Taniqli suxandon Abdumo'min O'tbosarov olamdan o'tdi

O'zbekiston xalq artisti, oliy toifali suxandon Abdumo'min O'tbosarov yangi yilning ilk kunida vafot etdi. Bu haqda uning hamkasbi Muslimbek Yo'ldoshev o'zining feysbukdagi sahifasi orqali ma'lum qilgan.
"Azizlar, qadrdonlar. Mening do'stim, qadrdonim, yurtimizning jafokash bir sanatkori - O'zbekiston xalq artisti, oliy toifali suxandon Abdumo'min O'tbosarov 56 yoshida to'satdan olamdan o'tdi. Yaqinlariga chiroyli sabr so'raylik, biladiganlarimiz esa uning haqqiga ikki kalima Qur'on tilovat baxshida qilaylik... Olloh, o'zing rahmatingga ol!..", deya yoziladi manbada.
Qayd etish kerakki, u 31 dekabr oqshomida prezidentning Yangi yil tabrigini o'qib eshittirgandi.
Ma'lumot uchun, O'tbosarov Abdumo'min Abdumajitovich 1960 yilning 24 aprelida tug'ilgandi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, oliy toifali diktor Abdumo'min O'tbosarov O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O'zbekiston» teleradiokanali diktori sifatida faoliyat ko'rsatib kelayotgandi.
Prezidentning O'zbekiston xalqiga yo'llagan Yangi yil tabrigini o'qib eshittirish uning xizmat faoliyatidagi eng so'nggi ish bo'lib qoldi.
Marhum bugun "Bodomzor" masjidida o'qilgan juma namozidan keyin Minor qabristoniga qo'yilgan.
Uning o'limi haqidagi tafsilotlarga aniqlik kiritish uchun u ishlagan muassasaga, MTRKga murojaat qilindi.
Tashkilotdagilar marhumning 31 dekabr kuni ishga chiqqanini, u kunning birinchi qismida tobi qochib, shifoxonaga olib ketilganini aytgan. Shifokorlar dastlab unda yurak xurujini qayd etishgan va xavotirga o'rin yo'qligini aytishgan.
Lekin 1 yanvar kuni ertalab uning o'limi haqida xabar berilgan. Marhum 55 yoshida dunyoni tark etdi.
Kun.uz tahririyati Abdumo'min O'tbosarovning yaqinlari bilan bog'langanida ular marhumda avval yurak bilan bog'liq muammolar bo'lmaganini aytishdi. Lekin unda qon bosimi tez-tez kuzatilib turganini bildirishgan.
Suxandonning o'limi va bu hodisa tafsilotlari haqida rasmiy manbalarda ma'lum qilinmadi.
Manba: Kun.uz
Добавить комментарий!






- отсутствуют

- отсутствуют
