» » Jahon hafta ichida: Livandagi portlash, Belarusdagi saylov va Xitoyda aniqlangan yangi turdagi virus

Jahon hafta ichida: Livandagi portlash, Belarusdagi saylov va Xitoyda aniqlangan yangi turdagi virus


Ancha asabiy tarzda o‘tgan avgust oyining birinchi haftasi ham o‘z nihoyasiga yetdi. An’anaga muvofiq hafta davomida dunyoda yuz bergan eng muhim voqea hodisalar tahlilini e’tiboringizga havola etamiz.

O‘tgan hafta butun dunyo jamoatchiligining nigohi yana bir karra uzoq tanaffusdan so‘ng Yaqin Sharqqa qaratildi. 4-avgust kuni Livan poytaxti Bayrut shahrida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Portlash Bayrut portida yuz bergan va uning quvvati to‘rt kilotonna, ya’ni  Xirosimadagi portlashning chorak qism darajasida bo‘lgan.

Shaharning deyarli yarmini vayron holga keldi. Portlash dastlab, portdagi pirotexnika omborida yuz bergani aytildi. Ammo keyinchalik e’lon qilingan xabarlarda Livan hukumati portlashga 2014-yilda rossiyalik tadbirkor Igor Greshechkinga tegishli Rhosus (“Rosus”) kemasidan topilgan va musodara qilingan 2 750 tonna ammiak selitrasining detonatsiyasi sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. Taxminlarga ko‘ra, portlash ammiak selitrasi saqlangan ombor hududida chilangarlik-payvandlash ishlari vaqtidagi ehtiyotsizlik oqibatida sodir bo‘lgan. Musodara qilingan yuk utilizatsiya qilinishi lozim bo‘lgan, ammo olti yil davomida bu ish amalga oshirilmagan.

Reuters axborot agentligi keyinchalik tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat prezidenti Mishel Aun Livan hukumatining Bayrutdagi portda yuz bergan katta portlashga bomba yoki boshqa tashqi aralashuv vositasida amalga oshgani haqidagi taxminlar yuzasidan tergov o‘tkazishini ma’lum qilgan. “Portlashga nima sabab bo‘lgani hali aniqlangani yo‘q. Hodisaga tashqi aralashuv — raketa, bomba yoki boshqa harakat sabab bo‘lgani haqidagi taxmin ham mavjud”, — degan Aun.

Kuchli portlash oqibatida 154 nafar kishi halok bo‘lgan, 5 mingdan ziyod odam turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotgani inobatga olinsa, ushbu raqamlar yana o‘zgarishi mumkin. Bayrut gubernatori Marvan Abbud portlash shaharning yarmiga talafot yetkazganini bildirgan, 300 nafardan ziyod aholi boshpanasiz qolgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, portlash tufayli shaharga yetgan zarar miqdori 3–5 milliard dollarni tashkil qilishi mumkin. Gubernator, shuningdek, yuz bergan voqeani Ikkinchi jahon urushi vaqtida Xirosima va Nagasakida yuz bergan atom bombasi portlashlariga tenglashtirgan.

Bayrutda portlash sodir bo‘lishi Livan uchun hozirgi pandemiya sharoitida va mamlakatda mavjud chuqur siyosiy va iqtisodiy inqirozning “isitmasi” desak yanglishmagan bo‘lamiz. Portlash ortidan Livanda aholi ko‘chalarga chiqib hukumat iste’fosini talab qilmoqda. 8-avgust kuni minglab aholi Bayrut ko‘chalariga norozilik namoyishiga chiqdi. Reuters’ning xabar berishicha, Bayrut markazidagi Shahidlar maydoniga yetti mingga yaqin odam to‘plangan. “Qiyomat kuni” shiori ostidagi namoyish ishtirokchilari yuqori martabali amaldorlarni jazolashni talab qilgan — namoyishchilarning fikricha, portdagi portlashga aynan ular aybdor, deb xabar bermoqda CNN.

Namoyish vaqtida amaldagi hukmron tuzumni ag‘darishga chaqiriqlar bo‘lgan, shuningdek, yig‘ilganlar “Inqilob!”, deb ham hayqirgan. Ramziy dorning o‘rnatilishi esa norozilik namoyishining kulminatsiyasiga aylangan — bu namoyishchilarning fikricha, mas’uliyatsizligi va korrupsiyaga botgani portlashga olib kelgan amaldorlar uchun bir ogohlantirishdir. Namoyishchilar ko‘targan plakatlarda “Iste’fo yo dor!” deb yozilgan edi.

Namoyishchilardan biri Associated Press’ga bergan intervyusida bu dor “Livanda so‘nggi 30 yildan beri hokimiyat tepasida turgan” odamlarga mo‘ljallangan. Unda, jumladan, Livan prezidenti Mishel Aun va “Hizbulloh” harakati yetakchisi Hasan Nasrullohning suratlari “osildi”. CNN’ning qayd etishicha, ramziy dor bundan 100 yil avval Usmonli saltanati rasmiylari isyon ko‘targan livanliklarni osgan joyda qad rostlagan.

Mamlakat tashqi qarzlarni to‘lay olmaydigan holga kelgan, hatto defolt holatiga tushib qolgan. Mamlakat aholisining 50 foizi kambag‘allikdan past darajada, 20 foizi o‘ta kambag‘allikdan ham past darajada yashaydi. Mehnatga layoqatli aholining 35 foizi ishsiz. Bu raqam kelasi oylarda yana oshishi kutilmoqda.

Mamlakat iqtisodiy inqiroz yoqasiga kelishiga sabab esa siyosiy inqiroz. 2019-yil kuzida yuz bergan norozilik namoyishlari ortidan bosh vazir Saad Hariri iste’fo bergan. Undan keyingi bosh vazir esa 48 soatdan so‘ng iste’fo bergan. Undan keyin ta’yinlangan bosh vazir faqat 2020-yil fevral oyiga kelibgina Parlament ishonchiga sazovor bo‘lgan. Mamlakat multikonfession sistema asosida ishlaydi. Mavjud barcha konfessiya vakillari hukumatda o‘z o‘rniga ega. Prezident nasroniylardan, bosh vazir sunniylardan, parlament rahbari shialardan tarkib topgan. Parlamentda musulmonlar va nasroniylar uchun bir xil o‘rinlar ajratilgan. Bundan tashqari, armani vakillari ham muhim bo‘lgan hukumat ishlarida. Amalda mamlakatda eng asosiy kuch Eron tomonidan qo‘llanadigan Hizbulloh tashkiloti qo‘lida.

Bayrutda to‘qnashuvlar avjiga chiqayotgan bir vaqtda Livan bosh vaziri Hasan Diab mamlakat aholisiga murojaat yo‘llagan (qayd etish joiz, ramziy dorda, jumladan, uning surati ham bor edi). U mamlakatda muddatidan avvalgi parlament saylovlari o‘tkazilsagina Livan inqirozdan chiqa olishini ta’kidlagan. “Bizga yangi siyosiy elita va yangi parlament kerak”, deb bosh vazir muddatidan avvalgi saylovlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishga va’da berdi. Shuningdek, Diab portidagi portlash bo‘yicha surishtiruv ishlari barcha aybdorlar aniqlanmagunicha davom etishini qo‘shimcha qildi.

9-avgust kuni Belarus respublikasida navbatdagi prezident saylovlari o‘tkazildi.

“Gomel va Mogilyov viloyatlarida soat 12:00 holatiga ko‘ra, 60 foizdan ko‘proq saylovchi tashrif buyurgan (muddatidan avval ovoz berganlar ham qo‘shiladi)”, – degan MSK raisi Lidiya Yermoshina. Mamlakatda mahalliy vaqt bilan soat 8:00 da 5 723 ta saylov uchastkasi ochildi. Belarusdan tashqarida yana 44 ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Ovoz berish jarayoni mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da tugadi. Belarusning 6,8 million aholisi ovoz berish huquqiga ega. MSK axboroti bo‘yicha Belarusda muddatidan avval ovoz berishning besh kunligida (4—8-avgust) saylovlarda saylovchilarning 41,7 foiz qismi ishtirok etgan.

Belarus prezidentligi uchun saylovlarda amaldagi davlat rahbari Aleksandr Lukashenko oltinchi marta ishtirok etdi, shuningdek, nomzodlar safida “Govori pravdu” birlashmasi raisining o‘rinbosari Andrey Dmitriyev, saylovoldi kampaniya vaqtida hibsga olingan bloger Sergey Tixanovskiyning rafiqasi, sobiq deputat Anna Kanopatskaya va Belarus sotsial-demokratik partiyasi raisi Sergey Cherechen ham qatnashdi.

Mahalliy vaqt bilan 20:30 da saylov uchastkalaridan chiqqan dastlabki natijalarga ko‘ra, amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko 79,7 foiz ovoz to‘plagan va navbatdagi muddatga prezident etib saylangan. Uning asosiy raqibi sifatida ko‘rilgan Svetlana Tixanovskaya esa 6,8 foiz ovoz to‘plashga erishdi. Belarusda prezidentlik saylovlarning dastlabki natijalari rasman 10-avgustda e’lon qilinishi kutilmoqda. Yakuniy natijalar Belarus MSK tomonidan 19-avgustda yoki undan keyin ma’lum qilinishi rejalashtirildi.

Xitoydan navbatdagi virus

Xitoyda o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan SFTS deb nomlangan xavfli yangi virus aniqlandi. Bu haqda Global Times nashriga tayanib “Korrespondent.net” xabar bermoqda.

Mutaxassislar ushbu virus asosan hasharotlar chaqishi orqali yuqishini aniqladi. Mamlakatda 2020-yilning birinchi yarmida 60 dan ortiq odamda bu virus aniqlangan, ulardan yetti nafari vafot etgan. Chjetszyan universiteti virusologi Shen Szifanning ta’kidlashicha, virusning odamdan odamga yuqishini istisno qilib bo‘lmaydi. U qon yoki yiring orqali yuqishi mumkinligini aniqlangan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, SFTS infeksiyasining 60 foizidan ortig‘i Xitoyning sharqidagi Sziyansu provinsiyasida, qolganlari Anxoy va Chjetszyanda qayd etilgan. Kasallanganlarda isitma, yo‘tal, qonda leykotsitlar darajasining pasayishi, shuningdek, trombositlar shakllanishi kabi alomatlar namoyon bo‘lgan.

Mahalliy virusologlarning ta’kidlashicha, ushbu kasallikning qo‘zg‘atuvchisi 2011-yilda kashf qilingan bo‘lib, umurtqali hayvonlar, artropodlar va o‘simliklarda uchraydigan bunyaviruslar oilasiga tegishli. Xitoylik shifokorlarning ta’kidlashicha, SFTS hali yaxshi o‘rganilmagan. Shifokorlar ehtiyot bo‘lish hamda gigiyena qoidalariga rioya qilish kerakligini ta’kidlagan. Avvalroq Xitoyda pandemiyaga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi cho‘chqa grippi aniqlangan edi. Keyinchalik Xitoy hukumati cho‘chqa grippining yangi shtammi pandemiyani yuzaga keltirishi mumkinligi haqidagi tadqiqot natijalarini ishonchsiz deb topdi.

O‘tgan haftada butun dunyoda koronavirusga chalinganlar soni bir milliontaga yana ko‘paydi. Hafta boshida, ya’ni 3-avgust kuni kasallar soni 18 milliondan oshgan edi. 5-avgustga kelib kasallikdan vafot etganlar soni butun dunyoda 700 ming nafardan oshgani ma’lum bo‘ldi. 7-avgustga kelib esa kasallar soni 19 milliondan oshgani e’lon qilindi.

Hozirgi vaqtga kelib, koronavirus bilan bog‘liq statistikani onlayn rejimda kuzatib borayotgan covidvisualizer.com sayti ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda kasallikka chalinganlar soni 20 millionga yaqinlashdi (19,9 million). Shundan 730 mingdan ortiq odam vafot etgan bo‘lsa, 12,7 milliondan ortiq bemor tuzalgan. Hozirda davolanayotgan kasallar soni 6,3 milliondan ortiqni tashkil qilmoqda.

Davlatlar kesimida oladigan bo‘lsak, ro‘yxatda hamon AQSh yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda umumiy kasallikka chalinganlar soni besh milliondan oshgan. Bemorlarning 165 mingdan ortig‘i vafot etgan bo‘lsa, 2,6 milliondan ortiq kishi tuzalgan. Hozirda mamlakatda 2,4 millionga yaqin bemor davolanmoqda. Kunlik kasallanish holati o‘rtacha 15 mingtani tashkil qilmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatda koronavirus chekina boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda u Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani vaqtida ta’kidlagan. Ro‘yxatda AQShdan keyingi o‘rinda borayotgan Braziliyada ham kasallar soni 3 millionlik baryerdan o‘tgan.

Yangilangan statistikaga ko‘ra, Braziliyada shu kungacha 3 012 412 kishida COVID-19 tasdiqlangan. Jumladan, so‘nggi bir sutka ichida 49 970 kishida kasallik aniqlangan. Ayni vaqtda sutka davomida mamlakatdagi koronavirus qurbonlari soni 905 kishiga ko‘payib, 100 477 kishiga yetgan. Avvalroq, 23-iyulda Braziliyada koronavirusga chalinish bilan bog‘liq sutkalik ko‘rsatkich antirekordni qayd etib, bir kunda 67 860 kishida kasallik tasdiqlangan edi.

AQShning Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Braziliya koronavirusga chalinganlar va ushbu infeksiya asoratlari oqibatida vafot etganlar soni bo‘yicha jahonda yetakchilardan biridir — Braziliya bu borada faqat AQShdan ortda qolib, dunyoda ikkinchi bo‘lib turibdi. O‘tgan haftada koronavirus pandemiyasi chekingan Yevropada yana kasallanishlar ortgani qayd etildi. Jumladan, kasallikning Yevropadagi ilk o‘chog‘i Italiyada o‘tgan hafta davomida kasallanish holatlari may oyidan buyon ilk bor o‘sgani qayd etilgan. Italiyada koronavirusga chalinish bo‘yicha kunlik kasallanishlar soni 38 foizga oshdi, deb xabar bermoqda AP.

Qayd etilishicha, 7-avgustdan 8-avgustgacha bo‘lgan sutkada 552 kishida COVID-19 aniqlangan. Mamlakatda may oyi oxiridan buyon kunlik kasallanishlar soni bunday yuqori bo‘lmagan edi. Yangi kasallanish holatlarining qariyb uchdan bir qismi Italiyada koronavirusning mahalliy o‘choqlaridan biri bo‘lgan Veneto viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. Bir kun davomida u yerda koronavirusni aniqlash bo‘yicha qariyb 16,5 mingta test o‘tkazilgan. Veneto viloyati rahbari Luka Dzaynning so‘zlariga ko‘ra, kasallik Ispaniya, Peru, Xorvatiya va Gretsiyadan yaqinda qaytgan aholidan aniqlangan.

“Ta’til bu katta tavakkalchilik. Har bir kishi qayerda dam olmoqchiligini o‘zi hal qilishi kerak. Ammo bir necha haftadan buyon ta’til vaqtida ushbu kasallikka chalingan bemorlar sonining ko‘payayotganini qayd etayotganimiz ham rost”, degan u.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-08-2020, 14:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 95) ( 0) ( 93) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют