» » O‘zbekistonda 2020-yil 1-oktabrgacha yashash minimumi va iste’mol savatchasining huquqiy asoslari yaratiladi

O‘zbekistonda 2020-yil 1-oktabrgacha yashash minimumi va iste’mol savatchasining huquqiy asoslari yaratiladi


O‘zbekistonda 2020-yil 1-oktabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal iste’mol savatchasining huquqiy asoslari ishlab chiqiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-iyun, chorshanba kuni kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga 2020-yil 1-oktabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal iste’mol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Prezident ishsizlik darajasi yuqori, infratuzilma tarmoqlari yetishmaydigan tumanlar, ayniqsa, chegaradosh hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha alohida yondashuv bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlariga mahalliy hokimliklar bilan birgalikda shunday tumanlarda aholi bandligini oshirish va yashash sharoitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ma’lum qilinishicha, karantin choralarini yumshatish natijasida 17 mingdan ziyod sanoat va 10 mingta qurilish sohasidagi korxonalar faoliyati tiklandi. Lekin ularning ko‘pida mablag‘ oqimlari karantingacha bo‘lgan davrdagiga nisbatan 3 baravar kamayib ketgan.

Markaziy bankka hisobvarag‘ida pul aylanmasi yetarli bo‘lmagan korxonalar muammolarini aniqlab, ularga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida 300 ming aholini jamoat ishlariga jalb qilish, 265 ming nafarini ishga joylashtirish, jumladan, vazirlik jamg‘armasi hisobidan shaxsiy tomorqalarga 36 milliard so‘m subsidiya ajratish orqali 18 ming kambag‘al aholi bandligini ta’minlash imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Pandemiya oqibatlarini yumshatish maqsadida “Har bir oila — tadbirkor” davlat dasturiga qo‘shimcha 1 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Umuman aytganda, 2020-yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlariga 4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar ajratish soddalashtirildi. Ushbu mablag‘larni samaradorligi yuqori va kafolatlangan ish o‘rinlari yaratadigan kichik ishlab chiqarish loyihalariga yo‘naltirish muhimligi ta’kidlandi.

2020-yilning yanvar oyida o‘sha vaqtdagi moliya vaziri, hozirgi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonda tirikchilik uchun zarur eng kam miqdorning qancha ekanini aytish huquqiy savollar va Konstitutsiyada belgilangan normalarni buzishga olib kelishini aytgandi.

“Rostini aytganda, biz iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev bilan birgalikda tirikchilik uchun zarur eng kam miqdorni oshkor etish muayyan yuridik savollarni vujudga keltiradi degan xulosaga keldik. Buni ochiq tan olish lozim. Biz eng kam xarajatlarni hisoblab chiqqanmiz, raqamni aniq eslay olmayman, 2018-yilda ushbu raqam, taxminan, 700 ming so‘mni tashkil etardi, hozir 800-900 ming so‘m atrofida bo‘lsa kerak. Ushbu raqamni oshkor etish Konstitutsiya normalarini buzish bilan barobar, asosiy qonunimizda pensiya va ijtimoiy to‘lovlar tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan kam bo‘lmasligi kerakligi qayd etilgan”, — degandi o‘shanda Jamshid Qo‘chqorov.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 39-moddasida pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilangan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.

“Pensiya va ijtimoiy yordam pullarini oshirish imkoniyati yo‘q, budjet bunga yo‘l bermaydi. Yalpi ichki mahsulot darajasi past, tashqi qarzdan boshqa narsa yo‘q”, — degandi moliya vaziri.

Undan avval esa o‘sha vaqtdagi iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev Rossiyaning tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va eng kam oylik ish haqini aniqlashiga 10 yil sarflaganini aytgandi. Jamshid Qo‘chqorov Rossiyada 10 yil vaqt eng kam ish haqini tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va iste’mol savatchasiga mutanosib qilishga sarflanganini izohlagan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (3-06-2020, 23:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 64) ( 0) ( 62) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют