» » Koronavirus Italiya mafiyasining quroliga aylanmoqda. Pandemiya davridagi Lotin Amerikasi muammolari va Xitoyning ishonchsiz statistikasi. Jahon matbuoti koronavirus haqida

Koronavirus Italiya mafiyasining quroliga aylanmoqda. Pandemiya davridagi Lotin Amerikasi muammolari va Xitoyning ishonchsiz statistikasi. Jahon matbuoti koronavirus haqida


Italiya oldida koronovirusdan tashqari yana qanday xavf turibdi? Koronavirus pandemiyasi vaqtidagi Lotin Amerikasi qamoqxonalarida vujudga kelgan vaziyat va Xitoy hukumatining koronavirus borasidagi statistik ma’lumotlariga ishonchsizlik haqida jahon matbuoti sharhi ruknining koronavirusga bag‘ishlangan navbatdagi sonida ma’lumot olasiz.

Italyan mafiyasi mamlakatdagi karantindan foydalanib o‘z safiga yangi ishsiz, pulsiz qolgan aholi qatlamlarini jalb qilishga urinmoqda, deb yozadi The Daily Beast nashri.

Italiyada to‘rt haftalik muddatga mo‘ljallangan karantin davom etar ekan, aholi orasida namoyishlarga, hukumat qabul qilayotgan qarorlarga bo‘ysunmaslikka chaqirish avj olmoqda.

Italiyaning Palermo, Sitsiliya shaharlari ko‘chalarida politsiya karantindan norozi bo‘lgan aholini tinchlantirishga va uyda qolishga chaqirmoqda. Bu shaharlarda bir qator savdo do‘konlarining oynalari sindirilgan va peshtaxtadagi mahsulotlari o‘g‘irlab ketilgan. Bunday holat ommaviy tus olmoqda. Koronavirusdan vahimaga tushgan mahalliy aholi do‘konlardan oziq-ovqat mahsulotlarini pul to‘lamasdan, ba’zida tahdid bilan jazava oldida ojiz qolgan do‘kon egalaridan tortib olib ketmoqda. Shu sababdan do‘konlar oldida politsiya qo‘riqlov xizmati tun-u kun qo‘riqchilik qilmoqda.

Hozirda bloklab qo‘yilgan Facebook’dagi guruhlarda aholini hukumat talablariga bo‘ysunmaslik chaqiriqlari yangragan, natijada ko‘chalarda tartibsizliklar ham yuzaga kelgan. Italiyada yetakchi oziq-ovqat yetkazish xizmati – Tirrenia CIN kompaniyasi bankrot bo‘lganini e’lon qildi.

Hukumat esa mamlakatdagi tartibsizliklar ortida mafiya turganini, aynan mafiya mamlakat shimolida koronavirus epidemiyasi bilan ovora bo‘lib qolgan vaziyatdan foydalanib, mamlakatda qora bozorni yo‘lga qo‘yish va tartibsizlikni keltirib chiqarishga urinayotganini aytmoqda. Mamlakatdagi eng yirik Koza Nostra mafiyasi italyanlarni pandemiya sharoitida o‘z safiga qo‘shib olishni maqsad qilgan.

Shunday bir murakkab davrda hukumat to‘rt haftalik karantin muddatini Pasxa bayramigacha cho‘zganini bildirgan bo‘lsa, ayrim siyosatchilar karantin iyun oyigacha ham davom etishi mumkin demoqda.

Italiya shimolidagi aholi oldidagi eng katta xavf koronavirus bo‘lib turgan bir vaziyatda, mamlakat janubidagi italyanlarning muammosi norozilik va g‘azabga aylangan. Kreditlar va ijara haqlarini to‘lash muhlati kechiktirildi, fabrika va zavodlar ishlamayapti, mamlakatdagi 3,7 million atrofidagi noqonuniy ishlaydigan aholi hukumatdan tovon ololmasligi natijasida qiyinchiliklarni boshidan kechirmoqda.

Palermo shahri hokimi Leolucha Orlando agarda hukumat tezkorlik bilan biror choraga qo‘l urmasa, mamlakatdagi vaziyat tubdan izdan chiqishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, shahar hokimi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida tarqagan norozilik va tartibsizlik uyushtirishga chaqiruvlar ortida italyan mafiyasi turgani borasida xavotir bildirdi.

Italiyadagi har bir viloyatda COVID-19 virusiga chalinganlikni aniqlovchi testlar o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, ayrimlar bu kasallik mamlakat janubida istiqomat qiluvchilar orasida bu eng asosiy tahdid emas degan tashviqot yuritilmoqda. Italiyaning janubi shimolga taqqoslaganda ancha qashshoq ekani inobatga olinsa, COVID-19 pandemiyasi janubiy viloyatlarda tarqaydigan bo‘lsa, bu yanada ko‘proq qurbonlar olib kelishi mumkin. Sababi, Italiyaning boy, sanoatlashgan shimoliy viloyatlari ham koronavirusga qarshi turolmayapti.

Mafiya qurbonlariga yordam xayriya jamg‘armasining prezidenti Juzeppe Antochi fikricha, mafiyaga qarshi kurash va ularni tizginga solish yuz yillab davom etgan katta qon to‘kilishlari asosida hukumat g‘alabasi bilan tugadi, ammo virus qo‘lga kiritilgan barcha yutuqlarni boy berishga sababchi bo‘lishi mumkin.

Mamlakatda kichik va o‘rta biznes og‘ir vaziyatni boshidan kechirayotgan bir vaziyatda mafiya yana hokimiyatni o‘z nazoratiga olishni maqsad qilgan. Bu maqsadda mafiya qiynalgan aholi qatlamlariga arzon-garov qarzlar berish orqali murojaat qilmoqda. Agarda qarz o‘z vaqtida to‘lanmasa, qarz olganlar evaziga mafiya domiga tushishi mumkin.

Italiya janubida karantin sabab qashshoqlik va ochlik kundan kunga o‘z kuchini ko‘rsatar ekan, aholi norozi bo‘lib ko‘chalarga chiqadigan bo‘lsa, hukumat norozilik namoyishini bostirish uchun yetarli kuchga ega bo‘lmay qoladi, deb ogohlantiradi Palermo shahri hokimi Leolucha Orlando.

Sitsiliya va Italiya janubidagi viloyatlarda vujudga kelgan vaziyat koronavirusdek tez yoyilish imkoniga ega bo‘lmasa-da, vaziyatni yumshatish uchun Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte karantin vaqtida daromadlaridan ayrilgan aholi qatlamiga 400 million yevro miqdorida yordam berilishi haqida ko‘rsatma berdi. Janubiy viloyatlardagi hokimlar nazarida moliyaviy inqiroz yoqasiga kelib qolganlar uchun 400 millionlik yordam dengizdan bir tomchidir.

Bu esa Italiya janubidagi vaziyat og‘irligidan yuzaga kelgan ijtimoiy-moliyaviy inqiroz mamlakat shimoliga ham ko‘chishi mumkinligidan. Yuzaga kelgan muammoni ijobiy hal qilish Italiya hukumati olib borayotgan siyosatga bog‘liq bo‘lib, koronavirus pandemiyasi muammosini kam qurbonlar bilan yengishi ham juda muhim.

Murakkab vaziyat va  jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlar miqdorining o‘sib borishi vaziyatida qamoqxonalar virus keng tarqalishi uchun qulay sharoitni yaratmoqda. Koronavirus Amerika qit’asini kezib yurar ekan, Lotin Amrikasi mamlakatlari millionlab odamlarni karantinga o‘tkazishdek murakkab muammo bilan to‘qnashmoqda.

Shuningdek, Lotin Amerikasi mamlakatlari tibbiyot xodimlaridan tortib hukumat amaldorlarigacha hibsxonalardagi 1,4 million nafarga yetib qolgan mahkumlar sog‘lig‘ini qay tarzda himoya qilish masalasida boshi qotib qolgan, deb yozadi The Bloomberg nashri.

Ayrim hukumat mansabdorlari orasida hibsxonalardagi mahkumlarning sog‘lig‘i muhim muammo emasligi sababi ular allaqachon karantinda ekaniga urg‘u berib, hech kim ularni karantinga amal qilishga buyurishi yoki karantinda o‘tirishi haqida ogohlantirishi shart emas demoqda. Boz ustiga, panjara ortida kasallik alomatlari aniqlangan paytda kasallanganlar alohida kameralarga o‘tkazilib, boshqa mahbuslardan ajratib qo‘yish oson bo‘lishini ham aytmoqda. Bundan tashqari, hibsxonalardagi mahbuslarning aksari 40 yoshdan kichikligi hisobga olinsa, bu yosh turkumi kasallikka yoshi kattalardan ko‘ra kamroq moyil degan tasavvur ham bor.

Panjara ortidagi vaziyat esa aytilganidek ko‘ngilni tinchlantiradigan emas. Virus tarqalishi natijasida panjara ortida ham noroziliklar, g‘alayonlar boshlangan. O‘tgan oyda Venesuela, Braziliya, Argentina va Meksika qamoqxonalarida mahbuslarning isyonlari, qurolli to‘qnashuvlari va hattoki qamoqxonadan qochib ketish kabi holatlar bo‘ldi. Kolumbiyadagi Modelo qamoqxonasidagi isyon natijasida 23 mahbus halok bo‘ldi va ko‘plab mahbuslar va politsiya xodimlari yaralandi.

Peru qamoqxonalarida mahbuslar COVID-19 ni aniqlash uchun testlar olinishini talab qilmoqda. Argentinada koronavirus pandemiyasi aniqlangan holatlar bir nechtaga yetganda jazoni ijro etish muassasalaridagi mahbuslar g‘alayon ko‘tardi. Halok bo‘lganlar va jabrlanganlar bo‘ldi. Huquq faollari esa hibsxonalardagi yoshi kattaroq mahbuslar va ijtimoiy xavfi kamroq bo‘lgan mahbuslarni uy qamog‘iga o‘tkazish orqali karantinni joriy qilish oqilona siyosat bo‘lishi haqida hukumatga tavsiya bermoqda.

Igarapa institutining xavfsizlik masalalari bo‘yicha tadqiqotchisi Robert Mugganing fikricha, “mintaqa jazoni ijro etish muassasalari pandemiya tarqalishi uchun qulay ekani jamiyatning boshqa a’zolari sog‘lig‘ini ham xavf ostida qoldiradi”.

Lotin Amrikasidagi qamoqxonalar allaqachon zararli maskanga aylandi. Lotin Amerikasidagi har yuz fuqaroning o‘n uchtasi qamoqxonada muddat o‘tab keladi. Bitta kameraga uch yoki undan ko‘p mahbus joylashtiriladi. Qotillar va mayda o‘g‘rilik bilan qo‘lga tushganlar bitta kamerada jazo o‘taydi.

Oxirgi o‘n yil mobaynida Lotin Amerikasi qamoqqxonalaridagi mahbuslar soni uch marotabaga ko‘paydi. Qamoqxonadan ommaviy qochishlar, tez-tez sodir bo‘lib turadigan isyonlar axloq tuzatuvchi muassasa emas, aksincha, virus tarqaladigan bo‘lsa, kasallikni nazorat qilish va oldini olish qiyin kechadigan maskan bo‘lib qoldi.

Lotin Amerikasi shifoxonalarida koykalar, tibbiy uskunalar va sun’iy havo oldirgichlar yetishmasligi kuzatilayotgan bir paytda, qamoqxonalarda bu kabi tibbiy vositalar deyarli yo‘q. Misol uchun, Venesueladagi 6 500 ta jazoni ijro etish muassasalaridagi 19 ming mahbus surunkali kasalliklardan aziyat chekadi yoki murakkab sog‘liq bilan bog‘liq holat uchun o‘z joniga qasd qilish qaroriga keladi.

Braziliya esa hibsxonada saqlanayotgan mahbuslarning miqdori bo‘yicha dunyoning uchinchi mahbuslar ko‘p mamlakati. Braziliyada 813 mingdan ko‘proq mahbus mavjud. Mahbuslarning aksarida OITS, sil kasalliklari darajasi o‘ta yuqori. Shunday ayanchli vaziyatda koronavirus pandemiyasining tarqalishi mintaqada qurbonlar va kasallikdan aziyat chekadiganlar miqdori kam bo‘lmaydi.

San-Paulu qamoqxonasida (Braziliya) 235 ming mahbus saqlanadi va bu raqam Italiya va Fransiyadagi mahbuslarning umumiy sonidan ham ancha ko‘p. San-Paulu qamoqxonasida kasallikning oldini olish uchun keksa yoshli mahbuslar va keksa yoshli qamoqxona nazoratchilari izolyatsiyga olinmoqda, yangi kelgan mahbuslar esa kasallikni aniqlovchi testlardan o‘tkazilyapti. Mahbuslarga niqob tarqatildi va shtat virus aniqlangan mahbuslar uchun yangi kasallikka qarshi kurashiladigan sakkiz dona maxsus joy barpo qildi.

Amalga oshirlishi kerak bo‘lgan ishlar esa hali ko‘p. Ulardan biri mahbuslarning barchasidan koronavirusga test olish, ijtimoiy xavfi kam bo‘lgan qonunbuzarlarni uy karantiniga olish. Xavfsizlik xizmatining sobiq bosh kotibi Xose Visente da Silvaning ma’lumotlariga ko‘ra, Braziliya jazoni ijro etish muassasalaridagi mahbuslarning 36 foizi sodir etgan jinoyati uchun sud hukmini kutib ehtimoliy jazo muddatini ma’lum qismini o‘tab bo‘lgan.

Braziliya sudlari jinoyatchilikka moyil bo‘lganlarni uy karantiniga qo‘yib yuborish masalasini ko‘rib chiqayotgan bir paytda, huquq-tartibot idoralari xodimlari bunday qaror Braziliya ko‘chalarida jinoyatchilik yanada avj olib ketishidan ogohlantirmoqda.

Muammo oqilona hal etilmasa, pandemiya davridagi muammolar Lotin Amerikasidagi ijtimoiy muammolarni hozirgidanda chuqurlashtirib, Lotin Amerikasi mamlakatlari tarixida navbatdagi qora kunlardan biriga aylanishi ehtimol.

G‘arb hukumatlari Xitoy hukumatining yalpi ichki mahsulotdan tortib koronavirus borasidagi statistik ma’lumotlarigacha ishonchsizlik ko‘zi bilan qarab keladi. Bunda asosiy e’tiborga olinadigan jihat Xitoy Xalq Respublikasining ma’muriy buyruqbozlik tizimiga asoslangan boshqaruv tizimidir. Bunday tizim Xitoy xalqiga o‘tmishda qanday ofatlarni keltirgani tarixdan ko‘pchilikka ma’lum, deb yozadi The Diplomat nashri.

Butun dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni milliondan oshar ekan, Xitoy tashqi ishlar vazirligi mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq nazorat ostida kamayib borayotgani, kasallanganlarga shifoxonalardan uylariga ketishga ruxsat berilayotgani borasida xabar tarqatmoqda.

G‘arb matbuotida Xitoyda koronavirus bilan bog‘liq ikkinchi to‘lqin paydo bo‘lishi mumkinligi haqida ko‘plab taxminlar va tashvishlar bildirilayotgan bir vaziyatda Xitoyning bosh epidemiologi Chjong Nanshan tilga olingan ikkinchi to‘lqin borasida tashqaridan keladigan virus bilan bog‘liq holatlar borasida muvaffaqiyatli tadbir amalga oshirilganini ta’kidladi va mamlakat virusga qarshi kurashda “to‘rt E” dasturiga e’tibor berganini aytdi: kasallikning oldini olish uchun erta chora , kasallikni muolaja qilish uchun erta aniqlab , erta tashxis va erta karantin.

Xitoy hukumati 6-mart sanasiga virus bilan zararlanganlikning yangi holati 100 tadan oshmaganini va asosiy yangi virus aniqlangan holatlarda xorijdan kelgan xitoyliklarda ekani haqida xabar berdi. Shuningdek, kommunistik mafkuraga asoslangan Xitoy hukumati mulozimlari 17-fevraldan 22-martgacha bo‘lgan davrda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat 91 foizga kamaygani haqida ma’lumot tarqatdi. Bunday ma’lumotlar so‘z erkinligi borasida cheklovlar bo‘lgan mamlakatdan kelayotgani qanchalik ishonarli asosga ega, deb shubha ostiga qo‘yadi The Diplomat nashri.

Xitoy hukumatining yalpi ichki mahsulot borasidagi statistik ma’lumotlari oshirib ko‘rsatilgani nazarga olinsa, COVID-19 borasidagi Xitoy bergan ma’lumotlarga ham ishonmaslik kerak, deyiladi maqolada. Gonkong va Chikago universiteti iqtisodchi olimlari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy bergan iqtisodiy ma’lumotlarda ayrim statistik uslublarga amal qilinmagani, faktlar buzib ko‘rsatilgani va raqamlardagi nomutanosibliklar yuzaga kelgani aniqlandi. Bu esa avtoritar rejimlar tomonidan ochiqlanayotgan raqamlar ishonchsiz va mantiqiy asosga ega emasligidan dalolat. Xitoy ham bundan mustasno emas.

Xitoy hukumatining Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish tashkiloti COVID-19 dan avvalroq tarqalgan Osiyo grippi – 1957–1958-yillardagi epidemiya, 1996-yildagi H5N1, 2002-yildagi SARS, 2009-yildagi H1N1 va 2012-yildagi H7N9 viruslari tarqalgan vaziyatda ham yolg‘on ma’lumotlar tarqatgani virusga qarshi kurashda muvaffaqiyatsizlikka uchraganini bildiradi.

Nega bir yil avval Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish qo‘mitasining rahbari Gao Fu Xitoy tibbiyoti SARS kabi viruslarning boshqa qaytarilmasligi borasida juda ishonch bilan va’da bergan va buning isboti sifatida mamlakatdagi rivojlangan tibbiyotni misol qilib ko‘rsatgan edi. Ammo COVID-19 pandemiyasi “rivojlangan Xitoy tibbiyoti”ni ham ancha zir titragani va kasallik ko‘lami keng tus olgani vaziyat ancha murakkabligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Xitoy hukumati dekabr oyining o‘zidayoq Uxan va Xubey viloyatlarida aniqlangan COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat ilk davridayoq nazoratga olinib, tezkor tadbirlar amalga oshirilgani haiqda iddao qilmoqda. Bu esa Xitoy hukumati virus bilan bog‘liq holatni yuzaga kelgan davridan beri kuzatgani va virus haqida ilk marta ma’lumot bergan Chjan Szisyan davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani va uning ma’lumotlari asosida barcha virus bilan bog‘liq tafsilotlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga xabar qilinganini aytmoqda.

Boshqa tarafdan, COVID-19 epidemiyasi borasida vahima uyg‘otishga erishgan Li Venliang taqdiri masalasi. Li hukumat tomonidan virus borasida muolaja ishlaridan tiyilish haqida qo‘l qo‘ydirib olingach, COVID-19 natijasida vafot etishi ham shubha uygo‘tishga asos. Xitoyda yana qancha tibbiyot xodimi yangi koronavirus vahimasi atrofidagi ayblovlar bilan ishdan chetlashtirilgani yoki vafot etgani borasida ma’lumot sir. Yangi COVID-19 virusi bilan yuzaga kelgan muammolar natijasida Uxandagi amaldorlar qonuniy chora ham oldi. Ammo vaziyatga baho berish birgina bu bilan tugamaydi.

Xitoy hukumatining virus tarqalgan ilk kunlardagi tadbiri tashvishlanishga, xavotirlanishga asos, chunki bugunda Xitoyning virusni mag‘lub qildik deb tarqatayotgan xabarlari Xitoy rahbari Si Szinpinning siyosiy hokimiyatini yanada mustahkamlash uchun qilinayotgan tatbiq ham bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham COVID-19 bilan bog‘liq ayblovlar xalqaro jamiyatda Xitoy hukumatining koronavirus bilan bog‘liq statistik ma’lumotlariga tanqidiy ko‘z bilan qarash kerakligini uqtirmoqda.

Ehtimol COVID-19 atrofidagi haqiqiy manzarani yashirish Xitoy rahbariyati uchun o‘z siyosiy hokimiyatini mustahkamroq ushlashga, kursida qolishga yordam beradigan najot sifatida ko‘ringan bo‘lishi ham mumkin. Xalq kasallik bilan kurashayotgan bir vaziyatda hukumatning ojizlgini tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyatda rasmiy e’lon qilingan xabarlardagi kasallangan va vafot etganlar soni aslida e’lon qilingan, internetga chiqib ketgan rasmlar, videolar, asl vaziyat haqida tasavvur hosil qilishga yordam beradi. E’lon qilingan ma’lumotlarda Xitoyda mobil telefonlardan foydalanish keskin qisqarishi ham asl vaziyatni yashirishga bo‘lgan urinish.

Xitoy hukumati virusga qarshi salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, ammo COVID-19 bilan bog‘liq vaziyatda raqamlarni “to‘g‘rilagani” ayon bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham dunyo hamjamiyati Xitoy statistik ma’lumotlariga tanqidiy nazar bilan qarashi muhim. Shuningdek, pandemiyaga qarshi kurashda yangi jihatlarni diqqat bilan kuzatish, tahlil qilish va eng asosiysi, mamlakatdagi aholi salomatligi borasida qayg‘urish muhim.

Jahongir Ergashev tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-04-2020, 20:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 66) ( 0) ( 65) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют