» » O‘zbekistonga qaytish uchun Rossiya—Qozog‘iston chegarasida 2000 dan ortiq fuqaro to‘plangan

O‘zbekistonga qaytish uchun Rossiya—Qozog‘iston chegarasida 2000 dan ortiq fuqaro to‘plangan


O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya—Qozog‘iston chegarasidagi “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida va Orenburg viloyati Buzuluk shahrida mos ravishda 1300 va 700 nafardan ortiq o‘zbekistonlik to‘plangan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Moskvadagi elchixonasi tomonidan fuqarolarning “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punktiga borishga urinmasliklari, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlari va barcha karantin choralariga qat’iy rioya etishlari to‘g‘risida berilgan ko‘p sonli ogohlantirishlarga qaramay, Qozog‘iston hududi orqali avtotransport vositalarida vatanga qaytish maqsadida bo‘lgan fuqarolar Rossiya—Qozog‘iston davlatlararo chegarasi yaqinida to‘planishni davom ettirmoqda.

Vazirlik tomonidan ma’lum qilinishicha, mintaqada koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyatning keskin yomonlashishi, Qozog‘istonda qat’iy karantin cheklovlari joriy etilishi munosabati bilan fuqarolarning qo‘shni davlatlar hududi orqali qaytishi tashkiliy va boshqa qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda, ayniqsa, fuqarolarning sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

“Ushbu holatni yurtdoshlarimizga tushuntirish maqsadida mamlakatimizning Moskva shahridagi elchixonasi va Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi rahbarlari fuqarolar to‘plangan joyga keldi.

Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizdan cheklov choralariga to‘g‘ri baho berishlarini, Rossiya—Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va o‘zlarining va atrofdagilarning sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ymasliklarini yana bir bor so‘raymiz”, — deyiladi TIV xabarida.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston fuqarolari charter reyslarni tashkil etish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan hamda muntazam “sariq” va “yashil” reyslar qayta tashkil etilishiga qarab vatanga qaytadi. O‘zbekiston fuqarolari Rossiyadan charter reyslarda Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq olib chiqiladi.

Avvalroq Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tish uchun Samarada yana 1,2 ming o‘zbekistonlik to‘plangani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya—Qozog‘iston chegarasidagi “Mashtakovo” va “Sagarchin” nazorat-o‘tkazish punktlari yaqinida O‘zbekiston fuqarolari to‘plangani haqida xabar bergandi. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi fuqarolarni Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tishda turli shaxslarga murojaat qilmaslikka chaqirgandi. Elchixona chegaraga yetib kelayotgan o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi yolg‘on xabarlarga ishonib, Rossiyaning turli hududlaridan kelgani va Qozog‘iston orqali vatanga qaytish istagini bildirayotganini ma’lum qilgan.

Mavzuga doir: O‘zbekiston xalqaro aviaqatnovlarni ikki baravarga qisqartirishga qaror qildi

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 13-mayda Rossiya—Qozog‘iston chegarasida to‘plangan o‘zbekistonliklar Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llagan, ertasi kuni esa O‘zbekiston TIV chegarada to‘plangan yuzlab o‘zbekistonliklardan Respublika maxsus komissiyasi qarorini kutishini so‘ragan. Keyinchalik Rossiyaning Samara viloyatida O‘zbekistonga qaytish uchun chegaralarning ochilishini kutayotgan fuqarolar orasida koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida ular uchun lager-observator tashkillashtirilgani ma’lum bo‘ldi. 18—19-may kunlari Rossiya—Qozog‘iston davlatlararo chegarasidagi “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punktida to‘plangan 1206 nafar O‘zbekiston fuqarosi Qozog‘iston hududi orqali vatanga qaytarilgan.

25-mayda Samarada yana yuzlab o‘zbekistonliklar to‘plandi va O‘zbekiston TIV vaziyatga munosabat bildirib, Rossiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan Rossiya—Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish nuqtalariga borishga urinmaslikni, yashash joylarida qolishni va karantin choralariga qat’iy amal qilishni so‘radi. 29-mayda vazirlik o‘zbekistonliklarni Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tishda turli shaxslarga murojaat qilmaslikka chaqirgan. Iyun oyining boshida Rossiya—Qozog‘iston chegarasida to‘plangan 350 nafardan ortiq o‘zbekistonlik Qozog‘iston hududi orqali mamlakatga olib kelindi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-07-2020, 19:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 92) ( 0) ( 91) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют