» » Millat chordog‘i. 10-avgust – AQSh fanining faxri Smitson instituti tashkil qilingan kun

Millat chordog‘i. 10-avgust – AQSh fanining faxri Smitson instituti tashkil qilingan kun


Hammamiz Alfred Nobelning vasiyatiga ko‘ra hozirdagi eng nufuzli ilmiy mukofot – Nobel mukofoti ta’sis etilganini yaxshi bilamiz. Buning ustida juda katta yirik jamg‘arma va hay’at ish olib boradi. Biroq mol-mulkini o‘zidan keyin butunlay ilm-fanga bag‘ishlanishini vasiyat qilgan olimlar, aslida, Nobeldan avval ham ko‘p bo‘lgan va ularning ayrimlarining bu boradagi merosi ko‘lami Alfred Nobelnikidan ham o‘tib ketadi. Shulardan biri Jeyms Smitsondir.

“Daryo” ana shunday ingliz olimi, mineralog hamda kimyogar Jeyms Smitson haqida ma’lumot beradi. 10-avgust – boshqa bir muhim ilmiy tuzilma – Smitson instituti ochilgan sana. Jeyms Smitson, xuddi Nobel kabi, o‘z merosi hisobidan fanni rivojlantirishga xizmat qiladigan tuzilma tashkil etishni vasiyat qilgan edi.

1765–1829-yillarda yashab o‘tgan ingliz olimi, mineralog hamda kimyogar Jeyms Smitson asosan minerallar kimyosi bilan shug‘ullangan va qator yirik ilmiy ishlari bilan Yevropa olimlari ichida yaxshi tanilgan. U London Qirollik jamiyati a’zosi bo‘lgan. Hatto uning sharafiga smitsonit minerali ham nomlangan edi.

O‘zi Britaniyada katta obro‘ga ega gersog Nortuberlendning farzandi bo‘lishi bilan birga befarzand o‘tgan bu olim umrining poyonida 100 ming funt sterling miqdoridagi mablag‘ini AQSh hukumatiga vasiyat qilib, “ilmni rivojlantirish va tarqatishga ko‘maklashuvchi tashkilot tuzish” uchun sarflashlarini ixtiyor qilgan. Uning eng asosiy merosxo‘ri bo‘lgan jiyani ham befarzand vafot etganidan keyin Smitsonning barcha mol-mulki vasiyatda ikkinchi bo‘lib qayd etilgan AQSh hukumatiga berilgan.

Bu paytda AQShda yettinchi prezident Endryu Jeksonning davri edi; u Britaniyadagi elchisi hamda mamlakatning sobiq moliya vaziri Richard Rashga merosni olib kelish vazifasini topshirgan. Rash Amerikaga merosni 105 qop tilla ko‘rinishida yetkazib kelgan. Agar hozirgi qiymatga taqqoslansa, Smitson umumiy hisobda taxminan 10 million dollar mablag‘ni vasiyat qilgan bo‘lib chiqadi.

Smitsonning vafotidan 17 yil o‘tib, 1846-yilda AQSh Kongressining qarori bilan uning vasiyati ijro etilgan. Ya’ni shu kuni avvaliga “Amerika Qo‘shma Shtatlarining milliy muzeyi” nomi bilan tanilgan, hozirda esa (1967-yildan buyon) olim sharafiga Smitson instituti deb nomlanadigan yirik ilmiy dargohga asos solingan.

Smitson instituti “millat chordog‘i” ham deyiladi. Chunki bu tashkilot o‘z tarkibiga bir necha ilmiy-tadqiqot institutlari, muzeylar va kutubxonalarni qamrab oladi va bularning fondida tarixiy, ilmiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan 154 milliondan ziyod turli buyumlar, osori atiqalar va hujjatlar saqlanadi. Umumiy hisobda Smitson instituti tarkibida 19 ta muzey, 21 ta kutubxona, to‘qqizta ilmiy tadqiqot markazi va hatto hayvonot bog‘i mavjud.

Ularning aksariyati Vashingtondan joylashgan bo‘lib, shuningdek, institutiga qarashli obyektlar Pittsburg, Texas, Arizona, Nyu-York va Massachusetsda ham bor. Institut filiallari Panama va Puerto-Rikoda ham tashkil qilingan.

Muzeylar kompleksi qisman hukumat tomonidan moliyalashtiriladi va asosan tijorat hamda noshirlik faoliyati evaziga o‘z-o‘zini ta’minlaydi. Uning asosiy muzeylari Vashingtondagi Milliy alleyada joylashgan. Bu yerda AQSh tarixi milliy muzeyi, AQSh hindulari milliy muzeyi, Tabiat tarixi muzeyi, Aviatsiya va kosmonavtika muzeyi, tasviriy san’at va haykaltaroshlikka oid bir necha badiiy galereyalar, Sanoat muzeyi hamda Smitson institutining asosiy ma’muriy binolari joylashgan.

Milliy alleyadan tashqarida Vashingtonning o‘zida yana AQSh qora tanli aholisi tarixi va madaniyati muzeyi, pochta muzeyi, folklor muzeyi, hayvonot bog‘i, san’at muzeyi va boshqalar joylashgan. Smitson institutiga qarashli Atrof-muhit muhofazasi muzeylari, shuningdek, Merilend va Virjiniya shtatlarida ham tashkil qilingan. Panamada bo‘lsa institutning tropik tadqiqotlar bo‘limi faoliyat yuritadi. Massachusets shtatidagi Kembrijda bo‘lsa Smitson tarkibiga kiruvchi Astrofizika markazi mavjud.

Ushbu muassasa tarkibidagi muzeylarga yillik tashriflar soni 30 million kishi atrofida deb baholanadi. Joriy yil boshida institut o‘z arxivlaridagi 2,8 millionga yaqin turli surat va fayllardan Open Access, ya’ni tekin foydalanish ruxsatini joriy qilgan.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-08-2020, 10:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 105) ( 0) ( 103) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют