» » O‘zbekistonda chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan 31 ta klaster tashkil etiladi

O‘zbekistonda chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan 31 ta klaster tashkil etiladi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda aholi salomatligini mustahkamlash va xavfsizligini oshirish, ekologik osoyishtalikni ta’minlash, chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha 10-avgust kuni yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakatda ekologik xavfsizlikni ta’minlashga muhim siyosiy masala sifatida qaralmoqda. Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etilib, Orolbo‘yidagi shahar va tumanlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar jadal amalga oshirilmoqda. Atrof-muhitni va aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

“Chiqindi tizimini tartibga solish — hayotimiz, sog‘lig‘imiz uchun eng muhim vazifalardan biri. Bu inson salomatligi va xavfsizligi, millat kelajagi bilan bog‘liq dolzarb masala”, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

So‘nggi uch yilda chiqindilarni boshqarish sohasiga budjetdan ajratilgan 390 milliard so‘m hisobiga 742 ta maxsus texnika sotib olingan, 204 ta poligon modernizatsiya qilingan.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohada muammolar hali ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, Izboskan, G‘uzor, Chust, Buvayda, Urgut va Shahrixon tumanlarida tozalash xizmati qamrovi respublika ko‘rsatkichidan 2 baravar past. Toshkent viloyatida budjet hisobidan olingan 32 ta, Qashqadaryoda 23 ta maxsus texnika talon-toroj qilingan. “Toza hudud” korxonalarining debitor qarzdorligi yuqori.

Hozirda sanitar tozalash xizmatlari bilan aholini qamrab olish darajasi 66 foizni tashkil etadi. Yig‘ilishda yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 90 foizga yetkazish, sohaga xususiy korxonalarni keng jalb etish zarurligi ta’kidlandi.

Chiqindilarni qayta ishlashni tartibga solish bo‘yicha 14 ta hududdagi tumanlar kesimida alohida qarorlar qabul qilinishi hamda ularning ijrosi yuzasidan nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Ta’kidlanishicha, nodavlat sektor chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlashda yaxshi samara bermoqda. Qayerda shunday korxonalar ishlayotgan bo‘lsa, xizmat sifati ham yuqori, aholi ham rozi. Misol uchun, Bio Texno Eco kompaniyasi 6 million dollardan ziyod kredit hisobiga 78 ta maxsus texnika va uskunalar xarid qilib, Termiz shahri, Termiz va Angor tumanlaridagi 285 ming aholiga tozalash xizmati ko‘rsatmoqda.

Joylarda shunday loyiha qilaman, degan tadbirkorlar ko‘p. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda davlat-xususiy sheriklik asosida jami 31 ta klaster tashkil etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Ushbu loyihalar hisobiga maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 2020-yil yakunigacha 25 foizgacha, 2021-yilda kamida 35 foizga yetkazish zarurligi belgilandi.

Sanitar-ekologik talabga javob bermaydigan 51 ta chiqindi poligonini maqbullashtirish, bundan tashqari, qurilish chiqindilari uchun 26 ta poligon hamda ularni qayta ishlovchi klasterlar tashkil etish muhimligi aytildi. Yig‘ilishda xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb etilgan mablag‘lar natijadorligi ham muhokama qilindi.

Mutasaddilarga bu mablag‘lar evaziga boshlangan loyihalarni jadallashtirib, qisqa muddatlarda foydalanishga topshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Davlat rahbari sohani kamxarj va tejamkor texnikalar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Muhokamada ekologik nazoratni kuchaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayrim zavodlar havoga me’yordan ortiqcha tashlanma chiqarib, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday holatlar fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga havo ifloslanishini tezkor tahlil qiladigan mobil laboratoriyalar bilan har bir hududni ta’minlash topshirig‘i berildi. Bosh vazir o‘rinbosariga atrof-muhitga yuqori va o‘rta xavfli 240 ta yirik sanoat korxonasida zamonaviy lokal tozalash inshootlarini o‘rnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga doir: Turkiya kompaniyasi Namanganda chiqindidan energiya ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiradi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-08-2020, 22:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 71) ( 0) ( 68) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют