» » “Oy tomon olg‘a!” Hindiston yo‘qotilgan Oy modulini topdi va aloqaga chiqishga urinmoqda

“Oy tomon olg‘a!” Hindiston yo‘qotilgan Oy modulini topdi va aloqaga chiqishga urinmoqda


Shu choqqacha atigi uchta davlat Oyga apparat qo‘ndirishni muvaffaqiyatli uddalay olgan  xolos. Bular SSSR, AQSh va Xitoy bo‘lib, “Chandrayan-2” missiyasi orqali Oy sathiga qo‘ndirmoqchi bo‘lgan Vikram oy moduli bilan Hindiston bu borada to‘rtinchi bo‘lmoqchi edi. Biroq o‘tgan shanba kuni, ya’ni 7-sentabr sanasida amalga oshirilgan hindlarning dastlabki urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Vikram Oy moduli pasayishni boshlagach, uning hisob-kitob bo‘yicha Oy sathiga ohista qo‘nishiga sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan vaqtga bir necha daqiqa qolganda apparat bilan aloqa uzilib qoldi. Uning keyingi taqdiri o‘tgan ikki kun mobaynida so‘roq ostida qolayotgan edi.

Avvaliga bu haqda Hindiston kosmik agentligi rasmiy ma’lumot berishga shoshilmadi. Keyinroq Hindiston bosh vaziri Narendra Modi rasmiy bayonot berib, “Chandrayan-2” missiyasining ushbu etapi muvaffaqiyatsizlikka yo‘liqqanini ommaga ma’lum qilgan.

Omadsizlikning sababi ikki xil bo‘lishi mumkin: 1) apparatning aloqa vositalari ishdan chiqqan; 2) u Oy sirtiga zarb bilan qulab, pachoqlangan.

10-sentabr kuni esa Hindiston kosmik agentligi rahbari K. Sivan bergan bayonotga ko‘ra, hindlar Vikram oy modulining borib tushgan joyini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Garchi apparat qay ahvolda ekani haqida hozircha xulosa qilishga erta bo‘lsa-da, mutaxassis apparat bilan aloqani tiklash mumkinligiga ishonmoqda. Ma’lum qilinishicha, Vikram modulini Oyga eltgan “Chandrayan-2” kosmik stansiyasi Oy orbitasidan turib apparat tushgan joyning termal tasvirini Yerga yuborgan.

Ma’lumot o‘rnida keltirib o‘tamizki, Hindiston Oyga qo‘nish dasturini ham o‘z ichiga olgan “Chandrayan-2” missiyasini joriy yilning iyul oyida tabiiy yo‘ldoshimiz tomon uchirgan edi. Vikram oy modulini “Chandrayan-2” kosmik stansiyasi Oyning hozirgacha kam o‘rganilgan qismi – Janubiy qutbiga yetkazib, uni ohista qo‘nishga yo‘llab qo‘yib yuborishi kerak edi. Amalda “Chandrayan-2” Vikram’ni qo‘yib yuborgach, bir necha daqiqadan keyin modul bilan aloqa to‘xtagan. Aloqani tiklash maqsadida amalga oshirilgan 38 martalik urinishdan birortasiga modul javob qaytarmagan.

Yodingizda bo‘lsa, shu yilning aprel oyida Isroil ham Oyga apparat qo‘ndirishga muvaffaqiyatsiz urinib ko‘rgan va oqibatda apparat bilan aloqani yo‘qotib qo‘ygan edi.

Biroq Hindistonning “Chandrayan-2” Oy missiyasini butunlay muvaffaqiyatsiz chiqdi deyish ham noto‘g‘ri bo‘lgan bo‘lur edi. Sababi, Oy orbitasida qolgan avtomat kosmik stansiyada o‘rnatilgan sakkiz xildagi noyob ilmiy asbob-uskunalar Oy sirti xaritasini va Oyning tashqi tabiiy sharoitlarini o‘rganishda asqotadigan qimmatli ma’lumotlarni Yerga uzatishda davom etmoqda. Hindlarning Oyni tadqiq etish borasidagi yutuqlariga shubha bilan qarashga ham hech qanday asos yo‘q. Chunki aynan ularning avvalgi “Chandrayan-1” missiyasi tabiiy yo‘ldoshimiz sirtidan suv molekulalarini aniqlagan edi. Qolaversa, Hindistonning kosmik dasturlar borasidagi eng katta yutug‘i sifatida ularning boshqa mamlakatlar kosmik dasturlaridan ko‘ra chandon arzonligi jihatini e’tirof etish joiz. Xususan, “Chandrayan-2” missiyasi ham “atigi” 141 million dollarga tushgan xolos. Bu, masalan, AQShning “Apollon” missiyalariga sarflagan ulkan miqyosli (asl kosmik masshtabli) mablag‘i oldida hech gap emas. Holbuki, erishilayotgan ilmiy yutuqlar, olinayotgan natijalarning qiymati buni to‘la oqlamoqda deyish mumkin.

Ma’lumot uchun yana shuni aytamizki, Hindiston 2022-yilda Oyga uchuvchili apparat bilan parvoz yo‘llash rejasiga ham ega. Tayyorgarlik esa hozir u yerda juda avjida.

Muzaffar Qosimov



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-09-2019, 08:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 101) ( 0) ( 100) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют