bir xil javob olamiz: Siz falon tumanga murojaat qilishingiz kerak, hududingiz falon joyga qarashli! Xullas, otangga bor, onangga bor qabilida arosatda qolganmiz”, — deydi Urganjiyon aholi punktida yashovchi Sanjarbek Ahrorov.

Ushbu masala yuzasidan “Daryo” muxbiri “Sitora avtobozor” MChJ raisi o‘rinbosari O‘ktam Isomov bilan uchrashdi.

“To‘g‘ri, bozor chiqindilari yongani rost. Ammo ular jamiyat xodimlari tomonidan yoqib yuborilmagan. Mazkur bozor 470 o‘rinli bo‘lib, ayni paytda pandemiya sababli 220 nafar tadbirkor savdo qiladi. Balki, chiqindilar qaysidir tadbirkor tomonidan yoqib yuborilgandir”, — deydi O‘ktam Isomov vaziyatdan chiqishga urinib.

Fuqaro Iroda Yo‘ldoshevaning aytishicha, 2020-yilning 1-sentabr kuni mashina bozori axlatxonasining yoqib yuborilishi oqibatida sellofanlar, plastmassa mahsulotlar, mashina balonlari va boshqa turdagi rezina chiqindilarining achchiq tutuni aholini zararlagan.

“Yong‘in oldi qanday olingani bizga noma’lum. Ammo achchiq va qo‘lansa tutun hididan shu kuni ko‘cha tugul, hovliga chiqa olmadik”, — deydi fuqaro Iroda Yo‘ldosheva.

Surishtiruv jarayonida Buxoro shahar “Maxsusavtoxo‘jalik” mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimlari voqea joyiga keldi. Jamiyat direktori o‘rinbosari Mirshod Saidovning “Daryo” muxbiriga bildirishicha, 2019-yilda “Maxsusavtoxo‘jalik” xodimi “Sitora avtobozor” MChJga bir necha marotaba qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish va utilizatsiya qilish xizmati bo‘yicha shartnoma tuzish uchun borgan. Biroq mashina bozor axlatxonasi chiqindilar bilan to‘lib ketganiga qaramay, “Sitora avtobozor” ma’muriyati tomonidan yarim yil davomida shartnoma tuzmaslik uchun har xil bahonalar qilingan.

“Aholining noroziliklaridan kelib chiqib, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasiga yozma murojaatimizdan so‘nggina ‘Sitora avtobozor’ MChJ bilan 2019-yilning may oyi oxirida shartnoma tuzildi. Afsuski, qarzdorlik ham 2020-yilning fevral oyida Qorako‘l tumanlararo iqtisodiy sudining ijro hujjatiga asosan, undirib olindi”, — deydi Mirshod Saidov.

“Maxsusavtoxo‘jalik” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Alisher Nazarovga ko‘ra, 2020-yilda “Sitora avtobozor” MChJga xizmat ko‘rsatish maqsadida bir necha marta shartnoma tuzish uchun borgan MChJ nazoratchisi tashkilotdan haydab chiqarilgan.

Surishtiruv davomida Buxoro shahridagi “Sitora avtobozor” MChJ chiqindilarining ko‘payib ketishi oqibatida atrof-muhitni ifloslantirayotgani, ustiga-ustak bir necha bor yoqib yuborilganiga aniqlik kiritildi.

“Qatnov yo‘liga sochilgan chiqindilarni tozalaymiz, yana shunday holat takrorlanmasligi uchun mashina bozorini o‘rab turgan beton devorlar yorig‘ini yopamiz. Shuningdek, atrofning tashqi ko‘rinishini ham soz holga keltiramiz”, — dedi Sitora avtobozor” MChJ raisi o‘rinbosari O‘ktam Isomov.

Mas’ullar surishtiruv jarayonidayoq mazkur muammolarni bartaraf etishga kirishdi.

Otangga bor, onangga bor...

“Sadriddin Ayniy” MFY raisi Narimon Saidahmedovning bildirishicha, mazkur mahallada 6230 nafar aholi, 1150 ta oila istiqomat qiladi. Mahalla uch qismdan iborat. Oshdemon, Paytal, Quyi Razani, Yuqori Razani, Temirbog‘a hamda Razani lo‘lilari qishloqlari Kogon tumaniga; Urganjiyon qishlog‘i Buxoro tumaniga, shuningdek, Haydarobod, Geologlar, Temiryo‘lchi o‘zbeklar, Temiryo‘lchi lo‘lilar, Kogon shossesidagi Taraqqiyot ko‘chasi Buxoro shahriga kiritilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu mahallada 1600 nafarga yaqin bog‘cha yoshidagi bola mavjud. Biroq maktabgacha ta’lim tashkiloti yo‘q. Urganjiyonlik maktab o‘quvchilari 1,5 kilometrdan 5 kilometrgacha uzoqlikda bo‘lgan maktablarga qatnaydi. Qishda loy, yozda chang ko‘chalardan olisdagi maktablarga qatnash ko‘plab ota-onalarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

“Yo‘llar yuradigan ahvolda emas. Mahallaga yaqin manzilda na maktab, na maktabgacha ta’lim bog‘cha bor. Kunning ikkinchi yarmida tahsil oladigan o‘quvchilar kun qorong‘isida uyga qaytishadi. 60-70 metr uzunlikdagi yo‘l qismining yerostidan shahar suv ta’minoti korxonasi quvurlari o‘tkazilgan. Eski va yaroqsiz ahvolga kelib qolgani sababli sovuq kunlarda yorilganda qatnov yo‘limiz ko‘lga aylanadi. Ko‘cha chiroqlari haqida-ku, gapirmay qo‘ya qolaylik! Kimga, qaysi tuman yoki shahar hokimligi mutasaddilariga aytishni bilmay, ovoramiz”, — deydi fuqaro To‘raqul Hojiyev.

Arosatda qolgan aholining muammolari chorak asrdan buyon yechimsiz qolmoqda. Hudud 1-sektorga qarashli. Biroq bir necha marotaba yozma va og‘zaki murojaatlarga qaramay, muammolar bartaraf etilmagan.

Buxoro shahar hokimligi mas’uliga ko‘ra, maktablarda pandemiyadan so‘ng umumiy tartibdagi darslar boshlangunga qadar yo‘nalishli avtobusdan xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Ayni paytda ushbu borada choralar belgilanmoqda.

“Ko‘chalarimiz zim-ziyo. Kechki payt ishdan qaytayotganimizda qo‘limizda yoritgich bo‘ladi yoki yo‘lda qatnayotgan avtomashinalar chirog‘i nurlaridan foydalanamiz. Bu ham yetmagandek, elektr energiyasi ta’minotida tez-tez uzilishlar yuzaga keladi”, — deydi fuqarolar.

Ta’kidlanishicha, fuqarolar chorasizligi sabab simyog‘ochlarga hech qanday ruxsatsiz chiroqlar o‘rnatgan. Biroq ko‘p o‘tmay, Kogon tuman elektr ta’minoti korxonasi nazoratchilari tomonidan uzib tashlangan.

Kogon tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari Muhammad Jo‘rayevning “Daryo”ga bildirishicha, fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan simyog‘ochga chiroq ulashi yoki undan to‘lovsiz foydalanishi mumkin emas. Unga ko‘ra, Kogon tuman elektr ta’minoti korxonasi Kogon tumani va Kogon shahri aholisiga xizmat ko‘rsatadi. Yer maydoni Buxoro shahrida joylashgan, biroq Buxoro tumanida ro‘yxatda turib yashaydigan aholiga ham shu ta’minotdan elektr energiyasi yetkazib beriladi.

“Ayni paytda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ketayotgani sababli ham elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar yuzaga kelmoqda. Ma’lumki, bizning korxona aholiga elektr energiyasini yetkazib beradi. Foydalanganlik uchun sarflangan mablag‘ni undirib olish chorasini ko‘radi. Tungi chiroqlar, ya’ni ko‘cha yoritgichlari bilan ta’minlash esa tuman yoki shahar obodonlashtirish boshqarmalari bilan bog‘liq masala”, — deydi Muhammad Jo‘rayev.

Buxoro tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Hojiyev “Daryo” muxbiriga mazkur manzillarda ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish masalasi tuman qurilish komissiyasi qarori bilangina yechim topishi mumkinligini bildirdi.

Muammolar ko‘p, yechim yo‘q

Yana shunday manzillardan biri Buxoro tumanidagi “Gulshanobod” mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, 15 ta aholi punktidan iborat manzilda 10 382 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalladagi “Jonbobo” aholi punktida joylashgan 84 ta namunali uy-joy 2012-yilda qurib topshirilgan, ayni kunda 207 ta xonadon istiqomat qiladi. Buxoro shahri hududida joylashgan ushbu manzil aholisi Buxoro tumanida ro‘yxatda turib yashaydi. “Sadriddin Ayniy” mahalla fuqarolar yig‘ini Urganjiyon aholisi singari uchta tuman, shahar kommunal xizmatlaridan foydalanadi. Muammolari ko‘p, lekin yechimi yo‘q. Ustiga ustak, mazkur manzilda ham umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud emas.

“Mahallaga borish kerak bo‘lsa, besh kilometr yo‘l bosib o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Buxoro tumani markaziy poliklinikasi esa 20 kilometr olisda joylashgan. Buxoro shahar poliklinikalari esa siz tuman fuqarosisiz, deya bizni qabul qilmaydi. Ayniqsa, pandemiya davrida juda qiynaldik”, — deydi Jonbobo aholi punkti fuqarosi Gulmira Samirova.

“Gulshanobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Otabek Elov Jonbobo aholi punkti fuqarolarining tashvishi haqiqatan ham yechimtalabligini bildirdi. Unga ko‘ra, qator aholi punktlari mahalla fuqarolar yig‘inidan juda olisdan joylashgan. Xuddi shuningdek, profilaktika inspektori ham yaqin manzilda emas. Bu esa o‘z-o‘zidan mahalla fuqarolar yig‘ini sonini yana bir nechtaga oshirish chora-tadbirlarini belgilash lozimligini ko‘rsatadi.

Jonbobo aholi punktidagi 6 sotixli namunali uy-joylar 2012—2015-yillarda “Qishloqqurilishinvest” MChJ IK tomonidan qurilib foydalanishga topshirilgan bo‘lib, bugungi kunda bu uy-joylar o‘z namunaviyligini yo‘qotgan. Devorlari yorilgan, tom va shiftlar ustun devorlardan ajralgan. Darvoza va ichki eshiklar devor tutash qismlaridan ajralib chiqqan. Namlik va zax balandligi ta’sirida pollar qo‘porilib, tusini yo‘qotgan.

“Devorlarimiz mo‘rtlashib, zinapoyalar ko‘cha boshlayapti. Suvoqlari ko‘chgan joylarni qayta-qayta ta’mirlasak-da, foydasiz. Na ko‘chamiz obod, na bolalarimizga o‘yin maydonchalari bor. Shahar ichida chang-loy kechib, ko‘chalari zim-ziyo kechalarda yashab kelyapmiz. Har gal kelishadi, suratga olishadi, tinglashadi, yozib olishadi — shu bilan tamom. Tashvishimiz hech kimni qiziqtirmaydi”, — deydi Jonbobo aholi punkti fuqarosi Bibirajab Rahmonova.

Hali kredit mablag‘i to‘lab bo‘linmasdan devorlari ko‘chib, qismlari bir-biridan ajralib, yorilib ketayotgan uy-joylarni suratga olishda uylarning keyingi ahvolidan tashvishga tushdik.

“Jonbobo aholi punkti muammolari yuzasidan juda ko‘plab arizalar kelib tushgan. Mazkur uy-joylar o‘sha payt me’yorlari asosida tiklangan bo‘lishiga qaramay, joylashgan joyi noto‘g‘ri tanlangan. Demografik xususiyati inobatga olinmagan. Zax judayam baland. Hovlilar ichidan tuproq olsangiz, tagidan zax chiqadi. O‘sha kezlarda zaxkash yotqizilganda uy-joylarga bu qadar talafot yetmasdi. Ushbu og‘riqli masalalarni bartaraf etish, ya’ni zaxni qochirish maqsadida bir necha bor suv kanallari qazuvchi tashkilotlarga murojaat bilan chiqqanmiz. Ammo natija yo‘q”, — deydi “Qishloqqurilishinvest” MChJ rahbari Jobir Boqiyev.

Jobir Boqiyevga ko‘ra, mazkur namunali uy-joylar 9 ta qurilish tashkiloti tomonidan qurib, foydalanishga topshirilgan.

“Qurilish tashkilotlari loyihasiga ko‘ra, 2017-yildan boshlab qurila boshlangan uy-joylar atrofida bolalar o‘yingohlarini barpo etish ko‘zda tutilgan”, — deydi Boqiyev.

Sharifqul Jumayevning aytishicha, ikki yilcha oldin har bir xonadon o‘z tashabbusi bilan 200 ming so‘mdan pul yig‘ib, yo‘lga shag‘al yotqizgan. Shunga qaramasdan, issiq kunlarda chang, yog‘in-sochinli kunlarda loy kechishga to‘g‘ri keladi. Ustiga ustak, namunali uy-joylar ko‘rkini temir-tersak bozorining tartibsiz ahvoli ham buzib turibdi.

“Hududning bir tomondan mashina bozori, ikkinchi tomondan temir-tersak bozori bilan to‘sib qo‘yilgani yetmagandek, g‘isht zavodiga yuk mashinalarining tinimsiz qatnovi bizni qiynab qo‘ygan. Ayniqsa, dam olish kunlari mashinalar qatnovidagi tirbandlik o‘n yildan buyon oddiygina turmush tarzimizga ham tashvish tug‘dirmoqda”, — deydi G. Samirova.

Jonbobo aholi punktining katta qatnov yo‘li bo‘yida joylashgan, old tomoni to‘silmagan va qatnov yo‘lga ko‘rimsiz manzara berib turgan temir-tersak bozorining, aslida, qaysi manzilga tegishliligini Buxoro shahar hokimligi vakili ham ochiqlay olmadi.

“Men egallagan joyim uchun har oy 2 million 320 ming so‘m miqdoridagi ‘patent’ pulini Buxoro tumaniga to‘layman. Ammo bozorning aynan qaysi hududga qarashli ekanligidan xabarim yo‘q”, — deydi yakka tartibdagi tadbirkorlardan biri.

Ma’lum qilinishicha, Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Farhod Umarov mazkur temir-tersak bozorini tartibga keltirish bo‘yicha qat’iy topshiriq bergan.

“Daryo” muxbiri Buxoro shahri hududida joylashgan, ammo Buxoro tumanida ro‘yxatda turib yashab kelayotgan, kommunal xizmatlari uchta tuman, shaharga qarashli bo‘lgan chorak asrdan buyon qiynalib kelayotgan aholining muammolari qachon va qanday bartaraf etilishi yuzasidan Buxoro viloyat hokimi o‘rinbosari Narzulla Hamdamovga murojaat qildi.

“Hududi Buxoro shahrida, ammo Buxoro tumanida ro‘yxatda turib yashaydigan aholi ko‘p va bunday manzillar ham yetarli darajada topiladi. Aytish joiz, namunali uy-joylarni tiklashda ham manzilning ijtimoiy-demografik xususiyati inobatga olinmagan. Yerosti va yerusti muhandislik kommunikatsiyalarining nomutanosib joylashganiga e’tibor berilmagan. Ularning yechimi og‘ir masala. Shunga qaramasdan, galdagi ishlarni amalga oshirishda barcha jihatlarni qunt bilan o‘rganib, keyin bartaraf etish rejalashtirilyapti. Ma’lumki, Buxoro shahri 8 ming gektar yer maydoniga ega. Ayni paytda Buxoro shahrining bosh rejasi ishlab chiqilgan. Asta-sekin, bosqichma-bosqich bu hududlar ham Buxoro shahri hududiga qo‘shib berilishi ko‘zda tutilyapti. Ushbu masalani bartaraf etish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qarori, shuningdek, deputatlar ovozi juda zarur. Vaholanki, bu masalalar o‘z davrida o‘ylanmasdan, reja-tadbirlarsiz qilingan ish. Senat qaror qabul qilgachgina manzillar bir tumandan ikkinchi tumanga yoki bir tumandan ikkinchi shaharga o‘tishi masalasi bartaraf etiladi. Bu mahalliy qarorlar bilan amalga oshiriladigan ish emas”, — deydi Buxoro hokimi o‘rinbosari Narzulla Haydarov.

Qurilish jarayonlarida ko‘chalarni tungi chiroqlar bilan ta’minlash loyiha-smetada ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, ushbu masala qurilish komissiyasi qarori bilan hal etiladi, deya munosabat bildirgan Buxoro tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i “Daryo” muxbiriga Jonbobo ko‘chalarini obodonlashtirish masalasini bir necha kunda bartaraf etilishini bildirdi.

“Tozalash, obodonlashtirish kerak, bu masalani hal etamiz. Gap-so‘zsiz bajaramiz!” — dedi I.Hojiyev.

Uch tuman, shahar o‘rtasida arosatda qolgan aholi esa bunday va’dalarni qariyb o‘n yildan buyon eshitib kelishayotganini yana bir marotaba eslatdi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-09-2020, 16:55)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 82) ( 0) ( 79) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют