» » O‘zbekiston Xitoyda tarqalgan koronavirus tufayli chegaradagi sanitar nazoratni kuchaytirdi

O‘zbekiston Xitoyda tarqalgan koronavirus tufayli chegaradagi sanitar nazoratni kuchaytirdi


Xitoyning Uxan shahrida koronaviruslar oilasiga mansub noma’lum virus sababli halok bo‘lganlar soni 4 nafarga yetgani xabar qilingandi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi Xitoyda tarqala boshlagan koronavirus bo‘yicha munosabat bildirib, O‘zbekistonda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash maqsadida zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Yangi koronavirus Xitoyning boshqa shaharlarida, Singapur, Tailand va Yaponiya hududlarida ham aniqlangan.

“Ma’lumki, 2019-yilning 31-dekabr kuni Xitoy hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ga mamlakatning Uxan shahrida noma’lum pnevmoniya epidemiyasi yuzaga kelgani haqida xabar qilgan edi. Kasallanishning birinchi holatini dengiz mahsulotlari sotiladigan bozor bilan bog‘lashmoqda. Joriy yilning 7-yanvarida xitoylik mutaxassislar kasallik qo‘zg‘atuvchisi koronavirus 2019-nCoV ekanini aniqladi.

Afsuski, kasallik Xitoy chegarasidan chiqib, boshqa davlatlar hududlariga ham tarqalmoqda. 20-yanvar, dushanba kuni Janubiy Koreyada koronavirusga chalinishning ilk holati kuzatildi, bemor XXR fuqarosi bo‘lib chiqdi. Shuningdek, kasallanish holatlari Tailand, Singapur va Yaponiyada ham ro‘yxatga olindi.

Bundan tashqari, virus tarqalgan Uxan shahri hokimligi kasallik tarqalishi bo‘yicha yana 17 ta holat kuzatilganini bildirgan. Ayni vaqtda kasallikka chalingan odamlar soni yana 62 nafarga ko‘paygan va ulardan ikki nafari vafot etgan.

11-yanvar, shanba kuni ilgari noma’lum bo‘lgan koronavirusdan birinchi odam — keksa yoshli erkak pnevmoniyaga sabab bo‘ladigan infeksiya tufayli vafot etgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xubey viloyatida ushbu virus bilan zararlanish bo‘yicha 59 ta holat kuzatilgan. Oqibatda infeksiya noma’lum turga mansub koronavirus deb topilgan. Kasallikka chalinish holatlari Tailand va Yaponiyada ham kuzatilgan. O‘zbekiston TIV Xitoyda tarqalgan yangi virus sababli u yerga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ehtiyot bo‘lishga chaqirgan.

Mavzuga doir: Xitoyda yangi virusdan to‘rtinchi kishi vafot etdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shoshilinch yig‘ilish chaqirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti keng jamoatchilikka koronavirusdan saqlanish borasida quyidagi tavsiyalarni bergan:

qo‘llaringizni sovun va suv yoki spirtli aralashma bilan yuving;

yo‘talganda yoki aks urganda og‘zingiz va burningizni tibbiy niqob, salfetka, yengingiz yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing;

shamollash yoki gripp alomatlari bo‘lganlar bilan himoyalanmagan aloqada bo‘lishdan uzoqlashing hamda sizda isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganida tibbiy yordam olish uchun murojaat qiling;

tirik mahsulotlar sotiladigan bozorda bo‘lganingizda jonivorlar hamda ular tegishi mumkin bo‘lgan vositalarga himoyalanmagan holda teginishdan ehtiyot bo‘ling;

taomni, ayniqsa, go‘shtni astoydil pishiring.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash, kasallikning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, davlat chegarasi kesishgan joylardagi Sanitariya-karantin punktlaridan o‘tayotgan yo‘lovchilarni sifatli tibbiy-sanitariya ko‘rigidan o‘tkazishga e’tibor qaratilib, pnevmoniya va boshqa o‘tkir respirator kasalliklari alomatlari aniqlangan bemorlarni alohidalash va shifoxonalarga yotqizish choralari ko‘rilmoqda.

Gripp, O‘RVI va pnevmoniya kasalliklarida gumon qilingan bemorlarni shifoxonalarga yotqizish uchun davolash-profilaktika muassasalari tayyorgarligi ta’minlandi, dori-darmon va dezinfeksion moddalar zaxirasi yaratildi.

Xitoy Xalq Respublikasidan kelayotgan yo‘lovchilar orasida gripp kasalligining og‘ir turlariga, O‘RVI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlar aniqlanganda laboratoriya tashxisi uchun namunalar olish tashkil etilmoqda. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan uchuvchilar, bort va temir yo‘l kuzatuvchilarining bilim saviyasini oshirish maqsadida gripp, O‘RVI va o‘tkir pnevmoniya kasalliklarining klinikasi, laboratoriya tashxisi, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar to‘g‘risida keng tushuntirish ishlari o‘tkazilmoqda”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga doir: Xitoyda tarqalgan noma’lum virus O‘zbekistonga xavf solmaydimi?

Avval London Imperial kolleji yuqumli kasalliklar tahlili markazi olimlari virusni yuqtirib olganlar soni 1 723 ming nafarni tashkil qilgani, ushbu natija Xitoy tashqarisida virus bilan zararlanish holatlari kuzatilgan holatlar hisob-kitobi tahlili asosida olinganini bildirgan. Shuningdek, tadqiqotning yuqish masalasini hal qilmasligi, lekin o‘tkir respiratorli sindrom virusi va Yaqin Sharq respiratorli koronavirusi epidemiyalari tajribasiga asoslangan holda virus mustaqil tarzda odamdan odamga o‘tishi mumkinligini inobatga olish zarurligini xulosa qilgandi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-01-2020, 22:57)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 89) ( 0) ( 87) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют