» » Koreya madaniyatini tushunishga yordam beradigan o‘n ikki so‘z

Koreya madaniyatini tushunishga yordam beradigan o‘n ikki so‘z


“Egyo” qanday madaniyat? Yolg‘iz ovqatlanish baxtsizlik belgisimi? Universitet diplomi omadli nikohga sabab bo‘ladimi? Nega koreyslar noxush xabarlarni kechqurun aytadi? Arzamas saytida koreys madaniyatini tushunishga yordam beradigan 12 so‘z tahlil qilindi.

Nunchxi

Kuzatuvchanlik, suhbatdosh niyatini tez anglash, yana ham tog‘rirog‘i “ko‘zdan uqish” ma’nosini bildiradi.

Koreyscha so‘zlar ichida eng tarjimasi qiyini va mashhur ifodalardan biri. Bu so‘z bizning tilga “fahmlilik”, “tushunuvchanlik” deb tarjima qilinadi. Lekin tarjima ham so‘zning faqat bir jihatinigina ifodalaydi. Qaysidir ma’noda “ziyraklik”, “baodoblik” yoki “sezgirlik” desa ham bo‘ladi.

“Nunchxi” – kishining tevarak-atrofni suhbatdoshning qiyofasi, imo-ishorasi, qarashi orqali darhol aniqlab olishi va qo‘shimcha omillar – ijtimoiy maqomi, yoshi, suhbatidan kelib chiqib javob qaytarishidir. Bu odamning o‘zi aytmasdan turib uning ehtiyojlarini payqash va sezgirlik bilan moslashish degani.

Odam noqulaylik sezmasdan oldin tez va chiroyli tarzda suhbatni tugatish, sherigining qadahi bo‘shab qolganini va odob doirasida uni to‘ldirish kerakligini kuzata olish malakasi shu so‘z orqali anglatiladi. Kollektivizm va shaxslararo munosabatlar katta ro‘l o‘ynaydigan koreys madaniyatini hisobga olsak, “nunchxi” va ijtimoiy intellekt o‘rtasida o‘xshashlik bor deyishimiz mumkin.

“Nunchxi”dan foydalanish zaruriyati koreyslarning o‘z hissiyotlarini tog‘ridan-to‘g‘ri bildirmasligi, xulosa, hukmlarning qat’iy tarzda aytilmasligi, kamgaplik, vazminlik kabi konfutsiyona an’analar jamiyatda mustahkam o‘rin egallagani bilan belgilanadi.

O‘z fikrini sergaplik, ochiqlik bilan aytish, hissiyotlarini namoyish qilish koreyslar tomonidan yengiltaklik, nojiddiylik sifatida qabul qilinadi. Voyaga yetgan, obro‘li odam, ayniqsa, rahbar o‘z hissiyotlarni nazorat qila olishi kerak. Bunday paytda “nunchxi” hayotiy muhim masalaga aylanadi. “Unda nunchxi yo‘q” yoki “uning nunchxisi sekin” – odamni bemulohaza, nosezgir, qo‘pol sifatida belgilab beradigan o‘ta salbiy baho bo‘lsa, “Sizda nunchxi tez” degan ibora maqtov sifatida izohlanadi.

Ayrim hollarda izoh muayyan bir ohangda aytilsa, kinoya va pichingni ham bildirishi mumkin. Bunga quyidagi matal misol bo‘ladi: “Kimda nunchxi bo‘lsa, u budda ibodatxonasida tuzlangan krevetkalarga to‘yadi”.

“Nunchxi” malakasini qo‘llashda me’yorni bilish muhim. Chunki unda jamoatchilik bilan uyg‘unlikni his qilishga intilish yotadi.

Yevropaliklarda “nunchxi”ning yo‘qligi koreyslar bilan o‘zaro muloqotda tushunmovchiliklarga ham sabab  bo‘lib turadi. G‘arb madaniyati vakili o‘z ehtiyojlarini ochiq aytsa, koreyslar qanday qilib odam shu darajada “nunchxi”dan benasib bo‘lishi mumkin deya ajablanadi.

Kibun

Kayfiyat, ruhiy holat, hissiyot, dunyo bilan moslik va ichki barqarorlikni bildiradi. Lug‘atlarda bu so‘z kayfiyat deb tarjima qilinadi va madaniy nozikliklar chetda qoladi.

Koreys jamiyatida bu tushuncha ijtimoiy barkamollik, vaziyatni ushlab turish, o‘z obro‘sini saqlash, iyerarxiya nozikliklariga va qoidalariga rioya qilish bilan bog‘liq.

Koreys muomala madaniyatida o‘z kechinmalarini ham unutmagan holda, atrofdagilarning “kibun”iga zarar yetkazmaslik muhim o‘rin tutadi. Ajnabiylar uchun qiyinchiligi shundaki, oddiy, tabiiy xatti-harakat ham kimgadir tegib ketishi mumkin. Masalan, biror taklif yoki iltimosga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘q deyish, birga ovqatlanishni rad qilish, o‘z gapida qat’iy turib olish, to‘g‘ri kelmaydigan vaziyatda noxush xabarni yetkazish kabilar shunga kiradi.

Obyektiv haqiqat va to‘g‘rilikdan ko‘ra yaxshi munosabatlar afzalroqligini va boshqa odamlarning hislarini o‘ylab koreyslar o‘ta yumshoq rad javobi  beradi va salbiy yangiliklarni odam zarbani yengilroq kechirishi uchun kechga yaqin aytadi. Shu sababdan xodim ishdan bo‘shatilganini odatda kechqurun eshitadi.

Punvigi

Iqlim, vaziyat, umumiy kayfiyat, aura ma’nolarini beradi.

Bu tushuncha “kibun” bilan o‘zaro bog‘liq. Qaysidir ma’noda “punvigi” – guruhning umumiy kayfiyati, jamoadagi psixologik iqlim, “nunchxi” malakasi yordamida darhol sezish kerak bo‘lgan nozikliklardan biridir.

Bu kishiga o‘zini vaziyatga mos va tog‘ri tutishiga yordam beradi. Muhim muzokaralar va bitimlar tuzishdan oldin yaratiladigan muhit ham shunday ataladi. O‘zaro ishonch va do‘stliksiz bunga erishib bo‘lmaydi.

Bu so‘z geosiyosiy ma’noda ham yangrashi mumkin. Masalan, Koreya respublikasi va KXDR o‘rtasidagi “punvigi” shu ikki davlat o‘rtasidagi munosabat mohiyatini anglatadi.

Chon

Samimiylik, ruhiyatlilik, hissiy sog‘lik va aloqadorlik hissi ma’nolarini bildiradi.

Koreyslarning o‘z ta’rifi bo‘yicha, “chon” – koreys mentaliteti va temperamentining poydevoridir. U har qanday qarindoshlik bo‘ladimi, oilaviymi, do‘stlarmi, qo‘shnilarmi, ular o‘rtasidagi shaxslararo munosabatlarning asosi hisoblanadi.

Lug‘atdagi “muhabbat hissi, yaqinlik, bog‘liqlik” ma’nosi tushunchani to‘liq ochib berolmaydi. “Chon”, shuningdek, yaxshilik, g‘amxo‘rlik, saxiylik, bag‘ishlov, yordamga intiluvchanlik, minnatdorlik va kechira olish kabi hislatlar bilan uzviy bog‘liq.

Shu bilan birga “chon” qandaydir konkret hisni ifodalamay, takrorlanuvchi munosabatlar, uzoq davom etadigan muomala, birgalikdagi kechinmalar natijasida vujudga keladi.

“Chon”ning muhim xususiyati uning doimiyligi, his qilish esa sekin-asta, sezilmasdan paydo bo‘lib boradi. Vujudga kelgach esa uning yo‘qolishi qiyin. Koreys maqollarida bekorga “Joriya bilan chon uch yilga, xotin bilan chon yuz yilga” deyilmagan.

“Chon”ning boshqa muhim xususiyati uning o‘zaro xarakteri va jamiyatdagi tabaqalanishni yengib o‘ta olishi qobiliyatidir. Boshqacha aytganda, “chon” teng bo‘lmagan subyektlar orasida ham paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, katta va kichik, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida.

“Chon”ni barchasi mukammal bo‘lgan yuksak idealistik tushuncha sifatida ham qabul qilmaslik kerak. Sababi “chon” o‘zida uzoq davom etgan bog‘liqlik asosida yuzaga keladigan norozilikni ham mujassam qiladi. Buni tushunish uchun koreyslardagi ayrim matallarga e’tibor qaratish lozim.

Xan

G‘azab va mutelik aralashmasi, nafratni ayta olmasdan azoblanish, adolatsizlik va erksizlikdan kelib chiqadigan  qayg‘u, amalga oshmay qolgan istak tufayli paydo bo‘lgan g‘am.

“Xan” ma’nosi ham shaxsiy, ham millat tarixi darajasida anglanadigan so‘zdir. Avvalo, bu so‘z Koreya yarimorolining Yaponiya tomonidan bosib olinishi ortidan yuzaga kelgan qayg‘uni ham anglatadi. Ikkinchi tomondan, bir shaxsning boshidan kechirayotgan, ammo so‘zlarga ko‘chmayotgan nafratini ifodalaydi. Shu tariqa, tashqi bosim ichki bosim bilan qo‘shilib, azob-uqubatni chidab bo‘lmas darajaga keltiradi.

“Xan”ning vujudga kelishiga ikki omil sabab bo‘ladi: geosiyosiy va konfutsiylik axloqi. “Xan” nazariyasida adolatsizlik – chet davlat bosqini, hokimiyatdagilar, qattiqqo‘l ota-onalar, zolim qaynona, er, rahbar, boy tomonidan qilingan bosimni bildiradi. Ijtimoiy tabaqalanishda jamiyat iyerarxiyasining yuqori pog‘onasida turuvchi shaxsning yarashmagan xulq-atvorini muhokama qilmaslik “xan”ni yuzaga chiqaradi. G‘azab shu tariqa tashqariga emas, ichkariga yo‘naltiriladi. Bu kabi ruhiy zo‘riqish koreyslarning xorijdagi vakillarida uchraydi.

Koreys san’atida “xan” va u bilan bog‘liq azoblar axloqiy katarsis – tanazzulning manbai sifatida gavdalanadi. San’atdagi “xan”ga yorqin misol xalq musiqasi janridagi qashshoqlar va boylar orasidagi zulm munosabatidir. “Xan” XX asrning ikkinchi yarmida ko‘p jihatdan adabiyotning rivojlanishi uchun turtki bo‘ldi. Koreys adabiyot vakilasi Pak Kenning xalqimizning tashvishi faqat g‘am emas, umid hamdir degan firklari keng yoyildi.

Uri

Biz, bizniki; agar oila a’zolari, uy, jamoa, mamlakat haqida so‘z borsa – meniki.

Oddiygina ko‘ringan olmosh koreys tilini o‘rganayotgan xorijlikda hayrat va qiyinchilik uyg‘otishi tabiiy. Uni “biz” yoki “bizniki” sifatida eslab qolib, u tez orada bu olmoshni “meniki” sifatida qo‘llanayotganini payqab qoladi.

Koreyslar “mening mamlakatim”, “mening oilam”, “mening maktabim” deb gapirmaydi, ular “bizniki” deydi. Bu esa koreys mentalitetiga borib taqaladi.

Shu sababdan koreyslar turli xil uyushmalar, yig‘inlarga a’zo bo‘lishga harakat qiladi. Jamoadan tashqarida qolgan koreys o‘zini noqulay his qiladi. Masalan, yaqin vaqtlargacha bir koreysning restoran yoki kafeda yo‘lg‘iz ovqatlanishi aybli hisoblangan. Sababi yolg‘iz ovqatlanayotgan shaxs jamoadan uzilgan, baxtsiz, omadsiz sifatida ko‘rilgan. Shuning uchun ham “uri” koreys jamiyatining jamoaviy birligi sifatida talqin qilingan.

Koreyslar biror hodisa jamoaga tegishli bo‘lgandagina “uri” so‘zidan foydalanadi. Xorijliklar “bizning xotin” kabi tushunchalarni qabul qilishi ancha qiyin. Lekin koreyslar uchun “mening xotinim” deyishi bu o‘zini jamoadan ayri holatda, individualist sifatida ko‘rsatishga urinishdir. Shu ma’noda “uri” oilaviy munosabatlarning mustahkamligini izohlaydi. “Uri”ga hamohang sifatida “chon” bu tushunchani to‘ldiradi.

Egyo

Bolalarcha sevimli, shirin, yoqimli bo‘lish hissi.

Hozirgi davrda koreys yulduzlarining ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan yoqimli belgilaridan biri. “Egyo” bolalar kabi shirin, yoqimli bo‘la olish belgisidir. Tabiiy “egyo” bo‘lmasada, bunga erishish mumkin. So‘z oxirida unlilarni cho‘zib aytish, to‘ldiruvchilarni jumla oxirida qo‘shib yuborish yoki ularni bolalarcha ancha baland ohangda  buzib gapirish va nutqni ifodali jumlalar bilan gapirish.

Barmoqlar yordamida yurak shaklini chizish ham koreyslarning “egyo” madaniyati ta’sirida yuzaga kelgan. Bu an’anadan hattoki yuqori toifa vakillari ham voz kechmagan. Ular ham rasmiy tadbirlarda shu an’ana bo‘yicha suratga tushadi. “Egyo” madaniyatini suratlar, interyerlar va reklamalarda ko‘p uchratish mumkin. Garchi bu madaniyati hozirda koreys xalqi orasida “o‘zini ko‘z-ko‘z qilish” sifatida tushunilayotgan bo‘lsada, odamlar orasida keng tarqalgan jihat bo‘lib qolmoqda.

Tinsan

Tog‘dagi piyoda sayr.

Koreya, asosan, tog‘li mamlakat. Deyarli har bir shahar yoki uning yaqinida tog‘li joylar mavjud. Barcha yoshdagi keksalar orasida “tinsan” – tog‘larga sayr qilish ommalashgan.

“Alpinizm” yoki “tog‘ sayri” tushunchalari “tinsan” so‘zining to‘liq mohiyatini ochib berolmaydi. Birinchidan, koreys tog‘lari uncha baland emas, ikkinchidan, xavfli burilishlarga ega emas, uchinchidan, tog‘lar aholi uchun qulay joylashgan.

Shuning uchun ham keksa koreyslar baland tog‘ tepaliklarida yurganda hormaydigan, charchamaydigandek taassurot qoldiradi. “Tinsan” uchun koreyslar alohida kiyim kiyishadi. Koreyada tog‘ sayri ishqibozlari uchun alohida klublar faoliyat yuritadi. Insonlar qishda birinchi qor yog‘ishidan maftun bo‘lsa, bahorda ilk tog‘ daraxtlarining gullashidan zavqlanadi. Sababi koreyslar fasllar almashinuvini qadrlashadi.

Yo yu

Biror narsaning ortiqchaligi, oshiqcha, erkin yoki qoldiq narsa ekanini ifodalovchi tushuncha.

Ko‘rinib turibdiki, bu so‘z turli ma’nolarda uchraydi. Nutqda “Yo yu” bo‘sh vaqt yo‘q, pul yo‘q, joy yo‘q ma’nosida ishlatiladi. Ammo bu so‘z shaxslarning ishchanligi borasida gap ketganda – mukammal rahbar, muvaffaqiyatli inson sifatida talqin qilinadi.

“Yo yu”ga ega shaxs eng murakkab vaziyatlarda ham o‘z vazminligini, irodasini yo‘qotmaydi. O‘z salohiyatini tog‘ri anglaydi, va ortiqcha mas’uliyatni yordamchilari bilan baham ko‘radi. Asosiysi, u ish jarayonida barcha narsani rejalshtiradi, murakkab vaziyatga tushib qolmaydi, aksincha, vaziyatni vazminlik bilan hal qiladi. U dam olishni ham unutmaydi, chunki dam olish unga ya ngi rejalar uchun kuch to‘plash imkonini beradi.

“Yo yu”ga ega bo‘lish bu – jiddiylik, e’tiborlilik, safarbarlilik va shu bilan birga mayinlik holatidir.

Kyoyunnyol

Sajda, o‘qishga intilish.

Bu tarkibli so‘z bo‘lib, birinchi qismi, “ma’lumot”, so‘nggi qismi esa “ishtiyoq, intilish, kuchli istak” ma’nosini bildiradi. “Kyoyunnyol” konfutsiylik ta’limotidagi bilim olishga bo‘lgan  intilishning yorqin misolidir. Deyarli ming yil mobaynida Koreyada mansabga ega bo‘lish uchun davlat imtihoni tizimida amal qildi.

Unga muvofiq (har holda nazariyada) tabaqasidan qat’iy nazar qobiliyatli va qat’iyatli har bir odam davlat mansabiga ega bo‘lishi mumkin edi. Muvaffaqiyatli topshirilgan imtihon yuqori ijtimoiy maqom, farzandlarga yuqori ma’lumot berishni kafolatlar edi. Imtihonlarga tayyorgarlik bolalik davridan belgilangan va asosan, iyerogliflar hamda ularga sharhlardan iborat konfutsiycha ta’limotdan iborat bo‘lgan.

Hozirgi koreyslarda mansab uchun davlat imtihoni o‘rnini oliy o‘quv yurtiga kirish imtihoni egalladi. Universitet diplomi mamlakatda yaxshi karyeraning majburiy shartigina emas, hurmatli doiralar, omadli nikohning ham belgisidir.

Pudam

Axloqiy burchning og‘ir yuki yoki mas’uliyati.

Tarjimada qiyinchilik tug‘diradigan bu so‘z tez-tez uchrab turadi. Sababi koreys muomala madaniyatining kattagina qismi aynan shu – “pudam” yetkazmaslikdir. Suhabtdoshning “pudam”ni his qildirishi, masalan suhbatdoshiga nisbatan qo‘lidan kelmay qolgan ishni yoki iltimosni topshirishidir.

Shu sababdan koreyslar iltimos qiladigan bo‘lsa, suhbatdosh tayyorlanib olishi uchun gapni uzoqdan boshlashadi. Suhabtdoshining “pudam”ini kamaytirish uchun “agar bu qiyin bo‘lsa, rad etishingiz mumkin” iborasini qo‘shib qo‘yishadi.

Koreyslarda ancha qimmat sovg‘a berib ham insonni “pudam”ga solib qo‘yishingiz mumkin. Maktab yoki oliy ta’limda konkurs g‘oliblarini tinchlantirish uchun “o‘zingizni qiynamang, qatnashishdan qoniqish hosil qiling” deyishadi. Bunga albatta “hechqisi yo‘q, alohida ish qilganim yo‘q” deya javob berish odob etikasiga mos keladi. Koreys tili grammatik tuzilishiga ko‘ra “pudam” hissini kamaytirishga yordam beradi.

Tosirak

“Lunch box”, uydan olib kelingan tushlik.

Aksarlar “doshirak” tez tayyorlanadigan tushlik ekanini bilishadi. Lekin “tosirak” (talaffuzda “toshirak”) ingliz tilidagi “lanch boks”, yapon tilidagi “bento” – bo‘lmalari bor qutiga solingan tushlik ma’nosini beradi.

“Tosirak”ka qoidaga ko‘ra bir porsiya guruch, bir necha gazak va kimtxi kiradi. Bunday taom tez aynimaydi. Ona o‘g‘li uchun maktabga “tosirak” berib jo‘natadi degani, u farzandiga tushlik berayotganini emas, balki u farzandiga g‘amxo‘rlik qilayotganini anglatadi.

“Doshirak” lapshaning nomi bo‘lsada, aslida, uyda tayyorlangan tushlikni bildiradi. Koreyada bu mehr bilan tayyorlangan tushlik bo‘lsa, boshqa mamlakatlarda, masalan, Rossiyada, pul kamligi sababli yomon ovqatlanganlik ma’nosini anglatadigan bo‘lib qolgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-04-2020, 12:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 105) ( 0) ( 102) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют